100
Issue 8(43), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 30.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
SAHIH AL-BUXORIYNING "ILM KITOBI": ILMGA TERANG
YONDASHUVNING ASOSIY MANBASI
Korabayev Nurpeys
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom inistituti 4-kurs talabasi
Annotatsiya:
Ushbu maqolada buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning “al-
Jomi‘ as-Sahih” asaridagi “Kitab ul-Ilm” bobining ilmiy-ma’naviy ahamiyati tahlil
qilinadi. Islomda ilmga bo‘lgan yondashuv Qur’oni karim va hadisi shariflar asosida
yoritilgani, ayniqsa, “Ilm kitobi”da ilmni o‘rganish, uni niyat bilan bog‘lash, yozib
borish, boshqalarga yetkazish, ayollar va bolalar ta’limi hamda foydasiz ilmning
salbiy oqibatlari kabi dolzarb masalalar keng qamrab olingani asosli dalillar bilan
ko‘rsatib beriladi. Imom al-Buxoriyning ilmga oid hadislarni maxsus bobda
jamlagani uning bu mavzuga nisbatan chuqur e’tibor bilan yondashganini ifodalaydi.
Maqolada, shuningdek, “Kitab ul-Ilm”ning bugungi zamon ilmiy-ma’naviy muhitida
tutgan o‘rni va har bir inson uchun tutgan ahamiyati tahliliy yondashuv asosida
yoritiladi. Tadqiqotda zamonaviy jamiyatda foydali ilmga intilish va uni amaliyotda
qo‘llash zaruriyati alohida ta’kidlanadi.
Kalit so‘zlar:
Imom al-Buxoriy, al-Jomi‘ as-Sahih, Kitab ul-Ilm, ilmning fazli,
foydali ilm, hadis ilmi, islomda ta’lim, diniy-ma’naviy qadriyatlar, ilmga niyat.
Islom dini o‘zining ilk kunlaridan boshlab ilmga, bilim olish va uni boshqalarga
yetkazishga alohida e’tibor bergan. Bu jihat Qur’oni karimda va Rasululloh
alayhissalomning hadisi shariflarida aniq namoyon bo‘lgan. Bu boradagi eng asosiy
manbalardan biri Imom Buxoriy (rahimahulloh)ning “Sahih” to‘plamidir. Ushbu
sahih hadislar to‘plami islom ilmlarining ko‘p tarmoqlarida asosiy dalil bo‘lib xizmat
qiladi. Ayniqsa, “Kitab ul-Ilm” – ya’ni “Ilm kitobi” – bilimning qadri, uni o‘rganish
va tarqatishdagi odoblar, niyat va ahamiyatini yoritib beruvchi eng muhim boblardan
biridir.
Imom Buxoriy (810–870 milodiy; 194–256 hijriy) musulmon olamidagi eng
yirik muhaddislardan biridir. U yoshligidan hadis ilmini chuqur o‘rganib, minglab
roviylardan ilm olgan. Uning “al-Jomi‘ as-Sahih” asari faqat sahih (ishonchli)
hadislarni jamlagani bilan ajralib turadi. Asarning ilk boblaridan biri sifatida “Kitab
ul-Ilm”ni keltirishi Imom Buxoriy uchun ilmning naqadar ustuvor mavqeʼda
ekanidan dalolat beradi. “Kitab ul-Ilm”da koʻplab boblar mavjud bo‘lib, har biri
ilmning bir jihatini yoritishga qaratilgan. Bu boblarda quyidagi mavzular yoritiladi:
-Ilmning fazli va unga bo‘lgan targ‘ib
101
Issue 8(43), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 30.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
-Ilmni o‘rganish niyati
-Ilmni yozib borishning ahamiyati
-Ayollarning ilm o‘rganish huquqi
-Bolalar va yoshlarning ilmga jalb qilinishi
-Ilmni yashirishning gunohi
-Amal qilinmaydigan ilmning xavfi
-Ilmni boshqalarga yetkazish va unga amal qilish
Bu boblar orqali Imom Buxoriy ilmni faqat nazariy bilim emas, balki hayot
tarziga aylanishi kerak bo‘lgan amaliy qadriyat sifatida taqdim etadi.
Imom Buxoriy “Ilm kitobi”da ilm olishda niyatning to‘g‘riligiga alohida e’tibor
beradi. Ilm faqatgina dunyo manfaati yoki mansab uchun emas, balki Alloh rizoligi
uchun bo‘lishi kerak. Bu jihat hadislar orqali keng yoritiladi, masalan: "Kimki ilmi
bilan Allohning roziligini istasa..." mazmunidagi hadislar orqali ilmga bo‘lgan
iymoniy yondashuv mustahkamlanadi.
“Ilm kitobi”da ilmning asl qiymati — unga amal qilishda ekani ta’kidlanadi. Ilm
egasining uni boshqalarga yetkazishi, o‘rgatishi va nasihat qilishi bu ilmlarning
barakali bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hadisda aytilganidek: "Sizlardan eng yaxshilaringiz
– Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir." (Buxoriy rivoyati)
Imom Buxoriy keltirgan hadislar ichida foydali ilm uchun duo qilish va foydasiz
ilmning zarari haqida ogohlantiruvchi dalillar ko‘p. Rasululloh alayhissalomning:
“Allohim, foyda bermaydigan ilm, qo‘rqmaydigan qalbdan panoh so‘rayman” degan
duolari ilmning qaysi turi biz uchun qimmatli ekani haqida chuqur tafakkurga
chorlaydi. Islom tarixida ayollar ilmda faollik ko‘rsatganlar. A’isha (r.a.) kabi
muhaddisalar Imom Buxoriy keltirgan hadislar orqali yodga olinadi. “Ilm kitobi”da
bolalarning ilmga jalb qilinishi yoshligidan targ‘ib etiladi. Bu islomda ilm olish
umumiy, jins va yoshdan qat’iy nazar, barcha uchun farz ekani haqidagi tasavvurni
mustahkamlaydi.
Imom Buxoriyning “Kitab ul-Ilm” bobini o‘rganish orqali biz nafaqat ilmning
fazilatlarini, balki uni qanday niyat bilan o‘rganish, qanday amal qilish va
boshqalarga qanday yetkazish lozimligini ham o‘rganamiz. Bugungi kunda, ilmning
ko‘paygan davrida, “foydali ilm”ga intilish, uni hayotimizga tadbiq etish va
jamiyatga yetkazish har bir musulmonning zimmasidagi ulkan mas’uliyatdir. “Kitab
ul-Ilm” bizga bu borada aniq yo‘l-yo‘riq va ilhom beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Sahihi Buxoriy sharhi 3 jild: Hilol nashr, 2024
