Aprel, 2025-Yil
439
MALAKALI YURIDIK YORDAM OLISH HUQUQINING QONUNLARDA VA
KONSTITUTSIYADA AKS ETTIRILGANLIGI
Boboqulova Mushtariybonu Akbarjonovna
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti 1-bosqich talabasi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15272492
Annotatsiya. Ushbu maqolada huquqiy davlatda malakali yuridik yordam olish
huquqining kafolatlari, jinoyat protsessida malakali yuridik yordam ko‘rsatish tartibi va huquqiy
asoslari yoritiladi. Shuningdek, malakali yuridik yordam ko‘rsatishda advokatlarning sud, tergov
jarayonidagi faoliyati hamda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi qanday
huquqlarga ega bo‘lishi, yuridik yordamdan foydalanish jarayonida qanday muammolar mavjud
bo‘lishi mumkinligi tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: Malakali yuridik yordam, jinoyat protsessi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi,
advokat, sud, tergov, sudlanuvchi, sukut saqlash huquqi.
ПРАВО НА ПОЛУЧЕНИЕ КВАЛИФИЦИРОВАННОЙ ЮРИДИЧЕСКОЙ
ПОМОЩИ ЗАКРЕПЛЕНО В ЗАКОНАХ И КОНСТИТУЦИИ
Аннотация. В данной статье будут освещены гарантии права на получение
квалифицированной юридической помощи в правовом государстве, порядок и правовые
основы оказания квалифицированной юридической помощи в уголовном процессе. Также
будет проанализирована деятельность адвокатов в суде и на стадии расследования, права
подозреваемого, обвиняемого или подсудимого, а также возможные проблемы, которые
могут возникнуть в процессе использования юридической помощи.
Ключевые слова: Квалифицированная юридическая помощь, уголовный процесс,
подозреваемый, обвиняемый, адвокат, суд, расследование, подсудимый, право на молчание.
THE RIGHT TO RECEIVE QUALIFIED LEGAL ASSISTANCE IS ENSHRINED IN
LAWS AND THE CONSTITUTION
Abstract. This article discusses the guarantees of the right to qualified legal assistance in
a rule of law state, the procedure and legal basis for providing qualified legal assistance in
criminal proceedings. It also analyzes the role of lawyers in the court and investigation processes,
the rights of the suspect, accused, or defendant, and the potential issues that may arise in the
process of utilizing legal assistance.
Keywords: Qualified legal assistance, criminal process, suspect, accused, lawyer, court,
investigation, defendant, right to remain silent.
Aprel, 2025-Yil
440
KIRISH:
Bugungi kunda fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish huquqiy davlat
va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida harakat qilayotgan davlatlar uchun asosiy qadamlardan biri
hisoblanadi. Insonlarning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilinishi va ularga
yuridik jihatdan ko‘mak berish huquqiy davlatning ajralmas tarkibiy qismini tashkil etadi. Bunday
davlatda insonlarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati faqatgina so‘zda, qog‘ozda emas, balki
amalda, real hayotda himoya qilinadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-
moddasida ham har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanashi keltirilgan va bu
esa har bir shaxsga o‘z huquq, manfaatlarini qonun yo‘li bilan, adolatli sud muhokamasi orqali
himoya qilish imkonini beradi. Shuningdek, har bir inson o‘z huquqlarini himoya qilishda
himoyachi ya’ni advokat xizmatidan foydalanishi ham mumkin.
Malakali yuridik yordam nafaqat shaxslarning huquqlarini himoya qiladi, balki jamiyatda
huquqiy himoya, ijtimoiy adolat, barqarorlik tamoyillarining rivojlanishiga ham yordam beradi.
Shuningdek, bugungi kunda inson huquqlarini himoya qilish, adolatli boshqaruv tizimini
ta’minlash hamda barcha fuqarolarga malakali yuridik yordam olish tizimini mustahkamlash
xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillarida mustahkamlangan bo‘lib, bundan shuni ko‘rishimiz
mumkinki, malakali yuridik yordam olish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimi ham xalqaro
darajada e’tirof etilgan.
ASOSIY QISM:
Malakali yuridik yordam - bu shaxsning huquq va erkinliklarini himoya
qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tajribali, tegishli bilim va malakaga ega
bo‘lgan yuridik mutaxassislar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlar majmuasidir. Bunga
quyidagilarni kiritishimiz mumkin: huquqiy maslahat berish, hujjatlarni rasmiylashtirish, sudda
himoya qilish, vakil sifatida ishtirok etish, shuningdek, huquqiy ma’lumot bilan ta’minlash. Bu
xizmatlarning professional darajada, qonunlarga muvofiq holda ko‘rsatilishi malakali yuridik
yordamning asosiy belgisi hisoblanadi.
