Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

inLibrary
Google Scholar
doi
Выпуск:
Отрасль знаний
CC BY f
40-59
35
8
Поделиться
Тохтамуратов, Ф. . (2023). Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami. Узбекистан: язык и культура, 1(1), 40–59. https://doi.org/10.47689/ULAC-vol1-iss1-y2022-pp40-59
Фуркат Тохтамуратов, Ташкентский государственный университет узбекского языка и литературы имени Алишера Навои

преподаватель

Crossref
Сrossref
Scopus
Scopus

Аннотация

Qo‘qon adabiy muhiti shoirlari XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turli janr va mavzularda ijod qilishgan. Bu davr ijodkorlari o‘zlarining betakror lirik asarlari bilan mumtoz adabiyotimiz xazinasini boyitdi. Husaynquli Sulaymonquli o‘g‘li Muhsiniy (1860-1917-yil) ham Qo‘qonda yashab ijod qilgan ana shunday iste’dodli shoirlardan biridir.
Mazkur maqolada Husaynquli Muhsiniy lirik merosi jamlangan devoni nashri va qo‘lyozma nusxalari tarkibiga kirgan she’rlari mavzu ko‘lamiga ko‘ra tasniflangan. Shoir she’rlari ishqiy, diniy-tasavvufiy, ma’rifatparvarlik, axloqiy-falsafiy va ijtimoiy mavzularda ekani aniqlanib, tahlil etilgan. Shuningdek, shoir she’riyatining janr xususiyatlari yuzasidan ham ilmiy-nazariy qarashlar bildirilgan. Mumtoz she’riyat an’analari shoir ijodida qanday davom ettirilgani va asarlarida davr ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar qanchalik aks etgani tadqiq qilingan.


background image

ISSN 2181-922X

40

59

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

Furqat To‘xtamuratov

1

Abstrakt

Qo‘qon adabiy muhiti shoirlari XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turli

janr va mavzularda ijod qilishgan. Bu davr ijodkorlari o‘zlarining betakror

lirik asarlari bilan mumtoz adabiyotimiz xazinasini boyitdi. Husaynquli

Sulaymonquli o‘g‘li Muhsiniy (1860-1917-yil) ham Qo‘qonda yashab ijod

qilgan ana shunday iste’dodli shoirlardan biridir.

Mazkur maqolada Husaynquli Muhsiniy lirik merosi jamlangan

devoni nashri va qo‘lyozma nusxalari tarkibiga kirgan she’rlari mavzu

ko‘lamiga ko‘ra tasniflangan. Shoir she’rlari ishqiy, diniy-tasavvufiy,

ma’rifatparvarlik, axloqiy-falsafiy va ijtimoiy mavzularda ekani aniqlanib,

tahlil etilgan. Shuningdek, shoir she’riyatining janr xususiyatlari yuzasidan

ham ilmiy-nazariy qarashlar bildirilgan. Mumtoz she’riyat an’analari shoir

ijodida qanday davom ettirilgani va asarlarida davr ijtimoiy hayotidagi

o‘zgarishlar qanchalik aks etgani tadqiq qilingan.

Kalit so‘zlar:

devon, qo‘lyozma, g‘azal, mavzu, ishq, diniy-tasavvufiy

mavzu, ma’rifatparvarlik, ijtimoiy mohiyat, axloqiy-falsafiy masalalar,

badiiy talqin.

Kirish

Ming yillar davomida mumtoz shoirlarimiz an’anaviy

she’riy shakllarda teran ma’noli asarlar yozib qoldirgan. Nazmiy

janrlar tobora takomillashib borgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlari

Qo‘qon adabiy muhiti shoirlari ham an’anaviy janrlarda majoziy

va ilohiy ishq mavzusida ijod qilganlar. Muqimiy, Furqat, Muhyi,

Muhayyir, Zoriy, Zavqiy, Xaziniy kabi shoirlar o‘zlarining betakror

lirik asarlari bilan mumtoz adabiyotimiz xazinasini boyitgan. XIX

asr o‘rtalaridan boshlab Turkiston o‘lkasida sodir bo‘lgan ijtimoiy-

siyosiy o‘zgarishlar va ularning oqibatlari millatning ilg‘or fikrli

shoirlari ijodida o‘ziga xos uslub va shaklda ifodalana boshladi.

Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati natijasida Turkiston

1To‘xtamuratov Furqat Safarmurodovich

o‘qituvchi, Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

E-pochta:

toxtamuratov81@gmail.com

ORCID ID:

0000-0001-9855-2353

Iqtibos uchun:

To‘xtamuratov, F. S. 2022. “Muhsiniy she’riyati mavzu ko‘lami”.

O'zbekiston: til va madaniyat

1(2): 40-59.

40

Uzbekistan: Language and Culture 2022/1(2)


background image

tuprog‘ida amalga oshirilgan xunrezliklar, adaolatsizliklar, xalqqa

qilingan jabru zulm millatning iste’dodli, hur fikrli ijodkorlari

asarlarida badiiy talqin etildi. Shuningdek, mahalliy amaldorlarning

Chor mustamlakachilari bilan birgalikda xalqqa zulm qilishi shoir-

lar ijodida ijtimoiy-siyosiy lirikaning jadal sur’atda ommalashishiga

sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Qo‘qon adabiy muhiti shoirlari ijodida bu

mavzu ancha keng ifodalana boshlandi.

Husaynquli Sulaymonquli o‘g‘li Muhsiniy (1860-1917) ham

ushbu adabiy muhitning iste’dodli namoyandalaridan. U sohibi

devon zullisonayn shoir, mohir xattot va tarjimon bo‘lib, undan

bizga salmoqli adabiy meros yetib kelgan. Bular “Gulshani jovid”

(“Barhayot gulshan”) devonining turli yillarda to‘ldirilgan va tahrir

qilingan 2 ta qo‘lyozma dastxat nusxasi bo‘lib, shoirning hozir Qo‘qon

shahrida yashayotgan avlodlari shaxsiy kutubxonasida saqlanadi.

Qo‘qon adabiyot muzeyida shoirning do‘sti, xattot Mullo Abdullajon

maxdum domullo Ali Oxund o‘g‘li Xo‘jandiy tomonidan ko‘chirilgan

qo‘lyozma devon va Muhsiniyning o‘z dastxati bilan kitobat qilingan

bayoz hamda uch varaqda bitilgan she’rlar ham qimmatli manbalar

ekani jihatidan ahamiyatlidir.

Muhsiniy lirik merosi nisbatan to‘liq jamlangan manba shoir

devonining O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar

fondida 7392-raqam ostida saqlanayotgan, 1917-yilda ko‘chirilgan

dastxat nusxasidir. Qo‘qon adabiyot muzeyining zaxmatkash xodimi

U.Ne’matov ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasi o‘laroq 2008-yilda

qo‘lyozma manbalar asosida shoir devonini “Barhayot gulshan”

nomi bilan joriy imloda nashr qildirdi. Ushbu nashrga shoirning

g‘azal, mustazod, muxammas, musaddas, musamman, tarje’band,

noma, qasida, ta’rix va ruboiy janrlarida yozilgan she’rlari kiritilgan.

Ammo so‘nggi ilmiy izlanishlardan ma’lum bo‘ldiki, Muhsiniyning

yuzga yaqin she’riy asarlari hanuzgacha nashr qilinmagan va

ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmay kelmoqda. Ushbu maqolada

shoirning nashr qilingan va qo‘lyozmalar tarkibidagi lirik asarlari

tahlilga tortildi.

Asosiy qism

Husaynquli Muhsiniy madrasa tahsilini ko‘rgan, fors va arab

tillarini puxta bilgan va ijodida ana shu fazilatlar to‘liq namoyon

bo‘lgan ijodkorlardan. O‘zbek va fors-tojik tillaridagi she’rlari uning

ijodiy salohiyati yuqori bo‘lganidan dalolat beradi. Shoir amakisi

Nabiqulga bag‘ishlangan bir muxammasida shunday satrlarni bitadi:

Manim ilmim rivojiga takofu ayladi chandon,

41

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami


background image

Olib Sultonmurodbek madrasidin hujrai arzon,

Kim anda ilm tahsil ayladim xursandu ham shodon,

O‘qub har nav’ ilmi, ko‘nglum ichra qolmadi armon,

Bihamdillahki, ma’lum o‘ldi har mazmunu ma’no

[Muhsiniy 2008,116 b].

