Authors

  • Feruza Abdumutaliyeva

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.science-research.104109

Keywords:

islom kapital bozori sukuk islomiy moliya investitsiyalar huquqiy asoslar moliyaviy inklyuziya moliyaviy vositalar O‘zbekiston iqtisodiy islohotlari.

Abstract

Ushbu ilmiy ishda islom kapital bozorining muhim tarkibiy qismi hisoblangan sukuk instrumentining mazmuni, huquqiy asoslari hamda uni O‘zbekistonda joriy etish zarurati chuqur tahlil qilingan. Dastlab, global miqyosda sukuk bozori va uning tez sur’atlarda o‘sishi statistik ma’lumotlar asosida ko‘rib chiqiladi. So‘ngra, sukukning asosiy turlari va ularning moliyaviy-islomiy tamoyillarga mosligi yoritiladi. Tadqiqotda O‘zbekiston sharoitida sukukni amaliyotga tatbiq etish istiqbollari, mavjud normativ-huquqiy baza va PF-6207-sonli Prezident farmoni doirasidagi islohotlar muhokama qilingan. Muallif O‘zbekistonda islom moliyasi va sukuk bozori salohiyatining hali to‘liq ishga solinmaganini ta’kidlab, ushbu sohada huquqiy infratuzilmani kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Ish yakunida, sukuk instrumentining joriy etilishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun halol, barqaror va xalqaro investitsiya jihatdan raqobatbardosh muhit yaratishda muhim o‘rin tutishi mumkin degan xulosa berilgan.

background image


Iyun, 2025-Yil

171

ISLOM KAPITAL BOZORINI TARTIBGA SOLISH ISTIQBOLLARI: SUKUK

INSTRUMENTINI JORIY ETISH ZARURATI VA HUQUQIY ASOSLARI

Abdumutaliyeva Feruza Egamberdi qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti,

“Xalqaro tijorat huquqi” yo‘nalishi Magistranti.

abdumutaliyevaferuza@gmail.com

https://doi.org/10.5281/zenodo.15637118

Annotatsiya. Ushbu ilmiy ishda islom kapital bozorining muhim tarkibiy qismi

hisoblangan sukuk instrumentining mazmuni, huquqiy asoslari hamda uni O‘zbekistonda joriy
etish zarurati chuqur tahlil qilingan. Dastlab, global miqyosda sukuk bozori va uning tez
sur’atlarda o‘sishi statistik ma’lumotlar asosida ko‘rib chiqiladi. So‘ngra, sukukning asosiy
turlari va ularning moliyaviy-islomiy tamoyillarga mosligi yoritiladi. Tadqiqotda O‘zbekiston
sharoitida sukukni amaliyotga tatbiq etish istiqbollari, mavjud normativ-huquqiy baza va PF-
6207-sonli Prezident farmoni doirasidagi islohotlar muhokama qilingan. Muallif O‘zbekistonda
islom moliyasi va sukuk bozori salohiyatining hali to‘liq ishga solinmaganini ta’kidlab, ushbu
sohada huquqiy infratuzilmani kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xorijiy
investorlarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Ish yakunida, sukuk instrumentining joriy
etilishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun halol, barqaror va xalqaro investitsiya jihatdan
raqobatbardosh muhit yaratishda muhim o‘rin tutishi mumkin degan xulosa berilgan.

Kalit so‘zlar: islom kapital bozori, sukuk, islomiy moliya, investitsiyalar, huquqiy asoslar,

moliyaviy inklyuziya, moliyaviy vositalar, O‘zbekiston iqtisodiy islohotlari.

Abstract. This research paper explores the essence of sukuk instruments, a key component

of the Islamic capital market, their legal foundations, and the necessity of their introduction in
Uzbekistan. It begins with an overview of the rapid global development of the sukuk market,
supported by statistical data. The study then analyzes the main types of sukuk and their
compliance with Islamic financial principles. The paper discusses the prospects for implementing
sukuk in Uzbekistan, reviews the existing regulatory framework, and highlights the reforms
outlined in Presidential Decree No. PF-6207. The author emphasizes that the full potential of
Islamic finance and the sukuk market in Uzbekistan remains untapped. Recommendations are
made to strengthen the legal infrastructure, promote academic research, and attract foreign
investors. In conclusion, the introduction of sukuk is identified as a strategic tool that can
contribute to creating a halal, stable, and internationally competitive investment environment in
Uzbekistan's economy.