Fuqarolar uchun malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlash uchun ushbu huquq
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, Jinoyat - protsessual kodeksida va boshqa bir qancha
qonunlar, normativ - huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiyamizning 29-
moddasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi
kafolatlanishi keltirib o‘tilgan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan
ko‘rsatiladi. [1] Ya’ni har bir inson malakali yuridik yordam xizmatidan foydalanishi mumkin,
bunda ular tenglik tamoyiliga asoslanadilar, mavqeidan, nasl - nasabidan qat’ nazar, barchaga bir
xil darajadagi yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Aprel, 2025-Yil
441
Shuningdek, agar ayblanuvchi yoki gumondor shaxs ijtimoiy yordamga muhtoj, ya’ni
shaxsiy advokat yollashga moddiy jihatdan qiynaladigan bo‘lsa, unga davlat hisobidan yuridik
yordam ko‘rsatish tartiblari ham mavjud. Bu tartiblarni amalda qo‘llash maqsadida esa 2023 - yil
16 - iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi” qonun qabul qilindi. Qonun
bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat
siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari
kafolatlari belgilandi. Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam - bu ushbu
qonunda belgilangan tartib - taomillar va shartlarga muvofiq to‘liq yoki qisman davlat hisobidan
ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya
qilishga qaratilgan malakali yuridik yordamdir. [2] Ba’zi bir insonlarda savol tug‘ilishi mumkin,
“Davlat hisobidan malakali yuridik yordam kim tomonidan ko‘rsatiladi?”. “Davlat hisobidan
yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi” qonunning 8-moddasida bu savolga aniq javob keltirilgan.
Davlat hisobidan yuridik yordam faqat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar
reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi. [2] Davlat hisobidan yuridik yordam
ko‘rsatish jarayonida qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining
ustuvorligi, shaffoflik, xolislik, kasbiy mahorat va bilimga egalik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik,
advokatning kasb etikasi qoidalariga va advokat qasamyodiga qat’iy rioya etish, advokatlik siriga
rioya etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplarga amal qilinadi.
Kimlar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega? Bu savolga javoban shuni
aytish kerakki, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki
javobgarlar bo‘lsa, ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo
nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon
qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek, mahkumlar bo‘lsa davlat hisobidan
yuridik yordam olishi mumkin. Bundan tashqari, ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga
«Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda, o‘z
huquqlari buzilgan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi
munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar, Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq,
jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi
yoki sudlanuvchi davlat hisobidan yuridik yordam olishga haqli hisoblanadilar. [2]
Jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish
erkinligi amalda cheklangan paytdan boshlab, har kim o‘z xohishiga ko‘ra advokat (himoyachi)
yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Aprel, 2025-Yil
442
Jinoyat - protsessual kodeksiga binoan, himoyachi gumon qilinuvchilarning,
ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda belgilangan
tartibda himoya qilishni amalga oshirish hamda ularga zarur yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga
ega bo‘lgan shaxsdir (49 - modda). Agar advokat gumon qilinuvchi, sudlanuvchi hamda
ayblanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilsa, u
himoyachi
sifatida faoliyatini amalga
oshiradi. Agar u jabrlanuvchi tomonidan sud jarayonlarida ishtirok etsa,
vakil
sifatida
faoliyat
ko‘rsatadi. [3] Shuningdek, Jinoyat - protsessual kodeksida advokatlar ya’ni himoyachilarni taklif
qilish, ularning faoliyati, davlat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatishda advokatlarning ishga jalb
etilish tartib - qoidalari ham batafsil tushuntirib berilgan. Bularning barchasi JPK 50-moddada
yoritilgan: himoyachi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qonuniy vakillari,
shuningdek gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan
boshqa shaxslar tomonidan taklif etiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra surishtiruvchi,
tergovchi, prokuror yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini ta’minlaydi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan tanlangan himoyachining yigirma
to‘rt soat ichida ishga kirishish imkoniyati bo‘lmagan hollarda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror
yoki sud gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoxud ularning qarindoshlariga
boshqa himoyachini taklif qilishni tavsiya etadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi
tanlagan himoyachi istalgan vaqtda ishga kirishishga haqlidir.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish
to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda gumon qilinuvchining,
ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam
ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida
qaror qabul qiladi, sud esa ajrim chiqaradi va advokatning ishga kirishish vaqtini belgilaydi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida surishtiruvchining, tergovchining,
prokurorning qarori yoki sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokat “Yuridik yordam” axborot tizimi
orqali avtomatik ravishda tanlanadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda
ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt
berilishi kerak.
Aprel, 2025-Yil
443
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan hamda tegishli ishda o‘zining ishtirok
etishini tasdiqlagan advokat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida
surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarorida yoki sudning ajrimida belgilangan
muddatda ishga kirishishi shart. “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda advokat davlat hisobidan yuridik
yordam ko‘rsatadigan advokatlarning navbatchilik jadvaliga asosan ishda ishtirok etish uchun jalb
qilinishi mumkin.