Mazkur misralardan anglashiladiki, Muhsiniyning Qo‘qondagi

Sultonmurodbek madrasasida tahsil olishi va nuktadon shoir bo‘lib

yetishishida amakisining xizmatlari katta bo‘lgan. Adib “Gulshani

jovid” qo‘lyozma devoni debochasida mumtoz she’riyat uchun

muhim bo‘lgan bir qancha fanlarni o‘qib o‘rgangani haqida shunday

yozadi: “

janobi mavloyim

volidi amjadim o‘z huquqi mafruzotlarinda

xalos o‘lduqllarinidin so‘ngra mir’oti xayol xibrati timsollarina faqir

parzandi jigarbandlarini iktisobi odobi ilm va istikmoli fazli ta’limlari

jilvagar o‘lub, bandayi qalil ul-xidmat va kisir ul-e’tiqodlarini g‘oyati

tahris ila nihoyat

targ‘ib go‘sturib, davron madrasalarida ulumi

naqliya va aqliya va sarfiya sahviya muraxxas o‘ldum

”[Muhsiniy.

Qo‘lyozma. 17

a

].

Mumtoz she’riyat va badiiy adabiyotning nazariy asoslariga

doir fanlarni o‘qish Muhsiniyning shoir sifatida shakllanishida

katta omil bo‘lgan. Husaynquli Muhsiniy mumtoz she’riyatimizning

g‘azal, muxammas, musaddas, musamman, tarje’band, qasida, ta’rix

va ruboiy kabi janrlarida samarali ijod qilish orqali o‘zining shoir

sifatida iste’dodi va salohiyatini ko‘rsatgan. U she’riyatda salaflari

an’analarini davom ettirish barobarida o‘z davrining dolzarb

mavzularida ham asarlar yozdi. Shoir devonida jamlangan lirik

asarlarining salmoqli qismini g‘azallar tashkil qiladi. Bu g‘azallar

ifoda shakli va mavzusiga ko‘ra ham turlichadir.

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lamini shartli tarzda

quyidagicha tasnif etish mumkin:

1)

ishq-muhabbat;

2)

diniy-tasavvufiy;

3)

marifatparvarlik;

4)

ijtimoiy mavzudagi;

5)

axloqiy-falsafiy she’rlar.

Mumtoz she’riyatda muhabbat mavzusidagi she’rlar asosiy

o‘rinni egallashi ma’lum. Muhsiniy devonidagi bu mavzuda bitilgan

she’rlar uning shoir sifatida katta ijodiy salohiyatga ega ekanini

ko‘rsatadi.

Mavzuning “...asarda qo‘yilgan ijtimoiy, falsafiy, ma’naviy-

axloqiy muammolarni badiiy idrok etish uchun tanlab olingan va

tasvirlangan hayot materiali” [Alouddin Mansur 2004, 157b], ekani

42

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

e’tiborga olinsa, Muhsiniy lirikasining mavzu qamrovi keng ekani

ayon bo‘ladi. Shoir ishqiy mavzuni, ayniqsa, shunday zavq-shavq

bilan kuylaydiki, natijada muhabbati eng ulug‘ kuch bo‘lib, kishiga

ruhiy quvvat bag‘ishlovchi, uni kamolga yetkazuvchi vosita sifatida

namoyon bo‘ladi. Adib g‘azallarida muhabbat mavzusi, do‘stlik,

vafodorlik, oliyjanoblik, sadoqat kabi insoniy fazilatlar bilan uyg‘un

tarzda talqin etiladi. G‘azallarda ma’shuqaning go‘zalligi, pok va

beg‘ubor sevgisi tarannum qilinadi. Shu sababli shoir g‘azallarida

dunyoviy ishq-muhabbat go‘zal tashbehlar va sifatlashlar bilan

yo‘g‘irilgan holda kuylanadi.

Ey yuzi qirmizi gul, la’li labi qandu sharob,

Araqi orazi bemorina tadbira gulob

[

Muhsiniy 2008, 15 b

].

Ushbu baytning birinchi misrasida yorning yuzi – qirmizi gul-

ga, labi – qand-u sharobga tashbeh qilingan bo‘lsa, ikkinchi misrada

ma’shuqa yuzidagi ter bemor bo‘lgan oshiq uchun malham gulobga

qiyoslangan. Shu tarzda yorning zohiriy go‘zalligi tashbeh san’ati vo-

sitasida badiiy suvratlantiriladi.

Yana bir g‘azalida ma’shuqa yuzini oynadan ko‘rgan oshiq

aqlidan adashib hayratda qolgani, quyoshday ruxsorini ko‘rib, ko‘ng-

li iztirobga to‘lgani ifodalanadi:

Hayrat oldi aqlimi mir’oti diydoring ko‘rib,

Iztirob etti ko‘ngil xurshidi ruxsoring ko‘rib

[

Muhsiniy 2008, 15

b

].

Shoir kuylagan ma’shuqa surati nihoyatda go‘zaldir. Gulzor-

ga kirib xirom aylasang, jamolingni ko‘rgan tovus sening oldingda

o‘zining xunukligidan uyalib dashtu sahroga qochadi, deya ma’shuqa

chiroyini mubolag‘ali tasvirlaydi.

Aylasang sahni chamanda jilvai nozu xirom,

Dasht aro oldi o‘zin tovus raftoring ko‘rib

[

Muhsiniy 2008, 15

b

].

Ma’shuqa qanchalik go‘zal bo‘lmasin, oshiqni hajr azobida qi-

ynab, sitamga giriftor etadi, unga rahm-shafqat qilmaydi.

Jona yettim hajr aro dardu g‘ami hijron chekub,

Bir tarahhum etmading dilxasta bemoring ko‘rib

[

Muhsiniy 2008,15

b

].

Muhsiniy g‘azallarida tasvirlangan ma’shuqa Navoiy, Fuzuliy,

43


background image

Amiriy, Muqimiy, Furqat she’rlari mazmun mohiyatiga monanddir.

Shoirning “Kelmadi”, “O‘ldurgusi” radifli g‘azallari Navoiyga nazira

tarzida yozilgan.

Kecha yolg‘on va’da aylab ul pariro‘ kelmadi,

Fikri vasli birla tokim ko‘zg‘a uyqu kelmadi

[

Muhsiniy 2008,89

b

].

Nazira g‘azal Navoiy g‘azali kabi yetti baytli bo‘lib, qofiya va

radif bir xil, shuning barobarida she’r mazmuni ham hamohang.

Fig‘onkim, bag‘riming ul lolarux qon o‘ldig‘in bilmaz,

Jigar pargolasinda dog‘i pinhon o‘ldig‘in bilmaz

[Fuzuliy 2014, 133

b

].

Yuqoridagi bayt Fuzuliy qalamiga mansub bo‘lib, Muhsiniy

ushbu g‘azal ta’sirida quyidagi nazirani bitgan:

Fig‘onkim, dardu g‘am-la ko‘nglumi qon o‘ldug‘in bilmaz,

To‘kub qonli yoshimni, chashmi giryon o‘ldug‘in bilmaz

[

Muhsiniy 2008, 37b

].

Mazkur nazira g‘azal ishqiy mavzuda bo‘lib, Fuzuliy g‘azali

kabi yetti baytdan tarkib topgan, bir xil radif va vaznda yozilgan.

Shunisi xarakterliki, oshiqni maftun etgan ma’shuqa dastav-

val o‘z husni bilan olamga chiroy baxsh etgudek barno, “yuzi qirmizi

gul”, “la’li labi qandu sharob”, “ ko‘zi nargis”, “qomati sarv”, “kiprigi

novak”, “so‘zlari shahdu shakardan laziz”, “sochi sunbul”, “gul yuz”,

“labi g‘uncha”, “nozik nihol”, deya sifatlanadi. Shoir uning vasfiga

butun qalb harorati bilan fikr xayolida jilvalanuvchi barcha ezgu ka

-

lomini baxsh etadi. Aksincha yor husnining har a’zosi: ko‘z va qosh,

lab va yonoq, soch va yuzi qanchalik go‘zal bo‘lmasin, u oshiq ko‘ngli-

ni quvontirmaydi, g‘am-alamga mubtalo qilib, hajr azobiga giriftor

qiladi:

Yod aylab ikki nargis ko‘zi kecha-kunlar,

Bo‘ldi bemor tanim, za’f ila ahvol xarob.

