322
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
FUQAROLIK HUQUQIDA KAFOLAT: NAZARIY ASOSLARI, HUQUQIY
TABIATI VA O'ZIGA XOS JIHATLARI
Oltiyeva Maftuna
Toshkent davlat yuridik universiteti, Biznes huquqi yo’nalishi magistranti
Annotatsiya:
Mazkur maqolada fuqarolik huquqida kafolat institutining nazariy
asoslari, huquqiy tabiati hamda amaliyotdagi o‘ziga xos jihatlari yoritiladi.
Kafolatning boshqa ta’minlovchi vositalardan farqli jihatlarini ochib beriladi,
shuningdek, kafil, prinsipal va benefisiar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va ayrim xorijiy davlatlar
tajribasi asosida tahlil qilinadi. Maqolada kafolat institutining nazariy-huquqiy
asoslari bilan bir qatorda, uning amaliy qo‘llanilishi hamda huquqiy muammolari
muhokama etiladi.
Kalit so’zlar:
kafolat, majburiyat, kafil, prinsipal, benefisiar, fuqarolik huquqi
GUARANTEE IN CIVIL LAW: THEORETICAL FOUNDATIONS, LEGAL
NATURE, AND DISTINCTIVE FEATURES
Abstract:
This article highlights the theoretical foundations, legal nature, and
practical features of the guarantee institution in civil law. It reveals the distinguishing
characteristics of guarantees in comparison with other means of securing obligations.
Furthermore, the legal relationships between the guarantor, principal, and beneficiary
are analyzed based on the current legislation of the Republic of Uzbekistan and the
experiences of certain foreign countries. Alongside the theoretical and legal
framework, the article also discusses the practical application of the guarantee
institution and the legal issues associated with it.
Keywords:
guarantee, obligation, guarantor, principal, beneficiary, civil law.
Fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda ishtirokchilarning o’zaro huquq va
majburiyatlarini aniq belgilash hamda ushbu majburiyatlarning bajarilishini
ta’minlash bugungi huquqiy tizimning eng muhim jihatlaridan biridir. Shartnoma
erkinligi va xususiy mulk daxlsizligi tamoyillariga asoslangan bozor iqtisodiyoti
sharoitida taraflar o’rtasidagi ishonch darajasini oshirish, ayniqsa, yirik iqtisodiy
323
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
bitimlarda kelishilgan majburiyatlarning bajarilishini kafolatlaydigan mexanizmlarga
ehtiyoj ortib bormoqda.
Majburiyatni ta’minlash vositalari ichida kafolat instituti o‘zining ishonchliligi,
va nisbatan aniq tartibga solinishi bilan ajralib turadi. Kafolat orqali uchinchi shaxs
—
kafil tomonidan majburiyat bajarilmasa, u o’rniga javob berilishi taraflar o’rtasida
ishonchli huquqiy muhit yaratadi. Ayniqsa, banklar yoki boshqa yirik moliyaviy
tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan kafolatlar iqtisodiy xavf-xatarlarni
kamaytirishning muhim vositasiga aylangan.
Shu bois, kafolat institutining huquqiy mohiyatini, boshqa ta’minlovchi
vositalardan farqli jihatlarini, milliy qonunchilikdagi tartibga solinishini va xorijiy
tajriba bilan o‘zaro bog‘liqliklarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mazkur
maqolada aynan shu jihatlar tahlil qilinib, kafolat institutining nazariy-huquqiy
asoslari va amaliy qo‘llanilishiga e’tibor qaratiladi.
Hozirda amalda qo’llanilayotgan kafolat institutining vujudga kelishi Qadimgi
Rim huquqiga borib taqaladi. Kafolat tushunchasini mashhur huquqshunoslardan Gay
ta’riflab bergan. Unga ko‘ra agar qarzdor majburiyatini bajarmasa yoki olingan
qarzni o‘z vaqtida qaytarmasa, boshqa biror shaxs ushbu majburiyatning ijrosini o‘z
zimmasiga olishi mumkin bo‘lgan. V.Topildiyev ta’kidlashicha, Qadimgi Rimda
kafolat bergan shaxsda qarzdorga nisbatan regress huquqi vujudga kelgan va qarzdor
kafolat bergan shaxsga ikki barobar qilib qarzni qaytarishi lozim bo‘lgan [1].
