JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Amonova Mavluda Raximjon qizi
SamDU filologiya fakulteti 1-bosqich magistranti
BADIIY MATNDA SINTAKTIK FIGURALAR
(CHORI AVAZ SHE’RLARI MISOLIDA)
Annotatsiya:
Ushbu maqolada badiiy matnning ta’sirchanligini ta’minlashda faol
qo‘llaniladigan ayrim sintaktik figuralar tahlilga tortildi. Sintaktik figuralar nutqni ohangdor,
ta’sirchan va jozibali qilish uchun ishlatiladi. Asosan, tinglovchining tushunishiga osonlik
yaratadi. Shu jihatdan ular nutq musiqasi deb yuritiladi. Bunday uslubiy vositalarning ba’zilarini
o‘zbek xalqining suyukli farzandi, shoir Chori Avaz she’riyati misolida tahlilga tortamiz.
Kalit so‘zlar:
badiiy asar tili, lingvistik tahlil, sintaktik figuralar, sintaktik parallelizm,
emotsional gaplar, ritorik so‘roq gaplar, inversiya, ellipsis, antiellipsis, gradatsiya, antiteza.
Sintaktik vositalar badiiy matnda integrativ munosabatlarning yuzaga kelishida faol ishtirok
etishi barobarida ayni munosabatlar fonida xilma-xil badiiy maʼno-mazmunlarni ham ifodalay
oladi. Bu maʼnoda ularning badiiy matndagi estetik salmogʻi leksik vositalar imkoniyatidan
qolishmaydi
. Qolaversa, bugungi kun tilshunosligida sintaktik vositalarning tasviriy ifoda
imkoniyatlarini oʻrganadigan alohida soha – eskpressiv sintaksisning yuzaga kelishi ham
sintaktik vositalarning muhim ahamiyat kasb etishini, matn strukturasini oʻrganishga
qiziqishning ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Ekspressivlikning namoyon boʻlish shakllarini o‘rgangan oʻzbek tilshunosi A.Abdullayev
sintaktik vositalarni sanar ekan “sintaktik gradatsiya, sintaktik sinonimiya, bogʻlovchilarning
maxsus qoʻllanishi, antiteza, monolog, sukut, inversiya, takrori y gaplar, ritorik soʻroq” kabi
uslubiy figuralar “fikrning oʻta taʼsirchan ifodalanishi”ga xizmat qilishini taʼkidlaydi
Umuman, tilshunoslikda sintaktik ekspressiv vositalar sifatida yuqorida sanab o‘tilgan hodisalar
bilan birga ellipsis, antiellipsis, kesish, pozitsion-leksik takror, parsellyatsiya, segmentatsiya,
sintaktik kengaytiruvchilar bilan kelgan leksik takror, monologik nutqdagi savol-javob
konstruksiyalari, bogʻlovchisizlikning ayrim turlari, soʻz birikmasi komponentini almashtirish,
sintaktik parallelizm, undov konstruksiyalar, nominativ gaplar zanjiri, soʻzni maxsus ekspressiv-
stilistik joylashtirish kabilar aytiladi. M.Yo‘ldoshevning doktorlik ishida sintaktik vositalarning
aktuallashishi haqida quyidagicha fikr keltiriladi: “Bizningcha, oʻzbek tilida badiiy matnda
poetik aktuallashadigan sintaktik vositalarning asosiylari quyidagilardan iborat: sintaktik
parallelizm, emotsional gap, ritorik soʻroq gap, inversiya, ellipsis (antiellipsis), parsellyatsiya,
atov gaplar (segmentatsiya), gradatsiya, oksyumoron (gʻayriodatiy birikmalar), antiteza
(sintaktik konstruksiyalarda), farqlash, oʻxshatish, sukut, korreksiya va boshqalar”
. “Badiiy
tekstning lingvistik tahlili” kitobi mualliflari sintaktik figuralarning quyidagi asosiy ko‘rinishlari
mavjudligini bayon qilishadi: “anafora, epifora, takror, antiteza, gradatsiya, ellipsis, alliteratsiya,
1
Yo‘ldoshev M. Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi. DDA. –T.,2009. 39-b.
2
Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивликнинг ифодаланиши. – Т.: Фан, 1983. 58- б.
3
Юлдашев М. Бадиий матннинг лингвопоэтик тадқиқи. ДДА. – T., 2009.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
ritorik so‘roq kabilar”
. Bu uslubiy vositalar mavzuga aloqador bo‘lgan deyarli barcha
adabiyotlarda uchraydi. Umumlashtiradigan bo‘lsak quyidagi holat yuzaga chiqadi: 1.Sintaktik
parallelizm. 2.Emotsional gap. 3.Ritorik so‘roq gap. 4.Inversiya. 5.Ellipsis. 6.Gradatsiya.
