437
MAVLAVIY YO‘LIDA HALOVAT ISTAB…
Quljanova To‘lg‘anoy Shodiyor qizi,
SamDU tayanch doktoranti
Annotatsiya.
Ushbu maqolada o‘zbek zamonaviy she’riyati vakili Asqar Mahkam ijodida
Sharq tasavvuf adabiyotining buyuk namoyandasi Jaloliddin Rumiy falsafasining badiiy aks etishi,
tasavvufiy-ma’rifiy g‘oyalar bilan mushtarakligi tahlil qilinadi. Shoir she’rlarida aks etgan ilohiy
ishq, nafsdan voz kechish, ruhiy kamolot va haqiqatga yetishish g‘oyalari Rumiyona ohanglar bilan
uzviy bog‘liqligi ayrim mulohazalar orqali ochib beriladi.
Kalit so‘zlar.
Asqar Mahkam, Rumiy, tasavvuf, ilohiy ishq, ma’naviy kamolot, ruhiy
uyg‘onish, she’riyat.
MEVLÂNA YOLUNDA HUZUR ARAYARAK…
Kuljanova Tulganoy Shodiyor kizi,
Semerkand devlet üniversitesi doktora öğrencisi
Özet.
Bu makalede, modern Özbek şiirinin temsilcisi Asqar Mahkam’ın eserlerinde Doğu
tasavvuf edebiyatının büyük Şairi Mevlânâ Celaleddin Rumi’nin felsefesinin sanatsal yansımaları
ve tasavvufi-eğitici fikirlerle olan ortak yönleri analiz edilmektedir. Şairin şiirlerinde yer alan ilahi
aşk, nefsin terki, manevi olgunluk ve hakikate ulaşma gibi düşünceler, Rumiyan bir üslupla sıkı bir
şekilde bağlantılı olduğu bazı düşünceler aracılığıyla ortaya konmaktadır.
Anahtar kelimeler.
Asqar Mahkam, Rumi, tasavvuf, ilahi aşk, manevi olgunluk, ruhsal
uyanış, şiir.
В ПОИСКАХ УМИРОТВОРЕНИЯ НА ПУТИ МАВЛАНЫ…
Кулжанова Тулганой Шодиёр кызы,
докторант Самаркандского государственного университета
Аннотация.
В данной статье рассматривается художественное отражение
философии великого представителя восточной суфийской литературы Джалаладдина Руми
в творчестве современного узбекского поэта Аскара Махкама. Анализируются духовно-
просветительские идеи в поэзии поэта, их связь с суфийским мировоззрением Руми. Через
определённые рассуждения раскрывается, как темы божественной любви, отказа от эго,
духовного совершенства и стремления к истине тесно переплетены с румийской
интонацией.
Ключевые слова.
Аскар Махкам, Руми, суфизм, божественная любовь, духовное
совершенство, духовное пробуждение, поэзия.
SEEKING PEACE ON THE PATH OF MAWLANA…
Kulzhanova Tulganoy Shodiyor kizi,
basic doctoral student of Samarkand state university
Abstract
. This article analyzes how the poetic works of modern Uzbek poet Asqar Mahkam
reflect the philosophy of the great representative of Eastern Sufi literature, Jalaluddin Rumi. The
spiritual-educational ideas expressed in Mahkam’s poetry show deep affinity with Rumi’s Sufi
worldview. Through certain reflections, the article reveals how themes such as divine love,
438
renunciation of the ego, spiritual maturity, and the pursuit of truth are closely intertwined with
Rumi’s mystical tone.
Keywords.
Asqar Mahkam, Rumi, Sufism, divine love, spiritual perfection, spiritual
awakening, poetry.
