THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
125
TOG‘AY MURODNING “OTAMDAN QOLGAN DALALAR” ASARIDA
AYOLLAR OBRAZI
E’zozaxon Axmadxonova
GulDU filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15377748
Annotatsiya
Mazkur maqolada “Otamdan qolgan dalalar” asarida tasvirlangan ayollar
obrazini tahlil qilamiz.
Kalit so‘zlar
: obraz, adabiy generealizatsiya, ayollar obrazi
Ma’lumki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng adabiyotimizda sobiq
sho‘roning xalqimiz boshiga solgan kulfatlari, “o‘zbek ishi” kabilar bosh mavzu
bo‘lib keldi. Ushbu og‘riqli mavzuda bir qator asarlar yaratilib kitobxonlarga
taqdim qilindi. Jumladan, Tog‘ay Murod ham mustabid tuzumdan ro‘shnolik
o‘rniga faqat alam-sitam ko‘rgan xalqining yillar davomida yig‘ilib kelgan
isyonini sodda, ravon xalq tilida qog‘ozga tushirdi. Bir o‘rinda yozuvchi
“Otamdan qolgan dalalar” romani xususida quyidagi jumlalarni aytib o‘tgan edi:
“Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman. Ko‘nglimda el-yurtim yo’lida nimaiki
dardim bor - barini ushbu romanimda to‘kib soldim”. Ha, xalq dardini qalamga
olgan yozuvchi ushbu romani orqali o‘zbek xalqiga chinakam haykal qo‘ydi!
Muhokama Va Natijalar
Tog‘ay Murod o‘z romanida mustabid tuzum davridagi ahvolni hech qanday
bo‘yoq, bo‘rttirishlarsiz xalq tilida tasvirladi. Shuhrat Abbosovning Tog‘ay
Murod ijodi to‘g‘risida aytgan fikrlarida jon bor: “Tog‘ay Murod katta ijodkor,
yozuvchi sifatida xalq boshiga tushgan zulm-xo‘rlik , azoblarni o‘z vujudidan
o‘tkazadi, bu kulfatlarga chiday olmaydi, bundan xo‘rligi keladi. Shuning uchun
ham muallifning joni halak bo ‘ladi, asarning har bir satridan dil og‘rig‘i ufurib
turadi”.
i
Millatimizga otilgan toshlar, qanchadan qancha ziyolilarimizning tunda
Moskvaga olib ketilib, bo‘yniga o‘zini-da xabari bo‘lmagan ayblarni tirkaganlari,
umri paxta ekib, ketmon ushlab o‘tsa-da, hech bir ro‘shnolik ko‘rmagan dehqon
xalqimiz haqida, ularning ayanchli taqdiri haqida yonib-kuyib so‘zlaydi. Shu
kunga qadar “Otamdan qolgan dalalar” asari haqidagi tahlillar Dehqonqul
obraziga, u yashagan davr xususida to‘xtalib o‘tilgan. Yozuvchi yuksak mahorat
ila yaratgan fidoyilik, sabr-toqat timsoli hisoblanmish haqiqiy o ‘zbek
ayollarining asardagi tasviri, ruhiyati bilan tanishib chiqamiz.
Asardagi bosh qahramon bo‘lmish Dehqonqul haqiqiy sho‘ro odami edi.
“Kattalar” uchun yoziladigan dasturxoniga olib kelgan xurmodan ikki donasini
olib qochgani uchun o‘z farzandinining og‘iz-burnini qon qilgan; o‘z ayoliga ikki
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
126
enlik matoni olib berishga qo‘li kaltalik qilgan “nomi ulug‘, surpasi quruq”
brigadr edi. Dehqonqul shunday taqdir uchun yelkasini oftobga berib dalada
qiynalganmidi?
Asardagi ayollar obrazi-chi?
O‘sha davr ayollarining qonli taqdirini o‘qib beixtiyor tanangizda titroq
tuyasiz:
“Onamiz oyoq tiraydi, og‘iroyoqman, deydi.
Kattalar, paxta og‘iroyoqni bilmaydi, deydi.
Onamiz tongdan shomgacha paxta teradi. Musobaqada g‘olib bo‘ladi.
Bayroq oladi. Surati bilan ro‘znomada chiqadi.
Oy-kuni bo‘lmasa-da, onamizni egatda dard tutadi.
Onamiz egatda ichlarini ushlab-ushlab voy-voylaydi.
“Erkaklar bilan teng huquqli bo‘lmay men o‘layin-a! – deydi. – Sharqda
mash’al bo‘lmay men o‘layin-a!”
ii
Oppoq dalani chala chaqaloq ovozi oladi...”
