SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
133
BOBUR OBRAZI G‘ARB NIGOHIDA: FLORA ANNIE STILL VA
TARIXIY REKONSTRUKSIYA
Mohida Qodirova
Tayanch doktorant
Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Toshkent, O‘zbekiston
https://doi.org/10.5281/zenodo.15796172
Annotatsiya.
Maqolada ingliz yozuvchisi Flora Annie Stillning “Jahongashta
qirol” romanida Zahiriddin Muhammad Bobur obrazining adabiy-estetik talqini
tahlil etilgan. Tadqiqotda Bobur shaxsiyatining turli qirralari, jumladan,
o‘yinqaroq bola, hassos shoir, xushovoz xonanda hamda oshiq sifatidagi
tasvirlari asardagi badiiy vositalar orqali qanday yoritilgani tahliliy asosda
ko‘rib chiqilgan. Ushbu obrazning yaratilishida muallif tomonidan qo‘llanilgan
psixologik tasvirlar, poetik ifodalar va dramatik voqealilik elementlari alohida
e’tiborga olingan. Tadqiqot davomida kontekstual va poetik tahlil usullaridan
foydalanilgan hamda Flora Stillning Sharqiy tarixiy shaxsni G‘arbiy adabiy-
estetik mezonlar orqali badiiy rekonstruksiya qilishdagi yondashuvi aniqlangan.
Natijada, Bobur obrazining badiiy qiyofasi va uning g‘arb adabiyotidagi talqini
estetik jihatdan ochib berilgan.
Kalit so‘zlar:
Bobur shaxsiyati, aruz vazni, “Boburnoma“, g‘arbona
yondashuv, to‘qima obrazlar, yozuvchi munosabati.
Abstract.
The article analyzes the literary and aesthetic interpretation of
Zahiriddin Muhammad Babur in the novel “King-Errant” by the British author
Flora Annie Steel. The study examines various facets of Babur’s personality —
including his portrayal as a playful child, a sensitive poet, a melodious singer,
and a passionate lover and how these aspects are represented through artistic
devices within the text. Particular focus is placed on the poetical expressions,
psychological characterizations, and dramatic narrative components used to
create Babur’s persona. Steel’s approach to the artistic reconstruction of an
Eastern historical person through Western literary-aesthetic paradigms has
been revealed through the application of contextual and poetic analytical
methodologies. The aesthetic aspects of Babur’s fictional character and how it is
interpreted in the context of Western literature have therefore been critically
elucidated.
Keywords:
Babur’s personality, aruz, “Baburnama”, Western approach,
fictional images, writer’s position.
XIX asr ikkinchi yarmida Hindistonda Boburiylar sulolasiga barham bergan
Britaniya hukumati nafaqat mamlakat moddiy boyliklari, balki ma’naviy
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
134
merosiga ham ega bo‘ldi. Hindiston aholisini to‘liq bo‘ysundirish va itoatda
saqlab turish uchun siyosiy islohotlar bilan birgalikda ularning madaniyati, urf-
odatlari, an’analarini hamda tarixini chuqur o‘rganishga kirishildi. Hindiston
hayoti haqida ma’lumot beruvchi manbalar orasida “Boburnoma” o‘ziga xos
o‘ringa ega bo‘lib, undagi ma’lumotlar Hindistonning katta qismini uzoq muddat
qo‘l ostida ushlab turgan Boburiylar sulolasining ildizlarini o‘rganishda muhim
manba edi. Shu sababli turkiy va forsiy tilni biladigan inglizzabon olimlar asarni
ingliz tiliga tarjima qila boshladilar (Jeyden&Erskin, Beverij, Thakston). Ular
bilan birgalikda Bobur hayoti va faoliyatidan ruhlangan bir nechta yozuvchilar
