Авторы

  • N. Sh.Xoshimova
    Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, RSHTYoIM Surxondaryo filiali

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.universal-scientific-research.113773

Аннотация

Ogʻiz boʻshligʻi va til toʻqimalarining xavfli hosilalari barcha xavfli o‘smalar  sonining nisbatan kichik qismini tashkil qilsa ham (turli 
manbalarga koʻra — 2% dan 5% gacha), klinik jihatdan ahamiyatli boʻlgan oʻsmalar guruhiga kiradi. Ushbu joylashuvdagi oʻsmalar nisbatan kam uchrasa-da, ularning kechishi agressiv boʻlib, qaytalanish tezligi yuqori va mahalliy limfa tugunlariga metastaz berishga kuchli moyillik mavjud. Bu esa diagnostika va davolash taktikasi tanlashda alohida e’tibor talab etadi.


background image

24

OG‘IZ BO‘SHLIG‘I O‘SMALARINI TASHXISLASHDA “YONOQLARNI

SHISHIRISH” (PUFFED CHEEK) ZAMONAVIY MULTISPIRAL

KOMPYUTER TOMOGRAFIYA METODIKASINING AHAMIYATI

N. Sh.Xoshimova

Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, RSHTYoIM Surxondaryo filiali

Muammoning dolzarbligi.

Ogʻiz boʻshligʻi va til toʻqimalarining xavfli hosilalari

barcha xavfli o‘smalar sonining nisbatan kichik qismini tashkil qilsa ham (turli
manbalarga koʻra — 2% dan 5% gacha), klinik jihatdan ahamiyatli boʻlgan oʻsmalar
guruhiga kiradi. Ushbu joylashuvdagi oʻsmalar nisbatan kam uchrasa-da, ularning
kechishi agressiv boʻlib, qaytalanish tezligi yuqori va mahalliy limfa tugunlariga
metastaz berishga kuchli moyillik mavjud. Bu esa diagnostika va davolash taktikasi
tanlashda alohida e’tibor talab etadi. Ushbu nosologik shakl bilan kasallangan
bemorlar, odatda, kasallikning kech bosqichlarida (III-IV bosqich — 62,0%) murojaat
qiladilar, shuningdek, oʻlim koʻrsatkichlari yuqori boʻlib, turli nashrlarga koʻra, oʻlim
sabablarining 4–6-oʻrinlarini egallaydi. Yana bir muhim muammo — bu oʻsmalarning
kichik oʻlchamdagi bosqichlarini erta aniqlashdir. Kichik hajmdagi yomon sifatli
oʻsmalarni yalligʻlanish jarayonlari yoki xavfsiz oʻzgarishlardan ajratish juda qiyin.
Dastlab ular ogʻriqsiz tugun, qattiqlashgan joy, yuzaki yara yoki yoriq koʻrinishida
paydo boʻlib, odatiy davolashga bo‘ysunmaydi. Bu esa ko‘pincha tashxisdagi xatolarga
va kechikishga olib keladi.Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, muntazam stomatologik
tekshiruvlar og‘iz bo‘shlig‘i va tildagi yomon sifatli oʻsmalarni erta aniqlashga yordam
beradi. Stomatologga har ikki yilda kamida bir marta tashrif buyuradigan bemorlarda
omon qolish darajasi 20–30% ga yuqori bo‘ladi. Bu lokalizatsiyadagi oʻsmalarning
kichik oʻlchamdagi shakllarini klinik jihatdan aniqlash qiyinligi kasallikni erta
bosqichda tashxislash imkoniyatini cheklaydi va tezkor, aniq diagnostika usullarining
dolzarbligini yanada oshiradi.

Material va metodlar.

Tadqiqot 2019–2022 yillar davomida Respublika

ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filiali
bazasida olib borildi. Tahlilga ogʻiz boʻshligʻi va ogʻiz-halqum sohalarining yomon
sifatli oʻsmalari bilan ogʻrigan jami 121 nafar bemor (erkaklar va ayollar) jalb etildi.
Bemorlarning yoshi 19 dan 89 yoshgacha boʻlib, ularning barchasida diagnoz klinik va
morfologik jihatdan tasdiqlangan. Tadqiqot davomida bemorlarning anamnezi, klinik
koʻrinishlari, laborator va instrumental tekshiruv natijalari chuqur tahlil qilindi.
Radiologik tekshiruv usullaridan ko‘krak qafasi va bosh-boʻyin sohasining ko‘p
kesimli kompyuter tomografiyasi (MSKT), magnit-rezonans tomografiyasi (MRT)
usullari qo‘llanildi. 121 ta bemorning 88 tasini erkaklar, 33 tasini ayollar tashkil qildi.


background image

25

Olingan natijalar asosida tashxisning aniqligi, o‘smalarning lokalizatsiyasi, bosqichi,
o‘sish xususiyatlari va limfogen tarqalish darajasi baholandi.

Natijalar va muxokamalar.