Tasavvuf adabiyoti Sharq she’riyatining eng yuksak badiiy- falsafiy yo‘nalishlaridan biri
hisoblanadi. Uning yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Jaloliddin Rumiy o‘zining “Masnaviy”si,
falsafiy risolalari va she’rlari orqali butun bashariyatga ruhiy saboq bergan buyuk mutasavvif
shoirdir. Uning asarlari, xususan, “Masnaviy ma’naviy” asari tasavvuf falsafasining yuksak
namunasi hisoblanadi. Rumiyning asarlarida inson va Xudoning o‘zaro munosabati, ruhiy
uyg‘onish, ilohiy ishq falsafasi markaziy o‘rinda turadi. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida Rumiy
falsafasi bilan mushtarak g‘oyalar ko‘plab ijodkorlarda kuzatiladi. Jumladan, Asqar Mahkam ijodi
rumiyona ruhda bitilgan she’rlari bilan ajralib turadi. Shoir she’rlarida inson va koinot, ishq va
haqiqat, hayot va o‘lim kabi abadiy mavzular an’anaviy va o‘ziga xosda uslublarda yoritiladi.
Ushbu tadqiqotda shoirning “Mavlaviy yo‘lida” nomli kichik so‘zboshi bilan yozilgan
she’rlari poetik va semantik jihatdan tahlil qilindi. Bu tahlillardan maqsad Asqar Mahkam ijodiga
xos an’anaviylik va Jaloliddin Rumiy falsafasining o‘zbek she’riyatiga ta’siri masalasiga oid ilmiy
dalillarni asoslashdan iborat. Asqar Mahkam mohir tarjimon sifatida ko‘plab durdona asarlarni
o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoir Rumiyning dunyoga mashhur “Ma’naviy masnaviy” asari
tarjimoni hamdir va bu o‘z navbatida uning ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Buni shoirning keyingi
yillarda yaratilgan she’rlaridan ham sezish mumkin. Shoir Xurshid Davron bu haqda to‘xtalib
shunday deydi: “Masnaviy tarjimasining mashaqqati bejiz ketmadi, irfoniy shamol esa boshladi
Asqarning she’rlarida. U boshqa odamga aylandi:
Xazonga yuz burgan terak tagida
Asqarni tark etdi Asqar umrbod... ” [1,8 b.]
Quyida Asqar Mahkamning mavlaviyona ruhda yozilgan she’rlariga e’tibor qaratamiz.
Shoirning “Zorlik” [1,145 b.] nomli she’ri “Mavlaviy yo‘lida” nomli kichik so‘zboshi bilan
boshlanadi. “Zorlik” shoir nazdida ilohiy ishqqa tashnalik bo‘lib, she’r “Zorlara zormiz, Zorga
xushtormiz” misralari bilan boshlanadi. Bu satrlar Rumiy falsafasida muhim bo‘lgan “ishqdagi
zorlik” (ya’ni, chin ishqda mag‘lublik, taslim bo‘lish, o‘zligini yo‘qotish) g‘oyasiga ishora qiladi.
Rumiy nazarida bu holat rabboniy ishqqa yetishish yo‘lidagi go‘zal holatdir. Asqar Mahkam ham
buyuk mutasavvifni “zor” qilib qo‘ygan ruhoniy kuyga ishora qiladi, zohiran yo‘qlikni ulug‘laydi.
