JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
57
57
ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBURNING TOPONIMIK QAYDLARI
Jalilova Madina Murotovna
NamDU mustaqil izlanuvchisi
Annotatsiya.
Maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”
asaridagi ayrim toponimlarning leksik-semantik, etimologiyik, nominatsion-
motivatsion, struktural jihatlari, dialektal va adabiy variantlari, imlo va talaffuziga doir
izohlari, qaydlari, talqinlari tahlili va tavsifi yoritilgan.
Kalit so‘zlar
: toponimiya, toponim, oykonim, polisonim, komonim, ekklezionim,
tarixiy-etimologik manba, leksik (lug‘aviy) asos, motiv, etimologiya, etimon, xalqona
etimologiya, toponim variant.
Аннотация.
В статье проводится анализ и описание лексико-
семантического,
этимологического,
номинативно-мотивационного,
структурного аспектов, диалектных и литературных, вариантов, написания и
произношения некоторых топонимов в “Бобурноме” Захириддина Мухаммада
Бабура.
Ключевые слова:
топонимия, топоним, ойконим, полисоним, коммононим,
экклезионим, историко-этимологический источник, лексическая (лексическая)
основа, мотив, гидроним, этимология, этимология, народная этимология,
топонимический вариант.
Abstrakt.
The article describes the analysis and description of the lexical-
semantic, etymological, nominative-motivational, structural aspects, dialectal and
literary variants, spelling and pronunciation of some toponyms in “Boburnoma” by
Zahiriddin Muhammad Babur.
Key words:
toponymy, toponym, oikonym, polysonym, commononym,
ecclesionym, historical-etymological sourse, lexical base, motive, etymology,
etymology, folk etymology, toponym variant.
“Boburnoma” adibning nomini butun dunyoga tanitgan qomusiy shoh asardir.
Memuar yozuvchi xotirotlari, esdaliklari, guvohi bo‘lgan voqealar bayonidan tashkil
topgan. Shu sababdan asarning asil nomini muallifning o‘zi “Vaqoyinoma”, ya’ni
“Voqealar kundaligi” deb atagani bejiz emas. Chunki unda tarixning asl haqiqatlari aks
etgan.
“Boburnoma” asari bizga shu jihati bilan ham ahamiyatliki, unda Markaziy Osiyo,
Afg‘oniston va Hindiston o‘lkasi toponimiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Chunonchi, memuarda jami 1200dan ortiq toponim keltirilgan bo‘lib, shular orasidan
27 tasini Bobur tili bilan aytganda vajhi tasmiyasi (etimologiyasi) qayd etilgan, XV-
XVI asrdagi joy nomlari o‘sha davr talaffuzi va yozilishida berilgan. Asar etimologik
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
58
58
izohlar va taqqoslarga juda boy. Bobur asarda qayd etgan toponimlarning
etimologiyasiga juda qiziqqan va memuarda ularni ilmiy tahlilga tortgan. Bundan ikki
xil maqsad ko‘zda tutilgan. Birinchidan, Bobur asarda keng qo‘llangan ba’zi forscha,
mo‘g‘ulcha, hindcha onomastik birliklarni ma’nosini o‘quvchiga yetkazishga harakat
qilgan. Ikkinchidan, toponim va narsa-hodisalarning mohiyatini yanada kengroq
yoritishga intilgan.
Boburning toponimik merosi, geografiyaga oid masalalar Hamidulla Hasanov
“O‘rta Osiyo joy nomlari tarixidan”, “Geografik nomlar siri”, Suyun Qorayev
“Toponimika” kabi asarlarida o‘rganilgan. Biz shularga tayanib, tahlil qilish asosida,
Boburning toponimik qaydlarini kuzatish natijasida uning toponimlarni memuarda
berish nuqtai nazaridan quyidagi tamoyillarga ajratdik.
I.
Toponimni tog‘ridan to‘g‘ri izohlaydi
II.
Geografik xususiyatlari tavsifini beradi
III.
Nomning nomlanishiga e’tibor beradi
IV.