Kafolatga oid eng dastlabki bitimlar “fideiussio” deb nomlangan va u orqali uchinchi
shaxs (fideiussor) asosiy qarzdorning majburiyatini bajarmagan taqdirda, kreditor
oldida javobgar bo‘lgan. Bu kafolat shakli asosiy majburiyatga yordamchi xarakterda
bo‘lib, u mustaqil emas, balki unga bevosita bog‘liq hisoblanadi.
O‘rta asrlarda esa Yevropa mamlakatlarida Rim huquqi an’analarining qayta
tiklanishi natijasida kafolat huquqiy munosabatlar tarkibiga qaytadi. Bu davrda
kafolat ko‘proq shaxsiy ishonch va diniy axloq tamoyillari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ayniqsa, cherkov huquqi doirasida kafillik majburiyatlarining axloqiy va huquqiy
jihatlari o‘z ifodasini topgan.
Bugungi kundagi kafolat institutining fuqarolik-huquqiy institut sifatida
shakllanishi va huquqiy tizimlarga tatbiq etilishi tovar ayirboshlash hajmining
kengayishi va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning murakkablashuvi bilan bevosita
bog‘liq. Aynan XX asrning ikkinchi yarmida —
yirik infratuzilma loyihalari,
aeroportlar, kasalxonalar, energetika tarmoqlari va boshqa transmilliy moliyaviy
dasturlar hayotga tatbiq etilgan davrda
—
mustaqil (bank) kafolatga bo‘lgan ehtiyoj
324
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
kuchaydi. Bunday yirik loyihalarda ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida ishonch
yetishmasligi eng muhim huquqiy to‘siqlardan biri sifatida namoyon bo‘ldi.
Kafolat institutining xalqaro normalarda huquqiy tan olinishi 1978-yilda
Xalqaro savdo palatasi tomonidan kafolat shartnomalariga oid birinchi rasmiy
nashrning chop etilishi bilan bog‘liq [2]. Ushbu hujjatning asosiy maqsadi —
xalqaro
amaliyotdagi tartibsiz va bir-biridan farqli yondashuvlarni tizimlashtirish, kafolat
shartlarini izchil talqin qilishga zamin yaratish edi. Bu hujjat orqali xalqaro kafolatlar
bo‘yicha shartnomaviy munosabatlar muayyan shaklga keltirilishga harakat qilindi.
Bugungi kunda kafolat institutining zamonaviy shakllari ko‘plab davlatlarning
fuqarolik kodekslari, xalqaro konvensiyalar va bank amaliyotiga oid qoidalar bilan
huquqiy tartibga solingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining
299
–
310-
moddalarida kafolat institutining asosiy huquqiy me’yorlari mustahkamlab
qo‘yilgan.
Kafolatning asosiy funksiyasi majburiyat bajarilishini huquqiy jihatdan
ta’minlashdan iborat. Biroq uning tushunchasi va huquqiy tabiati huquqiy tizimga
qarab sezilarli darajada farqlanadi. Romano-German va Anglo-Sakson huquq
tizimlari kafolat institutiga turlicha yondashadi
—
bu esa huquqiy amaliyot va
shartnoma taraflari uchun muhim farqlarni yuzaga keltiradi.