Keywords: Islamic capital market, sukuk, Islamic finance, investments, legal framework,

financial inclusion, Sharia-compliant instruments, Uzbekistan economic reforms.

Аннотация. В данной научной работе рассматривается суть инструмента сукук

как ключевого элемента исламского рынка капитала, его правовые основы, а также
необходимость внедрения в Узбекистане. Исследование начинается с анализа
стремительного роста глобального рынка сукук, основанного на статистических данных.
Далее изучаются основные виды сукук и их соответствие исламским финансовым
принципам. В работе анализируются перспективы внедрения сукук в Узбекистане,
рассматривается действующая нормативно-правовая база и реформы, предусмотренные


background image


Iyun, 2025-Yil

172

Указом Президента № PF-6207. Автор подчёркивает, что потенциал исламских финансов
и рынка сукук в Узбекистане ещё не реализован в полной мере. В заключении приводятся
рекомендации по укреплению правовой инфраструктуры, развитию научных исследований
и привлечению иностранных инвесторов. Делается вывод, что внедрение сукук может
стать стратегическим инструментом для создания халяльной, стабильной и
конкурентоспособной инвестиционной среды в экономике Узбекистана.

Ключевые слова: исламский рынок капитала, сукук, исламские финансы,

инвестиции, правовая база, финансовая инклюзия, шариатские финансовые инструменты,
экономические реформы Узбекистана.

Islom kapital bozori zamonaviy global moliyaviy tizimning ajralmas bo‘lagi sifatida

alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u moliyaviy resurslarni jamlash va samarali taqsimlashning muhim
vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu bozor doirasida islomiy moliyaga xos bo‘lgan turli
xil vositalar – jumladan, sukuk, islomiy investitsiya fondlari hamda aksiyalar taqdim etiladi. Islom
moliya bozori tarkibida islomiy banklardan keyingi eng jadal va keng miqyosda rivojlanayotgan
soha bu – sukuk qimmatli qog‘ozlari segmentidir.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, global islomiy moliya aktivlari hajmi taxminan 4,94 trillion

AQSh dollariga yetishi kutilmoqda, bu ko’rsatkich islom moliyasi qanchalik jadallik bilan
rivojlanayotganligini ko’rsatadi. Global sukuk emissiyasi hajmi esa yil yakunida 190 milliarddan
200 milliard dollargacha yetishi kutilmoqda. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 193,4 milliard dollarni
tashkil etgan edi.

1

O‘zbekiston kabi islomiy moliyaning yangi rivojlanayotgan bozorlarida sukuk emissiyasi

istiqbollari juda keng. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani shakllantirish
bo‘yicha muayyan harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu esa islomiy moliya bozorining shakllanishi
va uning institutsional asoslarini rivojlantirish uchun muhim huquqiy zamin yaratmoqda.

Milliy qonunchlik uchun sukuk mutlaqo yangi huquqiy voqe’lik bo’lsa-da, xalqaro

maydonda sukukning huquqiy ta’rifi bir necha manbalarda uchraydi. Ushbu ta’rif xalqaro
ommamiy huquq subyektlari bo’lgan xalqaro tashkilotlar tomonidan emas, balki nodavlat notijorat
xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan. Xususan, bu borada Islom moliya muassasalari
uchun buxgalteriya va auditorlik tashkilotining (AAOIFI) faolligini ko’rish mumkin

Islomiy moliya institutlari va sanoati uchun buxgalteriya hisobi, audit, boshqaruv, axloq

hamda tavsiyaviy shariat standartlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan xalqaro islomiy notijorat
tashkilot — AAOIFI tomonidan berilgan ta’rifga ko‘ra sukuk — bu teng nominal qiymatga ega
bo‘lgan maxsus sertifikatlardir. Ular investorning muayyan loyiha doirasidagi moddiy aktivlar,
ko‘rsatilayotgan xizmatlar yoki aktivlarga bo‘lgan egalik ulushini ifodalaydi.