Keldi dargohinga bu ojizu miskin Muhsin,

Och ani yuzig‘a tavfiq ila fathi abvob

[

Muhsiniy 2008, 15

b

].

Shoir muhabbat mavzusida shu kabi fikrlari orqali sevgi

muqaddas tuyg‘u, inson pok muhabbati bilan go‘zaldir degan xulo-

saga keladi.

Ko‘zlaring fitnasidur jong‘a balo ey, qaroko‘z,

Har birin g‘amzasidur inja biyo ey, qaroko‘z.

44

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

Qatliom etti ko‘zing amri ila qoshing qilichi,

Bir qalam birla hamma nomasiyo ey, qaroko‘z

[Muhsiniy 32

b

].

G‘azalda majoziy ishq ifodalangan. Mumtoz she’riyatda ko‘z

– fitna qo‘zg‘atuvchi hisoblanadi. Oshiqning joniga balo bo‘lgan bu

– fitna qo‘zg‘ovchi qaro ko‘zli ma’shuqadir. Ishva bilan suzilgan ikki

ko‘z go‘yo oshiqni bu yoqqa kel, deya yoniga chaqirayotganday.

Muhsiniy she’riyatida ishq-muhabbat Navoiy, Fuzuliy, Amiriy,

Nodira, Muqimiy, Furqat, Haziniy, Zoriy, Nisbatiy an’analariga

monand bo‘lishi barobarida o‘ziga xos uslubda talqin etiladi. Uning

ishqiy lirikasi mavzu va g‘oyaviy jihatdan teranligi, uslub va ohang

rang-barangligi, obrazlar tizimining mukammalligi, poetik takomili

bilan diqqatga sazovordir. Shoir she’riyatida tasvirlangan lirik qah-

ramon o‘zida insoniy shuur va orzu intilishlarni, murakkab his tuyg‘u

va kechinmalarni mujassam eta olgan sabr-bardoshli oshiq timsolini

namoyon etadi.

Muhsiniy she’riyatini o‘rganish jarayonida shu narsa ayon

bo‘ldiki, shoir mumtoz adabiy an’analarni davom ettirish bilangina

cheklanmay, uni yangilashga, badiiy kashfiyotlar qilishga uringan

ijodkordir. Shoir she’riyatida lirik qahramon obrazi yetakchi o‘rinda

turadi.

O‘lar holatg‘a yettim, so‘rmadi bu xasta ahvolim

Tag‘ofulpesha, zolim, purjafo, mastona yorim bor.

O‘sha g‘unchadahon yodida qong‘a to‘ldi bu ko‘nglum,

Dilim xunobasidan ashki chashmi lolazorim bor.

Kamina Muhsiniy yuz novaki hajrida giryondur,

Demaydur bir za’ifu notavonu dilafgorim bor

[

Muhsiniy 2008,28

b

].

Hijron azobida qolgan oshiqning ahvoli o‘lar holatga yetsa-da,

bevafo sitamgar ma’shuqa uning holiga beparvo yoridan shikoyat

qiladi. Bu jafokash g‘uncha dahanni o‘ylab, dili qonga botadi. Keyin-

gi misralarda oshiq holati yanada yorqin va ta’sirli o‘xshatishlar bi-

lan tasirlanadi. Dili siyoh bo‘lgan oshiq ko‘zidan oqqan yoshlar seli-

dan lolazor paydo bo‘lgan. So‘nggi baytda shoir yor hajrida giryon

ekanini, ammo ma’shuqa zaif, notavon va dilafgor oshiqqa e’tibor-

sizligidan shikoyat qiladi. Bu mahzun ohanglarda yor va zamondan

ozor chekkan shoir ko‘ngil olamining tug‘yonlari o‘z aksini topgan.

G‘azallarda tengsiz go‘zallik timsoli sifatida kuylangan yor ak-

sar holatlarda o‘z tashqi malohatiga zid tarzda bevafo va sitamkor,

oshiqni hijron azobida qiynovchi tarzida talqin etiladi. Lekin bu ho-

lat oshiqni ishq yo‘lidan qaytara olmaydi. Aksincha, uning qalbidagi

45


background image

ishq otashini yanada kuchaytiradi, oshiqni ishq olovida toblaydi, ka-

molot darajasiga yuksaltiradi.

Menga yorimni ishi javru jafo,ozordur,

Husn elini nazdida oshiqlar ko‘p xordur.

Ul ko‘zi jallod qonim to‘kkali rahm aylamas,

Qirmizi kamzur ila ham ko‘ngloki gulnordur,

Tobakay javru jafo tortar quling, berahm yor,

Ko‘ngil olmoq fikrin et andin bo‘lak bekordur,

Muhsiniyning chehrai zardig‘a kulmang, do‘stlar –

Kim, aning mahzun dilida g‘ussasi bisyordur

[

Muhsiniy 2008, 28

b

].

Lirik qahramon ya’ni, oshiq yorini qanchalik sevmasin, yori

unga javru jafo ko‘rsatishdan to‘xtamaydi. Go‘yoki go‘zal husnli

ma’shuqalar nazarida oshiqlar ko‘p xordir. Shu sababli ma’shuqa

ko‘zi jallod kabi rahm qilmasdan oshiq qonini to‘kmoqchi. Shuning

uchun uning libosi ham qon rangida – qirmizi, ko‘ylagi gulnordir.

Oshiq berahm yor hajrida javru-jafo tortar ekan, undan ko‘ngil olmoq

fikrida bo‘lishini o‘tinadi. Oshiq yuzining hajrdan sarg‘ayishiga kul

-

maslikni so‘raydi, negaki, uning g‘amgin dili g‘ussaga to‘liqdir.

Shoir lirikasidagi ishqiy mavzudagi she’rlar uning hazrat

Alisher Navoiy va boshqa mumtoz shoirlar an’anasiga rioya etgan

holda majoz vositasida haqiqatni kuylaganidan dalolat beradi. Bunda

oshiq-ma’shuqa va raqib obrazlari uchligi asos sifatida olingani ku-

zatiladi. Garchi an’anaga rioya etgan bo‘lsa ham, Muhsiniy muayyan

obrazlar talqinida yangicha yondashishga intilgan va bunga muvaf-

faq bo‘la olgan.

Diniy-tasavvufiy she’rlar.

Muhsiniy she’riyatida bu mavzu

quyidagi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

1. Qur’on oyatidan yoki hadisi sharifdan bir tayanch so‘z yoki

jumla aynan keltiriladi.

Rahmat ummidin orzu har banda aylar justujo‘,

Farmon erur

“lo taqnatu”

omurzishi jurmu xato [Muhsiniy

2008, 11b].

Shoirning hamd g‘azalidan olingan ushbu baytda “La taqnatu

min rahmatillah” (“Zumar” surasi, 53-oyat), ya’ni “Allohning rah-

mat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz!”

[Alouddin Mansur 2004,

521b], mazmunidagi Qur’oni karim oyatidan iqtibos olingan. Oyat-

ning bir juz’i bayt ma’nosining teran ifodasini ta’minlagan.

46

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

IQTIBOS SAN’ATI

Shoirning hamd, munojot va na’t ruhidagi g‘azallarida aksar

Qur’on oyatlaridan iqtibos oladi. Quyidagi baytlar mazmuni ham

ushbu fikrni tasdiqlaydi:

Qilma sharmanda, Iloho, meni ro‘zi arosat,

Jurmu isyonlarimi o‘rnig‘a yozg‘il hasanot.

Bandai ojizu bechoralaring aylar umid,

“Hasbiy ne’mal vakil innaka qoziyul hojot”

[

Muhsiniy 2008, 18

b

].

Dastlabki misrada lirik qahramon Yaratganga iltijo qilib,

mahshar kuni arosatda sharmanda qilmasligini so‘rayapti. Duo

mazmunidagi ikkinchi misrada lirik qahramon gunohlari o‘rniga Al-

lohdan hasanot, ya’ni savob hamda yaxshiliklar yozishini tilamoqda.