Bobur shaxsini tarannum etuvchi badiiy asarlar yaratdilar (F.A. Still, H.Lamb,
A.Rutserford). Ushbu mualliflar yaratgan romanlarda Bobur shaxsiyatining turli
qirralari e’tibor markaziga olingan bo‘lib, barcha asarlarda Bobur shaxsiga
bo‘lgan mehrni payqash mumkin. Mualliflar bevosita “Boburnoma”ning asl
nusxalari, Abdurahim xoni-xonon tomonidan yaratilgan forscha tarjima, Bobur
zamondoshlari yozgan asarlar hamda ingliz olimlari tomonidan yaratilgan
tarjimlarga tayangan holda o‘zlarining Bobur shaxsiyatiga oid qarashlarini aks
ettiradilar hamda “Boburnoma”da uzilib qolgan yillar xususida o‘z versiyalarini
taqdim etadilar. Jumladan, “Jahongashta qirol”, “Bobur – yo‘lbars” hamda
“Shimoldan kelgan fotihlar” asarlari bir inson hayotida sodir bo‘lgan voqealarga
asoslangan original, bir-biriga o‘xshamagan asarlardir. Ular muallif yondashuvi,
badiiyati, tasvirlar xilma-xilligi va muammolarga berilgan original yechimlar
jihatidan bir-biridan farq qiladi. Quyida Bobur hayotini chuqur o‘rganib, u
haqida go‘zal asar yozgan yozuvchilardan biri bo‘lgan Flora Annie Still va uning
“Jahongashta qirol” romani tahlil qilinadi.
Flora Annie Still (Vebster) Britaniya Hindistonida 22 yil davomida yashab
ijod qilgan shotlandiyalik yozuvchi. U 1847-yilning 2-aprelida Sudbury
monastirligida shotland parlament agenti Jorj Vebster hamda Yamaika
plantatsiyalari merosxo‘ri Izabella Makkallumlarning oilasida tug‘ilgan. Bolaligi,
asosan, Harrov maktabi yaqinidagi kichik villada, keyinchalik Shotlandiyadagi
Forfar shahri tashqarisida Burnside turar joyida o‘tgan. Bursseldagi olti oylik
maktab ta’limidan tashqari, F.A.Still, asosan, uyda ta’lim olgan va onasi uning
havaskor teatr, o‘qish, rassomlik, musiqa, tikish va boshqa hunarmandchilik
sohalariga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlagan [Crane&Johnston, 2007; 71].
Yozuvchi 1867-yilda Hindiston fuqarolik xizmati a’zosi Henri Stillga turmushga
chiqqanidan so‘ng, Hindistonga ko‘chib keladi va umrining 22 yilini Panjobda
o‘tkazadi. Hindiston hayoti, tili, madaniyatiga bo‘lgan qiziqish hamda uning
stansiyadagi kasbiy faoliyati unda Hindistonning ko‘plab dialektlarini
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
135
o‘rganishiga sabab bo‘ladi. Hindiston aholisi bilan bo‘lgan qizg‘in muloqotlar
natijasida F.A. Still xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘playdi va ularni 1894-yilda
“Panjob ertaklari” nomi ostida nashr ettiradi. Keyinchalik faoliyati davomida
hind xotin-qizlari ta’limiga jiddiy e’tibor beradi. Britaniya hukumatidan hind
aholisi ta’limida islohotlar o‘tkazishni talab qiladi va hattoki “ayollar maktabi
inspektori” sifatida faoliyat olib boradi. U Hindiston aholisi hayotiga chuqur
kirib boradi, nafaqat ularni tushunishga, balki hind ayollari hayotini
yaxshilashga urinadi. Bu yo‘lda u Hindistonda yashayotgan boshqa ingliz
xonimlarini hindlarning urf-odatlari, qadriyatlari, tili va hayotini tushuntirish va
ularni hind jamiyatiga moslashtirishga chaqiradi. Ushbu harakatlari natijasi
o‘laroq, ingliz xonimlari uchun oshpazlik, uy tutish sohalariga oid qo‘llanmalar
yozadi. Bu orqali ularning hind jamiyatiga tezroq kirishib ketishlari uchun zamin
yaratadi.
