557
O‘TKIR HOSHIMOV ASARLARIDA ONA OBRAZI
Shadmanova Mehrinisa Shadman qizi,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi
Shukurova Amira Abduxakimova,
Ilmiy rahbar: O‘zbekiston Finlandiya pedogogika instituti o‘qituvchisi
Annotatsiya.
Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining zabardast vakili O‘tkir Hoshimov
ijodida ona obrazi qanday tasvirlangani, uning asarlaridagi ijtimoiy, axloqiy va tarbiyaviy
mazmunlar orqali ochib berilishi tahlil qilinadi. Asosan “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”, “Ikki
eshik orasi”, “Dunyoning ishlari” kabi mashhur asarlari misolida ona timsolining mehribon,
sabrli, oqila, donishmand va ayni paytda jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatadigan jihatlariga e’tibor
qaratiladi. Maqolada yozuvchi yaratgan ona obrazlari xalq ruhiyati, qadriyatlari va hayotiy
tajribalarini o‘zida mujassam etgani yoritiladi. Shuningdek, O‘tkir Hoshimov ijodidagi ona
timsolining zamonaviy o‘zbek ayolining ideal namunasi sifatida ko‘rsatilgan jihatlari ham tahlil
qilinadi.
Kalit so‘zlar:
Ona obrazi, O‘tkir Hoshimov, o‘zbek adabiyoti, tarbiya, axloq, ona mehri,
ayol timsoli, milliy qadriyatlar.
UTKİR HAŞİMOV'UN ESERLERİNDE ANNE İMAJI
Shadmanova Mehrinisa Shadman kızı,
Özbek-Finlandiya Pedagoji enstitüsü öğrencisi
Shukurova Amira Abdukhakimova,
Bilimsel danışman: Özbekistan – Finlandiya pedagoji enstitüsü’nde öğretmen
Özet.
Bu makalede, Özbek edebiyatının seçkin temsilcisi Otkir Hoşimov’un eserlerinde anne
imgesinin nasıl işlendiği ve eserlerinin toplumsal, ahlaki ve eğitimsel içeriği aracılığıyla nasıl
ortaya konulduğu analiz edilmektedir. Özellikle annenin sevgi dolu, sabırlı, zeki, bilge ve aynı
zamanda toplumdaki yerini yansıtan imgesel yönlerine odaklanılıyor ve bunun için de “Bir Defterin
Sınırına Notlar”, “İki Kapı Arasında” ve “Dünyanın İşleri” gibi ünlü eserleri örnek olarak
gösteriliyor. Makalede yazarın yarattığı anne imgelerinin, toplumun ruhunu, değerlerini ve yaşam
deneyimlerini nasıl yansıttığı vurgulanıyor. Çağdaş Özbek kadınının ideal örneği olarak sunulan
Utkir Hoşimov’un eserinde anne imgesinin yönleri de analiz edilmektedir.
Anahtar
kelimeler.
Anne imajı, Otkir Hoşimov, Özbek edebiyatı, yetiştirme, ahlak, anne
sevgisi, kadın imajı, milli değerler.
ОБРАЗ МАТЕРИ В ТВОРЧЕСТВЕ УТКИРА ХАШИМОВА
Шадманова Мехриниса Шадман кызы,
Студент Узбекско-Финского педагогический институт
Шукурова Амира Абдухакимова,
Научный руководитель: Узбекско-финского педагогического института
Аннотация.
В статье анализируется, как образ матери изображен в творчестве
выдающегося представителя узбекской литературы Откира Хошимова, как он
раскрывается через социальное, нравственное и воспитательное содержание его
произведений. В основном внимание уделяется тем аспектам образа матери, которые
показывают ее любящую, терпеливую, умную, мудрую, и в то же время ее место в
обществе, на примерах ее известных произведений, таких как «Заметки на полях
блокнота», «Между двух дверей», «Дела мира». В статье подчеркивается, как образы
558
матерей, созданные писателем, воплощают дух, ценности и жизненный опыт народа.
Анализируются также аспекты образа матери в творчестве Уткира Хошимова, который
представлен как идеальный пример современной узбекской женщины.
Ключевые слова.