Keyingi baytda ojiz, bechora bandalar umidvor ekani aytilar ekan,

dalil sifatida Qur’oni karim oyatiga tayanilmoqda: “Hasbiy ne’mal va-

kil innaka qoziyul hojot” (“Oli Imron surasi, 173-oyat). Qur’oni karim

o‘zbekcha izohli tarjimasida: (Bizga Yolg‘iz Ollohning O‘zi kifoya. U

Zot eng yaxshi ishonchli Vakildir)” [Alouddin Mansur 2004,103b],

deya tarjima qilingan. Baytda Allohga tavakkul mazmuni ifodalan-

gan.

Ilm insonni ulug‘ va sharafli qilishini Muhsiniy oyatning bir

juz’idan iqtibos olish usulida ta’sirli talqin etgan. Mana, o‘sha bayt:

Xalifa o‘ldi biza bulbashar Safiy Odam,

Muallimi malak aylab va ‘allamal asmo

[

Muhsiniy

11

a

].

“Va ‘allamal asmo” (Baqara surasi 31-oyat

)

oyati karimasi

Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha izohli tarjimasida: “Va U Zot

Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi” [Alouddin Mansur

2004, 40b], deya tarjima qilingan. Tarjimaga asosan baytdan quy-

idagi mazmun anglashiladi: insoniyatning otasi bo‘lgan Odam Safiy

Yaratganning xalifasi maqomidadir. Alloh taolo unga barcha narsa-

larning ismlarini o‘rgatish orqali farishtalarga muallim qildi. Ushbu

bayt insonning Tangri taolo huzuridagi maqomi haqidagi qur’oniy

haqiqat go‘zal badiiy talqin etilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Shoirning insonlarni Odam atodan meros ilmni o‘rganishga targ‘ib

qilishi sababi shunda.

Yo‘lig‘a Muhsiniy tavfiqin hamroh aylag‘il, yo Rab,

Bahaqqi sayyidi kavnayn vasfi

Yosinu Toho

[

Muhsiniy

10

a

].

Ushbu baytdagi “Yosin” shu nomli suraning dastlabki oyatlari

47


background image

“Yo, Sin. (Ey Muhammad alayhissalom, ushbu) hikmatli Qur’onga qa-

samki, hech shak-shuhbasiz, Siz To‘g‘ri Yo‘l (ya’ni, Haq Din) ustidagi

payg‘ambarlardandirsiz” [Alouddin Mansur 2004, 489b], ma’nosini

o‘zida mujassam etgan. “Toho” esa shu nomli oyatning 1,2,3 – oyat-

lari mazmuniga ishora qilgan. Oyati karima Qur’oni karim o‘zbek-

cha izohli tarjimasida: “To, Ha. (Ey, Muhammad alayhissalom), Biz

sizga bu Qur’onni qiynalib jafo chekishingiz uchun emas, balki (Ol-

lohdan) qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat bo‘lsin uchun nozil qil-

dik [Alouddin Mansur 2004,348b].

“Sayyidi kavnayn” – ikki olamning sayyidi ma’nosini anglata-

di. Shundan kelib chiqilsa, bayt mazmuni quyidagicha ekani ayon

bo‘ladi: “Vasfida “Yosin”, “Toho” suralari nozil bo‘lgan, ikki olam sayy

-

idi sanalgan Muhammad alayhissalom haqqi Muhsiniyni uning yo‘li-

ga tavfiq ila hamroh qilgin”.

Yana bir na’t-g‘azalda Rasulullohning “Ana afsah”, ya’ni “Men

Arab-u Ajamda chiroyli so‘zlovchiman”, degan ma’nodagi so‘zlari

mohiyatan Qur’oni karim oyati ramzida ifodalangani, shu bois har

bir inson ul zotning so‘zlarini qulog‘iga halqadek taqib olsa, ya’ni

ularga so‘zsiz amal qilsa, durru gavhardan ham laziz ne’matga – ikki

olam saodatiga erishishi mumkinligi haqida so‘z yuritilgan. Mana,

o‘sha bayt:

Durri guftoring “Ana afsah”ki, oyat ramzida,

Halqa bargo‘sh aylagach chun durri gavhardin laziz

[

Muhsiniy

2008, 25

b

].

Muhsiniy tarje’bandlaridan birida hadisi sharifdan iqtibos

olish orqali zamon ahlini ilm olishga undab, shunday satrlarni bitadi:

Sa’y aylang bizni o‘qutmak uchun,

O‘tmasun behuda bu shomu sabo,

“Utlub ul ilma valav bis Sin” dedi,

Ul Muhammad peshvoyi anbiyo

[

Muhsiniy 2008, 129

b

].

“Utlub ul ilma valav bis Sin” misrasi “Ilm Xitoyda bo‘lsa ham

borib o‘rganinglar (talab qilinglar)” degan mazmunidagi hadisdan

iqtibosdir. Lirik qahramon yoshlar tilidan so‘zlab, bizni o‘qitishga

shunday harakat qilingki, shomu tonglar behuda o‘tmasin, tarzidagi

fikrni ifodalaydi.

2. Muhsiniy she’rlarida oyat yoki hadisning mazmuni badiiy

talqin etiladi.

Diniy-ma’rifiy mohiyatni ifodalashning bu turiga doir

misollar shoir ijodida ko‘plab uchraydi. Quyidagi baytda, jumladan,

inson hayotining mazmuni haqidagi teran fikrning mana bunday

ifodasi kuzatiladi:

48

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

49

Yaxshilar qavli bo‘lg‘ay: Dahr kun-kundin batar,

Demagilkim bu zamon behbudlig‘-la tuz o‘lur

[

Muhsiniy 2008, 31

b

].

“Dahr kun-kundin batar” birikmasi hadis matnining tarjima-

sidir. Bu hol zinhor norozilik izhori emas. Balki olam va odamning

ravishi tobora o‘zgarib, evrilib borishi, inson bu qonuniyatdan xulo-

sa chiqarib yashashi zarurligi haqidagi xulosalarini ifodalaydi.

3. She’rlarda arabcha maqol va iboralarning qo‘llanilishi.

Mumtoz shoirlarimiz ijodida arabcha, forscha so‘z va iboralar qo‘-

lanilishi odatiy hol hisoblangan. Biroq Muhsiniy she’riyatida arabcha

so‘z va maqollar o‘rinli, ma’nosi chuqur anglangan holda qo‘llanadi.

Quyidagi bayt ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

Yo man taqaddas zotuhi an xittat il-afkorino,

Aydi Muhammad hamdinga ajz ila "louhsi sano"

[

Muhsiniy 2008, 11

b

].

Hamd g‘azal matla’sida quyidagi ma’no ifodalanadi: “Yo man

taqaddas zotihi an xittat il-afkorino” misrasi arabcha bo‘lib, “Ey, zo

-

tining muqaddasligi fikrlar chegarasiga sig‘maydigan (Olloh), Mu

-

hammad alayhissalom ojizlik bilan senga ko‘p hamdu sano aytdi”.

“Sho‘x” radifli g‘azalda ham arabcha jumla bayt ma’nosini

kuchaytirish va mazmunga ziynat berish maqsadida keltiriladi. Os-

hiq hajr azobidagi holatini arab tilidagi

“Ta’olo, yo Habibi, ilo bayt

il-ahzan”,

ya’ni “Mening g‘amxonamga xush kelgin, ey do‘stim” tar-

zidagi satrni keltiradi. Ikkinchi satrda esa U zotning har qadamiga

jonini fido etishini ta’kidlaydi:

“Ta’olo, yo Habibi , ilo bayt il-ahzon”,

Qudumingg‘a o‘lsun bu jonim fido, sho‘x

[

Muhsiniy 2008, 23

b

].

