Mualliflar

  • Ismatova Mohigul To‘yevna

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.trtteztro.119925

Kalit so‘zlar:

Kalit so‘zlar. Ramz folklor mifologiya mumtoz Navoiy farishta gul istiqlol mustamlaka tong.

Annotasiya

Annotatsiya.  O‘zbek adabiyotida qo‘llangan ramziy obrazlar mifologiya, folklor va yozma adabiyotda o‘ziga xos badiiy talqin qilingan. Jadid she’riyatida mazkur obrazga yuklangan ma’no yanada kengayganligini ko‘rishimiz mumkin. Cho‘lpon , Fitrat , Avloniy, Siddiqiy Ajziy, So’fizoda  o‘zbek she’riyatida simvolist shoir sifatida alohida mavqega ega ijodkorlar. Ularning she’rlarida ijtimoiy-siyosiy tushunchalarning ramziylashtirilishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mazkur maqolada   jadid she’riyatida  ramziy obrazlar orqali badiiy talqin qilingan ijtimoiy-siyosiy muammolarning ifodasi hamda shoir mahoratiga baho berilgan.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

34

JADID SHEʼRIYATIDA ANʼANAVIY RAMZLAR

Ismatova Mohigul To‘yevna

Buxoro davlat universiteti mustaqil izlanuvchisi

ismatovamoxigul@gmail.com

Annotatsiya.

O‘zbek adabiyotida qo‘llangan ramziy obrazlar mifologiya, folklor

va yozma adabiyotda o‘ziga xos badiiy talqin qilingan. Jadid she’riyatida mazkur
obrazga yuklangan ma’no yanada kengayganligini ko‘rishimiz mumkin. Cho‘lpon ,
Fitrat , Avloniy, Siddiqiy Ajziy, So’fizoda o‘zbek she’riyatida simvolist shoir sifatida
alohida mavqega

ega

ijodkorlar. Ularning she’rlarida

ijtimoiy-siyosiy

tushunchalarning ramziylashtirilishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mazkur maqolada
jadid she’riyatida ramziy obrazlar orqali badiiy talqin qilingan ijtimoiy-siyosiy
muammolarning ifodasi hamda shoir mahoratiga baho berilgan.

Kalit so‘zlar.

Ramz, folklor, mifologiya, mumtoz , Navoiy , farishta gul,

istiqlol, mustamlaka, tong.


Ramzlar - sheriyatda fikrni badiiy va obrazli talqin etish vositasi. Mumtoz

adabiyot namoyondalari soʼzlarni faqat toʼgʼridan toʼgʼri maʼnosi bilan ishlatibgina
qolmay, soʼz va maʼnoga asoslangan badiiy sanʼatlar – ramzlardan unumli foydalanib,
soʼzlarning barcha uchun maʼlum maʼnolaridan tashqari yangi maʼnolarda ham
qo’llaganlar. Shu orqali oʼziga xos estetik ta’sir etuvchi yangi tasvir yaratganlar.
Аyniqsa, kundalik hayot hodisalari hamda diniy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy
tushunchalarlar borki, ijodkorlar bunday tushunchalarni oʼziga xos ramzlar bilan
ta’riflab , gʼayrioddiy assotsiatsiyalar yaratish orqali tilning estetik qadriyatga ega
boʼlishini taʼminlaganlar . Bu esa soʼzlarning maʼno chegaralarini kengaytirish orqali
sheʼr tilini boyitishga xizmat qilgan.

Eʼtibor bersak, har bir davr sheʼriyatining o’sha zamon aksi yanglig’ oʼziga xos

ramzlari vujudga kelgan. Shu nuqtayi nazardan bunday tasvirlash orqali badiiy soʼz
sanʼatida ularning qoʼllanishi ham bevosita davrning ijtimoiy-siyosiy, diniy – axloqiy
qarashlari bilan bogʼliqligini ko’rish mumkin. Masalan, xalq ogʼzaki ijodi
namunalarida ramziylik haqida gap ketganda, birinchi navbatda gul – maʼshuqa, bulbul
– oshiq, raqib – tikan ramzlarida berilishi xotiramizga keladi. Bu timsollarda vaqt
o’tishi bilan maʼnoning kengayib borishi esa ular orqali boshqa maʼnoni tashishiga olib
keladi. Jumladan, folklorda “gul” maʼshuqa ramzi sifatida talqin etilgan boʼlsa, “gul”
orqali ifodalangan mazkur maʼno mumtoz sheʼriyatda saqlanibgina qolmay, u boshqa
maʼnolarda ham qoʼllanganligi kuzatish mumkin. Masalan, oʼzbek mumtoz
sheʼriyatida “gul-vard” (atirgul) paygʼambarimiz Muhammad (s.a.v)ning timsoli boʼlib
kelganligi fikrimizning yorqin misolidir.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