2

Sukuk chiqarilishi

uchun har bir emissiya moliyaviy qiymatga ega bo‘lgan haqiqiy aktivga bog‘langan bo‘lishi lozim.
Bu esa foiz asosida foyda olish (ribo)dan saqlanish imkonini yaratadi. Sukuk turlicha moliyaviy
modellar asosida shakllantiriladi, jumladan: ijaraga asoslangan sukuk (ijara sukuki), tovarlarni
qayta sotish shartnomasi asosidagi sukuk (murobaha sukuki), sarmoya sherikligi asosidagi sukuk

1

https://www.spglobal.com/ratings/en/research/articles/250417-islamic-finance-2025-2026-resilient-growth-amid-

upcoming-headwinds

2

https://aaoifi.com/ss-17-investment-sukuk/?lang=en


background image


Iyun, 2025-Yil

173

(mudoraba va musharaka sukuklari), oldindan to‘lov asosidagi sukuk (salam sukuki), buyurtma
asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun sukuk (istisna sukuki), shuningdek, turli
moliyaviy asoslar uyg‘unlashgan gibrid sukuk turlari mavjud.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, 2024-yilning o’zida 1100 dan ortiq sukuk emissiyasi amalga

oshirildi va ularning umumiy hajmi 174 milliard AQSH dollaridan oshdi. 2024-yil yakuniga kelib,
21 davlat sukuk bozorida ishtirok etdi. Sukuk bozori rivojiga muhim hissa qo’shgan hududlar
orasida Yaqin Sharq va Osiyo yetkachilik qiladi, xususan, Saudiya Arabistoni, Malayziya va
Birlashgan Arab Amirliklari emissiya hajmini oshirishda muhim o’ynagan.

3

Hozirda aholisi 37 millionga yaqinlashgan O’zbekistonda 96 foizdan ortig’i

musulmonlardan iborat bo’lib, bu holat islomiy moliyaviy xizmatlarga yuqori talab mavjudligini
ko’rsatadi.

4

Mavjud iqtisodiy o’sish va moliyaviy bozorlar rivojlanish yo’nalishidan kelib chiqqan

holda, mamlakat ayniqsa Islom moliyasi sohasida Markaziy Osiyo mintaqasida moliyaviy
markazga aylanish salohiyatiga ega.

5

2016-yil oxirida Prezident Mirziyoyev rahbarligida

boshlangan islohotlar natijasida O’zbekistonda islomiy moliya sohasida jonlanish kuzatildi.

Shunga qaramay, mamlakat iqtisodiy adabiyotida ushbu sohaga oid tadqiqotlar juda kam.
Yurtimizdagi so’nggi yillardagi iqtisodiy islohotlarning boshlanganligi va xorijiy

investitsiyalarni jalb qilish yo’lida amalga oshirilayotgan harakatlar fonida, moliyaviy inklyuziya
va chet ellik musulmon investorlarni jalb qilish, shuningdek, Islom moliyasi sanoatini joriy etish
va rivojlantirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu sohaning muhim tarkibiy qismi
va ichki hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda hal qiluvchi vosita sifatida Islom kapital
bozori alohida rol o’ynaydi.

Afsuski, Islom moliyasi sohasiga qiziqish va uning huquqiy asoslarini yaratish bo’yicha

hukumat ochiqligiga qaramay, bu yo’nalishda siljish sekin ketmoqda.

6

Jumladan O’zbekiston

Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
farmoni (2021-yil 13-aprel, PF-6207 son) qabul qilinib, unga ko’ra, 2021-2023-yillarda kapital
bozorini rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Ushbu dasturning asosiy yo’nalishlaridan biri
sifatida emitentlar sonini ko’paytirish, yangi moliyaviy mahsulotlar va korporativ boshqaruvni
takomillashtish belgilangan bo’lib, mavjud kapital bozorini ipoteka qimmatli qog’ozlari va sukuk
obligatsiyalari kabi yangi turlarini joriy qilish orqali diversifikatsiya qilish belgilangan bo’lsada,
ushbu sohada hech qanday amaliy qadamlar sezilmadi va hech qanday huquqiy mexanizmlar
amalga oshirilmadi.

E’tiborga loyiq jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Qimmatli

qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonuni (2015-yil 3-iyul, O‘RQ–394-son) bozor ishtirokchilari,
qimmatli qog‘ozlarning turlari va ularning muomalasi tartibini huquqiy tartibga solishga
qaratilgan asosiy qonun hujjati hisoblanib, bu qonun hozirgi holatida islomiy moliyaviy vositalar,
xususan sukukni to‘liq va aniq tarzda qamrab olmaydi.