Yana bir g‘azalida sirni shoir birovga aytsa, u tezda fosh bo‘lib

ketishini arabcha hikmatning bir juzi “jovazal isnayn” (ikki kishi bil-

gan sir sirligicha qolmaydi) orqali ifodalaydi:

Muhsiniy Muhammad alayhissalom vafotlariga bag‘ishlangan

23 banddan iborat bir marsiya-muxammas yozgan. Muxammasda

payg‘ambarlar tarixiga ishora va islom dini tarixida muhim o‘rin

tutgan tarixiy shaxslar faoliyatiga munosabat aks etgan. Odam Ato

va onamiz Havvo, shuningdek, Nuh, Ibrohim, Ismoil, Muso, Iso kabi

payg‘ambarlar nomi zikr etilishi orqali ularga yuborilgan sinovlar

hikmati ifodalanadi. Me’roj kechasi vasfi va chahoryorlar sifati talqin

etiladi. Umuman, ushbu muxammas orqali shoir Muhammad alay-

hissalomga bo‘lgan cheksiz muhabbatini izhor etadi.


background image

50

Muhsiniy o‘n to‘qqiz yoshida islomning beshinchi farzi – haj

ibodatini ado etadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, chin iymon-e’tiqod-

ni ulug‘lovchi, Alloh vasliga yetishish uchun islom sha’riatiga amal

qilish zaruratini ifodalovchi she’rlar bitadi. Albatta, yuqoridagi kabi

baytlarni bitish uchun Allohga iymon keltirish va qalban uning

buyukligini his qilish uchun komil musulmon fazilatlariga ega bo‘lish

kerak edi. Muhsiniy ana shunday taqvodor, iymoni mustahkam shaxs

bo‘lgan.

Shoir devonida 28 ruboiy bo‘lib, ular diniy-tasavvufiy mavzu

tizimli ifodalangani bilan ahamiyatlidir. Ruboiylar ketma-ketligiga

e’tibor berilsa, biri ikkinchisini ma’no va mazmun jihatdan to‘ldir-

ishi kuzatiladi. Ruboiylar hamd, na’t va chahoryorlar madhi ham-

da irfoniy mazmunda ekani yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Quyidagi

ruboiy tasavvufiy mazmun yoritilgani jihatidan ahamiyatlidir:

Vahdat mayidan sog‘arimi qilsam no‘sh,

To ursa ko‘ngul ichra oning nishoti jo‘sh –

Kim, tark qilam so‘ngra jahon ta’liqin,

Majnun kabi mahvi hayrat o‘lsam madhush

[

Muhsiniy 2008, 151

b

].

Shoir hamd va na’t g‘azallarida hayot mohiyati, inson zim-

masidagi mas’uliyat haqidagi teran mazmunni o‘ziga xos badiiy

talqin etadi. Insonlarga qarata noumid bo‘lmaslik kerakligi, chun-

ki mo‘minlar umid bilan yashashi bilan bog‘liq haqiqatni uqtirmoq

istaydi. Alloh yer yuziga ko‘p payg‘ambarlar yuborgan, ularning

ba’zilarini podshoh qilib taxtga o‘tqazsa, ayrimlarini og‘ir mehnat-

ga mubtalo qilib sinagani baytlarda ifodalanadi. Ayrim she’rlarda

musulmon Sharqida g‘am-alam timsoli bo‘lgan Ya’qub alayhissa-

lom, go‘zallik ramzi sifatida talqin qilinadigan Yusuf alayhissalom va

boshqa payg‘ambarlar hayotiga doir ibratli voqealar talmeh san’ati

vositasida badiiy talqin etilgan. Mana bu baytlar mazmuni ham ush-

bu fikrni tasdiqlaydi:

Ya’qub (n)i o‘g‘li furqatida zor yig‘latub,

Yusufni hibs qildi necha yil zeri cho(h).

Tavahhumida yig‘ladi Yahyo ba ashki xun,

Ikki bo‘lundi arra birla shoh Zikriyo

[

Muhsiniy 2008, 12

b

].

G‘azal mazmunidan anglashiladiki, umid har bir inson, mo‘min

kishi uchun eng muqaddas tushuncha bo‘lishi kerak, musilmon kishi

umidsiz kamolotga erisha olmasligi ta’kidlanmoqda.

Na’t g‘azallarda bir qancha payg‘ambarlarni zikr etib, Mu-

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

51

hammad sallallohu alayhi vasallam sifatlari va ul zotni Alloh taolo

olamlarga rahmat qilib yaratgani hamda barcha nabiylar sarvari

ekanligi, gunohkor ummatlarini shafoat qiluvchi ekanligi haqidagi

mohiyat betakror badiiy talqin qilingan:

Afloki olamdin nari, nuri Muhammad ilgari,

Barcha nabiylar sarvari, ul shofi’i ro‘zi jazo

[

Muhsiniy 2008, 12

b

].

Muhsiniy diniy mavzudagi she’rlaridagi lirik qahramon Al-

lohga chin dildan iymon keltirgan, hamisha unga solih banda bo‘lish-

ni xohlaydi. Shu sababli bo‘lsa kerak, ko‘pgina she’rlarida islomiy

tushuncha va iboralar faol qo‘llaniladi. Shoirning Tangri taologa

e’tiqodi shunchalik kuchliki, Undan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini, Ul Zot-

dan o‘zga yori yo‘q ekanini aytib, tavfiq so‘raydi:

Tavfiqi roh ayla karam Muhsiniyg‘a sen

Yo‘qtur o‘zingdin o‘zga anga yoru muttako

[

Muhsiniy 2008, 12

b

].

Alloh taolo ishqi Muhsiniyni asir etib, ko‘nglida mudom unga

ishonch ortganini o‘z ash’orlarida yorqin bo‘yoqlar orqali ifodalay-

di. Shu bois shoir ijodida ilohiy ishq mavzusi pafos bilan tarannuim

etiladi. Ijodkor she’rlaridagidagi lirik qahramon o‘z ko‘nglini barcha

yomon illatlardan toza tutishini Allohdan o‘tinib so‘raydi. Chunki

barcha narsaning avvali va oxiri, har bir ishga qodir bo‘lgan Allohgi-

na unga yordam bera oladi.

Ko‘nglumi oynasidin ketkuzub zangu g‘ubor,

Jumla asbobi jahondin mosivo qilg‘il, Karim

[

Muhsiniy 2008,

66

b

]

,

deya yozganida ham inson ko‘ngli pok bo‘lsagina e’tiqodi mus-

tahkam bo‘lishi mumkinligiga doir shoir konsepsiyasi o‘z aksini top-

gan. Oshiq tunu kun, hattoki umr bo‘yi Alloh taolo zikri bilan o‘tishga

tayyor. Doimo tilidan Rabbisining nomi tushmasin, deya o‘tinadi. Na-

jot yo‘lini topolmagani uchun sham yorug‘i bilan yo‘lini oydin qilishi-

ni o‘tinib so‘raydi. Muhsiniy ilohiy ishqqa bo‘lgan intilishini faqat o‘zi

uchun emas, zamonasining hamma insonlarga xos hayot tarzi, deb

biladi.

Shoir o‘zining iymon-e’tiqodini ojizona baholaydi va Allohdan

Mahshar kuni xatolarini, isyonlarini kechirishini va hasanot yozishi-

ni iltijo qiladi. Boshqa bir baytda quyidagicha fikrni bildiradi:

Muhsiniy Hashr aro tursa gunahdin mahzun,

Rahmat aylab ani o‘ng qo‘lig‘a ber xatti barot

[

Muhsiniy 2008,

18

b

],

-

deya Yaratganga iltijo qiladi.

Shoir lirik qahramoni diyonatli,


background image

taqvodor, komillikka intiluvchi, hamisha Allohni qalbida tutadigan

inson sifatida gavdalanadi. Ijodkor g‘azalarida ilohiy ishqni kuylar

ekan, arabcha so‘z va birikmalardan o‘rinli foydalangani kuzatiladi:

O‘zdadur o‘zga makone, yo‘qg‘a qilsang justujo‘,

“Ayna mo kuntum” – dedi, nuri Xudo istar esang

[

Muhsiniy 2008, 62

b

].

Bu baytda

“Qaerda bo‘lsangiz ham Alloh taolo siz bilan bir-

gadir”, mazmunidagi hadisga iqtibos qilingan. Bu kabi misollar

Muhsiniyning Qur’oni karim va hadisi shariflarni mukammal bilgani,

zarur o‘rinlarda she’rlarida bu ikki mo‘tabar manbadagi ko‘rsatma-

lardan foydalangani ayon bo‘ladi.