Keyingi misralarda shoir “Garchi fanomiz tamom, Bor edik, bormiz...” deya Rumiy g‘oyalaridagi
fano bilan boqiylik o‘rtasidagi munosabatga ishora qiladi. She’rda “fanomiz tamom” degan jumla
orqali insonga xos o‘tkinchilik, jismning yo‘q bo‘lish holati tan olinadi. Ammo “Bor edik, bormiz”
deya davom etilganida, Rumiy singari yo‘q bo‘lish orqali Haq bilan bor bo‘lish haqiqatini ilgari
suradi. Bu Rumiyga oid “fano filloh, baqo billoh” falsafasidir. Islomiy kitoblarda bu quyidagicha
izohlanadi: “Islom dinida baqo – Alloh sifatlaridan biri. Tasavvufda baqo Allohning boqiy do‘sti
bo‘lib qolish uchun o‘zidan voz kechish, barcha yaxshi sifatlarni o‘zida mujassam qilish deb ham
tushuniladi. Fano – o‘zidagi barcha yomon sifatlarni yo‘q qilish yo‘li bilan Allohga yaqinlik hosil
qilishlikdir. Tasavvufda solik fano maqomiga yetgach, Allohning haqligi va ulug‘ligi to‘g‘risidagi
fikru zikrga g‘arq bo‘lib, bu foniy dunyodagi jamiki narsalarni unutib yuboradi. Bu maqom “fano
filloh” deb ataladi.”[3, 50 b.] “Keldi-ku savdolari, Dardima davolarim...” misrasida ham tasavvufiy
qarashlar seziladi. Asqar Mahkam bu satrlarda dardni inkor qilmaydi, balki uni davoga aylantiradi.
Bu Mavlaviy yo‘lining asosiy tushunchalaridan biridir – ichki iztirob va dard orqali inson o‘zini
anglaydi va ma’naviy yuksalishga erishadi. Rumiy she’riyatida dard insonga yo‘l ko‘rsatuvchi va
uni Haqqa yaqinlashtiruvchi vosita sifatida tasvirlanadi.
Keyingi “Domaniga yetsa qo‘l, O‘lsak edik rozimiz...” misrasida shoir ishq tufayli yo‘q
bo‘lishga rozi bo‘lish, ya’ni tasavvufdagi ishqiy o‘lim tushunchasini ifodalaydi. Rumiy ham ishq
azobini tortmagan yurakni telba yo murdaning yuragi deb hisoblaydi. Yana bir o‘rinda: “Ishq
439
o‘ldiradi, ammo qayta tiriltiradi” deya ta’rif beradi. Asqar Mahkam ham “o‘lsak edik rozimiz”
misrasi orqali fano fillohga ishora qiladi.
Shoir “Shams qolib Shom aro, Yig‘ladi Mavlolarim…” deya bevosita Jaloliddin Rumiyning
Shams Tabriziyga bo‘lgan ishqini eslatadi. Shams Jaloliddin Rumiyning tariqat yo‘lidagi piri
bo‘lgan. Bu satrda Asqar Mahkam Rumiyning ilhom manbaiga ishora qiladi. Shams Rumiy
hayotida ilohiy sevgining ramzi bo‘lsa, bu yerda ilhom manbai sifatida tasvirlanadi. Yuqoridagi
misra she’riy jihatdan yuksak badiiylikka ega bo‘lib, unda istiora, ramziylik, tashbeh, tajnis, tazod,
san’atlari uyg‘unlashgan. Shoir bu misrada ma’naviy yo‘qotish, ruhiy zulmat, va ilohiy ilhomdan
ajralish holatini qisqa, ammo chuqur obrazlar orqali ifoda qilgan.
Tashbeh .
“Shams qolib Shom aro” – bu yerda “Shams” so‘zi ikki xil ma’noga ega:
Birinchisi, Shams Tabriziy – Rumiyning ruhiy yo‘lboshchisi sifatida tarixiy shaxs; Ikkinchisi,
Shams (quyosh) – yorug‘lik manbai sifatida ramziy ma’noda. “Shom aro” – kech, zulmat, ayriliq va
g‘am ramzi. Shoir bu yerda quyoshning botishi orqali yo‘lboshchining yo‘qolishi, ilhomning
yo‘qolishi, ruhiy zulmatga tushish holatini tashbeh orqali ifoda qiladi.
Istiora (metafora).