Flora Annie Still bir tomondan hind hayotiga oshno ingliz yozuvchisi bo‘lsa,
ikkinchi tomondan ingliz mustamlakasini qizg‘in targ‘ib qiluvchi davlat
xizmatchisi edi [Crane&Johnston, 2007; 74]. Shu sababli, agar inglizlar
Hindistonni to‘liq boshqarishni xohlasalar, hindlarning hayotiga chuqur kirib
borishlari, ularning madaniyatini o‘rganishlari kerakligini uqtiradi. O‘z ijodini
1857-yil Hindistonda sodir bo‘lgan hind askarlari qo‘zg‘olonini tasvirlovchi
“Suvlarning yuzida” (“On the Face of the Waters”) romani bilan boshlagan
yozuvchi umrining oxirigacha hind hayoti, ularning ijtimoiy ahvoli, orzu-
umidlar, shuningdek, mamlakatda sodir bo‘layotgan siyosiy jarayonlarning xalq
hayotiga ta’sirini tasvirlovchi ko‘plab asarlar yozadi. Jumladan, “Suvlarning
yuzida” romani haqida yozuvchi o‘z asarida shunday yozadi: Agar hayotimda
biror narsadan minnatdor bo‘lsam, bu ham mana shu hind qo‘zg‘olonining
qanchalik qisman (ya’ni Hindistondagi hammaga ham ta’sir qilmaganini)
bo‘lganini ko‘rsatib bera olgan asar yozganimdan, hamda bir notanish insonning
asar haqida quyidagi fikrlarni bildirganidan minnatdorman: “Men qo‘zg‘olonda
ayolimdan ayrildim, lekin oradan 40 yil o‘tib, siz menga Hindistonni kechirishim
uchun imkon berdingiz” [Still, 1930; 15]. Shu bilan birgalikda butun hayoti
jamlanmasi bo‘lgan “Vafo bog‘i” (“The garden of fidelity”) nomli avtobiografik
asarini yaratadi. Unda tug‘ilganidan boshlab to umrining so‘nggi onlarigacha
bo‘lib o‘tgan voqealarni tasvirlaydi. Z.M. Boburning “Boburnoma”si uning
ashaddiy ishqibozi bo‘lgan ushbu yozuvchini xuddi Bobur kabi memuar asar
yozishga undagani ehtimoldan xoli emas.
Ushbu tadqiqotga uning Zahiriddin Muhammad Bobur hayotini tavsirlashga
bag‘ishlangan “Jahongashta qirol” (“King-errant”) romani asos qilib olingan
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
136
bo‘lib, yozuvchi bundan tashqari boburiylar hayoti haqida so‘zlovchi yana uchta
roman yozadi. Yozuvchining “Jahongashta qirol” romanining so‘zboshisida
keltirishicha, boburiylar tarixini yorituvchi 4 ta roman yozgan. Bulardan
birinchisi “Jahongashta qirol” – Bobur hayotini; ikkinchisi “Orzu qiluvchilar
shahzodasi” (“A Prince of Dreamers”) – Akbar hayotini; uchinchisi “Erkaklar
bekasi” (“Mistress of Men”) – Jahongir hayotini va to‘rtinchisi “Quruvchi” (“The
Builder”) – Shohjahon hayotini tasvirlaydi.
F.A. Stillning “Jahongashta qirol” (“King-errant”) romanida Bobur
shaxsiyatiga bo‘lgan yangicha yondashuvni ko‘rishimiz mumkin. Muallifning
Bobur shaxsiga bo‘lgan cheksiz hurmati uning asar so‘zboshisida bildirgan
fikrlarida o‘z ifodasini topgan. F.A. Still yozadi: “U bir inson yashashi mumkin
bo‘lgan eng sarguzashtli hayotni yashadi va uni yozib qoldirdi” [Still, 1928; vi].
Fikrini davom ettirib, asariga bir nechta to‘qima obrazlar hamda voqealarni
qo‘shganini va buning uchun Bobur uni, ya’ni uning eng ashaddiy muxlisini, avf
etishiga ishonishini yozadi, chunki Bobur hayoti davomida juda ko‘p odamlarni
kechirgan.