7.Antiteza. 8.Farqlash. 9.O‘xshatish.
Sintaktik parallelizm.
Parallelizm keng tushuncha bo’lib, bu tilshunoslikning barcha bo‘limlari
bilan bog‘liq. Parallelizmning yorqin ko‘rinishi sintaksisda uchraydi. Umuman, badiiy matnda
sintaktik jihatdan bir xil shakllangan gaplar yoki bir xil sintaktik konstruksiyalar ham uchrab
turadi. Bunday sintaktik parallelizm badiiy matnda tegishli fikrning poetik taʼkid olishi uchun
xizmat qiladi.
Sintaktik parallelizm poetik sintaksisning o‘rganish obyekti sifatida badiiy nutq tarkibida keng
tarqalgan qadimiy uslubiy vosita hisoblanadi. Undan tasvir etilayotgan obyektga tinglovchi
e’tiborini qayta tortish, ta’kidlash, izohlash kabi maqsadlarda foydalaniladi.
Masalan, Chori
Avazning “Uyg‘onishdan o‘zga tole izlama” kitobidan joy olgan “Zamin chorlovi” nomli
she’rida sintaktik parallelizmning yorqin namunasini ko‘rishimiz mumkin:
Zamin qalqir,
Zamin langarini yo‘qotgan go‘yo.
Yashash esa oson,
Bu osonlik qimmatga tushgan,
Bu osonlik qimmatga tushar.
Zamin qalqir,
Zamin langarini yo‘qotgan go‘yo.
Xalq gullari, ko‘zlaringni och.
Xalq gullari, ko‘zlaringni och!
Keltirilgan misollardagi sintaktik parallelizmning qo‘llanishi natijasida shoir ko‘zlagan maqsad
– ogohlikka chorlov ta’sirchan tarzda ifodalanishi yuzaga chiqqanligining guvohi bo‘lamiz.
Mazkur hodisaning badiiy matndagi ahamiyati haqida tadqiqotchi R. Shukurov shunday yozadi:
“Parallel birliklarning asosiy vazifasi fikrga izoh berish, eng muhimi, unga tinglovchini toʻla
4
Ўринбоев Б., Қўнғуров Р., Лапасов Ж. Бадиий текстнинг лингвистик таҳлили. -Т., 1990,
34-б.
5
Ҳакимов М., Тошхужаева Ш. Эркин аъзам асарларида синтактик параллелизмнинг
лингвопоэтик ўзига хослиги. Илмий ахборотнома, АДУ, N3, 2016.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
ishontira olishdan iborat. Ular til uslubiy vositalarining boyish manbalaridan biri boʻlib, poetik
nutqda koʻp qoʻllanadigan, eng mahsuldor va taʼsirchan sintaktik birlik hisoblanadi”
Uslubshunoslikda esa parallelizm uslubiy-poetik vositalardan biri sifatida izohlanadi. Shuning
uchun ham “sintaktik parallelizm” termini tilshunoslikda bir tipli uyushgan qismlardan,
butunliklardan tashkil topgan sintaktik konstruksiyalarga nisbatan qo‘llanadi va ikki yoki undan
ortiq predikativ birliklarning struktural jihatdan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ko‘rinishlarini
shakllantiruvchi “kompozitsion usul” sifatida baholanadi.
Quvonarlisi, o‘zbek tilshunosligida parallelizm hodisasi maxsus tadqiqot obyekti ham bo‘lgan.
R.Shukurovning nomzodlik dissertatsiyasi shu masalaga qaratilganligi bilan ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqotchi parallel sintaktik butunliklarning umumiylik va xususiylik dialektikasi asosida
shakllangan variantlar o‘rtasidagi turli munosabatlarni ifoda etuvchi nutqiy hodisa sifatida
baholaydi, unga uslubiyat va nutq madaniyatining tekshiruv obyekti sifatida qaraydi. Tadqiqotchi
parallelizmni shakliy va mazmuniy paralellizm sifatida ikkiga bo‘lib o’rganadi.
Emotsional gaplar.
So‘zlovchining o‘ta xursandlik yoki o‘ta xafalik holatlarini yoki
qahramonning his-hayajonini, voqea-hodisaga emotsional munosabatini ifodalovchi gaplar
emotsional gaplar hisoblanadi. Emotsional gaplar tarkibida maxsus ijobiy va salbiy bo‘yoqdor
so‘zlar (chehra, o‘ktam, tabassum / turq, qo‘pol, tirjaymoq kabi) mavjud bo‘ladi. O‘sha so‘zlar
orqali qahramon ruhiyatida kechayotgan sevinish, qo‘rquv, g‘azab kabi psixologik jarayonlarni
hamda yozuvchining tasvir obyektiga nisbatan subyektiv munosabatini bilib olamiz. Emotsional
gaplar tarkibida ijobiy yoki salbiy bo‘yoqdor so‘z va iboralar, his-tuyg‘u ifodalovchi undovlar
(oh, voy sho‘rim, eh attang, bay-bay-bay kabi), munosabat ifodalovchi undalmalar qatnashadi va
ular nutqning ekspressivligini ta’minlashga xizmat qiladi:
E voh
, buni bajarmoq og‘ir,
Bormi madad berguvchi daho?