Nom haqidagi xalqona rivoyatlarni keltiradi
I. Bobur quyidagi o‘rinlarda toponimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri nomlanish
motivini izohlaydi:
Bobur
Samarqand shahri tasvirida
Temurbek va Ulug‘bek
mirzoning imoratlarini keltirgan. Shulardan Chinnixona – Samarqandda Bog‘i maydon
ichidagi chordara (chorraha ustiga qurilgan inshoot). Bobur uni Amir Temur
qurdirganini, ustini Xitoydan keltirilgan chinni bilan qoplatgani uchun Chinnixona deb
atalishini ta’kidlagan
1
: Ushbu bog‘chada yana bir chordara solibtur, izorasi tamom
chiniy,
Chinixona
derlar. (60-b). Toponim ikki fors-tojikcha so‘zning birikuvidan
chinni (idish-tovoq, izolyatsion materiallar yasash uchun ishlatiladigan oq loy va undan
yasalgan buyumlar
2
) + xona (toponim yasovchi topoformant) yasalgan. Toponimiyada
xona so‘zining funksiyasi keng bo‘lib, biron narsa ko‘p degan ma’noni ham ifodalaydi.
Xona devor bilan bo‘lingan bo‘lmagina emas, o‘zining biron xususiyati bilan ajralib
turadigan joy ma’nosini ham anglatadi
3
. Demak, Chinnixona oykonimi tarkibidagi
xona so‘zi bu inshootni aylan-atrofi tamoman chinni bilan qoplanganlik xususiyatiga
egaligini bildiradi.
Memuarda yana G‘azna mahallalaridan biri Ravzaning nomlanishini ham Bobur
tushunarli izohlab o‘tgan: Sulton Mahmudning qabri G‘aznining mahallotidadurkim,
sulton qabri anda uchun
Ravza
derlar, G‘aznining yaxshi uzumi Ravzadindur. (113-
b). Ravza so‘zi arabcha bo‘lib, chamanzor, bog‘ demak. Biroq buyuk kishilarning
qabrini gulzorga nisbat berib ba’zan ravza deb ataydilar
4
. Demak, Sulton Mahmudning
qabri joylashganligi mavzening Ravza deb atalishiga motiv bo‘lgan.
Isfara viloyatining Hushyor qishlog‘iga yaqin tog‘ etagidagi chorqirrasimon uzun
1
Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ, 2014. – Б.561.
2
Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Москва, 1981. – www.ziyouz.com kutubxonasi. – Б. 370.
3
Qorayev S. Toponimika. – Toshkent, 2006. – B. 35.
4
Qorayev S. Toponimika. – Toshkent, 2006. – B. 310.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
59
59
katta xarsangtosh. Sirti g‘oyat silliq, tarkibida metalli kiristallar ko‘pligidan oynaga
o‘xshab qaraganning aksi ko‘ringan. Siyosiy vaziyat tufayli Bobur So‘x va Hushyor
kentlarida bir yilcha turgan. Shuning uchun u Sangi Oyinani batafsil o‘rganish
imkoniga ega bo‘lgan
5
. Adib Sangi Oyina toshining nomlanishini quyidagicha
izohlaydi: Isfaraning bir shar’isida janub sori pushtalarning‘ orasida bir parcha tosh
tushubdur,
“Sangi Oyina”
derlar, uzunlug‘i taxminan o‘n qari bo‘lgay, balandlig‘i
ba’zi yeri kishi bo‘yi, pastlari ba’zi yeri kishining belicha bo‘lgay, oyinadek har nima
mun’akis bo‘lur. (35-b). Demak, bu toshning Oynak tosh deb atalishiga oynadek unda
har narsa aks etish xususiyati sabab bo‘lgan. Sangi oyina (ko‘zgu tosh) bu onomastik
birlik ot + ot shaklida qaralmish+qaratqich munosabatida bo‘lgan forsiy izofadir.
Shohi Kobul – Kobul qal’asining janubiy qismida joylashgan tog‘. Oronimining
nomlanishini Bobur shunday izohlaydi: Qal’aning g‘arb-janub tarafi kichikrak parcha
tog‘ tushubtur. Ul tog‘ning qullasida Shohi Kobul imorat qilgani uchun bu tog‘ni
Shohi
Kobul
derlar. (107-b). Demak, tog‘ning nomlanishiga shu hududda solingan imorat
egasi Kobul shohi motiv qilib olingan. Shuningdek, Porandiy Hindukush tog‘ining
Bozorak dovoni etagidagi kent bo‘lib, Sarob eli Bozorak dovonini Porandiy kentiga
tutashib ketganligi uchun ham shu qishloq nomi bilan bu ko‘talni aytishlarini qayd
etgan: Bozorak ko‘talini Sarob eli Porandiy otliq kentiga inar uchun
Porandiy ko‘tali
derlar. (108-b).