Asar 1912-yilda Angliyada yozilgan bo‘lib, bu vaqtda yozuvchi 65 yoshda
edi. U 10 yoshida barcha ingliz bolalari kabi Hindistondagi Britaniya
mustamlakachiligi, hind qo‘zg‘oloni dahshatlaridan xabardor bo‘ladi va unda
hind xalqiga nisbatan qalban iliqlik paydo bo‘ladi. Keyinchalik hind hayoti bilan
birgalikda, uning tarixini ham o‘rganadi va Bobur shaxsiyati unda o‘zgacha
taassurot qoldiradi. Muallif asarida Bobur shaxsiyatiga ta’rif berar ekan, uni
“chilangar, tikuvchi, dengiychi, dengizchi, oliyjanob inson, dorishunos, dehqon
va qaroqchi” deya ataydi va uni “Buyuk mo‘g‘ullar” deb atash xato ekanligini
yozadi. Bu ta’riflar nisbiy bo‘lib, ular orqali muallif qahramonining umri
davomida to‘plagan tajribasi, “Boburnoma” da mana shu sohalarga oid
ma’lumotlar borligini ham nazarda tutgan. Muallif Bobur shaxsiyatiga
quyidagicha yondashadi:
Bobur – sodda, o‘yinqaroq bola. Asarning kirish qismida Boburning
tengdoshlari bilan “qurbaqa sakrash” o‘yinini o‘ynayotgani tasviri keltiriladi.
Unda qahramon G‘arb dunyosi ko‘zi bilan qaralganda kamida 15 yoshga to‘lgan,
bo‘yi taxminan 182 cm bo‘lgan, yigitlikning ilk kurtaklari namoyon bo‘la
boshlagan yigit qiyofasida, aslida esa 12 yoshda bo‘lgan valiahd shahzoda deya
ta’riflanadi. Yoki “polo” o‘yiniga bo‘lgan ishqibozligi, insonlarga mana shu
o‘yindagi mahoratiga qarab baho berishi uning qanchalik yosh va g‘o‘r
bo‘lganligini, keyinchalik hayot tajribasi asosida insonlarning asl yuzlarini ajrata
olish qobiliyati shakllanganini asar davomida o‘qish mumkin. Fikr isboti uchun,
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
137
uning Hasan Yaqubbekka bo‘lgan munosabati e’tiborga molik. Dastavval, Hasan
Yaqubbekning “polo” o‘yinida tuproqpallani hammadan ko‘ra yaxshiroq ko‘chira
olish qobiliyati va uning Boburga sermulozamatligi Bobur qalbida unga nisbatan
noto‘g‘ri munosabatni paydo qiladi va u yaqinlari qanchalik bu bekning g‘araz
niyatlaridan ogohlantirsalar ham, ularning fikrlarini inobatga olmaydi. Biroq
“chayon chayonligini qiladi” deganlaridek, oxir-oqibat, Hasan Yaqubbek o‘zining
asl yuzini ko‘rsatadi va u xiyonati uchun taqdiri azaldan o‘z jazosini oladi.
Bobur – hassos shoir. Ingliz adabiyotida Bobur haqida yaratilgan boshqa
romanlardan farqli o‘laroq, F.A. Still uning shoirona xislatlarini ham o‘z asariga
qamrab oladi. Asar tarkibida xuddi “Boburnoma”da keltirilganidek, ko‘plab
she’riy parchalarni uchratish mumkin. E’tiborli jihati, muallif ma’lum bir
vaziyatga mos tushadigan she’riy parchani ingliz tiliga muvaffaqiyatli o‘giradi,
hattoki ayrim o‘rinlarda to‘qima voqea-hodisalarga aloqador bo‘lgan yangi
she’rlarni ham keltiradi. Bu yozuvchining nafaqat nasr, balki nazm olamidan
ham xabardor ekanligini ko‘rsatadi. Misol uchun, Bobur o‘z asarida Sulton
Husayn Boyqaro ayollari ta’rifida Shayx Sa’diy Sheroziyning yomon ayol
haqidagi misrasini keltiradi:
Yaxshi er uyida yaramas xotin,
Shu dunyoda erning do‘zaxi tayin [Boburnoma, 2023; 202].