Образ матери, Откир Хошимов, узбекская литература,
воспитание, нравственность, материнская любовь, женский образ, национальные ценности.
IMAGE OF THE MOTHER IN THE WORKS OF OTKIR HASHIMOV
Shadmanova Mehrinisa Shadman qizi,
Student of the Uzbek-Finnish pedagogical institute
Shukurova Amira Abdukhakimova
Scientific supervisor: Teacher of the Uzbek-Finnish pedagogical institute
Annotation.
This article analyzes how the image of the mother is depicted in the work of the
outstanding representative of Uzbek literature Otkir Hoshimov, and how it is revealed through the
social, moral and educational content of his works. Mainly, on the example of such famous works
as “Notes in the margins of the notebook”, “Between two doors”, “The affairs of the world”,
attention is paid to the aspects of the image of the mother that show her kind, patient, wise, wise
and at the same time her place in society. The article highlights the fact that the images of the
mother created by the writer emdiv the national psyche, values and life experiences. The aspects
of the image of the mother in the work of Otkir Hoshimov, which are shown as an ideal example of
a modern Uzbek woman, are also analyzed.
Keywords:
Image of the mother, Otkir Hoshimov, Uzbek literature, upbringing, morality,
maternal love, female image, national values.
O‘zbek adabiyotida ona obrazi doimo muqaddas timsol sifatida tasvirlanib kelgan.
Xalqimizning ongida “Ona – muqaddas’’, “Ona – Vatan timsoli’’ degan tushunchalar chuqur ildiz
otgan. O‘tkir Hoshimov esa bu timsolni adabiy badiiyat orqali yuraklarga singdira olgan
yozuvchilardan biridir. Uning asarlarida ona obrazini o‘qib, nafaqat ona degan so‘zga, balki
hayotdagi har bir qadamingizga mas’uliyat bilan qarashga o‘rganasiz [1].
Ona obrazining adabiyotdagi o‘rni juda qadimga borib taqaladi. Tarixga nazar solganimizda,
jasoratli onalar timsolini xalq og‘zaki ijodidagi dostonlarda ko‘rishimiz mumkin. Masalan,
“To‘maris”, “Kuntug‘mish”, “Alpomish”, “Rustamxon” kabi dostonlarda ona obrazi yorqin ifoda
topgan. Jumladan, To‘maris obrazi masaggetlar xalqining mard va jasur onasi sifatida tilga olinadi.
U o‘g‘lining dushman qo‘liga tushib, o‘z joniga qasd qilganiga qaramay, xalqini himoya qilish
uchun dushmanga qarshi kurashadi. Kir II kabi yovuz dushmanning boshini qon solingan meshga
solib, yovuzlikning fojiali oqibatini namoyon etadi. To‘maris jasorat, matonat va vatanparvarlik
timsolidir. U o‘z shaxsiy iztirobini ichiga yutib, xalq oldidagi burchini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Uning bu qahramonligi haqida ko‘plab rivoyatlar yaratilgan, yozuvchi Mirkarim Osim va shoir
Ibrohim Yusupov ham “To‘maris” nomli asarlarida uni ulug‘lashgan.
“Kuntug‘mish” dostonida esa Xolbeka obrazi orqali fidokor ona timsoli gavdalanadi. U ikki
o‘g‘li qatl qilinish arafasida turganida ham ularni qutqarish yo‘lida barcha imkoniyatlardan
foydalanadi. Bu ona mehrining, sadoqati va matonatining yorqin ifodasidir. “Rustamxon”
dostonidagi Huroyim ham shunday obrazdir – u farzandini xalq xizmatiga yetaklash, uni ezgu
yo‘lga boshlash bilan ona jasoratining yuqori cho‘qqisini namoyon etadi. Ayol kishining bunday
tarbiyaviy roli ko‘pincha jangovar qahramonlikdan ham ustun qo‘yiladi.
Bu obrazlarni yaratishda badiiy to‘qima muhim rol o‘ynaydi. U asarlarning ta’sirchanligini
oshirib, estetik qimmatini belgilaydi. Adabiyot hayot hodisalarini badiiy tarzda ifodalovchi kuchli
vositadir. Masalan, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asaridagi ona siymosi yuraklarni
larzaga soladi. Undagi “Oyi, men keldim…” satrlari, ayniqsa kitobxon asarni to‘liq o‘qigan bo‘lsa,
chuqur hayajon uyg‘otadi.