Romano-German huquq oilasiga mansub mamlakatlar, xususan Germaniya,
Fransiya va Rossiyada kafolat an'anaviy ta’minlovchi vosita sifatida, ya’ni asosiy
majburiyatga bog‘langan yordamchi shartnoma (akssesuar majburiyat) sifatida
ko‘riladi. Germaniya fuqarolik kodeksining (BGB) 765
-
moddasiga ko‘ra, “kafil
boshqa bir shaxsning kreditor oldidagi majburiyatini bajarishga majbur bo‘ladi” —
bu esa kafolatning asosiy majburiyatga to‘liq bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Bu tizimda kafolat shartnomasi faqat asosiy shartnoma amal qilayotgan taqdirda
yuridik kuchga ega bo‘ladi. Agar asosiy qarzdorning majburiyati bekor qilinsa,
kafilning javobgarligi ham avtomatik ravishda yo‘qqa chiqadi. Bu yondashuv
“akssesuar” (Akzessorietät) xarakter deb yuritiladi.
Anglo-Sakson huquq tizimi, ayniqsa Buyuk Britaniya va AQShda, kafolat
tushunchasini ikki shaklda farqlaydi:
1.Suretyship (traditional guarantee)
—
asosiy majburiyat bilan bog‘langan,
Romano-
German tizimidagiga o‘xshash yondashuv.
2.Independent (standby) guarantee / Bank guarantee
—
asosiy majburiyatdan
mustaqil, alohida huquqiy bitim sifatida qaraladi.
Independent guarantee, ayniqsa banklar tomonidan taqdim etiladigan
kafolatlarda keng qo‘llaniladi. Bu kafolat shartnomasi asosiy shartnoma yaroqsiz
325
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
bo‘lib qolgan taqdirda ham o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Masalan, agar bank “on demand
guarantee” taqdim etsa, bu holatda benefisiar faqat yozma talab yuborish orqali to‘lov
talab qilish huquqiga ega bo‘ladi —
hatto asosiy shartnoma nizosi hal qilinmagan
bo‘lsa ham. Bizning qonunchilikda ham “on demand guarantee” (talab bo‘yicha
kafolat) tushunchasi bevosita nomi bilan nazarda tutilmagan bo‘lsa
-da, amaliyotda bu
turdagi kafolatlar, ayniqsa banklar tomonidan, yirik shartnomalarda keng
qo‘llanilmoqda. Fuqarolik kodeksining 299
-
moddasidagi “benefitsiar tomonidan
yozma talabnoma taqdim etilgan taqdirda to‘lov majburiyati yuzaga keladi” degan
normasi aynan “on demand” kafolatlariga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, davlat xaridlari, tenderlar va investitsiya bitimlarida banklar tomonidan
taqdim etiladigan kafolatlar ko‘pincha talab yuzasidan to‘lovni amalga oshirish
shartlariga asoslanadi. Biroq, bu institut milliy qonunchilikda aniq “mustaqil kafolat”
yoki “on demand kafolat” sifatida ajratib ko‘rsatilmaganligi sababli, ba’zida huquqni
qo‘llashda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.
Britaniya sud amaliyotida kafolat masalasi ko‘pincha “strict compliance”
qoidasi asosida ko‘riladi. Ya’ni, agar kafolat shartida to‘lov shartlari aniq ko‘rsatilgan
bo‘lsa, bank bu talabga muvofiq to‘lovni amalga oshirishi shart.
Ko’rishimiz mumkinki, Romano
-
German tizimida kafolatga bo‘lgan yondashuv
ehtiyotkorlik va formalizmga asoslangan. Bu esa kafilning huquqiy xavfsizligini
ta’minlaydi, ammo iqtisodiy jihatdan tezkor to‘lovlar talab qilinadigan holatlarda
muammolarga olib keladi. Anglo-Sakson tizimi esa iqtisodiy xavfsizlikni birinchi
o‘ringa qo‘yadi. Shuning uchun kafolat shartlari qat’iy va mustaqil yuritiladi. Bu esa
yirik korporatsiyalar, xalqaro savdo va infratuzilma loyihalari uchun qulaylik
yaratadi.
