130
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
2-JILD, 6-SON, 2-QISM (YOʻITJ)
ВO‘LAJAK BOSHLANG‘ICH SINF O‘QITUVCHILARINING
KASBIY FAOLIYAT МOTIVATSIYASINI
RIVOJLANLANTIRISH BOSQICHLARI
Zikirova Nodira Yo‘ldoshevna
Iqtisodiyot va pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi
https://doi.org/
10.5281/zenodo.15743021
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi:11-iyun 2025 yil
Ma’qullandi: 13-iyun 2025 yil
Nashr qilindi: 26-iyun 2025 yil
Ushbu maqolada Bo‘lajak boshlang‘ich sinf
o‘qituvchilarining
kasbiy
faoliyat
motivatsiyasini
rivojlantirishning
pedagogik
aspektlari,
kasbiy
motivatsiyani rivojlantirib borish bosqichlari to‘la
qonlicha yoritilgan. Shuning bilan birga kasbiy
motivatsiyaning rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillar,
kasbiy motivatsiyaning asosiy funksional tarkibiy
qismlar (komponentlar) asosli ravishda yoritilgan.
KEY WORDS
motivatsiya,
kasbiy
motivatsiya, motivatsion holatlar,
kasbiy
faoliyat,
kasbiy
identifikatsiya,
ijtimoiy
integratsiya, kognitiv komponent,
faoliyat komponenti
Kirish (Introduction).
Taraqqiyot rivojlanishining bugungi jarayonida milliy ta’lim siyosati shakllanishiga
bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bir qator global tendensiyalar kuzatilmoqda – bu, birinchi
navbatda, ta’lim makonining globallashuvi, ochiqlik va oshkoralik. Ushbu bosqich
o‘qituvchilar tayyorlash tizimidagi bo‘lajak o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashning
kuchaytirilgan roli bilan tavsiflanadi, bunda bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash tizimi shaxs,
jamiyat va davlatning o‘zgaruvchan talablari asosida bo‘lajak o‘qituvchilarni ta’lim sohasini
modernizatsiya qilish ishlariga tayyorlash va doimiy kasbiy o‘sishiga mos ravishda javob
beradi.
Davlat va jamiyat rivojlanishining asosiy manbai hisoblangan intellektual kapitalga
qo‘yilgan sarmoyalar uzoq muddatli va barqaror iqtisodiy-ijtimoiy samara beradi. Bunday
sharoitda ta’limning sifati shaxsning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari, madaniyatning umumiy
darajasi, sanoatda, ishlab chiqarishda yangi usul va yo‘nalishlarni topa oladigan nostandart,
kreativ tafakkur, yangi sohalarning vujudga kelishi bilan bog‘liq malaka va ko‘nikmalarni
rivojlantirish, shuningdek, ta’limning sifat va samaradorligini ta’minlashning asosiy omili
bo‘lgan bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasini shakllantirish darajasi bilan
o‘lchanadi.
Shaxsning motivatsion sohasi dinamik tizimdir: shaxsning qadriyatlari va motivlari tizimi
ko‘plab ierarxik tarzda tashkil etilgan va o‘zaro bog‘langan elementlarni o‘z ichiga oladi. U
qat’iy belgilanmagan, balki doimiy rivojlanish va o‘zgarish holatidadir.
Shunday qilib, motivatsiya ham tuzilishi, ham dinamikasi bo‘yicha murakkab psixologik
hodisa bo‘lib, inson hayotida katta ahamiyatga ega. Insonning barcha xatti-harakatlari asosida
motivatsiya yotadi va aynan motivatsiya, eng avvalo, insonning turli hayotiy vaziyatlarda
qilgan tanlovini belgilab beradi, pirovardida uning hayoti va kasbiy faoliyati xususiyatlarini
shakllantiradi.
Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review).
Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining kasbiy motivatsiyasini shakllantirishning
pedagogik aspektlarini aniqlashtirish maqsadida "motivatsiya", "kasbiy motivatsiya"
131
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
2-JILD, 6-SON, 2-QISM (YOʻITJ)
tushunchalarining pedagogik talqinlarini empirik o‘rgandik va pedagogik-psixologik
korrelyatsiyasini forsayt umumlashtirdik.
K.Oqilovaning ta’rificha [1], motivatsiya – bu odamlar va boshqa mavjudotlarning ma’lum bir
vaqtda xatti-harakatini boshlashi, davom ettirishi yoki to‘xtatishining sababidir. Motivatsion
holatlar, odatda, subyekt ichida harakat qiluvchi, maqsadga yo‘naltirilgan xatti-harakatlarga
moyillikni yaratadigan kuchlar sifatida tushuniladi.