559
Ona obrazining muqaddasligi har bir xalq adabiyotida alohida o‘rin egallagan. Ona
farzandini mehr bilan tarbiyalaydi, uni hayotning og‘ir damlarida ham qo‘llab-quvvatlaydi. Onaning
mehr-muhabbati, fidoyiligi va sabr-toqati xalqimiz orasida doimo ulug‘lanib kelgan. U bolasi uchun
jonini ham fido qilishga tayyor bo‘lgan, mehri daryo zotdir. Ona o‘z farzandi uchun hatto
hayotining so‘nggi lahzasida ham fidokorlik ko‘rsatishga tayyordir.
O‘tkir Hoshimov — yirik iste’dod egasi bo‘lib, u o‘ndan ortiq roman va qissalar, ko‘plab
ta’sirchan hikoyalar hamda bir nechta sahna asarlarini yaratgan mashhur yozuvchidir. U ilk yirik
asarlari bilan adabiyotimizning peshqadamlaridan biri Abdulla Qahhor e’tiboriga tushgan va undan
o‘z asarlarining samimiyligi, tabiiyligi va o‘quvchiga quvonch baxsh etishi bilan maqtov olgan.
O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida ona siymosi hayot saboqlari,
donolik va sabr timsoli sifatida tasvirlanadi. Onaning har bir so‘zi, har bir nasihati bolaga emas,
butun jamiyatga qaratilgandek tuyuladi. Unda ona o‘z boshidan o‘tkazgan hayotiy tajribalari orqali
farzandiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
“Dunyoning ishlari” romanida esa ona timsoli yanada chuqurroq yoritiladi. Bu asarda ona
faqat o‘z farzandi emas, balki atrofdagi odamlarga nisbatan ham rahm-shafqatli, mehribon, insoniy
qadriyatlarni ulug‘laydigan ayol sifatida gavdalanadi. Unga xos xotirjamlik, sabr-toqat, halollik
kabi sifatlar asarning ruhiyatini belgilaydi.
“Ikki eshik orasi” romanida esa ona o‘z farzandi uchun kurashadigan, qiyinchiliklarga
bardosh beradigan, unga halol yo‘lni tanlashga undaydigan shaxs sifatida tasvirlanadi. U real
hayotning ichida, jamiyatning og‘ir sharoitlarida yashaydi va har bir harakati orqali farzandini
ezgulik sari yetaklaydi.
O‘tkir Hoshimov asarlaridagi onalar oddiy ayollar bo‘lishiga qaramay, ularda yuksak
ma’naviy kuch mujassam. Ular – millat tarbiyasining tayanchi, insoniyat qalbining madadkori,
jamiyatda yaxshilik urug‘ini sepadigan fidoyi ayollardir.
Bundan tashqari, “Ona” tushunchasining mazmuni faqat “otaning ayol ekvivalenti” degan
oddiy ta’rif bilan chegaralanmaydi. Ba’zi manbalarda esa u zulmatli tunlarda yo‘l ko‘rsatadigan
nurga, bolasi uchun hamma narsasini, hatto hayotini ham fido qiladigan mehr daryosiga
qiyoslanadi. Ochlikdan holdan toygan taqdirda ham, so‘nggi luqmasini bolasiga nasiba qiladigan,
farzandi ozor chekkanida yuragi eziladigan, bola hayotga kelishi uchun mashaqqatga hatto o‘lim
xavfiga dosh bera oladigan buyuk zot – onadir. Hadislarda aytilganidek, u jannatni oyoqlari ostida
bosib yuradigan aziz insondir. Qalbdagi barcha go‘zal va oliyjanob tuyg‘ular manbai ham aynan
onadir.[2]
Shu jihatdan olganda, o‘zbek adabiyotida “ona” va “ayol” obrazlari nafaqat ularning o‘ziga
xos xususiyatlarini o‘rganish orqali, balki ular orqali milliy qadriyatlarning aks etishini, adiblar bu
obrazlarni qanday mohirona yaratganini, ularning ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyatini ko‘rsatib beradi.