Umuman, Muhsiniy lirikasida ilohiy ishq alohida zavq-shavq

bilan kuylanganligi she’riyatida yaqqol ifodalangan. Shu sababli

shoirni XIX asr oxiri – XX asr boshlarida diniy va tasavvufiy ruhda

ijod qilgan shoirlar sirasiga mansub, deyish uchun yetarli asoslar

bor.

Ma’rifatparvarlik mavzusidagi she’rlar

. Millatning ilmu

ma’rifatni egallashi orzusi shoir she’riyatida zo‘r pafos bilan kuylan-

gan. Muhsiniy lirikasi mavzulari mohiyatiga ko‘ra Qo‘qon adabiy

muhitining Muqimiy, Furqat, Muhyi, Muhayyir, Zoriy, Zavqiy kabi

namondalari asarlariga hamohangdir. Adib yashagan davr ijodkor-

lari asarlarida ma’rifatparvarlik, millatparvarlik g‘oyalari aks etgan.

Ilm-ma’rifatga doir asarlar Muhsiniy lirikasida salmoqli o‘rin tutadi.

Shoir bir g‘azalida, jumladan, shunday yozadi:

Ilm odob o‘la insona sharaf,

Yo‘qsa asli ani bir tiyra xazaf

[

Muhsiniy 2008, 53

b

].

Inson – koinot gultoji, ilm-ma’rifat uni ulug‘laydi. Inson ilmi

va odobi bilan sharaf topadi, aks holda odam bir qora tuproqdan

boshqa narsa emas. Shoir bu bayt orqali vatandoshlarini insonlik

sharafiga munosib bo‘lishga chaqiradi. G‘azalning keyingi bir baytida

ushbu mazmun yanada kuchaytiriladi:

Ma’rifat topsa, o‘shal insondir,

Varna hayvon ishidir obu alaf

[

Muhsiniy 2008, 53

b

]

.

Ma’rifat – insonning o‘zini va o‘zligini, Yaratganni anglashidir.

Shoir nazdida, ma’rifat topgan kishigina inson demoqqa munosibdir.

Aks holda u umri faqat o‘t yeb, suv ichib o‘tadigan hayvonga meng-

zaydi.

Ma’lumki, XX asar avvalida ijtimoiy hayotdagi keskin o‘z-

garishlar, Turkistonning Rusiya mustamlakasiga aylanishi natijasida

Furqat TO‘XTAMURATOV

52


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

xalqimiz hayotiga yangi tushunchalar, an’analar kirib keldi. Shoirlar

ushbu yangiliklarni boshqalardan ko‘ra tezroq idrok etib, munosa-

bat bildirdi. “Bekasman” radifli g‘azalida Muhsiniy ilm ahli orasida

bo‘layotgan yangi xat haqida shunday bayt bitadi:

O‘lubtur ushbu kunlar fazlu donish xati o‘rischa,

Oningdek ilmu fanni qilmag‘on takror bekasman

[

Muhsiniy 2008, 79

b

].

Baytda bilimli, dono kishilar orasida rus tilida yozish, gapirish

ommalashayotgani e’tirof etiladi. Bu ilmu fanni o‘qimagani va o‘rgan-

magani bois shoir o‘zini bekasman, deya malomat qiladi. Til va bosh-

qa xalqlar yozuvini o‘rganish zarurligiga urg‘u beradi.

Shoir tarje’bandlarida ma’rifat mavzusini keng va teranroq

ifodalab, quyidagi satrlarni yozadi:

Ham maorif sarfi ermastur garon,

Uhdasidin kelg‘usi har notavon.

Bersa maktabga kishi farzandini,

Topgusi Tongla savobi begaron...

Vorisim dedi nabiy olim elin,

Qildi onlar vorisi payg‘ambaron

[

Muhsiniy 2008, 130

b

].

Shoir maorif, ilm o‘rganishga mablag‘ sarflashni har qanday

notavon ham uddalashini ta’kidlaydi. Kimki, maktabga farzandini ilm

olish uchun bersa, Mahshar tongida hadsiz savobga sazavor bo‘ladi.

Nabiy alayhissalom hadisda olimlar mening vorislarimdir, degani

uchun bolasini maktabga bergan kishi uni payg‘ambarga merosxo‘r

qilibdi. She’rda ana shu mazmun xalqona uslubda ta’sirli ifodalan-

gan.

Ko‘rinib turibdiki, Muhsiniy lirikasida ilm-ma’rifat mavzu-

si kuchli ehtiros bilan kuylanib, bu mavzu shoir yashagan davrda

dolzarb bo‘lgani kuzatiladi. Albatta, Muhsiniy o‘z davrining ma’ri-

fatli kishisi bo‘lib, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-

ma’rifiy o‘zgarishlarni o‘tkir nigoh bilan kuzatib, muhim xulosalar

chiqaradi. Shoir muxammaslarida, tarje’bandlarida maorif va ilm

insonga sharaf bag‘ishlashi ta’kidlanib, bizning millat ilm-ma’ri-

fatdan orqada qolgani afsus-nadomatlar bilan talqin etiladi.

Tavallo g‘azaliga bog‘lagan muxammasida shoir mana bunday yoza-

di:

O‘zga millat topadur ilm maorif-la rivoj,

Bizni aylar o‘zini hiylalarig‘a muhtoj

[

Muhsiniy 2008, 108

b

].

53


background image

Muhsiniy lirikasida ilmu maorif haddi alosiga ko‘tarilib

tarannum etilgan asarlari musamman va tarje’bandlar hisoblanadi.

Bizningcha, bu she’r namunalari shoir ijodining nisbatan so‘nggi yil-

larida yozilgan bo‘lsa kerak. Chunki asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar

va tushunchalar shunday xulosaga asos beradi. Ayniqsa, bir musam-

mani o‘ziga xos shakl va mazmunga egaligi bilan xarakterlidir. Shoir

quyidagicha yozadi:

Ilm bir gavhar erur, atfol ko‘nglidur sadaf,

Topg‘usi farzandi odam ilm ila izzu sharaf

[

Muhsiniy 2008, 126

b

].

Musammanning mazkur ikki misrasida tashbeh va takrir

san’atlari mahorat bilan qo‘llangan. She’rda ilm – gavharga, bola

ko‘ngli sadafga qiyoslanib, tashbehi mo‘kad hosil qilingan. “Tashbe-

hi mo‘kad (ta’kid yo‘li bilan o‘xshatish). Bunda o‘xshatish vositalari

(yordamchi so‘zlar, -dek qo‘shimchasi) ishlatilmaydi, balki o‘xshatil-

gan va o‘xshalgan narsa hukmu mahkum (ega+ot kesim) tarzida ke-

ladi” [Quronov 2010, 88b]. Yuqoridagi misralarda “ilm” –

mushabbih

ega bo‘lsa, “gavhar erur” –

mushabbihun bih

kesim vazifasidadir. Ik-

kinchi tashbehda “ko‘ngil” –

mushabbih

ega bo‘lsa, “sadaf” –

mushab-

bihun bih

kesim vazifasida kelib, tashbehi mo‘kad hosil qilingan.

“Takrir” atamasi lug‘atda takror ma’nosini anglatadi. Shoir

baytda biror so‘zni ikki yoki uch marta qo‘llasa, takrir san’ati sodir

bo‘ladi” [ Rahmonov 2020, 79]. Ilm so‘zi birinchi misra boshida va

ikkinchi misra o‘rtasida takror qo‘llanishi takrir san’atini hosil qil-

gan. Mazkur misralarda ilm gavharga, ko‘ngil sadafga tashbeh qilini-

shi shoirning o‘ziga xos badiiy topilmasidir. Tashbeh va takrir san’at-

lari ifodalanayotgan fikrning obrazli va ta’sirli bo‘lishini ta’minlagan.