3

https://cbonds.com/comments/569503

4

Abdullayev Azamat, Juliana Juliana, Bekimbetova Gulnora. Investigating the feasibility of Islamic finance in

Uzbekistan. Review of Islamic Economics and Finance; 2023; 6, pp 69

5

Botirova Hulkar Olimjonovna. Overview of Islamic Finance in Uzbekistan. Challenges and prospects. European

Journal of economics, Finance and Business development; 2023; 1, pp. 23

6

Asadov Alam, Turaboev Ikhtiyorjon, Md Nor Mohd Zakhiri. Legal challenges in establishing Islamic Capital market

in Uzbekistan. ISRA international journal of Islamic Finance, 2023; 15, pp. 50


background image


Iyun, 2025-Yil

174

Qonunning 3-moddasida belgilangan “qimmatli qog‘ozlar” tarkibiga faqat an’anaviy

moliyaviy vositalar — aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar va depozit sertifikatlari kiradi. Bu holat
sukukni mustaqil moliyaviy vosita sifatida qonunchilikda tan olinmaganligini ko‘rsatadi.

Lekin, shu bilan birga sukukning to’g’ridan-to’g’ri qonunchilikka kiritilishi huquqiy

noaniqliklarga sabab bo’lishi mumkin. Chunki, birinchidan, sukuk — bu investorning muayyan
aktivga egalik huquqini ifodalovchi va foiz asosidagi (ribo) daromad olishdan saqlanadigan
shariatga mos qimmatli qog‘oz hisoblanadi. U klassik obligatsiyalardan tubdan farq qilganligi
sababli, mavjud qonunchilikda sukukni mavjud moliyaviy vositalar turkumiga qo‘shib talqin
qilish, huquqiy noaniqlik va nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ham, O‘zbekiston
qonunchiligida sukukni tan olish uchun huquqiy normalarni islomiy moliya prinsiplariga mos
holda qayta ko‘rib chiqish zarur.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun

loyihasining ishlab chiqilgani muhim bir yutuq bo‘lib, ushbu loyihaning 8-bobi to‘g‘ridan-to‘g‘ri
islomiy qimmatli qog‘ozlarga bag‘ishlangani e’tiborga molikdir. Biroq mazkur bobdagi huquqiy
me’yorlar chuqur tahlil qilinadigan bo‘lsa, ular sukuk instrumentining chiqarilishi, joylashtirilishi,
muomalaga kiritilishi va so‘ndirilishida bir qator normativ-huquqiy noaniqliklarni keltirib
chiqarishi mumkinligi ayon bo‘ladi.

Avvalo, qonun loyihasida islomiy moliya institutlari tomonidan butun dunyoda keng

qo‘llaniladigan muhim terminlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki aniq ta’riflar bilan keltirilmagan. Masalan,
“sukuk”, “mudaraba”, “musharaka”, “wakala”, “murabaha” kabi atamalar Islom moliya
muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti (AAOIFI) va Islomiy moliyaviy xizmatlar
kengashi (IFSB) tomonidan ishlab chiqilgan standartlarda muhim huquqiy-texnik asosga ega
bo‘lishiga qaramay, qonun loyihasida faqatgina umumiy kontseptual yondashuv bilan
chegaralanib qolingan. Bu esa islomiy moliyaviy instrumentlarni amalga oshirishda normativ
aniqlik yetishmasligi xavfini yuzaga keltiradi.

Shuningdek, qonun loyihasida O‘zbekiston AAOIFI standartlarini tan olganini

ko‘rsatadigan normalar mavjud bo‘lsa-da, (53-modda va 59-modda) aynan qaysi standartlar asos
qilib olingani, ularning huquqiy ustuvorligi qanday tartibda ta’minlanishi va AAOIFI bilan yuzaga
kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning yurisdiksiyasi ochiq qolgan. Xususan, amaliyotda AAOIFI
standartlari va ichki qonunchilik o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan holatlarda, qaysi normaning
ustunligi e’tiborga olinadi? Bu masala qonun darajasida emas, balki vakolatli organlarning
qo‘shimcha normativ-huquqiy hujjatlari doirasiga yuklatilgan bo‘lib, bu esa tizimda qat’iylik va
huquqiy aniqlikni ta’minlamaydi.