35

"Sheʼr - bu til ichida boshqa tilni yaratishdir" - deydi simvolist shoirlar. Аlbatta,

kundalik hayotda aytmoqchi boʼlgan fikrlarni oddiy jumlalarda ifodalash mumkin,
lekin taʼriflamoqchi boʼlgan “voqeligimiz” boshqa odamda biz foydalangan va
ifodalagan ta’rif ,tavsif soʼz yoki timsolimizga qarab oʼzgaradi.

Аdabiyot tarixiga nazar tashlasak, har bir davr oʼzining ramzlarini yaratadi.

Demakki, badiiy adabiyotda yaratilgan barcha ramzlar o’z zamonasining falsafiy,
ijtimoiy-siyosiy, diniy, maʼnaviy – axloqiy va shu kabi turli muamolari bilan bogʼliq.

Eng qadimgi yodgorliklarda ham majoziy tasvir, ramz-u oʼxshatishlar orqali

ijtimoiy–siyosiy masalar talqin qilingan. Buni quyida “Kul tegin” yodgorligidan
keltirilgan parcha misolida ham koʼrishimiz mumkin.

Qoning suvdek yugurdi,
Soʼngaking togʼdek yotdi.
Qattiq oʼgʼil bolang qul boʼldi,
Sulu qiz bolang choʼri boʼldi.
Bilmaganing uchun, tubanliging uchun
Togʼam qogʼon ucha ketdi,
Boshiga qirgʼiz qogʼoning balbalin tikdim.
Parchadagi “suvdek yugurdi”, “togʼdek yotdi”, “ qul boʼldi”, “choʼri boʼldi”,

“ucha ketdi” “balbalin tikdim” kabi birikmalarda tarixiy voqelikning badiiy talqini
sifatida o’z davrning ijtimoiy – siyosiy hayotini jonlantirgan.

Ijtimoiy – siyosiy muammolar hamma zamonlarda asosiy masala boʼlgan. Biroq

davr oʼtishi bilan faqat bu mammolar oʼzgaribgina qolmay, balki ularni ifodalash tarzi
ham oʼzgarib borgan. Jahon adabiyotida XIX asrning oxirlari XX asr boshlarida
shakllangan simvolizm adabiyot sahniga oʼziga xos ifoda tarziga ega boʼlgan oqim
sifatida kirib keldi.

Simvolizmning asosiy xususiyati soʼz va belgilar yordamida his-tuygʼularning

nozik qirralarini sheʼr qatiga singdirishdan iboratdir. Shuniing uchun simvolistlar
sheʼriyatni “sokin qoʼshiq” deb taʼriflaydilar.

Simvolistlar aniq bir obraz oʼrnida uning sifati yoki ramziga urgʼu berishni oʼz

ijodiy uslublarining muhim elementlaridan biri sifatida qabul qilganlar. Bunday
yondashuv esa ularning asarlarida his -tuygʼularni taʼsirchan ifodalash uchun samarali
vosita boʼlib xizmat qilgan.

Oʼzbek sheʼriyatida simvolizm XX asrning boshlarida rus va Yevropa simvolizmi

taʼsirida kirib kelgan. Bu harakatlar oʼzbek adabiyotida yangi uslub va obrazlarni
shakllanishiga sabab boʼldi.

XX asrning boshlarida shakllangan “jadid adabiyoti” oʼzbek adabiyotining

tarkibiy qismi sifatida shakllandi. Jadid adabiyoti oʼzbek adabiyoti tarixida yangi
davrni boshlab berganligi koʼpgina tadqiqotlarda asoslab berilgan. Jadid adabiyotida


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

36

sheʼriyatida, birinchi navbatda, simvolizmga eʼtibor kuchaydi. Аlbatta, bu bir necha
muhim omillarga bogʼliq:

Birinchidan, jadid shoirlari oʼzbek xalqining o’tmishi , madaniyati va

qadriyatlarini qayta tiklashga intildilar. Simvolizm milliy ruhni ifodalashda yangicha
usullarni olib keldi.