Ayniqsa, O‘tkir Hoshimov ijodida bu obrazlar yorqin va betakror tasvirlangan. Uning asarlarini ona
obrazisiz tasavvur qilish qiyin. Adib o‘z onasi timsolida sharq ayollari fazilatlarini, ularning sabr-
toqatini, mehr-muhabbatini chin ma’noda aks ettira olgan.
Yozuvchining ko‘p yillik asarlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Undagi
insoniylik, mehr, insof kabi xislatlar zamon o‘zgargan taqdirda ham qadrlanadi. Ayniqsa, “Daftar
hoshiyasidagi bitiklar” asaridagi “Laylak” hikoyasida onaning farzandiga bo‘lgan beg‘araz
muhabbati, har bir savoliga mehr bilan javob berishi orqali sharq ayolining go‘zal siymosi
yaratilgan. Ammo vaqt o‘tib, ona qarigach, farzandlar bu mehrga o‘sha darajada javob qaytara
olmasligi achinish bilan tasvirlanadi.
Hikoyada keltirilgan bir epizodda, bola yarmi yashin urgan chinor daraxtidagi katta uyani
ko‘rib, mo‘jiza ko‘rgandek to‘xtab qoladi. Uyadagi uzun tumshug‘li qushni ko‘rib, hayrat bilan
onasidan: “Oyi, anavi nima?” deb so‘raydi. Bu esa bolalikdagi qiziqish, onaning esa sabr-toqat bilan
unga javob qaytarishga tayyorligini aks ettiradi.
Adibning “Dunyoning ishlari” asaridagi “Ikki afsona” hikoyasida yozuvchi onasining
ertalab barvaqt turib, ko‘chalarni supurib, halol mehnat bilan shug‘ullanganini eslab o‘tadi. Oradan
vaqt o‘tib, akasi bu ishni yoqtirmasligini bildirganida, ona halol mehnatdan uyalmay, peshona teri
560
bilan topilgan rizqning qadrli ekanini, mehnat orqali inson ulug‘lanishini ta’kidlaydi. Bu holatda
onaning halollikni farzandlariga o‘rgatishi, ularni mehnat bilan ulg‘aytirishi, ularning hayotda
mustaqil bo‘lishlariga zamin yaratgani alohida qadrlidir. Onaning oddiy bo‘lsa-da, halol mehnati
orqali farzandlarining baxtli hayot kechirishi, bu mehnat bilan faxrlanishi, undagi insoniylik va
insof tuyg‘ularining yorqin ifodasidir. Shu o‘rinda psixolog V. Vagnerning ta’kidlashicha, onalik
tuyg‘usi insonning yashash, ovqatlanish kabi asosiy ehtiyojlari bilan barobar turuvchi kuchli
tuyg‘udir. Shunday ekan, onalik – dunyodagi eng yuksak, beminnat va bebaho tuyg‘udir. Adib
“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asaridagi “Eng oliy tuyg‘u” parchasida shunday yozadi: “Bola
emizib o‘tirgan ayolga zimdan qarang… Go‘dagiga mehr bilan termulayotgan onaning ko‘zlariga
sinchiklab boqilsin… Eng oliy tuyg‘u nimaligini ana shunda anglaysiz!” Darhaqiqat, eng buyuk
tuyg‘u – bu onaning farzandiga bo‘lgan chin dildan, hech qanday manfaat kutmasdan ko‘rsatilgan
mehr-muhabbatidir.
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari – ona siymosi yuksak darajada ifodalangan
durdona asardir. Muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, bu qissa barcha onalarga bag‘ishlangan. Asarni
mutolaa qilayotgan kitobxon beixtiyor o‘z onasini, bolalik xotiralarini eslaydi. Asarda o‘tgan
davrning mehnatkash, mehribon, sabrli va fidokor ayoli samimiy va ta’sirchan tarzda tasvirlanadi.
Har bir hikoya inson qalbiga iliqlik bag‘ishlab, uni ezgu tuyg‘ular sari yetaklaydi.