Men baridan qochganman, oxir
Sevgimga ham aytdim alvido.
(“Quriyotgan jilg‘a”)
Shoir ushbu she’rida “e voh” birikmasidan foydalanish orqali ifodaning emotsionalligini
oshirishga erishgan. Bunda lirik qahramonning ilojsizlik, chorasizlikda qolgan holati o‘quvchi
e’tiborini tortib, ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.
O‘
, men undan qattiq qo‘rqaman,
U hayotim, mening yozmishim.
6
Шукуров Р. Синтактик параллелизмнинг услубий вазифалари // Ўзбек тили ва адабиёти.
– Тош-
кент, 2004. – № 2. – Б.73-75.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Unga bog‘liq har narsa, zotan,
Oxiratim qanot yozmishim.
O‘
, men undan qattiq qo‘rqaman.
(“Bugun haqida qo‘shiq”)
Loyqa xotirani titkilayman jim,
Hech ko‘rinish bermas izlaganlarim.
Ruhimga telbalik qiladi hokim,
Oh
, naqadar razil his deganlari.
(“Bir kun tarixi”)
Bunday misollarni Chori Avaz ijodida ko‘plab uchratishimiz mumkin. Emotsional his-tuyg‘uni
ifodalovchi undovlar, kirish so‘zlar va shu kabi birikmalar shoir ijodini yanada
ko‘rkamlashtirishga xizmat qilgan.
Ritorik so‘roq gaplar
ham badiiy matnning emotsional ekspressivligini ta’minlovchi uslubiy
vositalaridan hisoblanadi. Tasdiq va inkor mazmuniga ega bo‘lgan, tinglovchidan javob talab
qilmaydigan gaplar ritorik so‘roq gap deyiladi. Bunda savol beruvchi ham, javob beruvchi ham
so‘zlovchining o‘zi bo‘ladi. Bu kabi gaplar yo darak gaplarga yoki undov gaplarga sinonim
bo‘ladi. Ko‘pincha ritorik so‘roq gaplar tarkibida
nahotki, axir
kabi ta’kidni kuchaytiruvchi
so‘zlar keladi. Ular nutqqa ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi va tasdiqning kuchli emotsiya bilan
ta’kidlanishi uchun xizmat qiladi. Bunday gap shakllari qahramonning hayratlanishini,
quvonchini, ajablanishini, shubha va gumonsirashini, g‘azab va nafratini ifodalashda juda qo‘l
keladi. Ichki va tashqi nutqda, monologik va dialogik nutqlarda keng qo‘llaniladi. Chori Avaz
ijodidan olingan ayrim misollarni kuzatamiz:
Menga taskin emas, kerakdir talqin,
Toki o‘z umrimga emasman xoqon.
Qachon bo‘y ko‘rsatar men sog‘ingan kun,
Men shoh yoki zabun bo‘laman qachon?
Menga taskin emas, kerakdir talqin.
(“Jangsiz maydon tarixi”)
Ushbu parchada keltirilgan ritorik so‘roq gaplar orqali shoir lirik qahramonning yaxshi kunlar
qachondir kelishiga umid qilayotganligini va azalda yozilganini ko‘rishga rozilik hissi
mavjudligini ifodalashga harakat qilganligini ko‘rishimiz mumkin.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Inversiya.
Ma’lumki, gap boʻlaklarining joylashish tartibi bor, biroq ba’zan gapning muayyan
bir tartibi o’zgartiriladi, ya’ni ijodkor maqsadi o’laroq gap bo’laklari tartibi o’zgartiriladi. Bu,
odatda, she’riyat tilida yuz beradi. Natijada inversiya yuzaga keladi. Inversiya ogʻzaki va badiiy
uslub uchun xos xususiyat sanaladi. Badiiy matnda qahramonlar nutqini jonli nutqqa
yaqinlashtirishda, ularning tilini individuallashtirishda mazkur usuldan foydalaniladi.
Tun chekinar kipriklaringdan,
Chiqa boshlar ko‘zindan quyosh.
Jon olaman kulgularingdan,
Men ruhingman, axir, qalamqosh.
***
Rohatlan ularning qaddiga qarab,
Rohatlan ularning qaytmasligidan –
Kunduzlarni mash’um shubhaga o‘rab,
Chin so‘zni hech qachon aytmasligidan.