Qonun loyihasining 59-moddasida sukuk instrumentining shariatga muvofiqligi ustidan

nazoratni amalga oshiruvchi “Islom moliyasi standartlari bo‘yicha kengash”ga alohida o‘rin
ajratilgan bo‘lsa-da, ushbu kengashning tashkiliy-huquqiy maqomi, xulosalarining majburiylik
darajasi, va u faoliyat yuritayotgan shart-sharoitlar to‘liq ochib berilmagan. Masalan, kengashning
qarorlari tavsiyaviy xususiyatga egami yoki majburiy kuchga egami? Qanday hollarda ularning
xulosalari bekor qilinishi yoki shubha ostiga olinishi mumkin? Shuningdek, kengashning tarkibi,
a’zolarining malaka talablarini belgilovchi normativ asoslar mavjud emas. Bu esa shariatga
muvofiqlik ustidan nazoratda xolislik va mustaqillik mezonlarining noaniq bo‘lishiga olib keladi.


background image


Iyun, 2025-Yil

175

Bundan tashqari, qonun loyihasida sukukni chiqarish, joylashtirish, muomalaga chiqarish

va so‘ndirish kabi amaliy mexanizmlar to‘liq bayon etilmagan bo‘lib, ushbu jarayonlar ko‘p
hollarda “vakolatli organ tomonidan belgilanadigan qo‘shimcha shartlar”ga bog‘lab qo‘yilgan.

Bunday yondashuv esa qonun ustuvorligini ta’minlashdan ko‘ra ijro hokimiyatining

diskresion vakolatlarini kuchaytiradi.

O’zbekistonda sukuk instrumentini joriy etishdagi keyingi bosqich sukukni qonuniy

qimmatli qo’g’oz sifatida amalda mavjud qonunchilikka moslashtirish masalasi hisoblanadi.
“Buning uchun Soliq kodeksi, Fuqarolik kodeksi va bank hamda investitsiya faoliyati bo‘yicha
asosiy qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish zarur, bu islom moliya sohasi gullab-yashnashi mumkin
bo‘lgan huquqiy muhitni yaratishga xizmat qiladi.” Fuqarolik huquqi doirasida sukuk asosida
tuziladigan shartnomaviy modellar – ijaraga berish (ijara sukuki), investitsion sheriklik
(musharaka, mudaraba sukuklari), tovar sotish va buyurtma asosidagi shartnomalar (murobaha,
istisna, salam sukuklari) uchun huquqiy asoslar Fuqarolik kodeksiga kiritilishi lozim. Soliq
kodeksi doirasida esa, Sukukdan olinadigan daromadning foiz emas, balki foyda ulushi ekanligi
inobatga olinib, soliq tartibida moslashtirish zarur. Shuningdek, shariatga muvofiq
moliyalashtirish uchun soliq imtiyozlari belgilanishi sukuk jozibadorligini oshiradi. AAOIFI
(Islomiy moliyaviy institutlar uchun buxgalteriya va audit tashkiloti) standartlari asosida sukuk
bo‘yicha hisobot yuritish mexanizmlarini joriy etish zaruriyati ham buxgalteriyaga oid
qonunchilik hujjatlariga o’zgaritish va qo’shimchalar kiritish kerakligini taqozo etadi. Bu
investorlar uchun shaffoflikni ta’minlaydi.

Bir qator tadqiqotlar sukuk moliyalashtirishining nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan

davlatlar iqtisodiy o’sishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishini aniqlagan

7

Shunga qaramay sukuk

bozorining rivojlanishiga hissa qo’shgan va qimmatli qog’ozlarga bo’lgan talablarga ta’sir
qiluvchi asosiy omillarni chuqur tushunish ham muhimdir. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan,
Qozog’iston va Qirg’izistonda sukuk bozorining qonuniy tartibga solinganligiga qaramasdan, sust
rivojlanishiga asosiy sabab ham sukuk bozorining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillarning
yetarlicha tadqiq qilinmagani deb o’ylayman. O’zbekiston kabi rivojlanayotgan bozor uchun ham
Islom Kapital bozori mahsulotlari salohiyatini va sukuk talabiga ta’sir qiluvchi omillarni yanada
ko’proq o’rganish va tadqiq qilish ushbu sohaning O’zbekistonda tezlik bilan rivojlanashiga ijobiy
ta’sir ko’rsatadigan omillardan deb hisoblaymiz.

IV. Xulosa

Xulosa qilib aytganda, islom kapital bozori, xususan, sukuk instrumenti O‘zbekistonda

moliyaviy tizimni diversifikatsiya qilish, halol va shariatga muvofiq investitsiya muhitini yaratish,
hamda mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etishda strategik ahamiyatga ega vosita bo‘lib xizmat
qilishi mumkin. Global miqyosda sukuk bozori jadal rivojlanib borayotgan bir paytda,
O‘zbekistonning islomiy moliya bo‘yicha salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan.

