MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
353
“IKKI KARRA IKKI-BESH” ASARIDA QO‘SHOQVOY OBRAZI
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogik instituti, 2-bosqich talabasi
Imomova Ruxshona Obidjon qizi
Ilmiy rahbar: O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi assistenti
Imomqulova Gulchehra Norboboyevna
Annotatsiya: O‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalaridan biri O‘tkir
Hoshimovdir. Uning ijodi xalq hayoti, oddiy insonlar taqdiri, ijtimoiy adolat va
insoniylik g‘oyalari bilan boy. Yozuvchining “Ikki karra ikki-besh” hajviy qissasi ham
shunday chuqur ma’no va falsafiy qatlamlarga ega bo‘lgan asarlardan biridir. Asar
nomining o‘ziyoq o‘quvchilarni qiziqtiradi. Axir ikki karra ikki besh emas-ku. Ammo
yozuvchi bu oddiy matematik haqiqat orqali jamiyatdagi haqiqat va yolg‘on, adolat va
zo‘ravonlik orasidagi ziddiyatni ochib beradi. Bu asarning bosh qahramoni bo‘lgan
Qo‘shoqvoyning taqdiri orqali hayotning past-u balandliklari mohirona ochib
beriladi. Qahramonlarning qismati o‘quvchini kuldirib qolmay, chuqur o‘yga ham
toldiradi.
Kalit so‘zlar:Qo‘shoqvoy, poraxo‘rlik, rais buva, kommunizm, Shodivoy.
Yigirmanchi asrning 60-yillarida zamonaviy o‘zbek nasri xiyoboniga bahoriy
ayyomlar kirib keldi. Unga qadar ham katta adiblik maktabi qad rostlab turgan edi, bu
maktabning yalovbardorlari zalvorli povest va romanlarini peshma-pesh chop
etishayotgan, “kitobxo’r” shinavandalar oltmish minglab “tiraj”larni ko‘rdim demasdi.
Juda ko‘plab odamlarning xayoliyu ko‘nglida “Adabiyot – shu!” degan tushuncha
aqidaga aylanib ketgandi. Birdan povest qabilida yozilganu, lekin janri “qissa” deb
ko’rsatilgan asarlar paydo bo‘ldi. Bu ikki atamani qiyosan tahlil qilganlar, unisi
boshqa-bunisi boshqa yoki ikkovi egizak degan tezislarni ilgari surib doktorlik
dissertatsiyalar ham yozildi. Ilmiy bahs-munozaralar o‘z yo‘liga, lekin, nazarimda, 60-
yillar qissalari adabiyotimizga bamisoli bahorning mayin, yoqimli havosini olib keldi.
Butun bir milliy adabiyotda yangi yo‘nalishni boshlab berish hammaga ham nasib
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
354
etavermaydi. Muayyan ijodkordagi favqulodda yangicha tafakkur piravordida butun
xalq badiiy tafakkurida o’zgarish yasaydi, badiiy didini yangilaydi, buning natijasida
kitobxonlarning nafaqat adabiyotga, shu bilan birga hayotga, odamlarga bo’lgan
qarashlarida favqulodda o’zgarishlar yuz beradi. O‘lmas Umarbekov, Uchqun
Nazarov, Shukur Xolmirzaev, O‘tkir Hoshimovning nomlari o‘sha davr o’zbek nasrini
yangilovchilari sifatida tarixdan o‘rin oldi. [5]
O‘tkir Hoshimov o‘zining “Ikki karra ikki –besh” nomli hajviy qissasi orqali
ham kitobxonlar mehrini yana bir bor qozona olgan ijodkordir. Asar sodda tilda
yozilgan bo‘lib, uni barcha birdek tushuna oladi. Asar voqealari ostida Sho‘ro
davrining chirkin siyosati, shu davrdagi mahalliy amaldorlarning xalq boshiga solgan
kulfatlari yotadi. 1987-yilda yozilgan asar orqali jamiyatdagi kamchiliklar, shu
davrdagi mazlum xalqning qiyin nahvoli, og‘ir mehnati hamda bu ish uchun yetarlicha
imtiyozlar berilmagan oddiy odamlar hayoti tasvirlangan.