Asarning muhim jihatlaridan biri shuki, yozuvchi insonni onaga bo‘lgan munosabati orqali
kimligini ochib beradi. Qissaning yana bir yo‘nalishi – bosh qahramonning ichki o‘zgarishlari, ya’ni
“men”ning evolyutsiyasi bilan bog‘liq. Qahramon hayotni ko‘pincha ona timsoli orqali anglaydi. U
sodir bo‘layotgan voqealarni onasining ta’sirida, onalik nigohi bilan baholaydi. Masalan, do‘stining
xiyonati sababli chuqur iztirobga tushganida, tabiat ham unga xoindek ko‘rinadi – oy nurlari
xiralashadi, yulduzlar xoinona ko‘z qisayotgandek, shamol xoinona shitirlayotgandek tuyuladi. Bu
holatda uni faqat onaning bag‘rikengligi va kechirimliligi qutqarishi mumkin. Onaning bu xislatlari
o‘g‘lining og‘ir ruhiy holatidan chiqishiga yordam beradi.
“Dunyoning ishlari”da gavdalangan ona obrazi yozuvchining boshqa asarlarida ham davom
ettiriladi. Ushbu qahramon – ona siymosi O‘tkir Hoshimov ijodida eng yuksak cho‘qqiga chiqqan
timsollardan biridir. Said Ahmadning “Ijod va jasorat” maqolasidagi fikr ham bunga dalildir: “Men
bu asarni qissa emas, doston deb atagim keladi. Uni o‘qib, o‘z onamizni eslaymiz. Shu mushfiq
onalar oldidagi qarzlarimiz haqida o‘ylaymiz” [3].
Shuningdek, “Tushda kechgan umrlar” asaridagi Qurbonoy xola ham “Dunyoning
ishlari”dagi ona obrazining davomi sifatida ko‘rinadi. “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasidagi
Umri xola timsolida ham onaning fidoiyligi, mehr-muhabbati ochiladi. Urush yillaridagi og‘ir
hayotni aks ettirgan ushbu hikoyada Umri xola kichik farzandi uchun katta farzandining uyiga
o‘g‘rilikka tushishga majbur bo‘ladi. Ammo bu voqea fojiali yakun topadi – onaning o‘limi bilan
tugaydi. Uning bu harakati yovuzlikdan emas, faqat ona mehridan kelib chiqqan edi. Asl yovuzlik –
jaholat, beshafqat davr va adolatsiz jamiyatdir. Umri xola urush maydonida qurol ko‘tarmagan
bo‘lsa-da, urushning fojiaviy ta’siridan qochib qutula olmadi.
Shuningdek, “Ikki eshik orasi” romanidagi Qora amma, Robiya va Ra’no kabi ayol obrazlari
orqali ham zamon va jamiyat ta’siri aniq tasvirlanadi. Ularning hayoti orqali yozuvchi davrning
murakkabliklarini ko‘rsatadi.
Shuni ham aytish joizki, “Dunyoning ishlari” asari – onaga bo‘lgan abadiy hurmat va
ehtirom ramzi sifatida qadrlanadi. Bu qissa bir nechta novellalardan tashkil topgan bo‘lsa-da,
ularning barchasida inson uchun eng aziz zot – ona siymosi muhim o‘rin egallaydi. Asarni o‘qigan
har bir kishi hayotga va atrofdagilarga bo‘lgan qarashlarini yangilaydi. Unda o‘zbek ayolining
obrazini, milliy fe’l-atvorini yozuvchi nihoyatda ta’sirchan va haqiqatga yaqin tasvirlagan.
Haqiqatan ham, bu asarni bir marta o‘qish yuz marta eshitishdan afzal.
Asar zamonaviy inson uchun foydali, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan badiiy asarlardan
biri sanaladi. Garchi o‘sha davrda jamiyatda ateistik targ‘ibot kuchli bo‘lgan bo‘lsa-da, muallif
ayollar, xususan, sharq ayolining or-nomusi, insof va halollik kabi yuksak xislatlarini
yo‘qotmaganini ko‘rsatadi. Masalan, “Ikki afsona” hikoyasida muallif o‘z onasining erta tongda
561
turib ko‘chani supurib ishlagani haqidagi esdaliklarini bayon qiladi. Vaqt o‘tib, akasining onasiga
bu ishni qilmasligini aytgan gaplari orqali muallif ona mehnatini hurmat qilish, halol rizq topishning
sharafli ekanini anglatadi.