Samarqandning qadimiy masjidlaridan biri – Masjidi Laqlaqa. Bobur bu
mavzening nomlanishini aynan izohlamasa-da, lekin o‘quvchiga joyning atalishiga
sabab bo‘lgan hodisani keltirib o‘tadi: Samarqandning qal’asining ichida yana bir
qadimiy imorattur,
Masjidi Laqlaqa
derlar. Ul gunbazning o‘rtasida yerga tepsalar
tamom gumbazdin laq-laq un kelur, g‘arib amredur, hech kim muning sirrini bilmas.
(60-b). Demak, bu masjidning nomlanishiga inshoot gunbazidan chiquvchi sirli laq-laq
takroriy taqlid tovushi motiv bo‘lgan. Sirli tovush hosil bo‘lish sababini hech kim
bilmasligini muallif ta’kidlab o‘tgan.
Boburning mohir toponimist ekanligiga yana bir dalil u o‘zi bunyod etgan
maskanlarga chiroyli nomlar ham bera olgan. Jumladan, Nazargoh – G‘azni yaqinidagi
Xoja Basta kentida Tutum daradan bir tepalik ustida bunyod etilgan bog‘ bo‘lib, bu
bog‘ni kechik ro‘parasiga tushgani va o‘ziga tortadigan joy bo‘lganligi bois Bobur
Nazargoh deb ataganini qayd etgan: Guzargohning muqobalasida tushgan uchun va
yaxshi maddi nazari bor uchun,
“Nazargoh”
g‘a mavsum bo‘lib edi. (250-b).
II. Muallif ushbu toponimlar tavsifida ularning geografik xususiyatlariga
(o‘simlik dunyosi, tabiati, iqlimi) e’tibor qaratadi.
Farg‘ona viloyati tasvirida
Konibodom shahrini alohida tasvirlab, bu shaharchaning nomlanish boisini o‘quvchiga
sharhlab ketadi: Muning tavobiidin
Kandibodomdur
. Agarchi qasaba emas,
yaxshig‘ina qasabachadur. Bodomi yaxshi bo‘lur. Bu jihatdin bu ismg‘a mavsumdur.
5
Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ, 2014. – Б.447.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
60
60
Xurmuz va Hindustong‘a tamom muning bodomi borur
6
. Bunday tabiiy sharoitga
qarab nomlangan oykonimlar tabiiy oykonimlarning fitooykonimlar guruhiga kiradi.
Chunki bu hududning nomlanishiga shu mavzedagi tabiiy muhit (bodomlarning yaxshi
bo‘lishi) sabab bo‘lgan. Hozirgi kunda bu hudud Tojikiston Respublikasi Sug‘d
viloyatiga qarashli bo‘lib, Konibodom deb ataladi. Mahalliy aholining fikriga ko‘ra,
Konibodom toponimi ikki qismdan: kon va bodom so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib,
bodom koni ma’nosini bildiradi. Aslida esa mazkur oykonimik nomning birinchi
qismidagi kon so‘zining ko‘p, mo‘l, serob ma’nosiga hech aloqasi yo‘qligini, u aslida
kand so‘zi bo‘lib, shahar ma’nosida qo‘llanganligini va shuning uchun Kandibodom
bodom shahri yoki bodomli shahar ma’nosini anglatishini biz asar mutolaasi orqali
bilib olamiz.
Toponimlar, so‘z etimologiyasiga alohida e’tibor berganligiga asarda ko‘p guvohi
bo‘lamiz. Masalan, Shahrisabz shahri nomini kelib chiqishini muallif shunday
izohlaydi: Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun
Shahrisabz
ham derlar. (61-b.) Demak, bu shaharning nomlanishiga bahor chog‘i
sahrolari-yu shahri, dalalari-yu tomlari yashillikka burkangani, tabiat bilan birgalikda
hamnafas bo‘lgani sabab bo‘lgan va Yashil shahar deb atalgan. Shahar nomi ikki
so‘zning (shahar sanskritcha davlat, mutlaqo hokimiyatning qarorgohi
7
va sabz fors-
tojikcha yashil, yashil rangli
8
) sifatlanmish+sifatlovchi munosabatida bo‘lgan izofali
toponimdir.
Hozirgi Zarafshon daryosi asarda Ko‘hak suyi tarzida keltirilgan. Ko‘hak
Zarafshon daryosining o‘rta asrlardagi nomi bo‘lib, “Avesto”da Daytiya (Edgu suv)
deyilgan. Bobur daryoning Ko‘hak deb atalishiga Ko‘hak tog‘ining tagidan oqib
o‘tganligi, shu tog‘ nomi bilan atalishiga sabab bo‘lganligini yozadi: “Bu suv bila
Samarqand orasida bir pushta tushubtur, Ko‘hak derlar. Bu rud muning tubidin oqar
uchun
Ko‘hak suyi
derlar. (59-b.) Ko‘hak tojikcha so‘z bo‘lib, ko‘h-tog‘, -ak
kichraytirish qo‘shimchasi bo‘lib, kichik tog‘ suvi, tog‘ daryosi degan ma’nolarni
anglatadi. Hozirda Ko‘hak tog‘i Cho‘ponota deb ataladi.