Yozuvchi ushbu voqea orqali ayollarning hayoti naqadar xavf ostida
bo‘lganligini, jamiyatda erkaklar bilan teng bo‘lish maqsadida ular kabi og‘ir
ishlarni bajarib, yo‘l so‘nggida esa og‘ir dardga chalinib qolishi, muddatidan
avval farzandini dunyoga keltirishi kabi holatlar kutib turganini uqtirmoqda.
Dehqonqulning Mash’al brigadir nomi bo‘lsa-da, ayoli istagan ikki enlik
juhudi atlasni olib berish uchun qurbi yetmaydi. Itoatkor ayolni og‘ir mehnat, bir
xil hayot tarzi jonidan to‘ydiradiki, har gapida ushbu jumlalar bilan o‘zini
ovutadi: “O‘lsam qutulamanmi?!”
Romandagi ayollar taqdiri haqida so‘z yuritishdan avval aytib o‘tish
joizki, ayollarning o‘zlarini qurbon qilishlariga, hayotdan, yashashdan
bezishlariga faqatgina zamonni ayblaydigan bo‘lsak, biryoqlama fikr yuritgan
bo‘lamiz. Zero, Qozoqboy Yo‘ldosh Tog‘ay Murod shaxsiyati va ijodi haqida
shunday jumlalarni keltirgan edi: “Tog ‘ay Murod jamiyatning inson erkiga daxl
etishiga, shaxsni turmush ikir-chikirlari bilan o‘rab tashlashiga, qilishi mumkin
va kerak bo‘lgan ezgu ishlardan chalg‘itishiga qarshi edi. Bu yerda gap ijtimoiy
tuzum tabiatidagina emas, odamlar orasidagi ijtimoiy munosabatlar yo‘sinida
hamdir”.
iii
“Otamdan qolgan dalalar” asarida ayollarning fidoyiligi, mehr-
muhabbatiga munosib javob olmaganlarining sabablaridan biri tuzumning
shafqatsizliklari bo‘lsa, yana biri oilaviy muhitning ta’siri edi. Dehqonqul
oilaning boshlig‘i edi, afsuski, sovet mafkurasi bilan sug‘orilgan oilaboshi edi.
Dehqonqul uchun ayolining sog‘ligi dala hosilining unumdor bo‘lishi haqida
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
127
qayg‘uradigan darajada muhim emasdi. Hatto, Dehqonqul ayolining
homiladorlik davrini dalada og‘ir mehnat bilan o‘tkazishiga jimgina ko‘z yumdi:
“ Kun yongandan-yondi.
Dala kundan-da, yondi.
Kun kalla qaynatdi, kun tovon kuydirdi.
Ayolimiz daladan bosh olib ketayin, dedi – ketolmadi.
Bola aziz bo‘ldi, g‘o‘za boladan-da aziz bo‘ldi!”
iv
Ayollik, onalikni to‘la his qila olmay, vaqtini oilasi, farzandlari qurshovida
emas, balki, erta tongdan to kechgacha dalada tinim bilmagan ayollarning
taqdiridan Tog‘ay Murod adabiy generalizatsiya yaratadi:
“O‘zbekiston respublikamiz bo‘yicha shu oxirgi ikki yilda yetti yuz ellik
uch xotin-qiz o‘ziga o‘t qo‘yibdi!
... – Esi bo‘lsa o‘ziga o‘zi o‘t qo‘yadimi? Shunday baxt-saodatli zamonda-
ya? ...Shunday hur zamonda- ya? To‘qlikka sho‘xlik bu!
– Esi bo ‘lsa... o‘ziga o‘zi o‘t qo‘yadimi?
– Esi bordirki, o‘ziga o‘t qo‘yibdi. Esi yo‘q odam o‘z joniga qasd qiladimi?
Qilmaydi, katta, qilmaydi! Boisi, bunga aqli yetmaydi!”
v
Yana bir dialog:
“Ayolimiz ikkiqat bo‘ldi.
“Boshim aylanyapti, - dedi. – Qonim kam”.
“Unda, suv ich”.
“Qirmiz-qirmiz... Dumaloq-dumaloq...” – dedi.
Men qo ‘limda o‘ynab yurmish g‘o‘za gulini ayolimizga uzatdim.
“Mana! – dedim. – Qirmiz-qirmiz... dumaloq-dumaloq... gul!”
Ayolimiz qo ‘limni qaytarib tashladi.
“...Oynayijahon bilan kinolarda-da ayoliga gul beradi-ku?”
“Oynayijahon bilan kinolardagi odamlar qorni to‘q odamlar. Gul qorni
to‘qlarni ermagi. Gulni yeb bo‘lmaydi”.