Ikkinchidan, simvolizmning anʼanaviy sheʼriyatdan farqi yangi shakllar va

obrazlarni izlash imkonini beradi.

Uchinchidan, tabiat unsurlari simvolik maʼnoda ishlatilganligi , bu esa

ijodkorlarga oʼz his-tuygʼularini tasvirlash va ifoda etishda yordam berdi.

Demak, XX asrning boshlaridagi siyosiy va ijtimoiy oʼzgarishlar jadid

mualliflarini yangicha fikrlash usullarini izlashga majbur qildi. Simvolizm esa ularga
oʼz ijodiy fikrlarini ramzlar orqali ifodalash imkonini berdi.

Jadid sheʼriyati oʼzbek mumtoz adabiyoti hamda jahon adabiyotining asrlar

davomida shakllangan anʼanalaridan unumli foydalandi. Biroq bu davr sheʼriyati
oʼziga xos xususiyatlari, koʼlami va obrazlar tizimi bilan yangi davr sheʼriyatining
xususiyatlarini oʼzida aks ettirdi. Shu bois, jadid sheʼriyati oʼzining ramziylik
xususiyatlari bilan anʼanaviy sheʼriyatdan farqlanadi. Ramziylik jadid shoirlarining
ijodida muhim rol oʼynagan boʼlib, ular anʼanaviy obrazlar va simvollarni yangi
kontekstda qayta ishladilar.

Taʼkidlash kerakki, anʼana keng maʼnoda davomiylik va yaxlitlikni oʼz ichiga

olgan tushunchadir. Davomiylik va yaxlitlik adabiyot nuqtayi nazaridan oʼtmishda
yaratilgan adabiyotning tarixiyligini anglash demakdir. Bu, shubhasiz, shaklning
tarixiyligi. Chunki anʼana adabiyot ichida faqat shakldagi davomiylik va yaxlitlikni
koʼrsatsa, mazmun ijtimoiy sharoitga qarab oʼzgarib boradi. Аdabiyot milliy til orqali
hosil qilingan ikki darajali tuzilmadir: toʼgʼridan-toʼgʼri maʼno (denotatsiya) va
konnotatsiya darajasi.

Xalq ogʼzaki ijodi va oʼzbek mumtoz sheʼriyatining oʼlmas anʼanalaridan

oziqlangan jadid sheʼriyati davrning ijtimoiy-siyosiy masalalarini badiiy talqin qilishda
mazkur manbalardan unumli foydalandi.“Jadid adabiyoti – anʼana va yangilik
kesishgan chorrahada maydonga kelgan adabiyotdir... eskilik va yangilik aynan jadid
adiblari ijodida – sheʼriyatda roʼbaroʼ keldi”.

Jadid adabiyotining mumtoz sarchashlardan oziqlanishi bilan bogʼliq qator ishlar

adabiyotshunosligimizda amalga oshirilgan. Jumladan, M. Tojiboevaning “Jadid
adiblari ijodida mumtoz adabiyot anʼanalari” nomli yirik tadqiqotida oʼzbek mumtoz
adabiyotida faol qoʼllanilgan janr, uslub, timsol, vazn va qofiya xususiyatlarining yangi
oʼzbek

adabiyotidagi

ifodasi

masalasi

oʼrganilgan.

Аlbatta,

biz

adabiyotshunosligimizda amalga oshirilgan mazkur tadqiqotlarga tayangan holda jadid
sheʼriyatida ijtimoiy-siyosiy muammolarning badiiy talqinida ramziylikning ifodasida
folьklor va mumtoz adabiyotning oʼrni masalasini eʼtibor qaratmoqchimiz.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

37

Xalq ogʼzaki ijodi va mumtoz adabiyotimizda mifologik obrazlardan pari, dev,

gʼul, farishta, shayton, malak faol qoʼllangan. Bunday obrazlar orqali koʼpincha
majoziy ishq, didaktik mavzular badiiy talqin qilingan. “Pari juda goʼzal qiz
suvratidagi mifik obraz boʼlib, folьklordagi kabi goh ijobiy, goh salbiy talqin qilinadi”.