Advokat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra yoki
ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan taklif qilingan yoxud ushbu moddaning uchinchi
qismida belgilangan muddatda himoyachini taklif qilish huquqidan foydalanish niyati bildirilgan
hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
[3]
Afsuski, ayrim hollarda gumon qilinuvchi yoki sudlanuvchi shaxslar o‘z huquqlaridan
xabardor bo‘lmagani bois, yuridik yordamdan foydalanmaydi yoki undan voz kechadi. Bu esa
ko‘pincha sud xulosalarining bir tomonlama bo‘lishiga olib keladi. Adolatli sudlov uchun esa
yuridik yondashuvning muvozanatli bo‘lishi shart.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining ham bir qancha huquqlari mavjud.
Ular ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning
foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan
foydalanish huquqiga ega ekanliklari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 -
moddasida keltirilgan. Shuningdek, Bosh Qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizning ushbu
moddasida keltirilishicha, jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda
hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish
yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Shuni ham aytib o‘tishimiz
kerakki, odil sudlovni amalga oshirish jarayonida qonunga zid va uni buzgan holda olingan
dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Odil sudlovga taqdim etilgan dalilarning haqiqiy
ekanligi, qonunga zid emasligi advokatlar tomonidan ham o‘rganib chiqiladi. Quyidagi hollarda
dalillar maqbul emas deb topilishi mumkin (JPK 95
1
- modda):
1) jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa
solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo
turlarini qo‘llagan holda;
2) ularni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) yo‘li bilan;
Aprel, 2025-Yil
444
3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan
huquqlari, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
4) jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga
oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
5) noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin
bo‘lmagan manbadan;
6) jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi,
dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan olingan
bo‘lsa.
Umuman olganda, malakali yuridik yordam olish, ko‘rsatish, advokat xizmatidan
foydalanish, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchilarga o‘z huquqlarini tanishtirish hamda
odil sudlovda qonuniy dalilllardan foydalanish - bularning barchasi bugungi kunda adolatli
huquqiy davlatni barpo etish, kuchli fuqarolik jamiyatiga ega bo‘lish uchun harakat qilayotgan
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan va ularni amalga joriy
etilishida ba’zi bir kamchiliklarga duch kelinmoqda. Masalan, davlat hisobidan ko‘rsatilayotgan
yuridik yordam sifati har doim ham yuqori emasligi, advokatlar sonining ayrim viloyatlarda
yetishmovchiligi kabi muammolar. Mening fikrimcha, bu kabi muammolarni oldini olish,
Konstitutsiyamizning 29-moddasi amalga joriy etilishining samaradorligini yanada oshirish
maqsadida turli xil islohotlar amalga oshirilishi kerak. Quyidagilarni bunga misol qilib
ko‘rsatishimiz mumkin:
✓
Jinoyat-protsessual kodeksiga yuridik yordamning sifatini nazorat qiluvchi maxsus
normalar kiritish;
✓
Har bir tuman miqyosida “Mobil yuridik yordam markazlari”ni tashkil etish;
✓
Advokatlar malakasini oshirishga doir doimiy davlat dasturlarini joriy qilish hamda
malakali advokatlarni o‘qitish bo‘yicha samarali dasturlarni qo‘llash;
✓
Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun yuridik yordam olishda
hujjatlashtirish jarayonini soddalashtirish.
XULOSA:
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, insonning huquq va erkinliklarini himoya
qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash bu davlatning fuqarolari oldidagi ma’suliyatli
vazifalaridan biri hisoblanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu vazifalarni bajarishda davlat
malakali yuridik yordam olish, tarjimon xizmatidan foydalanish kabi gumon qilinuvchi,
ayblanuvchi yoki sudlanuvchining manfaatlarini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, uning
asosida qabul qilingan bir qancha qonunlarda mustahkamlab qo‘ygan va ularni amalga tatbiq
Aprel, 2025-Yil
445
etishda hozirgi kungacha sa’y - harakat qilmoqda. Yana shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki,
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 29-moddasida belgilangan malakali yuridik yordam
olish huquqi shunchaki rasmiy norma emas — bu shaxs erkinligi, sha’ni va adolatli sudlovning
kafolatidir. Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikdagi tegishli moddalar bu konstitutsiyaviy
normani real hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Shu boisdan, huquqiy madaniyatni oshirish,
advokatura tizimini mustahkamlash va davlatning ijtimoiy himoya siyosatini kengaytirish orqali
ushbu huquqni to‘liq amalga oshirish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasihttps://lex.uz/uz/docs/-6445145 ;
2.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi” qonun https://lex.uz/docs/-
6502543 ;
3.
Jinoyat-protsessual kodeksi https://lex.uz/docs/-111460 ;
4.
Akbutaev Eldor Bakirovich.” Jinoyat Protsessida Malakali Yuridik Yordamga Bo‘lgan
Huquq: Nazariy va Amaliy Masalalar” ilmiy maqola
5.
https://sciencebox.uz/index.php/siyosatshunoslik/article/view/10471.