“Shams” – bu yerda bevosita quyosh emas, Shams Tabriziy obrazidir,
ya’ni u metafora vositasi orqali ruhiy ustozni ifodalaydi.“Shom” –zulmat, yo‘qotish, ayriliq
metaforasi. “Yig‘ladi Mavlolarim” – bu yerda “Mavlolarim” degani Mavlonaning o‘zi yoki unga
ergashuvchilar bo‘lishi mumkin. “Yig‘ladi” fe’li esa ichki iztirob, ruhiy og‘riqni metafora orqali
ifodalaydi. Shoir istiora orqali qalbidagi dard va ruhiy tushkunlik holatini ramziy tasvirlagan.
Tajnis.
“Shams” – shaxs nomi sifatida (Shams Tabriziy), lekin arabcha “quyosh” degan
lug‘aviy ma’nosi ham mavjud. “Shom” – vaqt (kech) ma’nosida, lekin u ham tungi zulmat va
ma’nan qorong‘ulik ramzi sifatida ishlatilgan. Bu yerda fonetik jihatdan o‘xshash so‘zlar (Shams–
Shom)da yashirin antiteza ham mavjud.
Ta’kidlaganimizdek, “Zorlik” she’rida Rumiyona tafakkurda chuqur ildiz otgan, fano, ishq,
dard, nafsni poklash va ruhiy uyg‘onish kabi tasavvufiy tushunchalar aks etgan. Bu she’r orqali
shoir nafaqat o‘z dardini bayon qiladi, balki tasavvufiy sayr (suluk)ning bosqichlarini ramziy
tasvirlaydi. U Rumiy singari ishqni haqiqiy mavjudlikka eltuvchi yo‘l deb ko‘rsatadi.
Uning “Mavlaviyona” [1,142 b.] she’ri ham rumiyona ruhda yozilgan bo‘lib, unda ishq, sabr,
fano va zikr kabi mavlaviya talimotining muhim unsurlari ko‘zga tashlanadi.
Ishq va oshiqning ruhiy holati.
She’rda takrorlanadigan “Keldi Zulayholarim” misrasi
Rumiy she’rlaridagi ishqiy va ilohiy muhabbatni eslatadi. Zulayho obrazi Yusuf payg‘ambar bilan
bog‘liq bo‘lib, u ilohiy ishq ramzi sifatida tushunilishi mumkin.
Ko‘z yoshi va fano.
“Tinmadi ko‘z yoshlarim” misrasi tasavvufdagi “fano” tushunchasi,
ya’ni insonning ishq yo‘lida o‘zini yo‘qotishi, ruhiy poklanishi g‘oyasini ifodalab kelmoqda.
Sabr va shukr.
“Dog‘larim, dog‘larim” satri sabr va iztirob orqali ilohiy haqiqatga erishish
g‘oyasini aks ettiradi. Rumiy she’rlarida ham ishq yo‘lida sabr qilish, iztirob chekish, oxir-oqibat bu
yo‘l haqiqatga yetaklashi haqida so‘z boradi.
Ruhiy yuksalish va kamolot.
“Oqdi qaro qonlarim” misrasi ichki poklanish va kamolotga
erishish jarayonini ifodalashi mumkin. Tasavvufda inson o‘z nafsidan voz kechib, ruhiy yuksalishga
intiladi.
Zikr va takror.
She’rda takrorlangan “Ohlarim, ohlarim” misrasi rumiyona zikr elementini
eslatadi . Bu takroriy satrlar oshiq qalbidagi g‘am, ishq, iltijo va shavqni chuqurroq ifodalashga
xizmat qilgan. Tasavvufda Alloh ishqiga zikr orqali erishish g‘oyasi mavjud. Bundan tashqari
she’rdagi o‘ziga xos ritm va musiqiylik rumiyona samo raqslarini eslatadi. She’r mazmunan
maʼshuq (sevikli) obrazi orqali ilohiy ishq, tasavvufiy xumorlik, va maʼnaviy hushyorlik motivlarini
ifodalaydi. Zulayholar, shahanshohlar, mohlar – bular barchasi majoziy obrazlar bo‘lib, ko‘ngil
orqali ilohiy haqiqatga eltuvchi yo‘l sifatida tasvirlanadi.