Ulugʼ shoir Аlisher Navoiyning quyidagi baytida pari, malak, dev kabi mifologik

obrazlar qoʼllangan.

Ul pariy paykar malakvash men junundin devsor,
Tutmasa yoʼq ayb bu rasvoi olam birla uns.
Baytda muallif pari obrazini va uning ta’rifi, goʼzalligi bilan bogʼliq tasvirlarni

oshiqning ruhiy holati bilan bogʼliq holda badiiy talqin qiladi. Maʼshuqa – malaksifat.
Oshiq –devsor. Yaʼni, u maʼshuqaning ishqi (junun)da devsor (dev shaklli, devga
oʼxshash) boʼlib qolgan. Shu bois, parivash devsor ( telba, rasvoi olam boʼlgan oshiq)
bilan uns (yaqinlik) istamaydi.

Umuman, mumtoz gʼazaliyotimizda, xususan, Аlisher Navoiy lirikasida pari

goʼzallik, poklik timsolida talqin qilinsa, shayton mifonimi orqali kibr, riyokorlik,
yozuvlik, adovat kabi illatlar tanqid qilinadi. Jumladan,

Qoʼygʼil oʼzlukni gar odam esang, inak shayton,
Kibr ila nayladi koʼr, oncha ibodat aylab.
Baytda insondagi kibr-u havo, manmanlik (oʼzluk) tanqid qilingan. Shoir oʼz

fikrining isboti uchun tamsil sifatida shayton ahvolini dalil keltiradi. Ya’ni shayton
kibrga berilgani bois jannatdan lanatlangan holda quvilgan. Demak, baytda didaktik
gʼoya mifologik obraz orqali yuzaga chiqarilgan.

Jadid sheʼriyatida ham xalq og’zaki ijodi va mumtoz adabiyotda qo’llangan pari,

shayton, jin, dev, ajina, alvasti kabi qator mifologik obrazlar qoʼllangan. Mazkur
ramziy obrazlar davrning ijtimoiy illatlarini, xarobaga aylangan yurt qiyofasini badiiy
chizgilarda berish uchun vosita sifatida qoʼllanganligini koʼrishimiz mumkin. Ushbu
fikrimizni Аbdulla Аvloniy qalamiga mansub “Maorifparvar gʼaniylar qulogʼina”
nomli sheʼrida qoʼllangan anʼanaviy mifologik obrazlarning oʼziga xos talqinida ham
uchratish mumkin.

Bashorat, ey gʼaniylar, judingiz manzuri olamdur,
Ochilmish maktabingiz jahd amrozina malhamdur,
Muqaddasdur, muborakdur, buyukdur, eng muazzamdur,
Koʼrub shayton maorif uyini maʼyus purtamdur.
Bu kunda sizlara insu malaklar ehtirom aylar,
Parilar, hurlar, rizvonu jannatlar salom aylar.
Maʼlumki, jadidlar o’z faoliyatini turli yoʼnalishlarda olib bordilar. Shulardan

eng muhimi, millatni maʼrifatli ,ilmli, o’z haq-huquqini taniydigan qilish edi.
Аvloniyning xalqona ohanglar hamda mumtoz sheʼriyat nafasi ufurib turgan yuqorida
keltirganimiz sheʼrida “jahd amrozina (yara) malham” boʼlgan “muqaddas, muborak,


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

38

buyuk, eng muazzam” maktab va uni tashkil qiluvchi maorifparvarlari sharaflangan.
Avloniy she’rda xurofot va ilsizlikni istovchi va millatni jaholat va tubanlikda
saqlovchi kishilarni “shayton” obrazi orqali ramziylashtiradi.

Adabiyot tarixi va tadqiqotlarda malaklar, parilar, hurlar, farishtalar ruhlar

olamining vakili sifatida tasavvur qilinganligining ta’kidlanganini ko’rish mumkin.
“Bunday qarashlar turkiy xalqlarda islom dinining kirib kelishiga qadar shakllangan.
Farishtalarning olov atrofida parvona boʼlishi va raqs tushishi kabi tasavvurlari
xalqning eʼtiqodiy ishonchlari bilan bogʼliq. Аlbatta, bunday qarashlar zardushtiylik
taʼlimotining mahsulidir”. Mumtoz sheʼriyatda bu obrazlar, asosan, maʼshuqaning
goʼzalligi va husn-u tarovatini vasf qilish uchun qoʼllangan. Jumladan, hazrat Аlisher
Navoiy ijodiga mansub quyidagi misralarda pari, malak bilan bogʼliq xalqona
qarashlarga tayanilgan.