Memuarda Ko‘hi Safid oronimi nomlanishi tabiiy sharoit (qorning erimasligi)
bilan bog‘liq. Bobur bu oronimni shunday izohlaydi: …bu tog‘din qor hargiz
o‘ksumas. Bu jihattin g‘olibo
Ko‘hi Safid
derlar. (110-b.) Ko‘hi Safid fors- tojikcha
so‘z bo‘lib, ko‘h – tog‘, safid – oq, ya’ni, oq tog‘ degan ma’noni anglatadi.
Sifatlanmish+sifatlovchi munosabatida bo‘lgan izofali toponimdir. Tog‘ning bunday
nomlanishiga, tog‘dan hech ham qor arimasligini sabab qilib keltiradi. Demak,
hamisha qor arimaydigan bu tog‘ kishilarga oppoq ko‘ringan va uning Ko‘hi Safid deb
nomlanishiga asos bo‘lgan. Shuningdek, Hindukush tog‘laridagi dovon Tulning
6
З.М.Бобур. Бобурнома.–Тошкент: Шарқ нашриёти , 2002. – Б.36. Мазкур нашрга яна мурожаат қилинганда
жилди ва саҳифаси қавс ичида кўрсатилади.
7
Qorayev S. Toponimika. – Toshkent, 2006. – B. 50.
8
Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати. – Тошкент: Университет, 2019. – Б .3.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
61
61
uzunligi uning nomlanishiga asos bo‘lgan: Bu uch ko‘taldin yaxshirog‘i
Tuldur
. Vale
yo‘li bir nima uzunroqdur. G‘olibo bu jihattin
Tul
derlar. (108-b).
Nomlanishiga geografik xususiyatlaridan joylashuvi motiv bo‘lgan oronimga
Haftbacha dovoni kiradi. Oronim fors-tojikcha Haft – yetti, bacha – bola – yetti bola
degan ma’noni anglatadi. Bobur Badaxshon va Kobul orasida yastangan Hindukush
tog‘ida joylashgan Haftbacha dovonining nomlanishini shunday dalillaydi: Yana bir
Parvon yo‘lidur, ulug‘ ko‘tal bila Parvon orasida yana yetti ko‘tal bor uchun
Haftbacha
derlar. (108-b). Ya’nikim, Katta dovon bilan Parvon orasida yana yetti
dovon borligi uchun bu dovonni Haftbacha – yetti bolali deb atashgan.
Ko‘li mag‘ok
– Samarqanddan taxminan 2 km masofadagi joy nomi. Bobur bu
hududning nomlanishiga geografik joylashuvi asos bo‘lganligini ta’kidlaydi: Yana bir
Ko‘li mag‘ok
o‘langidur…Bir yonida bir ulug‘ ko‘l voqi bo‘lubtur, bu jihattin
Ko‘li
mag‘ok
o‘langi derlar. (61-b). Mag‘ok – 1. Chuqurlik, teshik, 2. pastlik joy
9
degan
ma’noni anglatib, agroonim yer yuzasining chuqurlik qismida va ko‘lning yonida
joylashganligi uning nomlanishiga motiv bo‘lgan.
III. Bobur nomning nomlanishiga alohida e’tibor beradi.
Hozirda
Qashqadaryo viloyatining markazi Qarshi shahrining vajhi tasmiyasini Bobur
quyidagicha izohlaydi: Yana
Qarshi
viloyatidurkim,
Nasaf
va
Naxshab
ham derlar,
Qarshi mo‘g‘ulcha ottur, go‘rxonani mo‘g‘ul tili bila “qarshi” derlar. G‘olibo, bu ot
Chingizxon tasallutidin so‘ng bo‘lg‘ondur. (61-b.) Agar “Boburnoma” yozilmaganida
edi biz bu shaharning nomlanishini asl mohiyatini bilolmas edik. Chunki qarshi so‘zi
ko‘plab turkiy doston va tarixiy asarlarda, asosan, zid, ro‘para, saroy, qasr singari
ma’nolarda uchrar edi, xolos. Bobur esa yuqoridagi parchada guvohi bo‘lganimizdek,
shahar nomi sifatida qo‘yilgan qarshi so‘zining mo‘g‘ulcha ekanini, bu so‘z qabriston
ma’nosini ifodalashini izohlab, asoslashga navbat kelganda, shaharning Chingizxon
istilosi qurboni bo‘lgani bilan izohlaydi. Demak, bu shaharning buningdek fojiali
nomlanishiga jamiyat hayotida yuz bergan bosqinchilikning oqibati sabab bo‘lgan.