Shoir har bir misrada yangi bir obrazni eslatib, har birini ichki iztirob bilan sanab o‘tadi. Har
banddan keyin takror san’atidan keng foydalangan va “Ohlarim, ohlarim” jumlasining takrorlanishi
yurak og‘rig‘i, muhabbat xumorining chuqurligini ifodalaydi. “Keldi manim mohlarim” jumlasida
iltifot san’atidan foydalanib, o‘z shaxsiy tuyg‘ulari orqali butun bir tasavvufiy obrazni
440
mujassamlashtiradi – shaxsiy ma’shuq orqali ilohiy ishqni anglatadi. “Ko‘ngli qaro yorlarim”
misrasida yashirin tazod bo‘lib, dunyoga muhabbatli oshiqlar nazarda tutilgan. Qalb ko‘rligi va
haqiqatga yo‘l topish o‘rtasidagi ziddiyat ifodalanadi. “Sochi sumansolarim” misrasida tamsildan
foydalanib, sevgili obrazida ilohiy haqiqatni tasvirlaydi. Tasavvufda zulf Haqning tajalliyoti ramzi
hisoblanadi. She’rdagi ohangda ham Rumiyga hamohanglik seziladi. Takroriy ifodalar orqali zikrga
o‘xshash ruhiy holat hosil qilinadi, badiiy san’atlar esa bu ruhiy kechinmalarni yanada
teranlashtiradi.
Asqar Mahkamning “Izlangiz” [1,146 b.] sheʼri ham chuqur maʼnaviy-falsafiy mazmun
bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, rumiyona ruhdagi g‘oyalarni o‘zida mujassam etadi. Ushbu sheʼr ham
“Mavlaviy yoʻlida” deb nomlangan so‘zboshi bilan boshlanadi. Bu bevosita Jaloliddin Rumiy
g‘oyalari va tasavvufiy yoʻnalishiga ishora qiladi. Quyida ushbu sheʼrning Rumiy g‘oyalariga xos
asosiy jihatlari tahlil qilinadi:
“Izlash” g‘oyasi – Haqiqatga yetishish yo‘li. Sheʼrning har bir bandi “Izlangiz, ey ahl…”
jumlasi bilan boshlanadi. Bu esa Rumiyda tez-tez uchraydigan “talab” – izlanish, haqiqatni izlab
topish motivini eslatadi. Rumiy uchun inson ruhiy kamolot sari harakatda bo‘lishi, ichki sayr
(suluk)ga chiqishi zarur. Asqar Mahkam ham bu yerda nafaqat jismoniy, balki ma’naviy izlanishni –
vafoni, dilni, ruhni, niyatni, fanoni izlash zarurligini ta’kidlaydi. “Ey ahli…” jumlasi esa muayyan
ruhiy holatdagi kishilarga murojaatdir (ahli oh, ahli dil, ahli xos, ahli roh, ahli xok, ahli g‘am, ahli
shum, ahli bad, ahli sharr, ahli jon, ahli xob, ahli xayr, ahli shom, ahli joh...). Sheʼrda bu guruhlar
“qayda?” deb savol berishadi – bu savol orqali shoir bizni botiniy haqiqatlarni mushohada qilishga
undaydi. Bu Rumiyning haqiqat ko‘rinmaydi, yurak orqali seziladi degan fikrini eslatadi. Sheʼrda
ishlatilgan tasavvufiy atamalar (fano, ruh, oh, xok, jon, joh roh...) Rumiyda bo‘lgani kabi ma’naviy
yo‘lni bosib o‘tish bosqichlariga ishora qiladi. “Fano” – nafsdan voz kechish va Haq bilan
yo‘g‘rilish; “ruh” – ilohiy asl; “oxir xitob” – ilohiy uchrashuv. Rumiy bu kabi tushunchalarni ko‘p
bora tazkiya va irfon yo‘li orqali tasvirlaydi. Tasavvufda ruhiy uyg‘onish qarama-qarshiliklar
asosida shakllanadi. Ushbu she’rda ham “Ahli shum – ahli qudum”, “ahli shar – mulki saqar” kabi
satrlarda yovuzlik bilan yaxshilik, do‘zax bilan jannat qarama-qarshi qo‘yilgan. Bu qarama-
qarshiliklar orqali shoir bizni tanlov qilishga, o‘zligimizni anglashga undaydi. Rumiy ham zohiriy
yomonliklar ortida ilohiy hikmat borligini ko‘rsatishga urinadi.
