Том 1 № 1 (2022): Узбекистан: язык и культура. Литературоведение
Статьи
Navoiy qahramonlarining o‘limi
Maqolada Alisher Navoiyning “Xamsa” asaridan joy olgan “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” dostonlari qahramonlarining o‘limi tafsilotlari tahlil qilinadi. Dostonlar qahramonlari – Farhod va Shirin, Layli bilan Majnunning o‘limlari sababi yoritib berilgan. Shuningdek, ko‘pchilik o‘quvchilarning “bu qahramonlar o‘zlarini o‘ldirgan”, degan tasavvurlarining noto‘g‘ri ekanligi, bu qahramonlarning o‘zlarini o‘ldirishlari Navoiyning axloqiy-e'tiqodiy, ma'naviy qarashlariga mutlaqo zid ekani isbotlangan. Bu qahramonlarning o‘limi mutlaqo tabiiy ravishda, o‘zlari tomonidan biror-bir sababni yuzaga chiqarmasdan yuz bergani dostonlardan olingan misollar yordamida ko‘rsatib berilgan. Insonning eng chorasiz qolgan vaqtlarida ham o‘z joniga qasd qilmay, taqdirga rozi bo‘lib, duoning odobiga rioya qilgan holda Yaratuvchiga iltijo qilishi lozimligi xususida so‘z yuritiladi.
Mutrib asarlaridagi matn tafovutlari tahlili
Ushbu maqolada Xorazm adabiy muhiti shoiri Muhammad Hasan Mutrib Hoji Tabib o‘g‘lining (1853–1923) lirik she’rlari matnshunoslik aspektida tadqiq qilingan. Shoirning nashr qilingan she’rlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida 903/IV, 906/VII raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmalari, Laffasiyning 12561 raqamli tazkira qo‘lyozmasiva, Matnazar Pirnazarovning “Mutrib Xonaxarobiy (Risola majmua)”si, Bolta Davlatovning “Xorazm haqiqati” gazetasi (1991-yil, 20-iyul soni), “Guliston jurnali” (1974-yil 7-soni), Polvonnazir Bobojonov (Laffasiy. Tazkirayi shuaro. 1992) tomonidan nashr qilingan she’rlari qiyoslab o‘rganilgan.
Mutrib devoni qo‘lyozmasini joriy imlodagi nashri bilan qiyosiy o‘rganish natijasida aniqlangan farqlar ilmiy tasnif etilgan va tahlil qilingan. Qiyosiy tahlillar natijasida Mutrib devonining mukammal nashrlarini tayyorlash matnshunoslik oldidagi dolzarb vazifalardan ekanligi ta’kidlangan.
Siddiqiy-Ajziy hayoti va ijodining o‘rganilishi
Maqolada Turkiston xalqlari uchun nihoyatda og‘ir va ziddiyatli bo‘lgan XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning birinchi choragida yashab, faoliyat olib borgan ma’rifatparvar adib, jonkuyar pedagog Siddiqiy-Ajziyning hayoti va ijod yo‘li haqida fikr yuritiladi. Ushbu adibning xalqimiz ma’rifatini o‘stirish, ijtimoiy ongini rivojlantirish yo‘lida ko‘rsatgan fidokorona shijoati, sabr-matonati, zahmatli mehnati haqidagi mulohazalar bayon qilingan. Shuningdek maqolada Siddiqiy-Ajziy vafot etganidan buyon o‘tgan salkam yuz yil ichida adibning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan deyarli barcha ishlarga munosabat bildirib o‘til- gan. Ulardagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilingan.
Siddiqiy-Ajziy XIX asr ikkinchi yarmi, XX asr boshlarida Turkis-tondagi ijtimoiy, madaniy, fikriy va milliy uyg‘onish harakatining jonkuyar vakillaridan biri bo‘laganligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Muhsiniy she’riyatining mavzu ko‘lami
Qo‘qon adabiy muhiti shoirlari XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turli janr va mavzularda ijod qilishgan. Bu davr ijodkorlari o‘zlarining betakror lirik asarlari bilan mumtoz adabiyotimiz xazinasini boyitdi. Husaynquli Sulaymonquli o‘g‘li Muhsiniy (1860-1917-yil) ham Qo‘qonda yashab ijod qilgan ana shunday iste’dodli shoirlardan biridir.
