JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–81_Issue-1_July-2025
10
10
DORINING OZI DAVO, ORTIG‘I ZAHAR
Shukurova Gulsara Dushabekovna
Tel: +99891-192-34-52
Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markaz
Toshkent viloyat filiali sud-kimyo bo’limi laboranti
“Dorining ozi davo, ortig‘i zahar” degan hikmatli ibora dori-darmonlarni faqat
belgilangan me’yor va shifokor ko‘rsatmalariga muvofiq qo‘llash zarurligini eslatadi.
Chunki dori o‘z vaqtida, to‘g‘ri dozada qabul qilingandagina foyda keltiradi, aks holda
esa salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi, hatto inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga
olib kelishi mumkin.
Dori vositalari har bir inson organizmiga turlicha ta’sir qiladi, shuning uchun dori
ishlatishdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak. Masalan, oddiygina
diklofenak og‘riqni kamaytirishda samarali bo‘lsa-da, oshqozon yarasi bilan og‘rigan
bemorlarga qat’iyan tavsiya etilmaydi. Shuningdek, nitroglitserin arterial bosimi juda
past bo‘lgan bemorlarda hushdan ketish va hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Penitsillin kabi antibiotiklarga allergiyasi bor odamlar esa nafaqat penitsillin, balki
unga o‘xshash boshqa antibiotiklarni ham qabul qilmasligi lozim.
Shu sababli har bir shifokor dori-darmon belgilashdan oldin bemorning
sog‘lig‘idagi barcha nozik jihatlarni, mavjud kasalliklarni, allergik reaksiyalarni,
boshqa dorilarni qabul qilayotganini sinchiklab o‘rganib, qo‘llash mumkin bo‘lmagan
holatlarni istisno qiladi. Chunki qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar — bu muayyan
dori vositasidan foydalanish mumkin bo‘lmagan vaziyatlar yoki kasalliklardir. Ushbu
yondashuv nafaqat individual sog‘liqni himoya qiladi, balki dori vositalarining
ortiqcha va nojo‘ya ta’sirlarini oldini olishga yordam beradi. Zero, shifokorning asosiy
vazifasi – dori davo bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratish, aksincha, zarar
yetkazilishining oldini olishdir.
Dori-darmonlarni me’yordan ortiq qabul qilish nojo‘ya ta’sirlarni keltirib
chiqarishi mumkin. Nojo‘ya ta’sir — bu preparat oddiy dozalarda qo‘llanganda yuzaga
keladigan, organizm uchun kutilmagan va zararli bo‘lgan reaktsiyadir. Bunday yon
ta’sirlar dori vositalarining yo‘riqnomasida batafsil ko‘rsatiladi. Yon ta’sirlar dori
qabul qilish jarayonida yoki ba’zan davo tugaganidan keyin ham yuzaga chiqishi
mumkin. Bemorlar bunga tayyor bo‘lishi, shifokor yoki farmatsevt bilan bunday
belgilar yuzaga kelgan taqdirda darhol maslahatlashishi lozim. Afsuski, ko‘plab
hollarda odamlar dorining zarari haqidagi ogohlantirishlarni yetarlicha o‘qib
chiqmaydi yoki ularga befarq qaraydi, bu esa salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–81_Issue-1_July-2025
11
11
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari dori vositalarining salbiy
ta’sir ko‘rsatishiga olib keladigan asosiy sabablarni quyidagicha sanab o‘tadi:
Shifokor ko‘rsatmalariga amal qilmaslik;
Retsept talab qilinadigan dorilar bilan o‘z-o‘zini davolashga urinib ko‘rish;
Dorini belgilanganidan ortiq dozada yoki belgilangan muddatdan uzoq davom
ettirib qabul qilish;
Dorilarni bir-biri yoki ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan noto‘g‘ri qo‘llash
natijasida yuzaga keladigan o‘zaro ta’sirlar.