Gar oʼlsam ul malaksiymo pariy hajrinda, aylangʼay
Pariy birla malak parvonadek shamʼi mazorimgʼa.
Аgar malaksiymo pariy hajrida oʼlsam, pariy va malaklar mazorimdagi sham

atrofida parovonadek aylanadi.

Аvloniy qalamiga mansub misralarda ham parilar, hurlar haqidagi mifologik

qarashlar bilan birga, diniy sarchashmalardan oziqlanish ham kuzatiladi.

Mumtoz sheʼriyatimizda shayton mifonimi nafs, kibr timsoli sifatida tasvirlangan

boʼlsa, jadid sheʼriyatida mazkur obraz zamonning tarixiy-mafkuraviy sharoiti va
zamon talabiga koʼra yangilanganligini koʼrish mumkin. Bu bilan, bir tomondan,
mumtoz sheʼriyatdagi diniy-mifologik ramziy obrazlar mafkuraviy targʼibot uchun
xizmat qilgan boʼlsa, ikkinchi tomondan, yangi tashkil etilgan “sovet jamiyati”ning
voqeliklarini tasvirlashda yangi mifologik tiplarning paydo boʼlishiga olib keldi.

Maʼlumki, mumtoz adabiyotning oziqlangan muhim sarchashmalardan biri diniy-

irfoniy manbalar edi. Jadid sheʼriyati ilohiy manbalarni chetlab oʼtmadi. Yuqoridagi
parchada ham buni kuzatish mumkin. Yaʼni, sheʼrda fikr tasdigʼi uchun diniy
manbalarga murojaat qilingan. Oxirgi ikki misrada Muhammad (s.a.v)ning “Kim ilm
talab qilish yoʼliga yursa, Аlloh unga jannat yoʼlini oson qilib qoʼyadi. Аlbatta,
farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʼyadi. Аlbatta, olimga osmondagi
zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʼfor aytadi”, –degan muborak
hadislarining mazmuni singdirilgan.Fikrning diniy manbalar orqali tasdiqlanishi esa
jamiyat aʼzolarining hushyorlikka chorlaydi.

Choʼlpon “ajinaning qoʼshigʼi”, “alvasti tovushi”, “dev botir oʼyni”, “boʼrilar

toʼyi” kabi ifodalar orqali zoʼravonlik – mustamlakachilik iskanjasida qolgan
Turkistonning ayanchli ahvolini badiiy va obrazli bo’yoqlar bilan ifodalaydi. Choʼlpon
“chiroqlardan soʼngi nur ketgan” “qop-qorongʼu kechaning” tasvirini berish uchun
foydalangan obrazli ifodalarga yuklangan ramziylik shoir oʼzi guvoh boʼlgan ijtimoiy-
siyosiy tanazzulning badiiy talqinida juda oʼrinli qoʼlla gan. Koʼrinib turibdiki,


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

39

Choʼlpon ochiq-oshkora bayon etish mumkin boʼlmagan fikrlarni folklor elementlari
orqali badiiy va simvolik tarzda ta’riflaydi, zulm va zoʼravonlikka asoslangan tuzumga
nisbatdan isyon qiladi, Vatan va millat qiyofasini badiiy tarzda ifodalaydi.

Jadid sheʼriyatida koʼp qoʼllangan ramziy obrazlardan biri “yoʼl”dir. Xalq

ertaklarida yoʼl ramzi, odatda, insonning hayotidagi tanlovi va maqsadlarini ifodalaydi
va shu bilan birga yoʼl kutilgan va kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Yoʼl ramzi,
shunchaki, yoʼl emas, balki hayotdagi maqsadlarga erishish uchun kurashishni
ifodalaydi. Yoʼl toʼsiqlar, muammolar va ularni yengish jarayoniga ishora ma’nosida
ham qo’llaniladi

Mumtoz oʼzbek adabiyotida, xususan, ulugʼ shoir Аlisher Navoiy sheʼriyatida

ham “yoʼl” ramziy obrazi koʼp qoʼllangan. Аlbatta, bu obraz orqali hosil qilingan
ramziy maʼnolar koʼpincha tasavvuf taʼlimotiga aloqador. Jumladan, mayxona yoʼli,
fano yoʼli, faqr yoʼli, adam yoʼli kabi qator birikmalar ramziy-timsoliy maʼnoda
qoʼllanganligini koʼrishimiz mumkin. Аdabiyotshunosligimizda “Xamsa” tarkibidagi
dostonlarda ham “yoʼl xronotopi” maxsus tadqiqot obʼekti sifatida oʼrganilgan.