Demak, kafolat institutining huquqiy tabiati har bir huquqiy tizimda o‘ziga xos
tarzda izohlanadi. Romano-
German tizimida u majburiyatga bog‘liq bo‘lsa, Anglo
-
Sakson yondashuvi kafolatni mustaqil, talab bo‘yicha to‘lanadigan vosita sifatida
belgilaydi. Har ikkala yondashuvda ham maqsad
—
kreditor huquqlarini ishonchli
himoya qilish, biroq yondashuv vositalari va mexanizmlari sezilarli darajada farq
qiladi.
Milliy qonunchilik bo’yicha kafolat tushunchasiga FK 299
-moddasida
quyidagicha ta’rif beriladi: “Kafolatga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki
sug‘urta tashkiloti (kafil) boshqa shaxs (prinsipal)ning iltimosiga ko‘ra kafil o‘z
zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori
(benefitsiar) pul summasini to‘lash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga
to‘lash haqida prinsipalga yozma majburiyat beradi” [3]. Ushbu normani tahlil
326
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
qiladigan bo‘lsak, kafolat —
bu bank, boshqa kredit muassasasi yoki sug‘urta
tashkiloti (kafil) tomonidan boshqa shaxs
—
prinsipalning iltimosiga ko‘ra, uning
kreditoriga (benefitsiar) nisbatan beriladigan yozma majburiyatdir. Mazkur
majburiyatga ko‘ra, agar benefitsiar kafolat shartlariga muvofiq prinsipal tomonidan
bajarilmagan majburiyat yuzasidan yozma talabnoma yuborsa, kafil ushbu talab
asosida unga pul to‘lash majburiyatini oladi.
Shu bilan kafolat prinsipalning o‘z majburiyatlarini bajarishini ta’minlashga
xizmat qiladigan shaxsiy ta’minot vositasidir. Mazkur institutning huquqiy
mohiyatida bir nechta muhim elementlardan tashkil topadi:
Kafil
—
bu faqat alohida subyektlar, ya’ni bank, sug‘urta kompaniyasi yoki
kredit muassasasi bo‘lishi mumkin. Bu esa, kafolat institutining moliyaviy
barqarorlik va ishonchlilik darajasini oshirishga qaratilgan.
Prinsipal
—
bu kafolat berilishini so‘ragan shaxs bo‘lib, odatda, kreditor
oldidagi o‘z majburiyatlarini kafolatlash maqsadida harakat qiladi.
Benefitsiar
—
bu prinsipalning kreditori bo‘lib, bevosita kafolat shartnomasi
asosida talabnoma yuborish va to‘lov olish huquqiga ega shaxsdir.
Yozma shakl va aniq talabnoma
—
bu huquqiy institutning ajralmas shartlaridan
biridir. Kafolat faqat yozma tarzda rasmiylashtiriladi va kafildan to‘lovni talab qilish
benefitsiar tomonidan yozma ravishda amalga oshirilishi lozim.
Mazkur norma orqali kafolat institutining O‘zbekiston huquqidagi o‘ziga xosligi
belgilanadi. Xususan, bu institut odatdagi kafillikdan farq qiladi. Chunki kafolat
bo‘yicha kafilning majburiyati prinsipalning bajarmasligiga emas, balki benefitsiar
tomonidan belgilangan tartibda berilgan talabnomaga bog‘liq bo‘ladi. Shu jihatdan,
bu kafolatlar ko‘pincha mustaqil yoki bank kafolatlari sifatida e’tirof etiladi. Bunday
kafolatlar ayniqsa xalqaro savdo, davlat xaridlari, yirik investitsiya loyihalari va
qurilish shartnomalarida keng qo‘llaniladi. Kafolat, iqtisodiy muomalalardagi
ishonchni mustahkamlash, kreditor manfaatlarini himoya qilish, shuningdek,
majburiyatlar bajarilishini moliyaviy jihatdan kafolatlash vositasi sifatida xizmat
qiladi.
Kafolatning huquqiy tabiati, xususan, shartnoma xususiyatlari, taraflar
o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar va kafolat majburiyatining shakllanishi bo‘yicha
turli yuridik maktablarda turlicha qarashlar mavjud. Kafolat institutini to‘liq anglash
uchun avvalo nazariy yondashuvlarni va huquqshunoslar fikrlarini tahlil qilish
maqsadga muvofiqdir.
