Ushbu maqolada mahalliy mineral xomashyolardan samarali foydalanish asosida pigment olishning innovatsion usullari yoritilgan. An’anaviy texnologiyalar ko‘p hollarda yuqori energiya sarfi va ekologik muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan pigmentlarning sifati ham cheklangan bo‘lishi mumkin. Taklif etilayotgan innovatsion usullar esa mahalliy boy mineral resurslardan foydalanib, ekologik xavfsiz, energiya tejamkor va yuqori sifatli pigment olish imkonini beradi. Tadqiqot jarayonida tabiiy temir oksidli, marganesli va kaolinitli xomashyolardan foydalanish samaradorligi tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yangi texnologik yondashuv pigmentlarning rang intensivligi, kimyoviy barqarorligi va dispersligini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi. Bunday yondashuv nafaqat import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishga, balki respublika sanoatida iqtisodiy samaradorlik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.