THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
14
“ALPOMISH” DOSTONIDA OILAVIY-MAISHIY MAROSIMLARNING
BADIIY IFODASI
O'g'iloy Xolmuhammedova
Andijon davlat universiteti
Folklorshunoslik va dialektologiya yo'nalishi
1-bosqich magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14723153
Annotatsiya:
“Alpomish” dostoni o‘zbek xalqining ming yillardan buyon
kuylanib keluvchi doston bo‘lib, unda xalqning azaliy orzu-niyatlari, turmush
tarsi, milliy qadriyat va an’analari aks etgan. Ayniqsa, dostonda xalqimizning
asrlik urf-odat va marosimlarining ko‘plab namunalarini uchratamiz. Bu o‘z
navbatida dostonning qanchalik xalqona va turmush tarzini ochiq-oydin
tasvirlangani deb bilsak, ikkinchi tomondan o‘zbek xalq marosimlarini
o‘rganishda foydalana oladigan manbalardan biri bo‘la olishi shubhasizdir.
Kalit so‘zlar:
“Alpomish” dostoni, marosim, urf-odat, to‘y marosimi,
motam marosimi.
“Alpomish” dostoni xalqimiz orasida juda keng tarqalgan va asrlar
davomida baxshilar tomonidan sevib kuylab kelingan. “Alpomish” dostonining
tarixiy-madaniy ahamiyati tengsizdir. U xalqimizning o‘ziga xos badiiy tarixidir.
Unda xalqimizning asrlar bo‘yi qilgan orzu-umidlari, porloq kelajak haqidagi o‘y-
fikrlari mujassamlashgan. “Alpomish” dostoni – o‘zbek xalqi madaniy turmushi
tarixining badiiy oynasi. U o‘zbekning o‘zligini, uning mard va tantiligini,
mehmondo‘stligini, bolajonligini namoyon etadigan va bu tuyg`ularni avloddan
avlodga o‘tkazib kelayotgan mumtoz epos namunasidir.
Dostonda qahramonlik, jasurlikni ulug`lash, mardlik, do‘stlik tuyg`ulari
vatanparvarlik g`oyasi elu yurtga, oilaga muhabbat motivlari bilan birlashib
ketadi. Unda xalqimizning asrlar bo‘yi qilgan orzuumidlari, porloq kelajak
haqidagi o‘y-fikrlari mujassamlashgan. “Alpomish” dostoni syujetini to‘liq
anglash uchun o‘zbek xalq marosimlarini, urf-odat va an’analarini yaxshi bilish
talab etiladi. Aks holda, doston mazmunini to‘liq anglash iloji bo‘lmaydi.
“Alpomish” dostonida oilaviy-maishiy marosimlarning ham to‘y, ham aza turi
bilan bog`liq urf-odatlari talqin etilgan. Dostonda xalqimizning motam
marosimiga oid ayrim tushunchalari azador Barchinoyning etti yillik tutqunda
qolib ketgan Alpomishni o‘ldi gumon qilib, aza ochishi, aza kiygancha “vo
to‘ram”lab yig`i qilishi misolida yorqin tasvirlangan.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
15
Dostonlar ajdodlar va avlodlar jonli aloqasini, vorisligini o‘zida
mujassamlashtiradi. Ular xalq ijtimoiy-maishiy hayoti bilan bevosita
bog`langanligi tufayli har bir kishiga o‘z xalqi, uning tarixi va kelajagi,
istiqboldagi orzu-umidlari bilan vobastalikni his etishga, amaliy faoliyatda esa
yuksak axloqiy g`oyalarni asos qilib olishga yordam beradi. Shuning uchun ham
dostonlarni to‘plash, o‘rganish va nashr etish hamisha dolzarb vazifa bo‘lib
kelgan. Bu ulkan boylikning asosiy tarkibiy qismlaridan birini xalq dostonlari,
jumladan, “Alpomish” dostoni tashkil etadi.
“Alpomish” dostoni xalqimizning tarixiy o‘tmishini, maishiy-madaniy hayotini
juda keng ko‘lamda badiiy ifoda etganligi uchun o‘zbek folklorshunosligida unga
nisbatan e’tibor katta. Unga bag`ishlangan ilmiy tadqiqotlar salmog`i ham keng.
