Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekistonda bank xizmatlari sohasida
raqamlashtirish jarayonlarining ahamiyati, ularning iqtisodiy va ijtimoiy tizimdagi
o‘rni, shuningdek, rivojlanish istiqbollari chuqur tahlil qilingan. Raqamli
texnologiyalarni joriy etish bank xizmatlarini ommaviylashtirish, ularning tezkorligi
va qulayligini oshirish bilan birga, moliyaviy inklyuziya, korrupsiyaga qarshi kurash
va iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmoqda. Mualliflar O‘zbekiston bank tizimida raqamli
to‘lov platformalari, mobil ilovalar, Open Banking tamoyillari va sun’iy intellekt
asosida xizmat ko‘rsatish mexanizmlarining joriy etilishini tahlil qilgan. Maqolada,
shuningdek, xalqaro tajribalar bilan solishtirish asosida milliy bank tizimining raqamli
transformatsiyasi yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqilgan. Asosiy e’tibor regulyativ
islohotlar, texnologik infratuzilma, xavfsizlik choralari va aholining raqamli
savodxonligini oshirish zarurati kabi masalalarga qaratilgan.