X.R. Rahmonqulov “Majburiyat huquqi” asarida kafolatni “shaxsiy ta’minot
vositasi bo‘lib, unda kafil –
mustaqil subyekt sifatida kreditor oldidagi majburiyatni
327
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
bajarishni o‘z zimmasiga oladi, bu bilan kreditor huquqlari qo‘shimcha ravishda
himoyalanadi”, deb ta’riflaydi [4]. Muallifning fikricha, kafolat shartnomasining
tabiati ko‘p hollarda mustaqil, ya’ni prinsipal majburiyatidan ajralgan bo‘lishi
mumkin va aynan shu xususiyat uni oddiy kafillikdan farqlaydi.
Rus huquqshonos olimi S.S. Alekseev kafolatni “ta’minot shartnomasi bo‘lib, u
mustaqil majburiyat hosil qiladi va asliy majburiyatga bevosita bog‘liq bo‘lmasligi
ham mumkin” deb ta’riflaydi [5]. Unga ko‘ra, bank kafolati yoki boshqa mustaqil
kafolatlar prinsipalning majburiyatlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab
-quvvatlovchi
mexanizm hisoblanadi va kreditor uchun xavf-xatarni kamaytiradi.
Germaniyalik huquqshunos Karl Larenz esa kafolatni “kredit muomalasida
ishonch yaratish va ta’minot yaratishga qaratilgan shaxsiy moliyaviy majburiyat” deb
tavsiflaydi. Uning fikricha, kafolat o‘z huquqiy mohiyati jihatidan avtonom
(mustaqil) majburiyat bo‘lib, u shartnomaviy asosda yuzaga keladi, biroq bu
majburiyat kreditorning talabiga javoban mustaqil tarzda vujudga keladi [6].
Huquqiy tabiat nuqtayi nazaridan, kafolat shartnomasi ko‘plab huquqshunoslar
tomonidan bir tomonlama shartnoma deb e’tirof etiladi. Chunki bunda faqat kafil
tomonidan majburiyat olinadi
–
u benefitsiarga muayyan holat yuz berganda (odatda
prinsipalning majburiyatni bajarmasligi) pul to‘lashni o‘z zimmasiga oladi. Kreditor
esa hech qanday bevosita majburiyat olmaydi, faqat talab qo‘yish huquqiga ega
bo‘ladi.
Ammo ayrim huquqshunoslar, xususan, rus olimi I.B. Novitskiy, kafolatni ikki
tomonlama shartnoma deb baholaydi, chunki kafolatni berishdan avval manfaatdor
tomon (prinsipal) kafildan buni so‘raydi va o‘z navbatida unga xizmat haqi to‘lash
majburiyatini oladi [7]. Biroq bu munosabat asosan kafil va prinsipal o‘rtasida
yuzaga keladi, kreditor esa ushbu shartnomaga passiv ishtirokchi sifatida kiradi.
Amaliyotda kafolatlar, ayniqsa bank kafolatlari, odatda haq evaziga beriladi.
Banklar va sug‘urta tashkilotlari prinsipal bilan alohida shartnoma tuzadi va bu
xizmat uchun komissiya undiriladi. Shu sababli, kafolatni “haq evaziga bajariladigan
shartnoma” deb tasniflash mumkin. Biroq qonunchilikda bu qat’iy belgilab
qo‘yilmagan, ya’ni taraflar o‘zaro kelishuv asosida tekin asosda kafolat berilishi
haqida ham shartnoma tuzishlari mumkin.
Kafolat shartnomasining yuridik tabiati bo‘yicha huquqiy adabiyotlarda ikkita
asosiy yondashuv mavjud:
Real shartnoma degani
–
shartnoma faqat narsa yoki qiymat topshirilganda
haqiqiy kuchga ega bo‘ladi.
