Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
45-son_1-to’plam_May -2025
106
ISSN:3030-3621
TOSHKENT EKOLOGIK SIYOSATINI YURITISHDA INNOVATSION
YONDASHUV
Eldorbekov Gʻofurbek Iskandarbek oʻgʻli
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi assistenti
“Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni
asrashga hissa qoʻshishi kerak”
Shavkat Mirziyoyev
2025-yilga kelib, insoniyat tarixida eng muhim savol yana kun tartibiga chiqdi:
biz Yer sayyorasini saqlab qola olamizmi? Antarktida muzliklarining tez erishi, Osiyo
osmonini qoplagan tutunlar, Sahroi Kabirda kengayib borayotgan choʻl zonalari va
Tinch okeanidagi plastik orollar – bularning barchasi endi nafaqat ekologlarning, balki
har bir oddiy insonning kundalik tashvishiga aylangan. Bugun global iqlim
oʻzgarishlari faqat geografik yoki statistik masala emas – bu bizning nafas olayotgan
havomiz, ichayotgan suvimiz va kelajakdagi farzandlarimiz hayoti haqida. Havoning
ifloslanishi dunyo boʻyicha har yili millionlab insonlarning salomatligiga salbiy ta’sir
koʻrsatayotgan boʻlsa, tabiat resurslarining cheksiz ekspluatatsiyasi butun
ekotizimlarni halokat yoqasiga olib kelmoqda. Afsuski, ushbu muammolar bizning
Oʻzbekistonga ham kirib kelmoqda. Bu tendensiya ayniqsa poytaxt Toshkent shahrida,
qum boʻronlari va havodagi PM2.5 koʻrsatkichi tavsiya etilgan miqdordan bir necha
marotaba yuqoriligida aks etmoqda.
Ekologik barqarorlik mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim
oʻrin tutadi. U aholi salomatligiga, mehnat unumdorligiga va resurslardan foydalanish
samaradorligiga bevosita ta’sir koʻrsatadi. 2 yil davomida AQShning Boston shahrida
oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, havo sifatini yaxshilash hududdagi ishchilar
mehnat unumdorligini 60% gacha oshirishi mumkin. Bundan tashqari, Jahon Sogʻliqni
Saqlash Tashkiloti (JSST) 2021-yilda e’lon qilgan hisobotiga koʻra, atrof-muhitni
asrash uchun sarflangan har bir dollar sogʻliqni saqlash xarajatlaridan oʻrtacha 10
dollar tejab qolish imkonini beradi.
Aynan shu omillarni hisobga olgan holda Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda
barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlik va yashil infratuzilmani kengaytirish borasida
jadal islohotlar olib borilmoqda. Mamlakatning “Oʻzbekiston–2030” strategik
yoʻnalishlarida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va
zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish eng muhim ustuvorliklar sifatida belgilangan.
Ayniqsa, Toshkent shahri zamonaviy ekologik boshqaruv tizimini joriy etib, “yashil
tadbirkorlik”, qayta ishlash infratuzilmasi va “eko brend”larni rivojlantirish orqali
butun respublikaga namuna boʻlmoqda. 2025-yildan boshlab poytaxtda
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
45-son_1-to’plam_May -2025
107
ISSN:3030-3621
bioparchalanuvchi paketlarga oʻtish, plastik mahsulotlarning zararli kimyoviy tarkibini
cheklash, “yashil belbogʻlar” va tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy qilish boʻyicha
keng qamrovli choralar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, “Eko” mahsulotlar
roʻyxatini tuzish, barqarorlik reytingi tizimi va ekologik tadbirkorlar uchun soliq
yengilliklari joriy qilinayotgani Toshkentning yashil iqtisodiyot sari qat’iy qadamlarini
namoyon etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023-yilgi hisobotiga koʻra,
Oʻzbekistonning issiqxona gazlarini kelgusida 35 foizgacha kamaytirish orqali
mamlakat oʻz oldida jiddiy maqsadlar qoʻyganidan dalolat beradi.