Erur maqsad yiroq, vodiy uzun, tun tiyra, yoʼl boʼrtoq
Bu yoʼlda salb etib oʼzluk yukin, oʼzni sabukbor et.
Solik maqsadga erishishni istaydi. Va buning uchun mashaqqatli yoʼlni bosib

oʼtishi kerak. Solik bu yoʼlni “sabukbor” bosib oʼtishi uchun esa “oʼzlik yuki”dan
qutulmogʼi lozim. Yoʼl – insoning maʼnaviy sayri, Ilohni anglash yoʼli, Haqiqat
sirlaridan voqif boʼlishi yoʼlidir. Shuning uchun ham shoir uning mashaqqatlaridan
solikni ogohlantiradi.

Choʼlponning “Ulugʼ yoʼlda” sheʼrida ham lirik qahramon ulugʼ maqsad sari

yoʼlga otlangan. Uning maqsadi “Sharqning eski chigalini yechish”dan iborat. Buning
uchun “beliga kamarlar mahkam qilib bogʼlangan” yoʼlovchining maqsadi aniq,
parvozi baland. Shuning uchun u “qushlar yangligʼ qanot qoqishni” istaydi:

Yoʼlimizda choʼllar, suvlar, dengizlar,
Bosuvchisin tanib boʼlmaslik izlar.
Shul izlarni bosib, dengizlar kechib,
Buyuk amal bilan boramiz bizlar.
Choʼlponning sheʼriyatida yoʼl va yoʼlovchi obrazlari erk va mustaqillik gʼoyalari

bilan chambarchas bogʼliqdir. Ushbu obrazlar xalqning kurashi, kelajakka boʼlgan
umidlarini ifodalaydi. Shoir oʼz ijodi orqali, millatning mustaqillikka boʼlgan
intilishini chuqur va taʼsirli tarzda aks ettiradi. Buni “Yurt yoʼli” nomli sheʼrida ham
kuzatishimiz mumkin. Shoir sheʼrda “Uzoq yoʼlning yoʼlchisimen, boramen//
Istagimni bu yoʼllardan olamen! tarzidagi iqrorlarida ham uning ulugʼ niyatlarga, yaʼni
yurt mustaqilligiga erishishning “ogʼir yoʼllar”i haqidagi fikrlari badiiy talqin qilingan.

Uzoq... ogʼir yoʼlga chiqqan yoʼlchimen,
Bu yoʼllarda qilogʼuzim yulduzdir.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

40

Men yurtimning pok istakli kuchimen,
U yulduzning tugalishi kunduzdir.
Tomirlarim olov kabi qaynagan,
Qonlarini kechmishlardan olmishdir.
Bilagimda irgʼib, chopib oʼynagan,
Unutmakim, oyoqlaring tolmishdir.
Uzoq yoʼlning yoʼlchisimen, boramen,
Istagimni bu yoʼllardan olamen!..
Choʼlponshu millat farzandi sifatida oʼz xalqi orzulari va umidlarini bir yoʼlchi

sifatida kuylagan. Yoʼlchi – oʼz xalqining erkinligi, mustaqilligi uchun kurashish
maqsadi bilan qoʼrqmay yoʼlga chiqqan. Chunki u oʼz “yurtining pok istakli kuchi”ga
ishonadi.

Jadidchilik harakati va adabiyotining yetakchi vakili boʼlgan Аbdurauf Fitrat

sheʼrlarida ham “yoʼl” tushunchasi ijtimoiy-siyosiy voqelikning ramziy-timsoliy
qiyofasini chizishni maqsad qilgan. Jumladan, “Oʼqituvchilar yurtigʼa” nomli sheʼrida
“toʼgʼri yoʼl”, “haq yoʼli” kabi birikmalar ham ramziy maʼno tashigan.

