Ushbu qo‘llanma malaka oshirish va qayta tayyorlash kursi tinglovchilari, baliqchilik fermer xo‘jaliklari mutaxassislari hamda magistrant va doktorantlar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek veterinariya, zooinjeneriya fakulteti baliqchilik yo‘nalishi hamda ushbu yo‘nalishlarning sirtqi bo‘lim talabalari qo‘llanmadan unumli foydalanishi mumkin.
Bakterilogiya tekshirishlar faqat tirik baliqlarda o‘tkaziladi. Chunki o‘lgan baliqda mikroflora tez ko‘payib, kasallik qo‘zg‘atuvchisini aniqlash qiyinlashadi.
Tekshiriladigan material (a’zo yoki to‘qima. solinadigan idishlar (banka, kolba, probirka, petri kosachasi va hokazo) avtoklavda (1 atm. da 20 – 30 minut) yoki qurutish shkafida (160 – 170 oC 1 – 1,5 soat) sterillanadi. Chelak, bidon, kastryullar sovunli suvda toza yuvilib, qaynoq suv bilan chayqab tashlanadi. Tirik baliqni solishdan oldin idish hovuz suvi bilan yoki artezian suvi bilan to‘ldiriladi.
Laboratoriyada olingan namunalar sun’iy oziqa muhitlarida (GPB va GPA) birlamchi ekish jarayoni o‘tkaziladi.
Dastlab baliqning jarohatlangan joylaridan (yara, absess va hokazo) olingan patologik material tekshiriladi. Yaralardan qirindi olishdan oldin ular fiziologik eritma bilan yuviladi. Material olinadigan joy kuydirilib, keyin Paster pipetkasi bilan suyuqlik olinadi. Ekish uchun qon yurakdan yoki dum arteriyasidan olinadi. Birinchi tomchi qon artib tashlanib, qolgan 2-3-tomchilar ozuqa muhitiga ekiladi.
Baliqlar denaturat spirt yoki 5 % li fenol bilan artib tozalangan taxtachalarda yorib ko‘riladi. Yorishdan oldin asboblar (skalpel, qaychi , pinsetlar va boshqalar) 30 minut qaynatiladi. Bakteriologik tekshiruv uchun material olinayotgan asboblar qo‘shimcha denaturat spirti bilan ho‘llanib kuydiriladi.
Bakteriologik tekshirish uchun ozuqa muhitiga yurak, taloq, buyrak va boshqa a’zolardan material olinib sun’iy oziqa muhitiga ekiladi. Namuna olinadigan joy avval qizdirilib, shpatel bilan kuydirilishi shart.
Bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan kasallik qo‘zg‘atuvchilarini farqlash (identifikatsiya) maqsadida qo‘zg‘atuvchining morfologiyasi, harakatchanligi, kultural va bioximik xususiyatlari o‘rganiladi.
Oziqa muhitida o‘stirilgan mikroorganizmlarni tirik yoki fiksatsiyalangan holatda o‘rganish mumkin. Bunda bakteriyalarning shakli, tuzilishi, harakatchanligi aniqlanadi. Bu tekshiruvlarni yarmi suyuq yoki bosma ezilgan tomchi usulida ham o‘tkazish mumkin.
Fiksatsiyalangan surtmani tayyorlash uchun yog‘sizlantirilgan predmet oynachaga tekshiriluvchi material tomiziladi. Aylantirilib oynachaning barcha sathiga yupqa qilib yopiladi. Bosma surtmalar esa kesilgan a’zo yoki to‘qimalarga predmet oynachani bir necha marotaba bir tekkizib tayyorlanadi.
Surtmalar havoda quritiladi, olovda yoki spirt – efirda (etil spirti + efir 1:1) 10min, spirtli formalinda (40 % - li formalin 5 ml, 96 % - li etil spirti 9,5 ml) – 15 min, atsetonda – 5 min, xloroformda – bir necha sekunda fiksatsiyalanadi.
Quritilgan va fiksatsiyalangan surtmalar Gramm, Sil – Nilsen, Romanovskiy – Gimza, Mizin yoki boshqa usullar bilan bo‘yaladi. Bo‘yash usulini tanlashda kasallik to‘g‘risida anamnez, epizootologik ma’lumotlar, klinik belgilari hisobga olinadi.
Masalan: Baliqning jabrasi, beli va dumida, suzgichlarida shilimshiq ko‘p bo‘lsa mikrobakteriozga tekshiruv o‘tkaziladi va sitofag - Agarli yoki Mijdi Petri kosachasida ekib bakteriya o‘stiriladi. Baliq kasaliklarining ko‘pgina qo‘zg‘atuvchilari go‘sht – peptonli muhitda yaxshi o‘sadi.
Anaerob mikroblarni ajratishda oziqa muhitidan erigan kislorod olib tashlanadi. Buning uchun suyuq ozuqa muhitlari probirkaga solinib suv hammomchasida 10 min qaynatiladi yoki havoni vakuum nasosi bilan tortib olinadi.