Adabiyot bu juda murakkab san’at shaklidir. Unda turfa xil insonlar taqdiri va
ularning his-tuyg‘ularini, ichki kechinmalarini o‘quvchining yuragiga yetkazib berish
yozuvchidan juda katta mahorat talab qiladi. Asarning bosh qahramoni bo‘lgan
Qo‘shoqvoy juda hazilkash, sodda bir ko‘ngli sof yigit bo‘ladi. Ammo asar davomida
uning ko‘plab qiyinchiliklarga uchraganini ko‘rishimiz mumkin. Bu asar davomida
do‘stlikning eng oliy ko‘rinishi ham qalamga olingan. Ya’ni bunda oddiy oila farzandi
Qo‘shoqvoy hamda raisning erkatoy o‘g‘li Shodivoylarning bir-biriga bo‘lgan
samimiy hamda hech qanday manfaatlarsiz sof do‘stligi ta‘riflangan. Bunga misol
tariqasida Shodivoy uyidagi tut barglarining barchasini ota-onasining ruxsatisiz do‘sti
uchun berganligi, rais buva bu ikki do‘stni Toshkentga o‘qishga joylab qo‘yaman deb
olib borib, ammo Qo‘shoqvoyni o‘qishga joylamasdan qaytib kelganida ham bu ikki
do‘stning chin do‘stligiga putr yetmaydi. Yillar o‘tib barcha adolatsizliklarning
boshida turgan kimsalarning ayblarini fosh qilganda siyosatchilar Shodivoy yordamida
Qo‘shoqvoyni qamatmoqchi bo‘lishadi. Ammo bu yerda ham ikki do‘st g‘alaba
qozonadi. Siyosatchilarning g‘arazli niyati amalga oshmay qoladi. O‘sha davrda
amaldorlarning qilgan ishlari, kirdikorlarini ularning xatti-harakatlari odamgarchilikga
mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Adolatsiz amaldorlar boylik
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
355
to‘plash, Sovet hukumatiga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatish uchun odam qilishi mumkin
bo‘lmagan eng chirkin ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bilib olishimiz
mumkin. Bu holning yaqqol dalili sifatida amaldorlarning barcha kirdikorlarini oshkor
qilmoqchi bo‘lgan Qo‘shoqvoyni jinniga chiqarib 4 oy davomida jinnixonada
saqlashadi. Sovet rahbariyatiga o‘z hayotini bag‘ishlagan rais Toshmamat Alimov ham
afsuski nohaq edi. U o‘sha paytdagi sotsializmning tirik qurboni bo‘ldi va asar oxirida
opz pushaymonlariga qorishdi. Barcha asarlarda bo‘lgani kabi “Ikki karra ikki-besh”
asarida ham ijobiy hamda salbiy obrazlar mavjud. Asar bosh qahramoni Qo‘shoqvoy
va uning eng yaqin do‘sti Shodivoy, Qo‘shoqvoyning otasi Salimjon aka, Tursunboy
aka, fizika o‘qituvchisi Usmon aka, Muhabbatxon kabilar asardagi ijobiy qahramonlar
hisoblanadi. Qo‘shoqvoyning otasi Salimjon aka insofli, diyonatli birovning haqqiga
ko‘z tikmaydigankishi bo‘lgan. U o‘g‘liga hech qachon hisobdan adashmaslikni,
o‘zgalar haqqini yemaslikni uqtiradi. Qo‘shoqvoy ham otasi bergan nasihatlariga quloq
tutgan holda ulg‘aydi. Ammo uning bir qiziq odati bor edi. U hisob- kitob qilganda
lof-qof qilib qo‘shib gapirardi. U birinchi sinfga chiqguncha otasi unga hisob-kitobni
yaxshigina o‘rgatgan edi.Ammo hali ham uning lof-qof qilib gapirish odati qolmagan
edi. Ana shu odati sababli ham o‘zining sinf rahbari bo‘lgan Muhabbat opaning ishdan
ketishiga sababchi bo‘ladi. U matematika darsida o‘qituvchisi bergan misollarga lof-
qof qilib javob beradi. O‘qituvchisining bundan jaxli chiqadi va Qo‘shoqvoy va uning
otasini direktorning xonasiga chaqirtiradi. Salimjon akaga Qo‘shoqvoyning
matematika fanidan umuman bilmasligini aytib shikoyat qiladi. Ammo maktab
direktori Salimjon akaga qarab, yo‘q Salimjon aka,biz Qo‘shoqvoyni yomon
demaymiz, o‘zi zo‘r bola. Intizomi durust, zehni o‘tkir. Qaysi kuni xo‘rozning rasmini