Ushbu islohotlarni davomli qilish uchun, 2024-yil 20-noyabrda
Oliy Majlis
Qonunchilik palatasining majlisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev tashabbuslari bilan, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot
yili” deb e’lon qilindi. Hukumat yilga oid ustuvor yoʻnalishlar asosida davlat dasturini
ishlab chiqishi belgilandi. Bu dasturning asosiy yoʻnalishlari sifatida “yashil”
texnologiyalarni joriy etish, suv resurslarini tejash, koʻkalamzorliklarni keskin
oshirish, Orolboʻyi fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilarni boshqarish
muammolarini hal etish hamda, eng asosiysi, aholining sogʻligʻini mustahkamlash
masalalari ajratib koʻrsatildi. Bunday oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan masalaga kompleks
yondashuvni talab qiladi. Nafaqat loyihalarning tashkil topish strategiyasi, balki
kelgusidagi islohotlar uchun ma’lumotlarni tahlil qilish, amaldagi va kelgusi
loyihalarni moliyalashtirish uchun muqobil manbalarni topish muhim hisoblanadi. Ana
shunday kompleks yondashuvlardan biri insonlar xulq-atvoriga asoslangan siyosat
boʻlib, jahon tajribasida bir qator mamlakatlar, xususan AQSh, Buyuk Britaniya va
Niderlandiya ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan.
Yuqorida aytilgan maqsadlarga erishish va muammolarni har tomonlama tahlil
qilish uchun innovatsion yondashuv asosida tadqiqot olib borildi. Toshkent shahrida
46%
29%
16%
9%
Toshkent ekologiyasiga salbiy ta'sir koʻrsatuvchi eng
asosiy omilni belgilang
Yildan-yilga koʻproq koʻmir va
mazut yoquvchi issiqlik elektr
stansiyalari (142 kishi)
Avtomobillar sonining ortishi (89
kishi)
Toshkentda yashovchi aholi
sonining ortishi (48 kishi)
Boshqa omillar (29 kishi)
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
45-son_1-to’plam_May -2025
108
ISSN:3030-3621
amalga oshirilgan tadqiqotda jami 308 nafar ishtirokchi qatnashgan boʻlib, ularning
207 nafari (67,2%) erkaklar va 101 nafari (32,8%) ayollarni tashkil etgan.
Respondentlarning oʻrtacha yoshi 29 yil boʻlib, ularning oʻrtacha daromadi 3,2 mln
soʻmni tashkil etgan. Jami 142 nafar respondent (46,1%) atrof-muhit ifloslanishining
asosiy omili energiya ishlab chiqarish uchun mazutdan foydalanadigan korxonalar
ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, 89 nafar respondent (28,9%) ifloslanishni
avtomobillar bilan bogʻlagan va 48 nafar respondent (15,6%) aholi sonining ortishini
asosiy sabab deb hisoblagan. Qolgan 29 nafar respondent (9,4%) esa atrof-muhitning
ifloslanishiga boshqa omillar sabab boʻlgan deb hisoblagan.
Demak, aholi fikriga koʻra, hozirda an’anaviy yoqilgʻidan foydalanish shahar
ekologiyasiga eng katta zarar yetkazmoqda. Koʻpgina xorij davlatlarida ushbu
muammoga javoban qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalariga, xususan
bioyoqilgʻiga talab ortmoqda. Lekin, ma’lumki, har qanday islohot ma’lum miqdorda
xarajat talab etadi. 2025-yilda esa byudjetdan samarali foydalanish tendensiyalari
yuzaga kelgan paytda, ushbu moliyalashtirish jarayoniga aholining oʻzini jalb etish
nafaqat byudjetga qoʻshimcha yuk tushishidan ozod etadi, balki aholining ushbu
loyihalarga boʻlgan qiziqishini oshiradi.
Shu sababli yana respondentlarga murojaat etildi: agar havo ifloslanishini
kamaytiradigan bioyoqilgʻi oddiy yoqilgʻidan 50 foiz qimmatroq boʻlsa, uni qoʻllab-
quvvatlagan boʻlarmidingiz? Barcha soʻralganlarning 213 nafari “ha”, 95 nafari esa
“yoʻq” deb javob berdi. Bu shuni anglatadiki, koʻpchilik — taxminan har 10 kishidan
7 tasi — ekologik toza energiyani, hatto u qimmatroq boʻlsa ham, qoʻllab-quvvatlashga
tayyor ekan. Eng e’tiborlisi, tadqiqotga koʻra, odamning daromadi qancha boʻlishidan
qat’i nazar, agar u sogʻligʻini muhim deb hisoblasa, ekologik loyihani qoʻllab-
quvvatlash ehtimoli yuqori boʻladi. Bunday odamlar, sogʻligʻiga befarq odamlarga
qaraganda, loyihaga rozilik bildirish ehtimoli taxminan 3 barobar koʻproqdir.