Mazkur maqolada Husaynquli Muhsiniy lirik merosi jamlangan devoni nashri va qo‘lyozma nusxalari tarkibiga kirgan she’rlari mavzu ko‘lamiga ko‘ra tasniflangan. Shoir she’rlari ishqiy, diniy-tasavvufiy, ma’rifatparvarlik, axloqiy-falsafiy va ijtimoiy mavzularda ekani aniqlanib, tahlil etilgan. Shuningdek, shoir she’riyatining janr xususiyatlari yuzasidan ham ilmiy-nazariy qarashlar bildirilgan. Mumtoz she’riyat an’analari shoir ijodida qanday davom ettirilgani va asarlarida davr ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar qanchalik aks etgani tadqiq qilingan.
Majzub Namangoniyning badiiy san’atlardan foydalanish mahorati
Buyuk so‘z san’atkorlari badiiy asarlarining mazmunan rangbarang bo‘lishi uchun turli poetik san’atlardan unumli va mohirona foyda- langanlar. Bu esa asarning badiiy jihatdan tiniq, uslubiy ravon va shaklan jozibador bo‘lishida olib kelgan.
Ushbu maqola Namangan adabiy muhiti vakili, Naqshbandiya tariqati namayondalaridan biri Abdulaziz Majzub Namangoniy ijodida badiiy san’atlarning o‘rni haqida yozilgan. Ijodkor asarlarida badiiy san’atlarning ikki turi: lafziy va ma’naviy san’atlardan foydalanganligi, ularga chiroyli dalillar berilganligi haqida.
Ma’naviy san’atlar baytdagi ayrim so‘z yoki butun baytning ma’nosi bilan aloqador badiiy vositalar bo‘lib, ularning miqdori, Atoulloh Husayniyning "Badoyi’u-s-sanoyi’" asarida keltirilishicha, ellikdan ortiq. Mubolag‘a, tashbih, tamsil, husni ta’lil, tajohuli orifona, tashxis, talmih, laff va nashr, ruju’, istiora, kinoya, irsoli masal, tazod, tanosub va boshqalar ma’naviy san’atlarning eng mashhurlaridir.
Lafziy san’atlar bayt yoki undagi ayrim so‘zlarning shakli - talaffuz va yozilishiga asoslangan bo‘lib, «Badoyi’u-s-sanoyi’»da tarsi’, tajnis, ishtiqoq, raddul ajz, radd ul-matla’, tardu aks, takrir, mukarrar, kitobat, talmi’, tarix kabi ellikdan ortiq lafziy san’at namunalari keltirilgan.
Folklorshunoslik tadqiqi
Maqolada dostonlardagi epik ot obrazining badiiy jihatdan mukammal tasviriga sabab bo‘lgan tarixiy asarlar tadrijiy tarzda beriladi. Otning turkiy xalqlar tarixida tutgan o‘rni, bu borada tarixchilarning e’tiroflari, qadimiy qo‘lyozma manbalarda ot bilan bog‘liq topilmalar, xullas, turkiy xalqlar mafkurasi dostonlardagi jangovar ot obrazi bilan qiyoslanadi.
Xalq dostonlarida tasvirlangan jangovar otlarga xos xususiyatlar sifatida ularning tabiiy otlar orasidagi eng mukammali, ayni paytda mifologik va totemistik e’tiqodiy tasavvurlarda ifodalangan ot xususiyatlar- iga ham ega ekanligida ko‘rinmoqda. Shu jihatdan dostonlardagi jangovar otlar chinakam tulpor bo‘lishlari uchun bevosita yoki bilvosita suv otlari hamda samoviy otlarga bog‘liq bo‘lishligi shart deb anglangan.
Biz ushbu maqolada xalq dostonlarida epik ot obrazining yaratilishiga asos bo‘lgan tabiiy, diniy e’tiqodiy tayanchlarni va qarashlarni botartib ravishda bir-bir qarab chiqamiz.
Shuningdek, maqolada “zotli ko‘chmanchi mavaniyer”, “hayvon – ona” an’ana va ishonchlari, “Devonu lug‘otut-turk” va ot bilan bog‘liq turkiy so‘zlar izohi, qarvosh xalq dostonlaridagi ot obrazi borasidagi tahlil va talqinlar o‘rin olgan.
Badiiy asarda sarlavha poetikasi
Mazkur maqolada badiiy asar strukturasida sarlavhaning ahamiyati xususida mulohaza yuritiladi. Asar sarlavhasida muallif g‘oyaviy,estetik qarashlarining namoyon bo‘lishi yoritiladi. Ma’no nuqtalarining yaxlitlik kasb etishi mohiyatni aniq ravshan anglatish imkonini berib, asar estetik quvvatini oshiradi. Sarlavhada tabiatdagi unsurlar nomi vositasida ramziylik, ishoraviylik ortib boradi. Badiiy muloqotga kirishayotgan san’atkor kitobxonga ma’lum axborot, yangilikni yetkazibgina qolmay, uni ijodiy yondashuvga chorlashi darkor.