“Bo‘lmasa, qirmizi dumalog‘ing nimang?”
Men jo‘rttaga shunday dedim.
Bildim – ayolimiz qirmizi olma, dedi. Bildim – ayolimiz qirmizi olmaga
yerik bo‘ldi!
Dalada qirmizi olma nima qiladi? Qirmizi olma Denov bozorida bo‘ladi!
Denov bozori esa qirq chaqirimcha keladi! Qachon boraman, qachon kelaman?”
vi
Asardan olingan ushbu dialogda Dehqonqulning ayoli misolida butun
sovet davridagi ayollarning kuch-quvvatini, sog‘ligini dala boy berganlarini
anglab olish qiyin emas. Hattoki, homilador holida ko ‘ngli tusagan mevasini
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
128
faqatgina “katta”lar dasturxonida ko‘rib, unga mahliyo bo‘lishga mahkum.
Mash’al brigadirning ayoli oddiygina olmani orzu qilib unga yetisha olmas ekan,
oddiy ishchi, dehqonning ayolini bunday orzu qilishga hatto haqqi
bo‘lmagandir?!
Dehqonqulning ayoli va uning onasi o‘zbek ayol-qizlarining prototipidir.
Dehqonqulning ayolida o‘zbek ayollariga xos bo‘lgan barcha xislat, sifatlarni
ko‘rishimiz mumkin: hurmat, iymanish, sabrli bo‘lish. Eng asosiysi ayoldagi sabr-
qanoat. Afsuski, barcha narsaning nihoyasi, oxiri bo‘lganidek, ayolda ham ushbu
xislatning nihoyalashi natijasida, o‘zini o‘zi yoqib yuboradi. Bu bilan barchasidan
qutildim, deb o‘ylagani aniq. Dehqonqul ayolining beshikka yozgan jumlalarini
o‘qiydi. Aynan mana shu jumlalar ham o‘zbek ayoli va Tog ‘ay Murod
asarlaridagi ayollar obrazining ruhan o‘xshash va yaqin, degan fikrimizning
yana bir isbotidir:
“..O‘-o‘y, Temirov agranomni ayollari Samarqandga borib kelibdi.
Madrasalar baland-baland emish, qarab bo‘lmas emish.
Qarayin, degichlarni ro‘moli boshidan tushib ketar emish.
Temirov agranomni ayoli qarayin desa, ro‘moli boshidan tushib ketibdi.
... Meniyam ro‘molim suvga tushib ketsa ekan...
Madrasa poyida ro‘molim birrovgina... birrovgina boshimdan uchib
tushsa ekan.
Tagtaxta adog‘idagi bitiklarni o‘qib bo‘lmadi.
Ayolimiz adoq bitiklarni bitayotib ko‘zi ketdimikin? Yo, kenjamiz ayolimiz
ko‘kragini yomon-yomon tortdimikin?...
Tag-tamal bitiklarni o‘qib bo‘ldi:
“Dunyoga kelib nima ko‘rdim?
“Beshik ko‘rdim.
“Dunyo ko‘rib neni ko‘rdim? G‘o‘za ko‘rdim, paxta ko‘rdim. Kun ko‘rdim –
g‘o‘za ko‘rdim. Tun ko‘rdim – beshik ko‘rdim. Beshik mozorim bo‘ldi, dala
mozoristonim bo‘ldi”.
vii
Xulosa
:
O‘zbek adabiyotida Tog‘ay Murod asarlarining ifoda tarzi, uslubi bilan
ajralib turadi. Yozuvchining asarlarida ayollar obrazida milliy qadriyatlarimiz,
o‘zbek ayollariga xos sabr-qanoat nafasi ufurib turadi. Tog‘ay Murod yaratgan
obrazlarda haqqoniy, realistik ruh mavjud. Uning asarlarini o ‘qigan kitobxon
obraz yaratish, tasvirlah mahoratiga qoyil qolishi aniq. Tog ‘ay Murod asarlarida
ayollar obrazini “Otamdan qolgan dalalar” romani xususida o‘rganib chiqdik.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
“Men qaytib kelaman: Tog ‘ay Murod zamondoshlari xotirasida”, 2008
THEORETICAL ASPECTS IN THE FORMATION OF
PEDAGOGICAL SCIENCES
International scientific-online conference
129
2.
Qozoqboy Yo ‘ldosh. “So ‘z yolqini” G ‘afur G ‘ulom nomidagi nashriyot
matbaa-ijodiy uyi. Toshkent – 2018
3.
Tog ‘ay Murod. “Otamdan qolgan dalalar” “Zukko kitobxon” nashriyot-
matbaa uyi. Toshkent – 2022