Jumladan, Hodi Zarifov, To‘ra Mirzaev, Muhammadnodir Saidovning bu borada
boshlagan ilmiy izlanishlarini yana Saodat Yo‘ldosheva “O‘zbek xalq
qahramonlik eposi – “Alpomish”ning badiiyati” (1984) mavzuidagi nomzodlik va
Isomiddin Yormatov “O‘zbek xalq qahramonlik eposi poetikasi” (1994)
mavzuidagi doktorlik tadqiqotlarida davom ettirishdi.
“Alpomish dostonining badiiyatini, asosiy an’anaviy epik motivlarini, unda epos
va marosim munosabatini ilmiy tadqiq qilishda H.T.Zarifov, M.Afzalov,
T.Mirzaev, M.Murodov, B.Sarimsoqov, S.Ro‘zimboev, M.Jo‘raev, A.Musaqulov,
I.Yormatov,
M.Yoqubbekova,
S.Yo‘ldosheva,
S.Mirzaeva,
Sh.Turdimov,
J.Eshonqulov, D.O‘raeva kabi folklorshunos olimlarning asarlari asosiy
ilmiynazariy manba vazifasini o‘tadi. Maqolada qiyosiy-tarixiy, tarixiy-madaniy,
qiyosiy-analitik metodlardan foydalanildi.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
“Alpomish” dostonida turli-tuman o‘zbek urf-odatlari va oilaviy-maishiy
marosimlari muayyan badiiy ifoda etilgan. Ushbu doston o‘zbek qahramonlik
eposining eng yorqin va badiiy barkamol namunasi bo‘lib, uning syujeti, asosan,
o‘zbek xalq marosimlari tasviridan tashkil topganligi bilan alohida e’tiborni
tortadi. Jumladan, unda oilada farzand tug`ilishi, tug`uruq jarayonida momo
doyalarning xizmat ko‘rsatishi, farzandga ism qo‘yish, uni etakka solmoq, beshik
to‘yi qilish, to‘ydan oldin maslahat uyushtirish, to‘yga jarchi qo‘yish, sunnat to‘yi,
to‘yda to‘ychiga to‘yona berish, o‘g`il-qiz chaqaloqlarni bir-biriga atashtirib
beshikkirti qilish yoki ro‘mol o‘rab atashtirish, bolaga ikkinchi ism berish,
sovchilik, sovchilarni kutish va kutish, ularga rozilik berish alomatlari, nikoh
to‘yidan oldin qalliqqa bormoq (qalliq o‘yini qilish), kuyovga shart qo‘yish,
kuyov uchun to‘qqiz tovoq, kuyov tovoq qilish, kelin-kuyovni olovdan
aylantirish, qiz yashirdi, chimildiq ildi, kuyov navkar va vakil otalarni belgilash,
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
16
it irillar, oyna ko‘rsatar, soch siypatar, qo‘l ushlatar, kuyov uloq, yuz ochdi, baqan
(tayoq) tashlamoq, solim bermoq, o‘lan aytmoq, to‘yga dasturxon qilib borish
kabi turlituman o‘zbek urf-odatlari va oilaviy-maishiy marosimlari muayyan
badiiy ifoda etilgan. Asosiysi shundaki, ana shularning tasviri doston syujetidagi
voqealarni, uning motivlar strukturasini vujudga keltirgan.
“Alpomish” dostoni syujetida aks ettirilgan qaysidir bir marosim hozirgacha
maishiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lsa, qaysinisidir hozirgi maishiy turmushda
mavjud emas, ya’ni o‘tkazilmaydi. Shu jihatdan, dostonda o‘z ifodasini topgan
marosimlarni uch tipga bo‘lib o‘rganish mumkin:
1) hozirgi maishiy turmushda o‘z o‘rniga to‘la ega bo‘lgan marosimlar
(bunga sovchi qo‘ymoq, oyna ko‘rsatar, to‘qqiz tovoq, olovdan aylanmoq kabi va
h.k.);
2) hozirgi maishiy turmushda o‘z o‘rnini qisman saqlab qolgan marosimlar
(bunga beshikkirti qilmoq, it irillatar, kampir o‘ldi, kuyovga kelin tomonidan
shartlar qo‘yilishi kabi va h.k.