Tarkibdagi ilk semiotik markaz sarlavha bo‘lib, unda muallif g‘oyasi, konsepsiyasi jo bo‘ladi. Sarlavha ilk taassurot, muallif hamda kitobxonning ruhiy muloqoti debochasi. San’atkorlar borlig‘i, iste’dodi, ijodiy niyatini baholash shu lahzadan boshlanadi. “Yur, tog‘larga ketamiz”, “Qoyalar ham yig‘laydi”, “Saodat sohili” kabi qissalar maskan nomi bilan quvvatlanadi. Makon tasviri estetik zavq beribgina qolmay, shu maskan bilan bog‘liq asosiy voqea, kalitga ishora beradi.
Ilk jumla muloqotning ibtidosi, qahramon hamda kitobxonning g‘aybona uchrashuvi, kompozitsion sathning muhim belgisi. Keyingi holatu vaziyat, dialogu monolog debochasi. Mavzu, muammolar borasidagi ilk taassurot, bu keyingi bosqichga ko‘tarilish, faollikni jadallashtirish jarayoni. Qissada epigraf poetik mazmunni umumlashtirish, badiiy niyatni uqishda muhim sanaladi. Muallif yoritayotgan masalaga doir zarur ko‘chirma (she’r, hikmat, maqol, hadis kabi)ni kiritib, g‘oyaviy, hissiy salmoqdorlikni oshiradi. U asosiy ma’noni o‘zida jo aylagani, qahramon holatini asoslashi, fikrni tasdiqlashi bilan e’tiborni tortadi.
Badiiy matnning lingvistik ekspertizasi ilmiy muammo sifatida
Maqolada yangi sho‘roso‘ngi makonining shakllanishi bilan yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyatlarni o‘rganishda etnik jamiyatdagi asosiy nazariy yondashuvlar muhokama qilinadi. Bu yondashuvlarning qanday konseptu- al zaif tomonlari yoki, aksincha, evristik imkoniyatlari keskinlikning o‘ziga xos holatlarini o‘rganishda, ba’zida kuch tahdidi yoki zo‘ravonlikdan ochiq foydalanish natijasida etno-siyosiy mojarolar deb nomlanishda o‘z aksini topadi. Bu masala, xususan, etnik kamsitish va yuzaga kelayotgan nizolarni tartibga solish kabi hodisalarni o‘rganish uchun katta metodik ahamiyatga ega. Ekspert tadqiqot usuli esa sud ekspertizasi predmetiga tegishli faktik ma’lumotlarni aniqlash uchun uning obyektlarini o‘rganishda qo‘llanadigan mantiqiy yoki instrumental operatsiyalar tizimidir. Ekspert tadqiqotlari metodikasi – sud ekspertizasi predmetiga tegishli faktik ma’lumotlarni aniqlash uchun uning obyektlarini o‘rganishda qo‘llanadigan usullar tizimi.
Lirikada obraz va obrazlilikning o‘rni (Abdulla Oripov she’riyati misolida)
Obraz-kechinma lirikaning negizini tashkil qiladi. O‘z navbatida bu kechinma badiiy ifoda uchun to‘g‘ridan to‘gri maqsad bo‘la olmaydi,u ma’lum vaziyatlarda yuzaga kelgan ma’lum kayfiyatlarni aks ettiradi va ularni umumlashtiradi. Ijodkorning yaratuvchanlik qobiliyati asosida qator sifat o‘zgarishlariga uchraydi, yoki butunlay yangidan tug‘ilib, kishini maftun etarli darajada mukammallashgan tasavvurlar olamidan dunyoga keladi. Poetik obraz yaratish uchun so‘zning asl ma’nosiga nisbatan ko‘chma ma’nosini, ma’lum va oddiy belgilariga nisbatan noma’lum va hatto favqulodda belgilarini tadqiq etish, so‘zni mumkin qadar yangi qirralari va yangi jilolari bilan, xamelion ko‘rinishda tasvirlash taqozo qilinadi. So‘zga bunday o‘zgacha ma’no, ko‘rinish berish obrazlilikni yuzaga keltiradi. Zero, obrazlilik lirikaning muhim sharti bo‘lib, har qanday kechinma obraz bo‘lib shakllanmas ekan, she’rning oddiy bayondan farqi qolmaydi. Maqolada Abdulla Oripov she’riyati misolida obraz va obrazlilik xususida so’z yuritiladi.