Shoir bandning keyingi misralarida johilu nodon inson el-ulus ichida

beqadr, hurmatsizdir, degan fikrni ta’kidlaydi. Shu bilan birga, odam

umrini behuda narsalarga sarflamasligi zarurligi uqtiriladi. So‘nggi

baytda kimki javonmard, millatparvar inson bo‘lsa, madrasayu mak-

tab bunyod qilish orqali dinning yuksalishiga yordam berishi kerak-

ligini ta’sirli ifodalaydi:

Johil-u nodon eli beqadr monandi xadaf,

Buyladur hukmi ilohiy, sunnatu qavli salaf,

Tashlangiz rohi safohat, ham jaholat bir taraf,

Bo‘lmasun behuda bu umri garonmoya talaf –

Kim javonmard o‘lsa, din yo‘lig‘a imdod aylasun,

Madrasa, avqofu maktabxona bunyod aylasun

[

Muhsiniy 2008, 126

b

].

Furqat TO‘XTAMURATOV

54


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

Ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan tarje’bandiga shoir “Padari

jonibidin farzandlarga”, deya sarlavha qo‘yadi. Muhsiniy farzandlari

timsolida o‘z davridagi barcha millat yoshlarini ko‘zda tutadi. Bu-

gungi yosh avlod uchun ham shoir so‘zlari muhim ahamiyat kasb

etadi. Chunki ilm olish islom dinida farzi ayn – barcha birday ba-

jarishi zarur bo‘lgan ish ekani hadislarda ta’kidlangan. Erkak-ayol,

yosh-qari ilm o‘rganishi farzligi uqtirilgan. Johil va nodonlik kishini

zalolatga olib boradi. Shoir farzandlariga bunday kimsalardan yiroq

bo‘lishga chaqiradi:

Ey dilimni quvvati, nur ul-basar,

Go‘sh aylang nuktai durru guhar,

Farzi ayn o‘lmish maorif, kasbi ilm,

Keldi buyla ramzi oyotu xabar.

Er-u xotin, xoh piru xoh javon,

Jahl-u nodonlig‘ erur jong‘a zarar.

Ey dilimni ravshani, nur ul-basar,

Jahl-u nodonlig‘din aylangiz hazar

[

Muhsiniy 2008, 130

b

].

Muhsiniy o‘z davri shoirlari kabi mumtoz she’riyatimiz

an’analariga sodiq qolish barobarida o‘zi ham shakl va mazmun ji-

hatdan barkamol she’rlar bitdi. Millatni ilmu ma’rifatga chaqirdi.

Uning taraqqiy etishi yo‘liga butun ilmini, salohiyatini safarbar etdi.

Ijtimoiy mavzudagi she’rlar.

Muhsiniy devonida ijtimoiy

mavzu yoritilgan asarlar ham bir qanchadir. Zero, shoir yashagan

davr ijodkorlari asarlari ijtimoiy mazmun kasb etishi bilan harakter-

lidir. Adabiyot ushbu paytga kelib, millat hayotining og‘ir va ayanch-

li ahvolini yoritishdek muhim bir vazifani bajarishga kirishgan edi.

Turkiston o‘lkasining ma’naviy-ma’rifiy va siyosiy-ijtimoiy jihatdan

inqirozga yuz tutganini ko‘rib, bundan hadsiz iztirob chekkan ma’ri-

fatparvarlar qatori Muhsiniy ham she’rlarida jaholat, adolatsizlik va

jabr-zulmni qoraladi.

Muhsiniy nechog‘lik murakkab va ziddiyatli davrda yasha-

ganini she’rlarida mana bu tarzda ta’sirli ifodaladi:

Jahon lazzatig‘a ko‘p chekmag‘il ranj,

Achchig‘durkim oxiri ta’mi noranj.

El ichra o‘lg‘usi qadri ziyoda,

Sadoqat birla o‘lsa kim suxansanj.

Nifoqu kufr birlan to‘ldi olam,

Buxoro, xoh Farg‘ona, ham Urganj

[

Muhsiniy 2008, 21-22

b

].

55


background image

56

Shoir fikricha, bu olam lazzatidan bahramand bo‘la olma-

dim deb ranju alam chekish to‘g‘ri emas. Chunki noranj – apelsinning

oxirini yesangiz, ta’mi achchiq. Kimki sadoqatli, so‘zamol bo‘lsa, el

ichida hurmat va izzat topadi. Ammo bu olam nifoq va kufrga to‘ldi.

Shu sababli shoir nobakorlar, ilmsizlar ulug‘lanayotganidan achina-

di. Butun Turkiston – Buxoro, Farg‘ona va Urganj kabi shaharlar ham

shu ahvolga tushib qolganidan afsuslanadi. Shoir millat ahlini ilmli,

dinu diyonatli, ozod ko‘rishni xohlaydi, uning taraqqiysini orzu qila-

di. Albatta, bu orzularga erishish uchun ilm-ma’rifatni asosiy vosita

deb biladi, millatni ma’rifatli bo‘lishga chaqiradi. Shoir xuddi jadidlar

kabi maktab ochishga xayrixoh bo‘lib, islom dini ahkomlarini ham

unutmaslikni o‘z she’rlarida ifodalaydi. Adib she’rlari mazmun-mo-

hiyatiga ko‘ra jadidlar g‘oyalariga hamohangdir. Zamon manzarasini

shoir mana bu g‘azalida yaqqol tasvirlab beradi:

Ketti Farg‘onadin insofu diyonat afsus,

Bu sababdin boshimiz uzra kelib qavmi o‘rus.

Qildi Xo‘qand shahi o‘rdau Arki oliysin

O‘zig‘a butxona, osub anga jalojil noqus.

Qolmadi yoshu qari o‘rtasida sharmu hayo,

Ketti odob, yana or ila nangu nomus

[

Muhsiniy 2008, 39-40

b

].

Muhsiniy tom ma’noda taqvodor inson bo‘lganligi uchun za-

mondagi o‘zgarishlarni, ayniqsa, islom dini qoidalariga mos kelmay-

digan yangi odat va amallarni o‘z vaqtida tez tushunib yetgan. Shu

bilan birga, Chor hukumati siyosatining asl maqsadini anglagan ijod-

korlardan edi. Shu bois shoir jamiyatdagi illatlarni lirikasida achchiq

til bilan bayon etgan:

Vahki, Farg‘ona eli motamsaro bo‘ldi, darig‘,

Sifla, dunlar – shoh, shahlarkim gado bo‘ldi, darig‘

[

Muhsiniy

2008, 50

b

]

-

deya afsus-nadomat chekkanida uning Vatan taqdiri

uchun nechog‘lik kuyungani, ko‘ngil iztiroblarini qanchalik ta’sir-

li ifodalagani yaqqol namoyon bo‘ladi. Keyingi baytlarda shoir xalq

ichida mustabid Rusiya hukumati qonunlari, nizomlari xuddi joriy

bo‘lganidan, Muhammad payg‘ambarimiz shariatining ahkomlari

qadrsizlanganidan nadomat chekadi. Hukumat qonunlari zolim po-

raxo‘rlarga ayni muddao bo‘ldi, deya ayrim nafsu havo quli bo‘lgan

amaldorlarga nafratini izhor etadi.

Axloqiy-falsafiy she’rlar.

Shoir bir g‘azalida davr va jamiyat

ahvolidan afsus-nadomat bilan quyidagilarni bitgan edi:

Oldi g‘aflat ko‘nglumiz, yo‘qtur vale bedormiz,

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

57

Ketsa ham qo‘ldan diyonat, qani nangi orumiz?

[

Muhsiniy 2008, 37

b

].

Shoir nazdida millat ahli zohiran bedor tuyulsa-da, aslida

g‘aflat uyqusida. Millatning oru-nomusi, diyonati ketganidan iztirob

-

ini mana bu tarzda ifodalagan:

Daraxti mevalig‘dek odamiy bog‘i jahon ichra,

Anga yetmas havodiskim, o‘lursa xayru ehsonliq

[

Muhsiniy 2008, 49

b

].

Daraxt mevasi bilan qadrli bo‘lgani kabi, bu jahon bog‘ining

ziynati odamiylikdadir. Xayru ehson ahliga hech qanday hodisa zarar

yetkaza olmaydi. Boshqa bir baytida shoir dilozorlik yeng yomon

odatlardan ekanini uqtiradi. Alloh Qof tog‘idek gunohni afv etishi

mumkin, biroq kibr va dilozorlikni kechirmaaydi:

Afv etar Tangri, gunohing bo‘lsa misli Qof,

Lik kechmaydur gunohing kibru dilozorlig‘

[

Muhsiniy 2008, 49

b

]

.