chizgan ekan. Ko‘rib havasim keldi. O'zini ham xuddi tirikka o‘xshativoribdi,
Azamat!E otangga raxmat,devordim![14] Direktor o‘qituvchining gapiga ishonmay
Qo‘shoqvoyga matematikadan savollar beradi.Hattoki,katta sinf o‘quvchilari zo‘rg‘a
yecha oladigan mashqlarni beradi.Ammo,qarabsizki Qo‘shoqvoy barcha savollarga
lof-qof qilmay to‘g‘ri javob beradi. O‘qituvchisi bundan hayron qoladi. Direktor
Muhabbat opani koyiydi. Shunday aqlli bolani bilmasvoyga chiqardingizmi deb. Bu
gaplar Muhabbatxonga og‘ir botadi va ishdan ketadi. Asardagi eng ijobiy insonlardan
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
356
biri fizika o‘qituvchisi Usmon Qilishevdir. U qattiqqo‘l, talabchan, o‘z kasbining ustasi
bo‘lgan. U har doim xalq uchun manfaatli bo‘lgan ishlarni qilgan. U boshqa
o‘qituvchilarga o‘xshab darslarda va imtihonlarda o‘quvchilardan nazorat savollari
olmasdan baho qo‘yib bermaydi. Usmon aka har doim hamma ishni haqqoniy va
adolatli bo‘lishini istaydi. Hattoki, rais buva ham unga bolalardan imtihon olmay
bahosini qo‘yib berishini va bolalarni dalaga chiqarishini so‘raydi. Usmon aka esa hech
qachon bunday ish qilmasligini, o‘quvchilar haqqoniy baholanishini aytadi. U
o‘quvchilarni instituga poraxo‘rlik bilan emas, o‘z bilimi bilan kirishini istaydi. Ammo
o‘qituvchining bu xohishlari rais buvaga yoqmaydi. Rais buva o‘quvchilarni bilim
olishini emas, ularni dalaga chiqib ishlashini xohlaydi. Rais buva o‘gli Shodivoyni pora
yordamida o‘qishga kiritishni reja qilgan bo‘ladi va bu ishini amalga ham oshiradi.
Yuqoridagi ikki muallim timsoli orqali har bir davrda ham yurt istiqboli,kelajak
avlodning savodiga befarq bo‘lmaydigan odamlar har bir zamonda bor ekanini
ko‘rishimiz mumkin. Lekin bu davrda ularning mehnati qadrlanmadi va o‘zini Sovet
“fidoyisi” deb hisoblaydigan amaldorlar tomonidan ishdan olindi. Asarda “Ig‘vogar”
nomini olgan Ergashev aslida ig‘vogar emas balki u rais va uning barcha sheriklarining
kirdikorlarini fosh qilish maqsadida qilgan barcha harakatlari besamar ketdi. U
Qo‘shoqvoyga haq gaplarni aytadi, lekin Qo‘shoqvoy raisning gapiga kirib Ergashevni
kaltaklab daladan haydab yuboradi. Ammo vaqtlar o‘tib Qo‘shoqvoy barchasini anglab
yetgach “Ig‘vogar” so‘zlarini haq ekanini tushundi. Qo‘shoqvoyga eng alam qilarlisi
shuki u ham oila tarafdan, ham amaldorlar tarafdan xiyonatga uchraydi. Uning rafiqasi
Nargiza ham unga rais orqali xiyonat qilgan.(Xuddi “Ikki eshik orasi”dagi Ra’no) kabi.
Rais nafaqat Qo‘shoqvoy, balki Tursunboy akaning ham oilasiga putr yetishiga sabab
bo‘lgan. Bu kabi adolatsizlik har qanday erkak kishining bo‘ynini egib qo‘yadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, asarda qalamga olingan voqealar o‘sha
davrning dolzarb masalalari bo‘lib, ularning aksariyati hozir ham o‘z yechimini
to'laligicha topmagan. Bir so‘z bilan aytganda ushbu asar yengil o‘qilishidan tashqari
o‘quvchini chuqur o‘yga toldirish xususiyatiga ega. O‘tkir Hoshimovning boshqa
asarlari ham shu asari kabi yengil o‘qilishiga qaramay pur ma’noga ega asarlardir.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
357
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.O‘tkir Hoshimov “Ikki karra ikki-besh”-Toshkent. Cho‘lpon nomidagi nashriyot-
matbaa ijodiy uyi. 2007. 369-b.
2.O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”romani, Toshkent, yangi asr avlodi 2016. 749-b.
4.
https://kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/otkir-hoshimov-75-yoshda.html