Mamlakatda ushbu yo‘nalishda ijobiy huquqiy harakatlar boshlangan bo‘lsa-da, xususan

“Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani va uning 8-bobi doirasida
islomiy qimmatli qog’ozlarning tartibga solinishi ko‘zda tutilganiga qaramasdan, ushbu huquqiy
asoslarning izchil va mukammal shakllantirilishi hali yakuniga yetmagan.

7

Ledhem, Muhammad Ayoub. Does Sukuk Financing Boost Economic growth? Empirical evidence from Southeast

Asia. PSU Research Review;2022; 6, pp 150


background image


Iyun, 2025-Yil

176

Qonun loyihasida AAOIFI standartlariga ishora mavjud bo‘lsa-da, aynan qaysi standartlar

tan olingani ochiq emas, shuningdek, sukuk emissiyasi va muomalasi bilan bog‘liq barcha
bosqichlarni tartibga soluvchi aniq va qat’iy mexanizmlar yetarli emas.

Bundan tashqari, xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan asosiy islomiy moliyaviy

atamalarning qonunchilikda aniq ta’riflanmaganligi, Islom moliyasi standartlari bo‘yicha
kengashning maqomi va vakolatlari to‘liq ochib berilmaganligi, shuningdek, qonunlarning amaliy
mexanizmlarini belgilovchi normalar ijro hokimiyati diskresiyasiga bog‘lab qo‘yilganligi mavjud
huquqiy tizimda noaniqliklarni yuzaga keltiradi. Bu esa sukuk instrumentining samarali joriy
etilishi va investorlar uchun ishonchli muhit shakllanishiga to‘siq bo‘ladi.

Shu bois, quyidagi takliflar ilgari surildi:
Islomiy moliyaga oid terminlar (sukuk, mudaraba, musharaka, murabaha va b.)

qonunchilik darajasida aniq va huquqiy jihatdan asosli tarzda ta’riflanishi lozim;

O‘zbekiston tomonidan tan olingan AAOIFI standartlari ro‘yxati va ularning ustuvorligi

qonun bilan belgilanishi, nizo yuzaga kelganda ular asos bo‘la olishi kerak;

“Islom moliyasi standartlari bo‘yicha kengash”ning tashkiliy-huquqiy maqomi, vakolat

doirasi va xulosalarining majburiylik darajasi aniq tartibga solinishi zarur;

Sukuk emissiyasining barcha bosqichlarini – chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish

va so‘ndirish – aniq normativ asosda tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilishi
lozim;

Shuningdek, Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi va buxgalteriya hisobiga oid qonunlarga

sukuk shartnomaviy modellarini aks ettiruvchi normalar va imtiyozlarni kiritish orqali shariatga
muvofiq muhit yaratish tavsiya etiladi.

REFERENCES

1.

Abdullayev Azamat, Juliana Juliana, Bekimbetova Gulnora. Investigating the feasibility of
Islamic finance in Uzbekistan. Review of Islamic Economics and Finance; 2023; 6, pp 63-
74

2.

Botirova Hulkar Olimjonovna. Overview of Islamic Finance in Uzbekistan. Challenges
and prospects. European Journal of economics, Finance and Business development; 2023;
1, pp. 20-25

3.

Asadov Alam, Turaboev Ikhtiyorjon, Md Nor Mohd Zakhiri. Legal challenges in
establishing Islamic Capital market in Uzbekistan. ISRA international journal of Islamic
Finance, 2023; 15,pp. 45-63

4.

Ledhem, Muhammad Ayoub. Does Sukuk Financing Boost Economic growth? Empirical
evidence from Southeast Asia. PSU Research Review;2022; 6, pp 141-157

5.

lex.uz

6.

aaofi.com

7.

cbonds.com

8.

spglobal.com

References

Abdullayev Azamat, Juliana Juliana, Bekimbetova Gulnora. Investigating the feasibility of Islamic finance in Uzbekistan. Review of Islamic Economics and Finance; 2023; 6, pp 63-74

Botirova Hulkar Olimjonovna. Overview of Islamic Finance in Uzbekistan. Challenges and prospects. European Journal of economics, Finance and Business development; 2023; 1, pp. 20-25

Asadov Alam, Turaboev Ikhtiyorjon, Md Nor Mohd Zakhiri. Legal challenges in establishing Islamic Capital market in Uzbekistan. ISRA international journal of Islamic Finance, 2023; 15,pp. 45-63

Ledhem, Muhammad Ayoub. Does Sukuk Financing Boost Economic growth? Empirical evidence from Southeast Asia. PSU Research Review;2022; 6, pp 141-157

lex.uz

aaofi.com

cbonds.com

spglobal.com