F.A.Still da:
In a good man’s house a cross-grained wife
Makes hell upon earth with ill-tempered strife [Still, 1912; 147]
(Tarjimasi: Yaxshi odam uyidagi yomon xulqli xotin yer yuzini yomon janjal
bilan jahannamga aylantiradi).
Shu bilan birga, ushbu she’riy parcha qo‘llanilishida adabiy transformatsiya
jarayoni ko‘zga tashlanadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, “Boburnoma” da ushbu
she’r Husayn Boyqaroning xotini Bekasulton begimga qarata aytilgan edi, lekin
muallif unga ijodkorona yondoshadi va asarida ushbu ta’rif Boburning ikkinchi
xotini amakisi Mahmud Sultonning beshinchi qizi Zaynab Sulton begimga
beriladi. “Jahongashta qirol” romanida Bobur tilidan keltirilgan Boysung‘ur
mirzoning g‘azallari, billur qadah, suhayl yulduzi, cho‘ldagi masjid, imom va
muazzin ta’rifiga oid va boshqa ko‘plab o‘rinlarda she’riy misralarni uchratish
mumkin. Ahamiyatli jihati shundaki, muallif ayrim she’rlarning musiqiy ohangini
ham zamonaviy musiqa shkalasiga solib, uni qanday o‘qish kerakligini
tushuntiradi. Bu esa, o‘z navbatida, F.A. Stillning o‘rta asr aruz vazni hamda
musiqa ilmi bilan qisman bo‘lsa-da, tanishligini bildiradi.
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
138
Bobur – xushovoz qo‘shiqchi. “Boburnoma”da Boburning o‘zi ham bir necha
musiqiy kuylarni ijod qilganligi haqidagi ma’lumotlar bor. Ana shu
ma’lumotlarga tayangan yozuvchi uni endi xushovoz xonanda sifatida
tasvirlaydi. Asarning bir necha qismlarida Boburning oila a’zolari va yaqinlariga
qo‘shiq kuylab berganligi, bu orqali ularga yashash uchun umid bergani va
ruhlantirgani yoki ayoliga bo‘lgan muhabbati izhorini qo‘shiqlarida ifodalagani
tasvirlangan. Bu esa tarixiy hukmdorlar ta’rifidagi yangicha yondashuv
hisoblanadi, chunki muallif unga qo‘shiq kuylatish orqali Boburni xalqqa
yaqinlashtiradi, u ham oddiy insonlar kabi o‘z tuyg‘ularini ifoda etishga ehtiyoj
sezishini uqtiradi.
Bobur – oshiq. Bobur o‘z memuarida ayollariga bo‘lgan hislarini ochiq
ifodalamaydi. Lekin F.A. Still uni vafodor oshiq sifatida tasvirlaydi. Uning
ikkinchi xotini Ma’suma begim va uchinchi xotini Mohimga bo‘lgan muhabbati
asarda muhim ahamiyat kasb etadi. Bobur Ma’suma begimga yoqtirib qolib
uylanganini yozadi, biroq bu nikohning to‘liq tasviri F.A. Still romanida
keltirilgan. Unga ko‘ra, Ma’suma begim Boburning ilk va yagona sevgisi deya
ta’riflangan. Uning vafotiga oid detallar ham ta’sirlanarli tarzda keltirilgan.