Bu holat ona mehrining, halol mehnatga bo‘lgan e’tiqodning va farzandlarini halol rizq bilan
boqishga bo‘lgan intilishning yaqqol ko‘rinishidir. Ona, oddiy ishni bajarayotgan bo‘lsa-da, o‘z
mehnati bilan faxrlanadi, tinchlik va xotirjamlikni saqlab qoladi. Bu esa uning insofli va matonatli
inson ekanidan darak beradi.
Shuningdek, ijtimoiy va psixologik jihatdan olganda, onalik tuyg‘usi insonning eng muhim
ehtiyojlari bilan teng darajada turuvchi hissiyotdir. “Gilam paypoq” hikoyasida bu holat yana aniq
tasvirlangan: unda ona o‘zining deyarli yalangoyoq yurishiga qaramasdan, bolasining sog‘lig‘i
uchun o‘z qulayliklaridan kechadi. Hatto o‘z hayoti hisobiga ham bola uchun jonini fido qilishga
tayyor turadi.
Tibbiyotda, og‘ir homiladorlik holatida ko‘pincha onani saqlab qolish maqsadida bola
hayotidan voz kechishga qaror qilinadi. Chunki ona keyinchalik yana farzand ko‘rishi mumkin.
Biroq muallifning yondashuvida hech bir fikr yoki mantiq ona tuyg‘usidan ustun qo‘yilmaydi — u
onaning qalbini, fidoiyligini va mehrini eng yuksak qadriyat sifatida ko‘rsatadi.
Shuningdek, O‘tkir Hoshimov adabiy faoliyatini avval she’r va ocherklar yozish bilan
boshlagan. 1962-yilda uning ilk kitobi – “Po‘lat chavandozlar” nomli ocherklar to‘plami chop
etilgan. Shundan so‘ng yozuvchining hikoya, qissa va romanlari birin-ketin chop etilib, o‘quvchilar
orasida keng tarqaldi.
Uning 1964-yilda yozgan “Cho‘l havosi” nomli ilk qissasi adabiy jamoatchilik tomonidan
iliq kutib olindi. Bu asar haqida taniqli adib Abdulla Qahhor yuqori baho bergan. Said Ahmad esa
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini qissa emas, balki doston deb atashni istaganini
aytgan. Unga ko‘ra, bu asar ona mehrini eslatadi, insonni qadrlash va hurmat qilishga undaydi.
“Ikki eshik orasi’’ romanida esa keng ijtimoiy va axloqiy mavzular, turli davrlar voqealari,
odamlar taqdiri yoritilgan. Asarda 1930-yillardagi kolxozlashtirish davri va 1970-yillarning
oxirigacha bo‘lgan davrlar qamrab olingan. Ushbu roman ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib
olinib, 1986-yilning eng yaxshi asarlaridan biri sifatida tan olingan.
Yozuvchining birinchi romani – “Nur borki, soya bor” 1977-yilda chop etilgan. Bu asarda
“nur” va “soya” timsollari orqali insoniyat uchun doimiy bo‘lgan axloqiy kurash tasvirlanadi.
“Tushda kechgan umrlar” romanida esa Afg‘oniston urushi yoritilgan. Asarda bu urushning
ayanchli oqibatlari, insoniylikdan yiroq voqealari, yigitlarning o‘limi va vayron bo‘lgan qishloqlar
tasvirlangan. Yozuvchi urush fojealari orqali mustabid tuzumning zulmkor siyosatini ochib beradi.
Kollektivlashtirish yillaridagi zulmlar, Afg‘on urushi va “O‘zbekiston ishi” nomi bilan tanilgan
tuhmatlar orqali bu tuzumning adolatsizligi ochiq ko‘rsatilgan.