Shuningdek, bu shaharni mo‘g‘ul bosqiniga qadar Nasaf va Naxshab deb atalganini
ham alohida ta’kidlab o‘tadi.
Bobur ziyrak tilshunos sifatida tilning tovush jihatiga ham alohida e’tibor bilan
qaraydi. Tarixni yaxshi bilganligi sababli ayrim joy nomlarining atalishiga tarixan
yondashadi va bu xususida o‘zining fikrlarini ham erkin bayon etadi. Masalan,
Kobulning sharqida joylashgan Lamg‘onot viloyatining nomlanishiga kishi nomi asos
bo‘lganligini ta’kidlaydi va Lamg‘on etimologiyasini grammatik asoslaydi: Hazrati
Nuh payg‘ambarning otasi Mehtar Lomning qabri Alishang tumanidadur. Ba’zi tarixta
Mehtar Lomni Lamak (Lamkon) ham debturlar. Ul elni xeyli mulohaza qilibturkim,
ba’zi mahal “kof” o‘runiga “g‘ayn” talaffuz qilurlar, bu jihattin g‘olibo bu viloyatni
Lamg‘on
debturlar. (110-b.) Shuningdek, ba’zi o‘rinlarda bu viloyatni Lamg‘onot deb
9
Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. – Тошкент, 1983. – II т. – Б.283.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
62
62
ham qayd etadi: Sharqi
Lamg‘onottur
. Bu viloyat besh tuman va ikki bo‘luktur (109-
b.) Lamg‘onot nomi tarkibidagi -ot (t) affiksi toponim yasovchi qo‘shimcha bo‘lib, ikki
xil yo‘l bilan paydo bo‘lgan: biri arabcha bo‘lsa, biri sug‘diychadir. Yuqoridagi
parchada joy nomi yasovchi qo‘shimcha vazifasini bajargan.
Ijodkor ayrim joy nomlarini o‘zi ilmiy tahlil etishga, mavzening nomlanish
motivlarini aniqlashga harakat qiladi. Jumladan, G‘urband tumanining nomlanishini
shunday izohlaydi: Ul viloyatlarda ko‘tallarni band derlar. G‘o‘r sari bu ko‘tal bila
borurlar, g‘olibo ul jihatdin
G‘urband
debturlar. (112-b). Demak, oykonim ikki ot so‘z
turkumidagi so‘zning birikuvidan (G‘o‘r +band) yasalgan.
Shuningdek, Bobur Kashmir toponimining etimologiyasiga juda qiziqadi, hind
xalqidan so‘raydi, taftish o‘tkazadi, ammo aniq ma’lumot topa olmay o‘zi tahlil qiladi:
Hinduston elidin muncha tahqiq va taftish qilildi, hech kim bu tavoyifdin tahqiq xabar
ayta olmadi. Ushmuncha deydurlarkim, bu tog‘ elini Kas derlar. Xotirg‘a yettikim,
Hinduston eli "shin"ni "sin" talaffuz qilur. Chun bu tog‘da mo‘tabar shahr
Kashmirdur
, balki
Kashmirdin
o‘zga bu tog‘da yana shahre eshitilmaydur. Bu
jihattin bo‘la olurkim,
"Kasmir"
demish bo‘lg‘aylar. (197-b.)
Bobur fors-tojik, arab, afg‘on (pushtu), urdu (Pokistonda yashovchi aholi tili),
hind tillarini ham bilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak u bizga toponimlar haqida bir-
biridan qiziq va aniq ma’lumotlar bergan, ularning nomlarini tahlil qila olgan.
