JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
55
55
OQ KEMA ASARIDA MIFOLOGIYA VA RAMZLAR TASVIRI
Raxmatova Xurshida Eshmaxammat qizi
JDPU talabasi
ANNOTATSIYA
Maqolada Chingiz Aytmatovning naqadar mohir ekanligi taʼkidlanadi. "Oq
kema" asarida mifologiya va ramzlardan juda oʻrinli foydalanilgan oʻrinlari aytib
oʻtiladi. Maqolada qahramonning xarakteriga tavsif berilgan.
ANNOTATION
The article emphasizes how talented Chingiz Aitmatov is. The places where
mythology and symbols are used very appropriately in the work "The White Ship" are
mentioned. The article describes the character of the hero.
Kalit soʻzlar
: ”Oq kema”, Chingiz Aytmatov, xarakter, bola, Moʻmin chol,
Jamila.
Juda ham koʻplab kitobxonlar qalbini zabt etgan yozuvchi Chingiz Aytmatov
chinakam isteʼdod egasidir. U yozgan asarlari dunyoning turli burchaklariga ham yetib
borgani bejiz emas, albatta. Bu asarlardagi qahramonlar oddiy odamlar orasida
uchrovchi kishilardir. Bilamizki asarda xarakter masalasi juda jiddiy. Aynan shu jihat
asarning butun mohiyatini belgilaydi desam mubolagʻa boʻlmas. Xarakterga tavsif
beradigan boʻlsak “Xarakter tasviri asarning mazmunini “badiiy axborot”ga
aylantiradi. Xarakterning bir xususiyati bunga xizmat etadi: xarakter hayotiy haqiqatni
aniq hissiy shaklda aks ettiradi, ya’ni asar mazmuni xarakter tasviri tufayli hayotiy
aniqlik kasb etadi va shu bilan birga bizning hislarimizga ta’sir etish xususiyatiga ega
bo‘ladi”.[3] Qahramonga faqat ijobiy va salbiy jihatlar berish orqali xarakter bera
olmaymiz. Lekin Chingiz Aytmatov bu masalada juda mohir. Uning birgina ''Oq kema''
asarida uchrovchi Moʻmin chol xarakteri ham yozuvchining naqadar noyob isteʼdodga
egaligidan dalolatdir. Balki bunga uning bolaligi oʻtgan muhit ham sababchidir. Uning
“Yuzma-yuz”, “Asrga tatigulik kun”, “Jamila” kabi asarlari ham juda mashhur.
Yozuvchi qirgʻiz xalqi nomini, odatlarini asarlari orqali olamga yoydi deyishimiz ham
mumkin. Uning asarlari orasida "Oq kema" asari men uchun ,,shoh asarʼʼdir. Sababi
uning qahramoni - bola. Yana qanday bola deng- orzu qilishdan toʻxtamaydigan,
Shoxdor ona bugʻu ertagiga ishongani kabi umid qilishdan tolmaydigan, jasur,
atrofdagi nopokliklarga tushuna olmay joni halak, butun hayotini moʻjiza qutqarishiga
ishongan bola! Yana qanday bola deng- kimsasiz, yolgʻiz, hammadan berkitib
shiroljinlar panasida yigʻlab oluvchi bola. Ota-onasi yoʻq, toʻgʻri ular borku lekin buni
unutishgan: xuddi hamma singari.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
56
56
Chingiz Aytmatov asarlarida mifologiya ham juda yaqqol namoyon boʻladi.
Bunda voqealar yunonlarnikidek samoda emas, balki yerda - odamlar orasidadir.
Qahramonlar koʻpincha tush koʻrib, yoki nimagadir aylanib qolib yoki boʻlmasa
boshqa jihatlar bilan oʻz orzusiga yetishishga umid bogʻlaydi. Asardagi bola ham
baliqqa aylanib oq kemaga- oʻz orzulariga yetishmoqchi. Oq kema ham bunda ramz.
Uning rangidan ham bilishimiz mumkinki u bolaning qalbi, orzulari singari oppoq. U
poklik, orzularni ushaltiruvchi majoz boʻlsa, shu oʻrinda bolani bu kattalarning chirkin
hayotidan olib ketuvchi hamdir. Uning yetimligini doim yodiga soluvchi, “ogʻzidan oq
it kirib, qora it chiquvchi” buvidan, moʻmingina otasini erining xatosi uchun
qargʻaydigan qizdan, butun hayotini johillik qamrab olgan Oʻrozqulning yonidan olib
ketuvchi “oq kema”. Asarda bundan tashqari “tuya”, ”tank”, “egar” kabi nomlar
toshlar ham bor. Bular bolaning doʻstlari. Ularning yonida oʻynaydi, oʻzining bola
ekanligini his etadi. Bola zararli oʻtlarni esa oʻziga dushman deb biladi va ular bilan
“olishish”da toʻxtamaydi. Shiroljinlar esa uning koʻz yoshlarini berkitadi, bola ularni
yaxshi koʻradi. Axir u 7yoshli bolakay. U nega bekitib yigʻlashi kerak? Uning yoshida
boʻlar-boʻlmasga ham ota-onasiga xarxasha qilish, yigʻlash tabiiy holat edi aslida.