Adibning “Urushning so‘nggi qurboni”, “Yanga”, “Muhabbat”, “Dehqonning bir kuni”,
“Umr savdosi”, “Quyosh tarozusi”, “Oq bulut, oppoq bulut” singari o‘nlab hikoyalari, “Shamol
esaveradi” (1968), “Bahor qaytmaydi” (1970), “Qalbingga quloq sol” (1973), “Dunyoning ishlari”
(1982), “Ikki karra ikki-besh” (1987) qissalari, “Nur borki, soya bor” (1976), “Ikki eshik orasi”
(1985), “Tushda kechgan umrlar” (1993) kabi yozgan romanlarida zamonaviy o‘zbek xalqining
ma’naviy dunyosi, milliy ruhi, urf-odatlari tasvirlangan.
“Ikki eshik orasi’’ romanidan keyin O‘tkir Hoshimov hayotdagi salbiy illatlarga qarshi
tanqidiy munosabatini kuchaytirib, hajviy uslubga yanada yaqinlasha boshladi. Bu yo‘nalishdagi
ijodiy izlanishlari natijasida “Ikki karra ikki – besh’’ nomli qissa dunyoga keldi. Avvalgi asarlarida
faqat ayrim hollarda uchraydigan hajviylik bu qissada asosiy uslub sifatida namoyon bo‘lgan.
Asarda muallif ijtimoiy hayotdagi yuqori lavozimdagi shaxslar, ayniqsa, rahbarlar va raislarning
axloqiy nochorligini ochiq va bevosita tanqid ostiga olgan. Shu bois qissaning ko‘plab sahifalari
o‘quvchida katta qiziqish va ta’sir uyg‘otadi. Biroq dalillashning yetarli emasligi hamda raisning
o‘g‘li otasiga qarshi keskin kurash boshlashi voqealarning ishonarliligini pasaytirgan. Bu esa
asarning 1980-yillardagi o‘zbek hajviy adabiyotidagi yuksak darajaga chiqishiga to‘sqinlik qilgan.
562
Shunga qaramay, 1987-yilda yozilgan “Ikki karra ikki – besh’’ o‘zining hajviy yo‘nalishi bilan
alohida ajralib turadi.
O‘tkir Hoshimov 1982-yilda yozgan “Dunyoning ishlari’’ qissasi uchun Oybek nomidagi,
1986-yilda esa “Ikki eshik orasi’’ romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotlariga
loyiq deb topilgan. 1991-yilda esa unga O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni berilgan. Uning
asarlari deyarli har bir oila, har bir yurtdosh qalbiga kirib borgan. Oddiy xalqona tilda, o‘zbek
hayotining chinakam voqeliklaridan olinganligi tufayli uning asarlari har qanday kitobxonni o‘ziga
jalb etadi. O‘tkir Hoshimovning hikoya va qissalari xalqning eng sevimli adabiy asarlariga
aylangan.
Xulosa qilib aytganda, O‘tkir Hoshimov ijodida ona obrazi — bu insoniylik, mehr, sabr,
donolik va halollik timsolidir. Yozuvchi asarlari orqali nafaqat ona obrazini chizadi, balki
o‘quvchini hayotiy haqiqatlar, odob-axloq, ma’naviyat va mehr-muhabbat bilan yuzlashtiradi. Bu
jihatdan, O‘tkir Hoshimov asarlari nafaqat adabiy, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, yosh
avlod tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. O‘tkir Hoshimov o‘z asarlarida davr va ona obrazini yuksak
badiiy mahorat bilan yoritadi. U odamlarning onaga bo‘lgan munosabati orqali ularning insoniy
mohiyatini ochib beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. Ma’naviyat,2000.
2.
Ahmad S. Ijod va jasorat maqolasi. Ziyouz,2000.
3.
O‘tkir Hoshimov “Dunyoning ishlari”. Toshkent. “Global books”. 20212.
4.
Karimov H. O‘tkir Hoshimov. Toshkent. “Yozuvchi”, 2002.
5.
Qahhor, A. Tanlangan asarlar (3-jildlik). Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va
san’at nashriyoti, 1979.
6.
Said Ahmad. Adabiy portretlar. Toshkent: Sharq nashriyoti, 1995.
7.
Karimov, I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
8.
G‘aniyev, A. O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent: O‘qituvchi, 2004.
9.
Kamol o‘g‘li, H. H. (2024, October). The Role of Auxiliary Words in the Formation of
Phraseological Units. In
International Conference on Adaptive Learning Technologies
(Vol.
10, pp. 55-56).