Ushbu tadqiqot doirasida ogʻiz boʻshligʻi va ogʻiz-

halqum sohasining yomon sifatli o‘smalari tashxisi qo‘yilgan 121 nafar bemor tahlil
qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, «yonoqlarni shishirish» usulidan
foydalangan holda o‘tkazilgan MSKT (multispiral kompyuter tomografiyasi)
tekshiruvlari patologik o‘zgarishlarni, ayniqsa, shilliq qavat va yumshoq to‘qimalarda
aniqroq ko‘rishga imkon berdi. Jumladan, oddiy MSKT tekshiruvlarida 15 mm gacha
bo‘lgan o‘smalar aniqlanmagan 23 nafar bemorda (19%) ushbu modifikatsiyalangan
metod yordamida kichik o‘smalar aniq vizualizatsiya qilindi va o‘smalarning tarqalish
darajasi yanada to‘g‘ri baholandi. Oddiy MSKTda hech qanday anomaliya
aniqlanmagan 7 bemorda esa yonoqlarni shishirish usuli bilan kichik o‘smalar
aniqlanib, ularda shilliq qavatning yengil qalinlashuvi kuzatildi. Ushbu bemorlarda
oʻsmalarning lokalizatsiyasi quyidagicha aniqlangan: 2 ta holatda yonoq shilliq
qavatida, 3 ta holatda tilning yon sathida, 2 ta holatda esa retromolyar uchburchakda.
Shuningdek, 13 nafar (10,7%) bemorda oddiy MSKTda ogʻiz boʻshligʻida oʻsmalar
aniqlangan bo‘lsa-da, ularni ikki shilliq sathdan farqlash imkonsiz edi. Shu bilan birga,
«yonoqlarni shishirish» usuli yordamida aynan qaysi sathda patologik jarayon
kechayotgani aniq ko‘rsatildi. Ushbu guruhda o‘smalarning lokalizatsiyasi
quyidagicha bo‘ldi: 3 ta holatda yuqori gingivobukkal cho‘ntakda (2,5%), 5 ta holatda
yonoq gingival yuzasida (4,1%) va 5 ta holatda tilning yon sathida, ogʻiz boʻshligʻi
tubini ham qamrab olgan holda (4,1%). Yana 10 nafar (8,2%) bemorda oddiy MSKTda
til ildizida o‘smalar aniqlangan bo‘lsa-da, ularning tarqalishi va atrof to‘qimalarga
invaziya qilish darajasi aniq ko‘rsatilmagan. «Yonoqlarni shishirish» metodi
yordamida esa o‘smalarning lokal joylashuvi, tarqalish darajasi hamda yaqin
mushaklar va tuzilmalar invaziyasi aniq tasvirlandi. 3 nafar (2,5%) bemorda til ildizi
ostidagi mushaklar (ya’ni, m. geniohyoideus) ishtirokidagi invaziya qayd etildi. 5 nafar
(4,1%) bemorda til massasining deyarli yarmi, shuningdek, genioglossus,
geniohyoideus, hyoglossus va mylohyoideus mushaklari, ogʻiz boʻshligʻi tubi
zararlangan, biroq suyak tuzilmalar ishtirok etmagan. 2 holatda esa suyak zararlanishi
va perinevral invaziya aniqlangan. Shuningdek, oddiy MSKT va «yonoqlarni
shishirish» metodikasi qoʻllanilgan MSKT natijalari orasida asosiy diagnostik
ko‘rsatkichlar – sezuvchanlik (Se), xoslik (Sp) va umumiy aniqlik (Ass) boʻyicha
taqqoslov tahlil oʻtkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, modifikatsiyalangan metod
diagnostik ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilaydi, ayniqsa erta bosqichdagi
kichik o‘smalarni aniqlashda va ularning aniq lokalizatsiyasini baholashda yuqori
sezuvchanlik va aniqlik bilan ajralib turadi.


background image

26

Xulosalar.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari og‘iz bo‘shlig‘i va og‘iz-halqum

sohalarining yomon sifatli o‘smalarini erta va aniq tashxislashda «yonoqlarni
shishirish» metodikasi qo‘llanilgan MSKT tekshiruvlarining diagnostik qiymati
yuqoriligini ko‘rsatdi. Mazkur metod oddiy nativ MSKTga nisbatan kichik
o‘lchamdagi o‘smalarni aniqlash, ularning anatomik lokalizatsiyasi va tarqalish
darajasini aniqlashtirishda sezilarli ustunlikka ega ekanligi bilan ajralib turdi.
«Yonoqlarni shishirish» usuli yordamida aniqlangan holatlarda shilliq qavat yuzasidagi
yengil qalinlashuvlardan tortib, mushaklararo va chuqur invaziya holatlarigacha
bo‘lgan patologik o‘zgarishlar aniqlanishi, bu metodikaning klinik amaliyotda
qo‘llanilishini maqsadga muvofiq ekanligini tasdiqlaydi. Ayniqsa, 15 mm gacha
bo‘lgan o‘smalarni aniqlashda, shuningdek, ikki shilliq qatlamni differensial
tashxislashda ushbu metodikadan foydalanish tashxisning aniqligi va ishonchliligini
oshiradi. Shu asosda, og‘iz bo‘shlig‘i va og‘iz-halqum sohasining yomon sifatli
o‘smalarini diagnostika qilishda standart MSKT bilan bir qatorda «yonoqlarni
shishirish» metodikasini qo‘llash tavsiya etiladi. Bu yondashuv o‘smalarning erta
aniqlanishini ta’minlash, ularning klinik jihatdan to‘liq baholanishiga yordam berish
va samarali davolash taktikasi tanlash imkonini yaratadi