Jumladan, Bobur tabiat mo‘jizalari bo‘lgan tog‘larning nomiga ham alohida e’tibor
qaratadi. Kobulda Hindukush deb ataluvchi tog‘ni hindlar Savalak Parbat deb
ataganlarini yozadi va tushunarli izohlaydi: Bu tog‘ii Hind eli
Savalak Parbat
derlar,
hind tili bila “sava” – rub, “lak” – yuz ming, “parbat” – tog‘, ya’ni rub va yuz ming
tog‘kim, yuz yigirma besh ming tog‘ bo‘lg‘ay… Ushbu tog‘ Kobulda Hindukushqa
mavsumdur. (197-b). Hindukush tog‘i Osiyodagi yirik tog‘ tizmasi bo‘lib, 800 km
chamasi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hind xalqi bu tog‘ning uzunligiga ishora qilib,
Savalak Parbat – Yuz yigirma besh ming tog‘ deb atashgan. Savalak Parbat degan nom
hozir ham geografik adabiyotda qo‘llaniladi, bu Himolayning shimoldan janubgacha
uzundan uzoq cho‘zilgan, lekin pastroq tog‘oldidir, yuz yigirma besh ming tepalik
deganicha bor
10
.
Rivoyatlarga ko‘ra, bu tog‘larda ko‘p hindular halok bo‘lgan. XIV asrda yashagan
arab sayyohi Ibn Battuta bunday yozgan: “Hindukush deb ataladigan tog‘lardan o‘tdik,
bu “hindular qotili” demakdir. Chunki Hindistondan keltirilayotga juda ko‘p qullar
qalin qor va qattiq sovuq dastidan halok bo‘lganlar. Tog‘ning nomi ba’zan Hinduko‘h
(Hind tog‘i) tarzida ham yozilgan
11
.
Memuarda qisman ijtimoiy-iqtisodiy oronimlar ham uchraydi. Etnooronim –
urug‘ qabila, millat, xalq nomlari (etnonimlar) asosida shakllangan oronimlarning
10
Ҳасанов Ҳ. Географик номлар сири. – Тошкент: Ўзбекистон, 1985. – Б.13.
11
Ҳасанов Ҳ. Географик номлар сири. – Тошкент: Ўзбекистон, 1985. – Б.120.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
63
63
atoqli nomlari. Chunonchi, Bhiradan shimoldagi Ko‘hi Jud oronimi Jud etnonimiga
nisbat berib nomlanganligini Bobur qayd etgan: Bu tog‘ii “Zafarnoma”da va ba’zi
kitoblarda “
Ko‘hi Jud
” bitibturlar, vajhi tasmiyasi ma’lum emas edi, so‘ngralar
ma’lum bo‘ldi: bu tog‘da bir ota naslidin ikki xil el bor. Birini jud derlar va birini
janjuha. Bu tog‘dag‘i va Nilob bila Bhira orasidag‘i el va ulusg‘a bular qadimdin hokim
va farmonravo bo‘la kelgandurlar. …Bu tog‘ judka mansub qilib,
Ko‘hi Jud
debturlar.
(165-166-b.) Jud qavmi bu tog‘dagi va Nilob bilan Bhira orasidagi el-ulusga qadimdan
hokimlik qilib, ularni boshqarib kelganligi uchun va bu tog‘ni Jud eliga qarashli
ekanligini bildirib Ko‘hi Jud deb nomlaganlar. Demak, bu oronimning nomlanishiga
Jud etnonimi motiv bo‘lgan.
Bundan tashqari, asarda Masjidi Muqatta – Ulug‘bek Samarqandda qurdirgan
masjidning nomlanishini muallif uning qurilishi, me’morchiligi bilan bog‘lab
izohlaydi: Bu jihattin
Muqatta
derlarkim, qit’a-qit’a yig‘ochlarni tarosh qilib, islimiy
va xitoiy naqshlar solibturlar, tamom devorlari va saqfi ushbu yo‘sunluqtur. (60-b).
Bobur inshootning devorlari va shifti islomiy va xitoycha naqshli taxtalar bilan
qoplanganini bu yog‘ochlar bo‘lak-bo‘lak (qit’a-qit’a) bo‘lgani uchun (Muqatta –
parcha
12
) Masjidi Muqatta deb atalganini qayd etgan.
Memuarda Bobur Samarqand tevarak-atrofida yaxshi o‘langlari borligi, ular
ichida eng mashhuri Konigil o‘langi ekanligini aytadi. Ba’zilar bu o‘langni Koni gil,
ya’ni tuproq koni desalar, Fazlulloh bin Ro‘zbexon “Mehmonomai Buxoro” asarida
Koni gul, ya’ni gullar koni deydi. Bobur esa bu o‘langning asli oti Konobgir (ko‘lmak)
deb atalishini, biroq tarixlarda faqat Konigil deb yozadilar deya ta’kidlaydi: Bir
mashhur o‘lang
Konigil
o‘langidur…Bu suvning atrofi tamom obgirdur. Ba’zi
derlarkim, bu o‘langning asli oti
Konobgir
ekandur, vale tarixlarda tamom
Konigil
bitirlar. (60-b). Bobur mirzo bu o‘langning xalq orasida Konobgir deb atalishining
boisi, sayxonlik o‘rtasidan Obirahmat (Qorasuv) arig‘ining oqib o‘tganligi, bu suvning
atrofi butunlay obgir-botqoq bo‘lganligi bilan izohlaydi.