3) hozirgi maishiy turmushda o‘z o‘rnini batamom yo‘qotgan marosimlar
(bunga farzand tug`ilishidan oldin otaning ovga jo‘nab ketishi, tushni ta’birlash
marosimi va h.k.).
“Alpomish” dostonida badiiy aks ettirilgan marosim va urf-odatlarni
bunday tasniflab o‘rganish hozirgi kunda xalqimiz hayotida saqlanib qolgan va
qolmagan marosimlar haqida bilib olish imkonini yaratadi. Shuni alohida
ta’kidlash ham kerakki, dostonda marosimlar tasviri berilar ekan, hech qachon
ular to‘liq va batafsil bayon etilmaydi. Faqat unga xos eng muhim qirralar u yoki
bu obraz faoliyatiga bog`lab, u yoki bu badiiy detal vositasida ifoda etiladi, xolos.
Ma’lumki, insonning tug`ilishi, uning hayotidagi har bir muhim yutug`i, kamoloti,
hatto vafoti oilada maxsus marosimlar orqali qayd etiladi. Bunday oilaviy-
maishiy an’analar barcha xalqlar orasida keng tarqalgan. Inson hayotiga
aloqadorligiga ko‘ra oilaviy-maishiy marosimlar ikki katta guruhga bo‘linadi.
1. To‘y marosimlari.
2. Motam marosimlari.
To‘y va motam marosimlari ma’lum bir oila hayotiga, insonlarning
maishiy turmush sharoitiga daxldorligi tufayli oilaviy-maishiy marosimlar
sirasiga kiritiladi. Ular rang-barang bo‘lib, kattagina qismi to‘y marosimlarini
tashkil qiladi. To‘y tadbirlari inson hayotidagi quvonchli daqiqalarni qayd etsa,
aza marosimlari esa, aksincha, inson turmushidagi ayriliq, yo‘qotish, g`amli
lahzalarni qayd etadi.
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
17
“Alpomish” dostonida bu oilaviy-maishiy marosimlarning har ikkalasi bilan
bog`liq urf-odatlar talqin etilgani kuzatiladi. Masalan, dostonning ikkinchi
qismida amakisi Boysarini qalmoqshoh Toychaxonning zulmidan qutqarishga
otlangan Alpomishning alamzada Surxayl qo‘llagan hiyla tufayli bandilikka
giriftor bo‘lishi sabab yurtiga etti yil qaytolmagani odamlar o‘rtasida u haqda
“o‘ldi” degan ovoza yoyilishiga olib keladi. Oradan ancha vaqt o‘tgach,
Alpomishning yaqinlari uning qaytmaganini ko‘rib, vafot etganiga ishonib, aza
ochadilar. Dostonda bu voqelik shunday ifoda etiladi: “O‘lib ketgan deb yurtga
necha martadan ovoza bo‘lib ketdi. Endi o‘lganini aniq bilib, umidini uzib,
ko‘nglini buzib, qora kiyib, bularning qarindoshlari aza tutib qoldi. Aza bilan bir
yil o‘tdi, bir yildan keyin yil oshi berib, azasini ochdi”. “Alpomish” dostonida
uchraydigan bu qaydlar aza tutish behad qadimiy an’analardan bo‘lganligini
dalillay oladi. Marhum xotirasiga bag`ishlab o‘tkaziladigan motam marosimi “aza
tutdi” va “azadan chiqdi” yoki “aza ochdi” singari ikki katta uzvdan tashkil
topadi.
Xotin- qizlar orasida motam marosimida turli mavzulardagi yig`i va
yo‘qlovlar keng ijro qilinishi kuzatiladi. Odatimizga ko‘ra, oilada er o‘lsa, uning
beva qolgan ayoli “vo, to‘ram” deb yig`i beradi. Shu an’anaga muvofiq
“Alpomish” dostonida azador Barchinoyning eriga yig`i qilib, unga bag`ishlab
aytgan quyidagi aytimi keltirilgan: Men yig`layman, to‘ram deyman mug`oyib,
Hozirgi ketishi tiriklay g`oyib,
Kecha-kunduz men yig`layman sarg`ayib,
Buning molu mulki hozir besoyib.
To‘ram o‘lib unda qolgandir g`arib,
Kimga aytib yig`lay dardimni yorib.