328
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
Konsensual shartnoma esa faqat taraflarning roziligi (konsensus) asosida yuzaga
keladi. O‘zbekiston qonunchiligida kafolat shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart
(FK 299-modda) va unga asosan majburiyat faqat taraflar roziligi bilan yuzaga
keladi. Shu bois kafolat shartnomasi konsensual shartnoma deb e’tirof etiladi.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, kafolat instituti o‘zining
murakkab huquqiy mohiyatiga ega. Uning asosiy xususiyati
—
prinsipalning
majburiyatini ishonchli ta’minlash va kreditor
-benifitsiar manfaatlarini himoya
qilishdir. Kafolat shartnomasi, odatda, bir tomonlama, haq evaziga va konsensual
xususiyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, kafolat –
prinsipal va kreditor o‘rtasidagi
majburiyatlardan mustaqil bo‘lgan, kafil va kreditor o‘rtasida mustahkam yuridik
munosabatni yuzaga keltiruvchi institut sifatida e’tirof etiladi.
Fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash
ishonchli huquqiy mexanizmlarni talab qiladi. Aynan shunday mexanizmlardan biri
sifatida kafolat instituti muhim o‘rin tutadi. Kafolat kreditor manfaatlarini himoya
qilishda, moliyaviy xavflarni kamaytirishda va shartnoma tomonlari o‘rtasida
ishonchni shakllantirishda faol vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Kafolat bir necha asosiy funksiyalarni bajaradi. U, avvalo, prinsipal tomonidan
majburiyatlarning bajarilmasligi ehtimoliga qarshi moliyaviy himoya vositasi bo‘lib
xizmat qiladi. Shuningdek, kreditor uchun tezkor to‘lov olish imkonini yaratadi,
chunki kafolat bo‘yicha talab kreditorning yozma murojaati asosida amalga
oshiriladi. Bu institut, shartnoma ishtirokchilarining shartnoma qoidalariga rioya
qilish, har ikki tomon uchun huquqiy aniqlikni ta’minlash, shuningdek
majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishga turtki berish kabi funksiyalarni ham o‘z ichiga
oladi.
Kafolatning o‘ziga xos belgilaridan biri —
uning mustaqil majburiyat sifatida
yuzaga kelishidir. Ya’ni, u prinsipalning asosiy majburiyatidan alohida, mustaqil
ravishda mavjud bo‘ladi va kreditor tomonidan prinsipalning majburiyatni
bajarmaganini isbotlash talab qilinmaydi. Kafolat faqat yozma shaklda
rasmiylashtiriladi, bunda aniq majburiyatlar, tomonlar va shartlar ko‘rsatiladi. Shu
bilan birga, kafolat bo‘yicha majburiyatlar, odatda, professional subyektlar –
bank va
moliya muassasalari tomonidan bajarilishi sababli, huquqiy barqarorlik va
ishonchlilik yuqori darajada ta’minlanadi.
Kafolat boshqa majburiyatni ta’minlovchi vositalardan bir qancha mezonlar
bo‘yicha farq qiladi. Masalan, kafillikda har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs kafil
sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘lsa, kafolatda bunday vakolat faqat moliyaviy
tashkilotlarga berilgan. Kafillikda kafilning javobgarligi subsidiar bo‘lib, kreditor
329
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
birinchi navbatda prinsipalga murojaat qilishi lozim bo‘ladi, kafolatda esa kreditor
bevosita kafilga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Garovda esa majburiyat
moddiy mulk bilan ta’minlanadi va kreditor garov predmetini realizatsiya qilish
orqali qanoatlanadi, kafolatda esa bevosita pul to‘lovi amalga oshiriladi. Shu sababli,
kafolat instituti soddalashtirilgan tartib, professional kafillik va ishonchli to‘lov
mexanizmlari bilan ajralib turadi.