Go‘spandliyor – Afg‘onistonda Bangash va Bannu viloyatlarini bog‘lovchi yo‘l.
Bu yo‘l (dromonim) orqali qo‘ychi va cho‘ponlar, asosan, qo‘ylarni haydab olib
o‘tishgan. Yo‘l tor tog‘ yo‘li bo‘lganligi bois otliq yo‘lovchilar, karvonlar yurmagan.
Bobur bu toponimni ham juda sinchkovlik bilan aniq va tushunarli qilib izohlaydiki,
o‘quvchida savolga o‘rin qolmaydi: Qo‘ychi va cho‘pon gohi gala va ramani bu yo‘l
va tangi bila indurur uchun bu yo‘lni
Go‘spandliyor
der emishlar. Yo‘lni afg‘on tili
bila liyor derlar. (119-b). Demak, bu dromonim (yo‘llarning atoqli oti) tuzilishiga ko‘ra
qo‘shma tarkibli bo‘lib, Go‘sfand (forscha qo‘y)
13
+ liyor (afg‘oncha yo‘l) yasalgan
bo‘lib, qo‘y yo‘li degan ma’noni anglatgan.
Bobur memuarda uchraydigan o‘quvchiga tushunarsiz bo‘lgan ba’zi hindcha
12
Исҳоқов Ф. “Бобурнома” учун қисқача изоҳли луғат. – Андижон, 2008. – Б.115.
13
Ўзбек тилининг изоҳли луғати.www.ziyouz.com kutubxonasi. Б. 532.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
64
64
toponimlarni ham izohlab o‘tadi. Jumladan, u Man Sing va Bikramajit imoratlarini
yurib sayr etganligini, barcha rojalar imoratidan Man Singning imorati yaxshi va
balandroq ekanligini qayd etgan. Shuningdek, Man Sing qal’asining sharq tarafida
devori burji ostida Haatiy Po‘l joylashganligini aytib, uni shunday izohlaydi: Pilni
“haatiy” derlar, darvozani “po‘l”. Bu darvozaning chiqishida bir filning suratini
mujassam qilubturlar, ustida ikki filbon ham qilibturlar; biaynihi fil, heyli mushobih
qilibturlar. Bu jihattin “
Haatiy Po‘l
” derlar. (238-b). Demak, bu darvozaning
chiqishida fil suratini tasvirlashgani bois, shunga ishora qilib Fil darvozasi – Haatiy
Po‘l deb atashgan.
IV. Bobur quyidagi toponimlar izohida xalqona rivoyatlarni keltiradi
:
Xoja
Seyoron
derlar. Bu chashmada va bu chashmaning atrofida uch nav daraxtlardur.
Chashmaning o‘rtasida qalin chinor daraxtlaridur, latif soyasi bordur. Chashmaning
ikki tarafida tog‘ tubidagi nushtalarda qalin balut daraxtidur. Ushbu ikki parcha
balutistondin o‘zga Kobulning g‘arbiy tog‘ida balut daraxti aslo bo‘lmas.
Chashmaning olidakim, dasht tarfi bo‘lg‘ay, qalin arg‘uvonzor voqi bo‘lubtur. Bu
viloyatta ushbu arg‘uvonzordin o‘zga arg‘uvonzor aslo yo‘qtur. Derlarkim, bu uch jins
daraxt uch azizning karomatidur.
Seyorong‘a
vajhi tasmiya muni derlar. (112-b.)
Kishilar odatda o‘zlari uchun tushunarsiz bo‘lgan nomlardan ma’no axtara
boshlaydilar va o‘z tillariga moslashtirib talaffuz qilishga intiladilar. Xalq
etimologiyasi shu yo‘sinda paydo bo‘ladi va shu tariqa rivoyatlar ham to‘qiladi.
Chunonchi, Seyoronning vajhi tasmiyasi ham rivoyatga qorishilgan holda izohlangan.