“Izlangiz” sheʼrdagi ruhiy tashnalik, ichki iztirob va Haqni izlash holati Rumiy ruboiy va
masnaviylarida ko‘p uchraydi. Unga ko‘ra inson hayotining maqsadi – Haqni izlash va U bilan
“visol”ga yetishishdir. Asqar Mahkam ham bu sheʼrda ana shunday haroratli izlanishni tasvirlaydi.
Qaysidir ma’noda, bu sheʼr ruhiy uyg‘onishga, ma’naviy yuksalishga, yo‘qotilgan ma’naviyatni
qayta topishga chaqiruvdir.
Umuman olganda, Rumiy falsafasi Asqar Mahkam ijodiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan va buni
quyidagicha tasniflash mumkin:
Birinchidan, shoir ijodida rumiyona falsafiy qarashlar va ruhiy izlanishlar kuchaygan.
Ikkinchidan, Rumiy ijodiga xos tasavvufiy obrazlar va timsollarni qoʻllash kengaygan.
Uchinchidan, Rumiyga xos til va uslub shoir ijodi bilan uygʻunlashgan. Shoir sheʼrlarida
ham sodda, ammo chuqur mazmunli, falsafiy fikrlarni beruvchi ohang paydo boʻlgan.
To‘rtinchidan, shoirda Rumiy g‘oyalariga hamohang shaxsiy poetik konsepsiya shakllangan.
Asqar Mahkam ham oʻz sheʼriyatida insonning bu dunyodagi maqsadi – maʼnaviy yetuklikka
erishish gʻoyasini ilgari sura boshladi.
Albatta, Jaloliddin Rumiy ijodi o‘zidan keyingi ijod ahliga ma’naviy xazina sifatida xizmat
qilib kelmoqda va bu xazina zamonaviy o‘zbek adabiyoti uchun ham bebaho merosdir. Shoir Asqar
Mahkam ham bu ma’naviy merosdan bebahra qolmadi, rumiyona ohanglar uning ijodiga irfoniy
ruhni olib kirdi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Асқар Маҳкам. Ваҳдат куйи. - Тошкент: “Нурафшон бусинесс”, 2021, 366-б.
2.
Бадиий адабиёт ва тасаввуф тимсоллари.–Тошкент, 2010, 198–б.
441
3.
Buriyeva, F. (2024). Zamonaviy she’riyatda diniy-tasavvufiy mavzu va timsollar
an’anaviyligi.
Miasto Przyszłości
,
53
, 1347-1350.
4.
Ислом энциклопедияси.“Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат
илмий нашриёти, 2004, 357-б.
https://namdu.uz/media/Books/pdf/2024/08/04/NamDU-ARM-
12968-Islom_ensilopediyasi.pdf
5.
Румий, Жалолиддин. Маснавий Маънавий. Куллиёт.- Тошкент: “Шарқ”,
6.
1999, 368-б.
7.
Yoqubov
I.
(2025).
Uzbek
spelling
rules:
history,
principles,
and
modern
applications.
pedagogika, psixologiya va ijtimoiy tadqiqotlar jurnali
,
4
(2), 20-26.