“Alpomish” dostonida odob-axloq bilan bog`liq urf-odatlar talqini ham
uchraydi. Masalan, Barchinning Alpomishga yuborgan choparlaridan biri
Qo‘ng`irot eliga Boybo‘rining davlatxonasiga etgach, Boybo‘rini ko‘rib, unga ot
ustidan turib salom beradi. Bularni ko‘rib, Boybo‘ri: “Bular qanday odam ekan,
beadablik bilan salom berdi menga”, – deya jahli chiqadi. Choparlar Boybo‘riga
Barchinning arizasini chiqarib beradi. Boybo‘ri arizani o‘qib ko‘rib, kelganlar
Barchinning chopari ekanini biladi. Shundan so‘ng jahlini unutib, o‘n mahramiga
buyurib, choparlarni bitta-bitta otdan ko‘tarib tushirtiradi. Ularga xizmat
ko‘rsatishni buyuradi, biroq arizani hech kimga bildirmay, olib borib sandiqqa
solib qo‘yadi. Choparlar yigirma kun yotib, xo‘p izzat-ikrom ko‘rishadi. Ularni
rosa ziyofat qiladilar. Arizaning javobi bo‘lavermagach, choparlar jo‘naymizga
tushib qolishadi. Boybo‘ri choparlarga zar-zebar in’om berib, “xush kelibsan”
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
18
qilib, yo‘lga solib, choparga shunday gap tayin qiladi: “Bundan ketgancha,
Qo‘ng`irot muzofotidan o‘tgancha, Qalmoq viloyatiga etgancha, yo bir o‘tinchiga,
yo bir podachiga, yo cho‘lda yurgan cho‘ponga, «biz Barchinning kelgan chopari
bo‘lar edik», – deb og`zingdan chiqarsang, odam buyuraman, keyiningdan quvib
etadi, boshingga qamchi chotadi, badaningni bo‘zday qilib yirtadi, olib kelib
dorga tortadi, og`zingdan chiqarmay ketgin”, – deb tayinlaydi.
“Alpomish” dostonida oilaviy-maishiy marosimlar, urf-odatlar bilan bir qatorda
ayrim irim-sirimlar, e’tiqodiy inonchlar ifodasi ham ko‘zga tashlanadi. Jumladan,
dostonda “ot o‘yini” tasvirining alohida berilishi shunchaki emas. Chunki
xalqimiz orasida “ot o‘yinini ko‘rgan kishi baxtli bo‘ladi” degan ishonch bor.
Shuning uchun hozirgacha to‘ylarda “ot o‘yini” namoyish etiladi. Buning uchun
ot niqobini kiyib olgan kishi to‘y davrasini aylanib, o‘yin ko‘rsatadi. To‘yga
yig`ilganlar esa unga hadya berishadi.
O‘zbek folklorshunosligida xalqning o‘lim hodisasi bilan bog`liq qarashlari,
motam, ziyorat jarayonlariga munosabat masalalarini maxsus tadqiq qilgan
olima D.O‘raeva odamlarning qabriston yonidan o‘tib ketayotganda yoki
qabristonga kirib borishda yotganlar ruhiga salom berish odati borligini bildirib
o‘tadi. Shu odat va tushunchaga muvofiq “Alpomish” dostoni qahramoni ham
qabristonda yotib qolish uchun tashrif buyurar ekan, shunday deydi: Assalom
alaykum, ahli quburlar, Bir kecha mazgil-joy sizdan so‘rayman, Osmonda
arvohlar, ko‘kda malaklar, Bir kecha mazgil-joy sizdan so‘rayman. Ruxsat
bersang, mozorotlar, qo‘naman, So‘rasang, gapingga javob beraman.
Xalq orasida qabristonlar – chiltonlarning manzilgoh joyi degan qarash bor.
Shuning uchun dostonda ham Alpomish o‘zi tashrif buyurgan mozorotda
Shohimardon pirini chiltonlar bilan suhbatda uchratadi. Shohimardon piri uni
ko‘rib, chiltonlarga: “Bul bachcha bizning muridimiz bo‘ladi, bugun sizlarga
mehmon bo‘ldi. Ko‘nglini naza qilmay, vaqtini xushlab jo‘natingizlar”, – deydi.