Seyoron – fors-tojikcha so‘z bo‘lib, “uch do‘st” ma’nosini anglatadi. Buloq atrofida
uch xil daraxtning (chinor, balut, arg‘uvon) borligi va Kobulning boshqa joylarida bu
daraxtlarning o‘smasligi xalq tomonidan yuqoridagi rivoyatni yuzaga kelishiga asos
bo‘lgan.
Takasekretku (Takasekrigan) – Andijonning shimol tarafida Sirdaryoning
toraygan qismida joylashgan. Memuarda bu hudud Umarshayx Mirzo bilan uning
qaynotasi Yunusxon o'rtasida bo‘lib o‘tgan jang munosabati bilan tilga olingan. Bobur
bu o‘zanning nomlanishiga quyidagi rivoyatni asos qilib keltiradi: …Sayhun
daryosining yoqasida
Takasekretku
degan yerda. Bu jihatdin ul mavzi bu ismg‘a
mavsumdurkim, tog‘ domanasi jihatidin bu daryo andoq tor oqarkim, rivoyat
qilurlarkim, ul yerdin taka sekrigandur. (37-b). H.Hasanov Takasekretu Norin
daryosining Uchqo‘rg‘on qishlog‘i yaqinidagi tor qisig‘i bo‘lsa kerak, deb taxmin
qilgan. Biroq S. Jalilov bu joyni Qoradaryodan qidirmoq kerak deydi. Shunday qilib
Takasekretku qayerda ekanligi ma’lum emas
14
.
Hodarvesh
– Xo‘jand va Konibodom orasidagi dasht. Tez-tez qatttiq shamol esib
turishi bilan mashhur bo‘lgan. Bobur ham bu yerdan o‘tayotib, uning shamoliga
yo‘liqqan. Keyinchalik bu dasht Qaroqchiqum, Qayroqum deyilgan. Hozir katta
14
Qorayev S. Toponimika. – Toshkent, 2006. – B. 309.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–82_Issue-1_August-2025
65
65
qismini Qayroqum suv ombori egallagan
15
. Adib Qayroqum cho‘li haqida bunday
deydi: Derlarkim. Bir necha darvesh bu bodiyada tund yelga yo‘luqub, bir-birini
topolmay “Ho darvesh”, “Ho darvesh” deya-deya tamom halok bo‘lurlar, andin beri bu
bodiyani
Hodarvesh
derlar. (36-b).
Xulosa qilib aytganda, Boburning noyob iqtidor egaligi shundaki, u o‘z ona tili
bo‘lgan turkiy tilni, shuningdek, fors-tojik, arab, afg‘on (pushtu), hind tillarini ham
mukammal bilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak u bizga forsiycha, afg‘oncha, hindcha
toponimlar haqida bir-biridan qiziq va aniq ma’lumotlar bergan, ularning nomlarini
zakiylik bilan izohlagan. Sinchkovligi bois ayrim toponimlar haqida xalq og‘zidan
eshitgan rivoyatlarini ham keltirgan. Muallif asarda shunchaki toponimlarni sanab
o‘tmaydi, balki til ilmining eng qiziqarli sohasi – etimologiya xususida ham juda
muhim, teran ilmiy kuzatishlarini bayon etadi. So‘z etimologiyasi joy nomiga nisbatan
tekshirilganda Bobur o‘sha so‘zning yasalishi va nom qo‘yilishiga tarixan yondashadi.
Joy nomlarini izohini, atalishiga sabab bo‘lgan voqealarni, guvohi bo‘lgan hodisa va
o‘zining xulosalarini birma-bir keltiradi.
Memuarda qayd etilgan toponimlar aksariyati ikki komponentli. Bu onomastik
birliklar ot + ot shaklida qaralmish+qaratqich munosabatida bo‘lgan forsiy izofadir.
Shuningdek affiksli toponimlar ham uchraydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Бегматов Э., Улуқов H. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати.–
Наманган, 2006.
2.
Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома.–Тошкент: Шарқ , 2002.
3.
Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ, 2014.
4.
Qorayev S. Toponimika. – Toshkent, 2006.
5.
Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати. – Тошкент:
Университет, 2019.
6.
Ҳасанов Ҳ. Географик номлар сири. – Тошкент: Ўзбекистон, 1985.
7.
Ўзбек тилининг изоҳли луғати.www.ziyouz.com kutubxonasi.
8.
Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Москва, 1981. – www.ziyouz.com
kutubxonasi.
9.
Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. – Тошкент, 1983. – II т.
10.
Исҳоқов Ф. “Бобурнома” учун қисқача изоҳли луғат. – Андижон, 2008.
15
Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ, 2014. – Б.646.