Shoir nazdida, el aybig‘a emas, balki o‘z nuqsonlariga bo-

qish chinakam odamiylikdir. Oqil inson qalbidagi sirlarini birovlarga

aytib, noqulay ahvolga qolmasligi zarurligi bilan bog‘liq shoir qa-

rashlari quyidagicha talqin etilgan:

O‘zni nuqsoningg‘a boq, solma nazar el aybig‘a,

Ochmag‘il hargiz alarg‘a diydai siyna g‘alat

[

Muhsiniy 42

b

]

.

Bu dunyo o‘tkinchi bo‘lib, barqaror emasligi, hech kimsaga

vafo qilmasligi, ammo ilm-ma’rifat abadiy hayotga daxldorlik asosi

ekani mana bunday ifodalangan:

Bu jahon foniy erur ham besabot,

Ilmu irfondir hayoti jovidon

[

Muhsiniy 2008, 130b

]

.

Yaratganning taqdir qalami xato yozmasligi teran ma’no va

go‘zal badiiyat mutanosibligida quyidagicha talqin etilgan:

Barcha taqdiri azal siri senda ojiz, faqir,

Homai tahriri qudrat yozmag‘ay aslo g‘alat

[

Muhsiniy 42

b

]

.

Xulosa qilib aytganda yuqoridagi tahlillardan anglashiladi-

ki, Muhsiniy devonda jamlangan asarlari mavzu jihatdan ham keng

bo‘lib, o‘z davrining dolzarb muammolarini yoritganligi bilan xarak-

terlidir. Demak, shoir lirikasida ilohiy ishq, an’anaviy sof muhabbat

bilan tarannum etilgan she’r namunalari asosiy o‘rin tutadi. Shu bilan

birga, ilm–ma’rifat ulug‘langan, o‘sha davr ijtimoiy voqeligi haqqoniy


background image

58

ifodalangan asarlar ham salmoqli o‘ringa egadir.

Muhsiniy she’riyati janr jihatdan rang-barang bo‘lib, mumtoz

she’riyatimiz an’analarini yuksak mahorat bilan davom ettirdi. Adib

davr ijodkorlariga hamnafas tarzda diniy-ma’rifiy, ishq-muhab

-

bat va ijtimoiy mavzularda betakror she’rlar yaratdi. Diniy-ma’rifiy

mavzudagi she’rlar shoir lirikasining asosini tashkil etadi. Umuman,

Muhsiniy asarlarida ilohiy ishq mavzusi tarannum etilgan she’rlar

ustunlik qiladi.

Adabiyotlar

Қуръони карим

. 2004. Ўзбекча изоҳли таржима. Алоуддин Мансур.

Тошкент.

Муҳсиний. 2008.

Девон

. Барҳаёт гулшан. Фарғона.

Муҳсиний. ЎзР ФА ШЙ. Йнв №7392.

Муҳсиний. Девон.

Гулшани жовид қўлёзма

. Нуриддинов М., шахсий

кутубхонаси.

Қуронов, Д., Мамажонов, З., Шералиева, М. 2010.

Адабиётшунослик

луғати

. Тошкент: Академнашр.

Йсҳоқов Ё., 2006.

Сўз санъати сўзлиги

. Тошкент: Зарқалам.

Раҳмонов В., 2020.

Шеър санъатлари

. Тошкент: Sharq.

Фузулий. 2014.

Шеърлар тўплами

. Қалб гавҳари. Тошкент: Нilol-nashr.

The scope of the subject matter of Muhsin's

poetry

Furkat To‘xtamuratov

1

Abstract

Poets of the Kokand literary environment wrote in various genres

and themes in the late 19th and early 20th centuries. The artists of this

period enriched the treasury of our classical literature with their unique

lyrical works. Husaynquli Sulaymonquli oglu Muhsini (1860-1917) is one

of such talented poets who lived and worked in Kokand.

In this article, Husseinquli Muhsini's poems, which are included in

the edition of the collection of lyrical heritage and manuscripts, are clas-

sified according to the scope of the topic. The poet's poems were found

and analyzed on romantic, religious-mystical, enlightenment, moral-philo-

1Tuxtamuratov Furkat Safarmuradovich

- teacher, Tashkent state university of

Uzbek language and literature named after Alisher Navo'i

.

E-pochta:

toxtamuratov81@gmail.com

ORCID ID:

0000-0001-9855-2353

For citation:

Tuxtamuratov, F. S. 2022.

The scope of the subject matter of Muhsin's

poetry

”.

Uzbekistan: Language and Culture

1 (2): 40-59.

Furqat TO‘XTAMURATOV


background image

59

sophical and social themes. There are also scientific and theoretical views

on the genre features of the poet's poetry. It explores how the traditions of

classical poetry continued in the poet’s work and how his works reflected

the changes in the social life of the period.

Key words:

devan, manuscript, ghazal, theme, love, religious-mystical

theme, enlightenment, social essence, moral-philosophical issues, artistic in-

terpretation.

References

Qur’oni karim

. 2004. O‘zbekcha izohli tarjima. Alouddin Mansur. Toshkent.

Muhsiniy. 2008.

Devon. Barhayot gulshan

.

Farg‘ona.

Muhsiniy. O‘zRFASHI. Inv №7392.

Muhsiniy. Devon.

Gulshani jovid qo‘lyozma

. Nuriddinov M., shaxsiy

kutubxonasi.

Quronov, D., Mamajonov, Z., Sheralieva, M. 2010.

Adabiyotshunoslik lug‘ati

.

Toshkent: Akademnashr.

Is’hoqov, Y., 2006.

So‘z san’ati so‘zligi

. Toshkent: Zarqalam.

Rahmonov, V., 2020.

She’r san’atlari

. Toshkent: Sharq.

Fuzuliy. 2014.

She’rlar to‘plami

. Qalb gavhari. Toshkent: Nilol-nashr.

Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami

Библиографические ссылки

Қуръони карим. 2004. Ўзбекча изоҳли таржима. Алоуддин Мансур.Тошкент.

Муҳсиний. 2008. Девон. Барҳаёт гулшан. Фарғона.

Муҳсиний. ЎзР ФА ШЙ. Йнв №7392.

Муҳсиний. Девон. Гулшани жовид қўлёзма. Нуриддинов М., шахсий кутубхонаси.

Қуронов, Д., Мамажонов, З., Шералиева, М. 2010. Адабиётшунослик луғати. Тошкент: Академнашр.

Йсҳоқов Ё., 2006. Сўз санъати сўзлиги. Тошкент: Зарқалам.

Раҳмонов В., 2020. Шеър санъатлари. Тошкент: Sharq.

Фузулий. 2014. Шеърлар тўплами. Қалб гавҳари. Тошкент: Нilol-nashr.

inLibrary — это научная электронная библиотека inConference - научно-практические конференции inScience - Журнал Общество и инновации UACD - Антикоррупционный дайджест Узбекистана UZDA - Ассоциации стоматологов Узбекистана АСТ - Архитектура, строительство, транспорт Open Journal System - Престиж вашего журнала в международных базах данных inDesigner - Разработка сайта - создание сайтов под ключ в веб студии Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil - ilmiy elektron jurnali yuridik va jismoniy shaxslarning in-Academy - Innovative Academy RSC MENC LEGIS - Адвокатское бюро SPORT-SCIENCE - Актуальные проблемы спортивной науки GLOTEC - Внедрение цифровых технологий в организации MuviPoisk - Смотрите фильмы онлайн, большая коллекция, новинки кинопроката Megatorg - Доска объявлений Megatorg.net: сайт бесплатных частных объявлений Skinormil - Космецевтика активного действия Pils - Мультибрендовый онлайн шоп METAMED - Фармацевтическая компания с полным спектром услуг Dexaflu - от симптомов гриппа и простуды SMARTY - Увеличение продаж вашей компании ELECARS - Электромобили в Ташкенте, Узбекистане CHINA MOTORS - Купи автомобиль своей мечты! PROKAT24 - Прокат и аренда строительных инструментов