Mohim begimning Bobur hayotiga kirib kelish voqeasi esa Boburning Husayn
Boyqaroning o‘g‘li Shohg‘arib mirzo bilan uchrashuvi hamda shahzodaning o‘lim
oldi vasiyati bilan bog‘langan. Ushbu detal yozuvchi tasavvurining mahsuli
bo‘lib, asarga yangicha ruh va kayfiyat bergan. Asarda Mohim begim shaxsi
ijobiy bo‘yoqlar bilan boyitilgan, ya’ni personaj oqila ayol, dunyoviy ilmlardan
xabardor olima, hassos shoira, tadbirli siyosatchi hamda do‘stona inson
qiyofasida gavdalanadi. Asar tarkibida uning qalamiga mansub she’rlardan
parchalar ham keltirilgan bo‘lib, bu misralar orqali u Bobur va Ma’suma begim
munosabatlarida iliqlik paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Mohim begim bilan
avvalboshdan do‘stona munosabatda bo‘lgan, Ma’suma begimni yagona sevgisi
deb o‘ylagan Bobur vaqt o‘tib Mohimni qattiq yaxshi ko‘rib qoladi va boshqa
ayollari bilan bo‘lgan nikohdan tug‘ilgan farzandlari tarbiyasini ham unga
topshiradi. Bu Boburning Mohim begim shaxsiyatiga bo‘lgan cheksiz ishonchini
anglatadi.
Bobur – do‘st. Bobur shoh va shoir bo‘lishdan tashqari, inson ham edi. Unda
ham boshqa insonlar kabi chin dildan, samimiy gaplasha oladigan, ko‘nglini ocha
oladigan bir tengdoshiga ehtiyoji bor edi. Bu ehtiyoj asarda Turdibek obrazi
orqali ifodalanadi. Turdibek uning beklaridan biri bo‘lib, barcha harbiy
yurishlar, sargardonliklarda u bilan birga bo‘lgan, Boburning birgina mehrli
SCIENCE AND INNOVATION IN THE
EDUCATION SYSTEM
International scientific-online conference
139
qarashi uchun o‘zining sevimli mashg‘uloti bo‘lgan ichkilikdan voz kechishga
ham tayyor bo‘lgan sodiq do‘st qiyofasida tasvirlanadi.
Xulosa
Z.M. Bobur hayoti va faoliyatiga dunyoning ko‘plab tillarida, ko‘plab
yozuvchilar tomonidan turlicha talqinlar berilgan. Tadqiqot markaziga olingan
ushbu roman ham ana shunday asarlar sirasiga kiradi va o‘zining
takrorlanmasligi, Bobur hayotining turli jihatlarini qamrab olishi hamda uning
shaxsini har tomonlama mukammal tasvirlashi bilan e’tiborga loyiqdir. Xulosa
o‘rnida aytish mumkinki, F.A. Still G‘arb dunyosini Bobur va uning davri bilan
yaqindan tanishtira oladigan, uning shaxsiga nisbatan hurmat va mehr tuyg‘usini
uyg‘ota oladigan betakror asar yaratgan deyish mumkin. Ushbu tadqiqot ishida
G‘arb adibasining tasavvuridagi Boburning oshiqlik, shoirlik, do‘stonalik, turli
iste’dodlar sohibilik hamda insoniylik xislatlari tahlil qilindi va mavzuga oid
misollar keltirildi. Biroq ushbu asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinmaganligi
o‘zbek kitobxonidan ingliz tili savodxonligini talab qiladi va asarning to‘lig‘icha
tushunilishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa o‘zbek tarjimonlari oldiga nafaqat ushbu
romanni, balki yozuvchining boburiylarga bag‘ishlangan boshqa asarlarini ham
o‘zbek tiliga tarjima qilish degan vazifani qo‘yadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Bobur, Z.M. (2023). Boburnoma. V.Rahmonov&K.Mullaxo‘jayeva tabdili.
Toshkent: O‘zbekiston.
2.
Crane&Johnston. (2007). Flora Annie Steel in the Punjab. Writing, travel,
and empire: In the margins of anthropology. London: I.B.Tauris.
3.
Still, F.A. (1912). King-errant. London: John Lane the Bodley Head Limited.
Tonbridge Printers.
4.
Still, F.A. (1930). Garden of fidelity: Being the autobiography of Flora
Annie Still. London: Macmillan and Co., Limited.