Lekin bola oʻz navbatida “bola” emas. U oʻyinqaroq va shoʻx emas. Uni atrofdagi
odamlar shu koʻyga solgan. Uni ulgʻaytirib qoʻyishgan.
Bu asarda qahramonlar qismati juda ayanchli deyish ham mumkin. Hammaga
yaxshilik qiluvchi, ertaklarga ishonib, uni bolaga soʻzlab beruvchi Moʻmin cholning el
orasida hurmati yoʻq. Uni hamma “san”lab gapirishi, hattoki qoʻpol hazillar qilishi"
ham mumkin. U hech kimdan gina qilmaydi. Yozuvchi uni "kamdan kam uchraydigan
baxtli odam" deyishi ham shundan.Uning topganlari ham sarob. Yolgʻiz oʻgʻli, tirgagi
halok boʻlgan, ayoli oʻgʻlining dardida kuyib olamdan oʻtgan, hozirgi xotini boʻlsa uni
hurmat qilish qayoqda deysiz uni qargʻashdan boʻshamaydi.Katta qizi farzandga
zorligi uchun kunda eridan kaltak yesa, kichik qizi farzandi qadriga yetmay uni tashlab
shaharga ketadi. Ular yashaydigan xoʻjalikda 3 oila bor. Ular ogʻir sharoitda
yshashsada hayotlarini oʻzgrartirish uchun harakat ham qilishmaydi, balki koʻnikib
qoʻya qolishgan. Bola boʻlsa maktabga boradi. Uni bobosi har kuni juda uzoq masofaga
maktabga olib borib keladi. U bolaning birdan -bir gʻamxoʻri. Uni ertaklarga, orzularga
ishontirib boruvchi inson. Ammo ming afsuski aynan shu qahramonning oʻzi bolani
orzularidan ayirishga majbur. U ona bugʻuni oʻldirib oʻzining oʻtmishini ham bolaning
kelajagini ham vayron etadi.
Asarda Shoxdor ona bugʻu ertagi ham juda katta vazifa bajargan. Bola bu ertakni
juda koʻp eshitgan. Oʻzi ham va bu ertakni aytib berib charchamaydigan bobo ham bu
ertakka juda ishonadi. Bola hattoki bu bugʻuni farzandsiz boʻlgan Bekey xolasi uchun
shoxlarida beshik koʻtarib keladi deb juda-juda umid qiladi. Ammo orzular sarob...
Bola bu bugʻuning oʻlimiga guvoh boʻldi. Endi uning orzu qilishga majoli ham
qolmagan chunki bugʻu bobosining qoʻlida ajalini topadi-da. Bundan atrofdagi hech
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
57
57
kim xafa ham emas. Ular bemalol bolaning orzularini roʻyobga chiqaruvchi, unga umid
bagʻishlab turuvchi, bir vaqtlar ularning ajdodlarining hayotini saqlab qolgan
bugʻuning goʻshtini tanovul qilishyapti va bola bu manzaraga uzoq guvoh boʻla
olmadi. U tark etdi... Hamma-hammasini... Baliqqa aylanib oq kemaga yetib
bormoqchi boʻlgan bola qismati shunday ayanchli yakun topdi. U bu muhitda
yashashga ortiq bardosh bera olmas edi. Inson orzularsiz, umidsiz, yaxshiliksiz qanday
yashab boʻladi, axir. Buni esa kattalardan koʻra bolalar yaxshiroq anglab yetishadi
Bu asar 7 yoshli bola haqida. Aynan bola obrazi bosh qahramon sifatida tanlab
olingan. Uning ajib dunyosi bor. Ota-onasi uni tashlab ketganiga odamlarning unga
muomalasiga qaramay u oʻz ertaklari bilan baxtli. Uning bobosi Moʻmin chol unga
ham ota, ham ona. Bolalik begʻubor olam, baxtli davr. Bola ham eshitgan ertaklarini
hayotga, hayotini ertakka aylantirishni xohlaydi. Bola ezgulikka tashna. Chingiz
Aytmatov ham bola nigohida butun dunyoga, dunyo boʻlganda ham qanday, chirkin
dunyoga nazar tashlaydi. Bolaning doʻstlari toshlar, gullar, durbin va portfel. Bola ular
bilan vaqt oʻtkazadi, ularga hayoti haqida soʻzlaydi, asrab-avaylaydi. Bolalar
kattalardek emas. Ular dunyoga oʻz orzulari bilan nigoh tashlashadi. Ular uchun
mohiyat ezgulikdir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Chingiz Aytmatov. "Oq kema". Qissa, www.ziyouz.com kutubxonasi.
2. Izzat Sulton. "Adabiyot nazariyasi". T.- "Oʻqituvchi". 2005, - 75 bet.