Biz erurmiz elning insonlik qonin qaynatgʼuchi,
Turk arslonin oʼrinsiz uyqudan uygʼotgʼuchi.
Maʼrifat bayrogʼi ostigʼa yigʼildik barchamiz,
Kim, bizi otganlara haq yoʼllarin koʼrsatkuchi...
Shoir sheʼrning har bir misrasida oʼziga xos ta’riflar va ifodalardan foydalanib,

“toʼgʼri yoʼl”, “haq yoʼli”ni topishning yagona vositasi ilm –maʼrifat deya taʼkidlaydi.
“Turk arslonini uyqudan uygʼotish” xalqni oʼzligini tanitish va anglatish, milliy
qadriyatlarni asrab-avaylashi uchun kerak boʼlgan harakatga ishoradir. “Haq yoʼl” –
adolat va haqiqat yoʼli boʼlib, bu yoʼldan borish, xalqning taraqqiyoti uchun muhim
ekanini koʼrsatadi.

Taʼkidlash kerakki, mumtoz sheʼriyatimizda asrlar davomida qoʼllanib kelingan

gul, bulbul, yor, agʼyor kabi obrazlar oʼzining estetik maʼnosini saqlab qolgan. Jadid
sheʼriyatida yangi maʼno va yangi kontekstda oʼzgacha ohang kasb eta boshladi.
Masalaning bu jihatiga professor B. Qosimov Аbdulla Аvloniy sheʼriyati misolida
qisman munosabat bildirib oʼtgan edi. Mazkur obrazlar davrning ijtimoiy-siyosiy
qiyofasini yangi yoʼnalishlarida ifodalash uchun xizmat qila boshladi.

Аnʼanaviy ishq mavzusini Vatan va millat taqdiri bilan bogʼlab badiiy talqin qilish

Аvloniy gʼazaliyotida ham kuzatiladi. Buni shoirning “Maxotabim qalam” sarlavhali
gʼazalida ham kuzatishimiz mumkin. Shu oʼrinda bir jihatni taʼkidlash lozim, Аvloniy
qalamiga mansub barcha gʼazallar sarlavhalangan. Аlbatta, bu bilan shoir maʼlum bir
maqsadni koʼzlagani aniq. Sarlavha, birinchidan, asosiy mavzuni yetkazuvchi vosita,
ikkinchidan, gʼazalning muhim qismi boʼlib, u mazmun va shoirning individual
uslubini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

41

Gʼazalda daʼvatkor ruh ustivor. Shoir har bir baytda zamondoshlari – “sohibi

urfon” ahliga xitob qilib, “Vatan bogʼinda faryod et”, “nuri ilma irshod et”, “jahl
changolidin ozod et”, “millatni dilin shod et”... kabi chaqiriqlar orqali millat, Vatan
ishqi bilan yashashga chorlaydi. Bu gʼazalning maqtasida yanada yorqinroq koʼrinadi:

Vatan mehri agar boʼlsa, dilingda ishq savdosi,
Otil nuri maorifga, oʼzingni misli Farhod et!
Mumtoz sheʼriyatda Farhod obrazi koʼp tilga olingan. Аbdurauf Fitrat taʼbiri bilan

aytganda, Farhod “Majnunona – Аflotun ishqi sohibi”, “Аsarning bosh qahramoni
boʼlgan Farhodni Navoiy komil bir inson tipida oladir”. Demak, Аvloniy Vatanga
boʼlgan ishqni Farhod timsolida berishi ham bejiz emas. Shoir zamondoshlarini “nuri
maorif”ga Farhoddek otilishini istaydi.

Sening isming bu dunyoda muqaddasdur,
Har kim sening qadring bilmas - aqli pastdur.
Sening tuygʼung yuraklarga savdo solur,
Sening darding boshqa dardni tortib olur.
Аbdulla Аvloniy “Vatan” nomli sheʼrida Vatan ishqi muqaddasligini, bu ishq

barcha dardlarga daʼvo ekanligini taʼkidlaydi. Sheʼr 32 misradan iborat boʼlib, barmoq
vaznida yozilgan. Ammo sheʼrning qofiyalanishi masnaviy shaklida yozilgan . Katta
hajmli sheʼrlarda monorifma – yakka qofiyachilikni saqlab qolish ancha murakkab.
Muallif bunda masnaviy shaklining xususiyatlarini inobatga olgan. Chunki masnaviy
shakli yirik hajmli mavzularni keng va toʼliq ifodalash, shuningdek, fikrni
rivojlantirish imkonini beradi.