Natijalardan koʻrish mumkinki, aholi sogʻligʻini asrashga qaratilgan subsidiya
va imtiyozlar taklif etilishi, Toshkent kabi shaharlarda qayta tiklanuvchi energiyaga
oʻtish boʻyicha loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadga muvofiq
boʻladi. Shuningdek, sogʻliq uchun ogohlantirishlar, shaxsiy ma’lumotlar yoki xavf
darajasini koʻrsatadigan vositalar kabi xulq-atvorga ta’sir qiluvchi vositalardan
foydalanish kerak. Toshkent shahri ekologiyasiga avtomobillar ham sezilarli ta’sir
koʻrsatadi. Avtomobil filtrlari, transport vositalaridan chiqayotgan eng zararli gazlar
va chang zarrachalarni ushlab qoladi. Ular havoga chiqadigan karbonat angidrid, azot
oksidlari va PM2.5 zarrachalarini sezilarli darajada kamaytiradi. Texnik jihatdan
bunday filtrlar mashinadan chiquvchi zararli moddalarni 55–60% gacha kamaytira
oladi. Bu esa shahar havosini tozalash va sogʻliq uchun xavflarni kamaytirishda katta
rol oʻynaydi. Lekin, muammo shundaki, haydovchilar buni har doim ham ijobiy qabul
qilishmaydi va koʻpincha minimal narxda filtr sotib olishga harakat qilishadi. Shu
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
45-son_1-to’plam_May -2025
109
ISSN:3030-3621
sababli, respondentlardan filtrni tanlashdan oldin oʻzlari sotib olgan mashina narxi
haqida oʻylash tavsiya qilindi. Oqibatda, respondentlarning 58 foiz qismi samaraliroq
filtr sotib olishga ixtiyorlik bildirishdi.
Soʻrovnomada qatnashuvchilarga avtomobillarining narxi eslatilganda, ular
qimmatroq filtrni tanlashga koʻproq moyillik bildirdilar. Bu shuni anglatadiki, odamlar
qaror qabul qilishda alohida xarajatlarni emas, balki umumiy summani hisobga
oladilar. Bunday vaziyatda filtr ortiqcha xarajat sifatida emas, balki mashinaning
muhim qismi deb qaraladi. Demak, oddiy bir eslatma insonning ekologik tanloviga
sezilarli ta’sir koʻrsatishi mumkin ekan.
Koʻplab rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, odamlarning
daromadi ortgani sari ular ekologik muammolarga koʻproq e’tibor bera boshlaydi.
Biroq iqtisodiy rivojlanishning ilk bosqichlarida bu holat har doim ham
kuzatilavermaydi. Shu bois biz tadqiqotda fuqarolarning daromadiga qarab atrof-
muhitga qancha mablagʻ ajrata olishini ham oʻrgandik.Tadqiqot natijalari kutilmagan
holatni koʻrsatdi: oʻrtacha oylikdan kam daromadli guruh ekologik islohotlar uchun
oʻrtacha 676 ming soʻm, oʻrtacha oylikdan yuqori daromadli guruh esa 489 ming soʻm
ajratishga tayyor ekanini bildirdi. Bu esa, atrof-muhit haqida qaygʻurish faqat
daromadga bogʻliq emasligini, balki boshqa omillar — masalan, ijtimoiy mas’uliyat va
axloqiy qadriyatlar ham muhim rol oʻynashini koʻrsatmoqda.
Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash — bu faqat texnologik
oʻzgarishlar yoki davlat siyosatining natijasi emas, balki har bir fuqaroning kundalik
odatlari va qarorlariga bevosita bogʻliq. Natijalar shuni koʻrsatdiki, odamlar sogʻligʻi
haqida qaygʻurgani sayin, ekologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻlishadi.
Bu esa hukumat va mutasaddi tashkilotlarga oddiy, ammo ta’sirli vositani
— xulq-
atvorga asoslangan siyosatni
qoʻllash zarurligini koʻrsatadi.
42%
41%
13%
4%
Avtomobilingizga filtr oʻrnatish uchun necha pul
toʻlashga rozisiz?
100 dollargacha (147 kishi)
100-500 dollar (143 kishi)
500-1000 dollar (43 kishi)
1000 dollardan ortiq (15 kishi)