Kafolat instituti majburiyatlar bajarilishining kafolatlanganligini ta’minlovchi
huquqiy vosita sifatida muomalada qatnashayotgan subyektlar o‘rtasida moliyaviy va
huquqiy barqarorlikni shakllantiradi. Tahlil natijalariga ko‘ra, kafolat boshqa
ta’minot shakllaridan —
xususan, kafillik va garovdan
—
bir qator mezonlar
bo‘yicha ajralib turadi: u, birinchidan, faqat moliyaviy jihatdan barqaror tashkilotlar
(banklar, sug‘urta kompaniyalari) tomonidan taqdim etilishi bilan; ikkinchidan,
prinsipalning javobgarligidan mustaqil, bevosita kreditor talabi asosida to‘lanishi
bilan; uchinchidan esa, shartnoma tuzilganidan keyin sodda va tezkor mexanizmga
ega bo‘lishi bilan tavsiflanadi.
Milliy qonunchilikda kafolatning yozma shaklda tuzilishi, aniq tomonlar va
majburiyatlar belgilanishi, shuningdek, mustaqil moliyaviy subyektlar orqali amalga
oshirilishi uning qonuniylik darajasini oshiradi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, kafolat
shartnomasi odatda bir tomonlama, haq evaziga va konsensual tusga ega bo‘lib, bu
uni klassik shartnoma turlaridan farqlantiradi. Nazariy qarashlar tahlilida esa kafolat
institutining huquqiy tabiati, uning mustaqil yoki qo’shimcha majburiyat sifatida
baholanishi, har bir huquqiy tizimda o‘ziga xos talqin qilinayotganini isbotlaydi.
Xususan, Romano-
German tizimida kafolat asosiy majburiyatga bog‘langan
yordamchi institut sifatida talqin qilinayotgan bo‘lsa, Anglo
-
Sakson huquqida u ko‘p
hollarda mustaqil, “on demand” shartlariga asoslangan bitim sifatida mavjud.
Bu holat milliy qonunchilikni takomillashtirish yo‘lida muayyan xulosalarni
shakllantirishga zamin yaratadi. Xususan, kafolat institutini huquqni qo‘llash
amaliyotida yanada izchil va bir xilda talqin qilish, unga oid shartnomalar tuzilishida
xalqaro standartlardan foydalanish, iqtisodiy sudlar qarorlarida bu institutga doir
qarama-qarshi yondashuvlarni bartaraf etish zarurati mavjud. Shu bilan birga, bank
kafolatlari amaliyotiga doir alohida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish orqali
investor va kreditor manfaatlarini yanada kuchliroq himoya qilish mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
330
Issue 13(48), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 5.06.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
1.Rim huquqi
yurisprudensiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun
darslik/ V.R. Topildiyev; O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligi.-Toshkent: Yangi asr avlodi. 2013. 260 b
–
156 b
2. Тихомиров Ю.А. Некоторые векторы регулирования –
«другое» право? /
Ю.А. Тихомиров // Государство и право в современном мире: проблемы теории
и истории.
-
С. 5 –
15.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. (Qonun hujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasi, 22.04.2025-y., 03/25/1060/0373-son)
4.Rahmonqulov H.R. Majburiyat huquqi (umumiy qoidalar). /Huquqshunoslik
ixtisosi bo’yicha oliy o’quv yurtlari “Xususiy huquq” yo’nalisji magistratura
talabalari uchun.
–
T.: TDYI nashriyoti, 2009. 316 b
–
125 b
5. Алексеев С.С., Аюшеева И.З., Васильев А.С. [и др.] Гражданское право:
учебник: в 3 т.
Т. 1 /под общ. ред. С. А. Степанова. –
М.: "Проспект"; "Институт
частного права", 2011 г. –
379 с –
374 с.
6. Larenz, K. Lehrbuch des Schuldrechts. Band I: Allgemeiner Teil. 14. Aufl.
–
München: C.H. Beck, 1987. –
S. 419.
7. Новицкий И.Б., Лунц Л.А. Общая часть гражданского права. –
М.:
Юриздат, 1955.