Ellipsis.
Bu poetik sintaksis figuralardan biri bo‘lib, nutqda biror gap bo‘lagini ongli ravishda
tushirib qoldirish usuli sanaladi. Nutqiy aloqa jarayonida baʼzi gap boʻlaklarining muayyan
maqsad bilan tushirilishi hodisasi – ellipsis tildagi lingvistik iqtisod, lisoniy tejamkorlik tamoyili
asosida voqelanadi. Undan maqsadsiz qaytariqlar oldi olinadi, tavtologiyadan xoli bo‘lish
ko‘zlanadi. Badiiy matnda ellipsis kuzatilganda qaysi gap boʻlagi ellipsisga uchraganligi va
bundan qanaqa maqsad kuzatilganligi izohlanadi. Badiiy matndagi mavjud kontekst va semantik
omillarga koʻra tushirilib qoldirilishi (ellipsis) mumkin boʻlgan boʻlaklarning tushirib
qoldirilmasligi, yaʼni
antiellipsis
ham badiiy maqsadga xizmat qilishi mumkin. Tushirib
qoldirilmagan boʻlaklar tegishli fikrni yanada taʼkidlashga, nutq egasining turli hissiy-emotsional
holatlariga urgʻu berishga koʻmaklashadi.
Gradatsiya
(lot. gradatio – zinapoya, bosqichma bosqich kuchaytirish) Nutq parchalaridan biri
ikkinchisining ma’nosini kuchaytirib borishdan iborat uslubiy jarayon. Badiiy adabiyotda
holatlarni, tuyg‘u va kechinmalarni qiyoslashda, his-hayajonlar junbushini to‘liq ifodalashda
gradatsiya usulidan foydalaniladi. Adabiyotlarda gradatsiya xususiyatlariga ko‘ra turlicha tasnif
qilinadi: mohiyatiga ko‘ra:
ko‘tariluvchi gradastiya (klimaks) va pasayuvchi gradastiya
(antiklimaks)
; ifoda usuliga ko‘ra:
mantiqiy, emotsional va miqdoriy gradastiya
; ifoda
materialiga ko‘ra:
leksik gradasiya va sintaktik gradastiya
.
Antiteza
(antithesis – qarama-qarshi qo‘yish, zidlash) deb mantiqiy jihatdan qiyoslanuvchi fikr,
tushuncha, sezgi va timsollarni qarama-qarshi qo‘yish, zidlash hodisasiga aytiladi. Voqea-
hodisalar mohiyatidagi ziddiyatni ochish uchun asosan, badiiy nutqda zid ma’noli qo‘shimchalar,
zidlovchi bog‘lovchilar, so‘z va iboralardan foydalaniladi. “Zidlashda voqea, hodisa, belgilarni
o‘zaro zid qo‘yib shulardan birining belgisi alohida ta’kidlanadi. Zidlash hodisasi ham ikki
komponentdan iborat bo‘ladi va keyingi komponentdan anglashilgan mazmun ta’kidlanadi.
Demak, zidlashda ikki qism mavjud: zidlovchi qism va zidlash asosida ta’kidlanuvchi qism”.
Zidlash asosan bog‘langan va bog‘lovchisiz qo‘shma gap shakllarida kuzatiladi. Badiiy matnni
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 01, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
lisoniy jihatdan tahlil qilishda zidlantirishdan yozuvchining ko‘zda tutgan maqsadi nima
ekanligini aniqlash talab qilinadi. Yozuvchining mahorati zidlantirilayotgan voqeliklar uchun
tanlangan ifoda materialida yanada aniq ko‘rinadi.
ADABIYOTLAR:
1. Asadov T. Matn tilshunosligi. – Buxoro, 2023.
2. Yo‘ldoshev va boshqalar. Matn lingvistikasi. – Toshkent, 2021.
3. Yo‘ldoshev M. Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi. DDA. –T.,2009. 39-b.
4. Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивликнинг ифодаланиши. – Т.: Фан, 1983. 58- б.
5. Ҳакимов М., Тошхужаева Ш. Эркин аъзам асарларида синтактик параллелизмнинг
лингвопоэтик ўзига хослиги. Илмий ахборотнома, АДУ, N3, 2016.
6. Ўринбоев Б., Қўнғуров Р., Лапасов Ж. Бадиий текстнинг лингвистик таҳлили. -Т.,
1990, 34-б
7. Шукуров Р. Синтактик параллелизмнинг услубий вазифалари // Ўзбек тили ва
адабиёти. – Тошкент, 2004. – № 2. – Б.73-75.
8. Чори Аваз. Сайланма. – Тошкент, 2003.
9. Юлдашев М. Бадиий матннинг лингвопоэтик тадқиқи. ДДА. – T., 2009.
10. www.natlib.uz