Chiltonlar esa: “Bu bachcha Shohimardon pirning muridi ekan. Bizning
suhbatimizda bo‘ldi, vaqtini xushlay olmadik”, – deb ilmi karomat bilan Chilbir
cho‘lidan, Oyna ko‘lidan, baxmal o‘tovda uxlab yotgan eridan Barchinning ruhini
tanidan olib keldi. Alpomish uxlab yotgan eridan buning ham ruhini tanidan oldi.
Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhini o‘rtada bir erga qo‘ydi. Bir kosa
sharobi antahur chiltonlardan Barchinning ruhiga tegdi. Barchinning ruhi
sharobni qo‘liga olib, Alpomishni ko‘rib, bir o‘zi ichgani ko‘ngli bo‘lmay,
Alpomishning ruhiga oling-oling qilibdi... Barchinning ruhidan bu so‘zni eshitib,
Alpomishning ruhi ham so‘z aytibdi. Fayzi sahar vaqtiga etganda chiltonlar
Barchinning ruhini yana taniga kirgizib qaytibdi. Alpomishning ruhini ham
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
19
taniga kirgizibdi. Erta-mertan tong otsa, Alpomishning oqshomgi ko‘rgan
odamlari yo‘q, bir o‘zi qolibdi ekan”. Alpomish va Barchin bo‘lgan voqealarni
tush anglab, vaqti xush bo‘libdi. Alpomish yana bir oqshom yo‘lida uchragan
cho‘ponlarning qo‘shxonasida tunab qoladi. Cho‘ponlar: “Shu yo‘lovchi bizga
aylana berdi, Qo‘ng`irotdan kelayotgan Alpomish eznamiz chiqib qolsa ham ajab
emas” deb, Boychiborning jilovidan ushlab, eznasini mehmon qila boshlab,
ostiga shim bilan kebanakni to‘shab tashlab, ziyofatga qo‘yni so‘yishadi.
Charchab kelgansizdir, ezna, suyanib o‘ltiring, deb xurjuni bilan unni olib kelib
qo‘yishadi. Eznasini mehmon qilib siylaydi. Boychiborni oq shuvoqqa boylaydi.
XULOSA
Xullas, “Alpomish” dostonida Qo‘ng`irot qabilasida patriarxal-urug`chilik
alomatlari yemirila boshlagan davrlarda oila uchun kurashning jamiyat ijtimoiy
munosabatlarida muhim rol o‘ynaganligi real ko‘rsatilib berilgan. Bunda oilaning
barpo bo‘lishida, uning mustahkamligini ta’minlashda oilaviy-maishiy
marosimlarning o‘rni va ahamiyati Alpomish va Barchin obrazlari munosabati
misolida badiiy yoritilgan. Jamiyat va inson hayoti, maishiy turmush
masalalarini o‘ziga xos reallikda badiiy aks ettirgan.
“Alpomish” dostonida qahramonlik va go‘zallik haqidagi xalq ideallari
kuylangan. Doston maishiy hayot detallariga juda boy. U real hayot epizodlarini
keng qamrab olganligi bilan ajralib turadi. “Alpomish” dostoni xalqimizning
maishiy hayotini juda keng ko‘lamda badiiy ifoda etganligi jihatidan alohida
e’tiborni tortadi. Unda oilaviy-maishiy marosimlarning turli ko‘rinishlari
tasvirlangani kuzatiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Алпомиш. Достон. Ўзбек халқ қаҳрамонлик эпоси / Айтувчи Фозил
Йўлдош ўғли. Нашрга тайёрловчилар Ҳ.Зарифов ва Т.Мирзаев. – Т.: Шарқ,
1998. – 400 б.
2. Имомов К., Мирзаев Т., Саримсоқов Б., Сафаров О. Ўзбек халқ оғзаки
поэтик ижоди. – Т.: Ўқитувчи, 1990. – 304 б.
3. Саримсоқов Б. Ўзбек маросим фольклори. – Т.: Фан, 1986. – 216 б.
4. Сафаров О. Ўзбек болалар поэтик фольклори. – Т.: Ўқитувчи, 1985.– 175 б.
5. Ўраева Д. Ўзбек мотам маросими фольклори. – Т.: Фан, 2004. – 120 б.
