MODELS AND METHODS IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
88
YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA: TA’LIMGA
YANGICHA YONDASHUV
Xamidov G‘aybulla Saypillayevich
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Zirhli va avtomobil
texnikalari kafedrasi professori, texnika fanlari nomzodi, professor
https://doi.org/10.5281/zenodo.14065287
“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik,
ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham
barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”. Ushbu haqqoniy
e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2024-yil
oktyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga
tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishda alohida
ta’kidlandi. Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 32 yilligini munosib kutib olish va
yuksak saviyada nishonlosh uchun “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot
garovi” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda
ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etilishi belgilandi.
Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok
etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz
bergani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, shu bilan bir qatorda, Bosh
qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-
umidlari va intilishlari o‘z aksini topganini ifoda etadi.
Xalq — davlat hokimiyatining birdan-bir manbai O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston xalqining
vakolatli vakillari bo‘lmish parlament a’zolari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli
o‘laroq, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq
referendumida — to‘g‘ridan- to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Shu
ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi
xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va
harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi .
Bugungi rivojlanib borayotgan davrda har bir mamlakatning asosiy maqsad
hamda vazifasi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, erkin demokratik
davlatni barpo etishdir. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda konstitutsiya
asosiy hujjat hisoblanadi. O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy
islohotlarning ham asosiy g‘oyasi inson qadrini ulug‘lash, uning asosiy
huquqlarini yanada mustahkamlash ekanligini alohida ta’kidlash lozim. E’tiborli
jihati shundaki, konstitutsiyaviy islohotlarda asosiy kuch bu xalq ekanligidir.
Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining yangi konstitutsiyasida mustahkamlangan
MODELS AND METHODS IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
89
normalar bevosita xalqning takliflari asosida ishlab chiqilganligi bir jihat bo‘lsa,
xalqning xohish irodasi bilan referendum orqali qabul qilinganligi yana bir
muhim jihat bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritishga doir takliflar
ichida 41-moddani o‘zgartirish bo‘yicha bildirilgan takliflar ijobiy echim topishi
amalda konstitutsiyamizning milliy qiyofasini belgilab beradi. Boisi ushbu
takliflarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “pedagog xodimlarning maqomini har
jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi ham mas’uliyatli
vazifasidir. Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek,
ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi” .
Bu mamlakatimizning qisqa tarixida yuz bergan salbiy holatlar hamda ushbu
holatlarning xalqimizning milliy mentalitetiga zid bo‘lganligi sababli ko‘pchilik
fuqarolarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lganligi bilan bog‘liq holatlarning
oldini olish imkonini beradi. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan naql bor
va ustozlarni hurmat qilish milliy xarakterimizning ajralmas qismidir. Afsuski,
2017-yilgacha o‘qituvchilar, hatto maktab o‘quvchilarining ham paxta terimiga
majburlanishi, bu davrda mashg‘ulotlar chetga surib qo‘yilishi, bu ham
etmagandek, ayrim rahbarlarning o‘z vakolatlaridan chetga chiqib, ta’lim
muassasalari o‘qituvchilarini obodonlashtirish, hatto qurilish ishlariga
majburlanishi, 2021-yilda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, xalqimizning qattiq
e’tiroziga sabab bo‘lgan maktab o‘qituvchilarining “uzr so‘rattirish” marosimlari
yaqin o‘tmishimizning qora dog‘lari bo‘lib, bu oxir-oqibat ta’lim tizimiga putur
yetkazdi.
Buni to‘g‘ri anglagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, prezidentlik
muddatining birinchi kunlaridanoq ta’limni isloh qilishni, birinchi navbatda
o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini oshirishdan boshlash lozimligini ta’kidlab
kelmoqda. Yangilangan Konstitutsiyaning 41- moddasini yuqoridagi normalar
bilan boyitishi haqidagi takliflari ham, o‘sha keyingi 5-6 yil davomida amalga
oshirib kelinayotgan ijobiy ishlarning navbatdagi bosqichi bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Ushbu moddaga kiritilayotgan yangi normalardan yana biri – iste’dodli
yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar ta’lim olishlarini davom ettirishlarini
davlat o‘z zimmasiga olayotganligidir. Ma’lumki, yangi konstitutsiyada
kontseptual o‘zgarish yasayotgan normalardan biri mamalakatimizni “ijtimoiy
davlat” deb e’lon qilinayotganidir. Ijtimoiy davlatning asosiy belgilaridan biri
jamiyatda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikning ta’minlanganligidir. Shunga
ko‘ra, 41-moddaga kiritish taklif etilayotgan yuqoridagi norma davlat iste’dodli
MODELS AND METHODS IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
90
yoshlarni keng, jumladan moddiy ahvolidan ham qat’i nazar, qo‘llab-
quvvatlashini nazarda tutadi.
Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda bu borada qator ijobiy ishlar amalga oshirib
kelinmoqda. O‘zbekistonda keng o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” va “Zakovat”
tanlovlari, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamda
iqtidorli yoshlarning xorijiy nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olishlarini
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “El-yurt umidi” jamg‘armalari faoliyatining
davlat tomonidan keng qo‘llab quvvatlanayotgani shular jumlasidandir. Xususan,
iqtidorli yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishlari va xalqaro sertifikatlarga ega
bo‘lishlarini rag‘batlantirish uchun ushbu sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning
imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda. 2021-yil 1-maydan 5 turdagi, 2022-yil 1-
yanvardan 13 turdagi (jami 18 turdagi) xalqaro imtihon tizimlarida yuqori
natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda. Bugunga
qadar mazkur tizim orqali 5441 nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab
berildi va bu qariyb 10 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda .
Ushbu normalarning konstitutsiyaga kiritilishi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan yana
bir muammoga ham ijobiy echim bo‘lib, o‘z hissasini qo‘shadi. Ma’lumki, keyingi
yillarda mamlakatimizda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan oliy ta’lim
muassasalari ko‘payib bormoqda. Ayrim xususiy ta’lim muassasalari ta’lim
berish sifatiga ko‘ra mamlakatimizning otaxon universitetlarini ham ortda
qoldira boshladi. Iste’dodli yoshlarning ushbu muassasalarda tahsil olishlari esa,
ulardagi iste’dodning yanada sayqallanishiga olib keladi. Yangi konstitutsiyaga
kiritish taklif etilayotgan davlatning ijtimoiy ekanligi (1), iste’dodli yoshlarning
moddiy ahvolidan qat’i nazar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi (2) hamda
41- moddada taklif etilayotgan yana bir norma – mulkchilik shaklidan qat’i
nazar, barcha turdagi ta’lim muassasalari rivojlanishi uchun davlat teng
sharoitlar yaratib berishi to‘g‘risidagi (3) normalarga tayangan holda aytish
mumkinki, yangilangan Konstitutsiya iste’dodli yoshlarni eng yaxshi ta’lim
muassasalarida, u xoh xususiy bo‘lsin, xoh davlatniki, ta’limni davom ettirishlari
uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yaqin-yaqingacha bolalar mehnati jamiyatimiz uchun begona tushuncha emas
edi. Ammo, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar sabab yurtimizda
bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. Mehnatga oid xalqaro hujjatlardan kelib
chiqqan holda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnatining og‘ir shakllari yoki
ularning majburiy mehnati qat’iy taqiqlandi. Natijada 2019-yilning 1-aprel kuni
Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston
MODELS AND METHODS IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
91
paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham
berilgani e’lon qilindi.
Bunday o‘zgarish mamlakatimiz yoshlari uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini
ochdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu salbiy holatlar qayta uchramasligini
ta’minlash, yoshlarimiz har doim o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun ta’lim va
tarbiya olishini kelajakda ham mustahkamlab qo‘yish maqsadida
qonunchiligimizdagi
bolalar
huquqlari
borasidagi
o‘zgartirishlar
yangilanayotgan Konstitutsiyada ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, 44-
moddada bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy
va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga
to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi, deya belgilanmoqda. Yangi
tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma bolalar mehnatining
og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga
etishishlari uchun muhim huquqiy kafolatdir.
Shuningdek, 50-moddada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega
bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar faqatgina ixtisoslashgan
maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishi yo‘lga
qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir.
Albatta, yoshlarimizning barkamol insonlar bo‘lib voyaga etishlarida uzluksiz
ta’lim tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yangilanayotgan
Konstitutsiyamizda ham yoshlarimizning oliy ta’limga bo‘lgan intilishlarini
qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, barcha yoshlarga oliy ta’lim olish
imkoniyati yaratib berilmoqda . Xususan, 51-moddada fuqarolar davlat ta’lim
tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli
ekanligi norma sifatida kiritilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli
yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida
ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini
kengaytirishdir.
Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish
doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari
yo‘qolmasligini kafolatlaydi. Shu bilan birga, davlat hisobidan ajratiladigan bepul
oliy ta’lim olish kafolatini tanlov asosida, keng raqobat sharoitlarini yaratgan
holda munosib bo‘lgan nomzodlargina qo‘lga kiritishi uchun zamin yaratadi.
Iqtidorli yoshlarning bepul oliy ma’lumot olishi esa mamlakatimiz kelajagini
belgilashda muhim kuch bo‘lgan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlarni
yetishtirishga xizmat qiladi .
MODELS AND METHODS IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
92
Muxtasar aytganda, buni to‘g‘ri anglagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev, prezidentlik muddatining birinchi kunlaridanoq ta’limni isloh
qilishni, birinchi navbatda o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini oshirishdan
boshlash lozimligini ta’kidlab kelmoqda, bugun Konstitutsiyamizning yangi
normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini
ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi
Asosiy Qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam
konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – T.: 2023 y.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil oktyabrdagi
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish
va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi.
3. https://constitution.uz/uz/pages/Konstitutsiya_mustahkam_kafolat.
4. 2023-yil 8-may “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini
amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
Farmoni
5.
https://kun.uz/news/2022/07/01/yangi-tahrirdagi-konstitutsiya-talimga-
yondashuvni-o‘zgartirish-vaqti-keldi