Shuning uchun dorilardan oqilona foydalanishda quyidagi oddiy, ammo juda
muhim qoidalarga qat’iy rioya qilish zarur:
Shifokor tavsiyasi shart
– hech qachon o‘zboshimchalik bilan dori
ichmang, doimo shifokor yoki malakali mutaxassis bilan maslahatlashib qabul qiling;
Dozani oshirmang
– belgilangan miqdordan oshiqcha qabul qilish dori
foydasini oshirmaydi, aksincha zarar keltiradi;
Yon ta’sirlarga e’tiborli bo‘ling
– o‘zgarishlarni sezsangiz, darhol
shifokorga murojaat qiling;
Dorilarni bolalardan uzoqda saqlang
– dorilarni maxsus yopiladigan,
bolalarningqo‘li yetib bormaydigan joylarda saqlash, bolalarni ulardan ehtiyot qilish
eng muhim chora hisoblanadi.
Hayotimizda achchiq saboq bo‘ladigan holatlar ham uchrab turadi. Jumladan,
2024-yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida sodir bo‘lgan voqea bunga misol
bo‘la oladi. Tumanda yashovchi ikki yoshli qizaloq — A.R. ismli qizcha buvisi ichib
yurgan “Trental” tabletkasini katta miqdorda ichib yuborgan. Natijada kuchli
zaharlanish alomatlari paydo bo‘lib, uni kasalxonaga ketayotgan vaqtda vafot etgan.
Sud - kimyo ekspertizasi uning o‘limiga aynan doridan zaharlanish sabab bo‘lganini
tasdiqladi. Bu kabi fojiali voqealar, afsuski, nafaqat bizning mamlakatimizda, balki
dunyoning ko‘plab davlatlarida ro‘y berib turadi. Shu sababli dori vositalari bilan
ishlashda beparvolik, e’tiborsizlik, tajribasizlik qimmatga tushishini har doim yodda
tutishimiz kerak.
Bunday fojiali hodisalar hech qachon takrorlanmasligi uchun ota-onalar,
qarindoshlar bolalarini doimo nazoratda ushlab turishi, uy sharoitida dorilarni yosh
bolalar qiziqib ochib ko‘ra olmaydigan, yetib ololmaydigan xavfsiz joylarda saqlashi
shart.
Xulosa qilib aytganda, “Dorining ozi davo, ortig‘i zahar” iborasi bejizga
aytilmagan. Bu hikmat dori-darmonlardan foydalanishda eng asosiy qoidani eslatib
turadi: dori insonni davolash uchun yaratilgan, lekin uni beparvo, me’yorsiz yoki
o‘zboshimchalik bilan ishlatish inson hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Dorilarni
mutaxassis ko‘rsatmasiga muvofiq qabul qilish, belgilangan dozaga qat’iy rioya etish,
har qanday nojo‘ya belgilarni befarq qoldirmasdan darhol shifokorga murojaat qilish –
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–81_Issue-1_July-2025
12
12
bu faqat bemorning o‘zini emas, balki oilasi, yaqinlari va jamiyatni ham ortiqcha xavf-
xatardan himoya qiladi.
Shuningdek, har birimiz farzandlarimiz va oila a’zolarimiz xavfsizligini
ta’minlash uchun dorilarni bolalar yetolmaydigan va ocholmaydigan joylarda
saqlashimiz, ularni dori vositalarining xavfi haqida doim ogohlantirishimiz shart. Esda
tutaylik, dorilar mo‘jiza bo‘lishi ham, fojia sababi bo‘lishi ham mumkin – bu esa faqat
bizning hushyorligimiz, bilimimiz va mas’uliyatimizga bog‘liq.
Shunday ekan, hayotingizda va yaqinlaringizning sog‘lig‘ida ortiqcha xavf
tug‘dirmaslik uchun dorilarni ongli, mas’uliyatli va shifokor ko‘rsatmasiga rioya
qilgan holda qabul qiling. Shunda dori
chinakam davo, hayot sifatining asosi va
sog‘lom kelajakning garovi bo‘lib xizmat qiladi.
Adabiyotlar:
1. “Toksikologok kimyo” L.T.Ikromov, T.Mirxaitov, M.A.Tojiyev, Z.A.Yuldashev,
Toshkent “Extremum PRESS” 2010.
2. Sud-tibbiy ekspertiza va tekshiruvlarini o’tkazish standartlari.
3. “Vidal” O’zbekiston Respublikasi davlat farmokopeyasi.
4.S.S.Azizova “Farmokologiya” Учебник. – Ташкент. Издательство медицинской
литературы им. Абу Али Ибн Сино, 2002 - 496ст. – для студентов высших
медицинских учебных заведений.