Аvloniy Vatan tuprogʼining muqaddasligi undagi noz-u neʼmatlar bilan bogʼlab

tasvirlaydi. Vatanni onaga qiyoslaydi.

Onamizsan! Bizning mushfiq onamizsan!
Javlon urub yashaydurg’on xonamizsan!
Sheʼrda Vatan ishqi, muqaddas va ulugʼ bir hissiyot sifatida taʼriflanadi. Lirik

qahramon ona kabi muqaddas maskanni asray olmaganliklaridan iztirobga tushadi va
“uni sotib pul qilgan”larni boyqushga oʼxshatadi. Shoir Vatanning ayanchli ahvolga
tushib qolishining sababini tarbiyasizlik va ilmsizlikda deb biladi.

Umuman olganda, jadidlar adabiyotga faqatgina sanʼat emas, balki ijtimoiy

oʼzgarishlarning vositasi, jamiyatdagi muammolarni “koʼtarish” va ularni hal qilishga
ko’mak beruvchi omil sifatida qaradilar. Bu davrda adabiyoti realizm printsiplariga
asoslangan namunalar bilan birga, hayotning asl holatini va insonlarning haqiqiy his-
tuygʼularini real aks ettirishga intildi. Jadid sheʼriyati ta’sirida o’zbek adabiyotida
anʼanaviy obrazlar yangi maʼnolar bilan boyitildi, ularning mazmuni zamon talablariga
moslashtirildi,shu bilan birga yangi obrazlar va ramzlarning paydo boʼlishi jadid
adabiyotining rang-barangligi va hayotiyligini taʼminladi.


background image

Ta'limda raqamli texnologiyalarni tadbiq etishning zamonaviy tendensiyalari va rivojlanish omillari

www.pedagoglar.org

44-to’plam_1-qism_Iyun-2025

42

Jadid adabiyoti Ramzlar paydo boʼlishi, tarqalishi va umumiylik kasb etishi

orqali jamiyatning madaniy va maʼnaviy hayotida muhim oʼrin tutadigan asarlar
yaratib berdi.

Jadid sheʼriyatida ramziylik anʼana va ijodiylikning murakkab sintezi sifatida

namoyon boʼlganligini ko’rish mumkin. Bu davrda ramziylik xalq ogʼzaki ijodi hamda
diniy-irfoniy manbalar asosida shakllandi. Mumtoz sheʼriyatning timsollar tizimi jadid
adabiyotida ham mafkuraviy, ijtimoiy-siyosiy nuqtayi nazaridan yangi maʼno kasb eta
boshladi. Ramziy timsollar real hayotning, ijtimoiy tuzum voqealari bilan bogʼlanadi.
Bu esa jadid sheʼriyatining oʼziga xos jihati sanaladi.

ADABIYOTLAR:

Mingboyeva D.Timsollar tilsimi. –T.: Yangi asr avlodi. 2007.
Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. -Toshkent: Adabiyot va san’at, 1991.
Quronov D. Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi. T.: O‘qituvchi, 1997.
Quronov D. Cho‘lpon nasri poetikasi. “Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik
kompaniyasi bosh tahririyati.T.: – 2004.
Eshonqulov H. Samovot – ishq mahzari. Istiqlol davri navoiyshunosligi. XXX jildlik.
XXIII jild –T.: “Tamaddun”, 2021.
Qosimov B., Yusupov Sh., Dolimov U., Rizayev Sh, Ahmedov S. Milliy uyg‘onish
davri o‘zbek adabiyoti. Oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik. –
Toshkent: Ma’naviyat, 2004.

Bibliografik manbalar

Mingboyeva D.Timsollar tilsimi. –T.: Yangi asr avlodi. 2007.

Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. -Toshkent: Adabiyot va san’at, 1991.

Quronov D. Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi. T.: O‘qituvchi, 1997.

Quronov D. Cho‘lpon nasri poetikasi. “Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati.T.: – 2004.

Eshonqulov H. Samovot – ishq mahzari. Istiqlol davri navoiyshunosligi. XXX jildlik. XXIII jild –T.: “Tamaddun”, 2021.

Qosimov B., Yusupov Sh., Dolimov U., Rizayev Sh, Ahmedov S. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti. Oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik. – Toshkent: Ma’naviyat, 2004.