B.R.Samatovaning talqinicha, motivatsiya – jarayon kechishida qo‘llab-quvvatlovchi va kerakli
shijoatni so‘nishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlovchi hodisa [2].
MDH olimlarining ilmiy izlanishlarining tahlili "motivatsiya" tushunchasining talqinini ishlab
chiqishda turli yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatdi.
Bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasi va kasbiy faoliyat motivlarining turli tasniflari
K.A.Abulxanova-Slavskaya, A.A.Bodalev, A.A.Derkach, N.V.Kuzmina, V.D.Shadrikov va
boshqalar tomonidan o‘rganilgan.
A.N.Panovaning tadqiqotlarida mehnat faoliyatining umumiy motivlari har bir fan uchun
shaxs tomonidan tanlagan ma’lum bir kasbda amalga oshirilishi isbotlangan. Shunga ko‘ra,
shaxs o‘zida shakllangan ijtimoiy qadriyatlarga e’tibor qaratib, kasbni ongli ravishda
ta’minlaydi [5; 47-b.].
Shunday qilib, S.D.Smirnov insonning mehnat faoliyati bilan bog‘liq motivlarni uch guruhga
bo‘lib o‘rganadi [6; 102-b.]: ishlash, kasb tanlash va ish joyini tanlash motivlari.
Kasbiy motivatsiyani jarayon sifatida shakllantirish xorijiy olimlar tomonidan ham bir qator
ilmiy tadqiqotlarda o‘rganilgan.
Ramona Iulia Hermanning nuqtai nazariga ko‘ra motivatsiya – o‘z faoliyatini qo‘llab-
quvvatlashga va faoliyatidagi to‘siqlarni yengishga tayyor insonlar biror narsa qilishga qaror
qilishlarini anglatadi [3; 816-b.].
Wigfield Eccles Rodriguez motivatsiyani har qanday maqsadga yo‘naltirilgan xatti-harakatni
amalga oshirish istagi sifatida ta’riflaydi [4]. Muvaffaqiyatga yo‘naltirilgan muhitda, masalan,
maktablarda, shaxsning motivatsiyasi ko‘p jihatdan qilingan tanlovlarni, sarflangan sa`y-
harakatlarni, vazifalarni bajarishda qat’iylikni va samarali ishlashni bashorat qilishi mumkin.
Umuman olganda, kasbiy va ta'lim motivatsiyasi maqsadlarni belgilash va muvaffaqiyatga
intilish nuqtai nazaridan juda ko'p umumiy xususiyatlarga ega bo'lsa-da, ular uzoq muddatli
va qisqa muddatli yo'nalishlari, qo'llanilishi sohalari va motivatsiya manbalari bilan
farqlanadi. Ushbu farqlarni tushunish motivatsiyaning ikkala shaklini qo'llab-quvvatlash va
rivojlantirish uchun yanada samarali strategiyalarni ishlab chiqishga yordam beradi.
Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)
Oliy ta'lim muassasalarida talabalarda kasbiy motivatsiyaning rivojlanish bosqichlari
talabalarning kasbiy qarorlar qabul qilish jarayonlarini tushunishda muhim ahamiyatga ega.
Talabalar o‘quv yillari davomida turli bosqichlarda kasbiy motivatsiyani shakllantirib
boradilar. Bu rivojlanish jarayonini quyidagi bosqichlar orqali tavsiflash mumkin:
1-bosqich: kasbiy qiziqish va tanlov (boshlang‘ich bosqich). Oliy ta'lim muassasasiga
kirishdan oldin kasbga qiziqish paydo bo‘ladi, talabalar odatda, oilaviy yoki ijtimoiy ta’sirlar
asosida o‘z yo‘llarini tanlashadi. Bu bosqichda talaba hali o‘zining kasbiy yo‘nalishini to‘liq
anglamaydi, lekin, umumiy qiziqish va ehtiyojlar asosida biror sohani tanlaydi. Kasbiy
motivatsiya bu bosqichda ko‘proq tashqi omillarga (masalan, ota-onaning xohishi, ijtimoiy
holat) asoslanishi mumkin.
2-bosqich: kasbiy maqsadlar va qarorlar (o‘rta bosqich). Oliy ta'limda o‘qish davomida
talabalar kasbiy yo‘nalishlarini yanada aniqroq belgilashadi. Bu bosqichda ular o‘zlarining
individual qiziqishlarini va imkoniyatlarini aniqlay boshlaydilar. Talaba o‘zining kuchli va zaif
tomonlarini tahlil qilib, kasbiy maqsadlar qo‘yadi va kelajakda o‘z kasbini qaysi soha bilan
bog‘lashini aniqlay boshlaydi. Bunda kasbiy motivatsiyaning asosiy manbai ichki ehtiyojlar va
ambitsiyalardan iborat bo‘ladi.
132
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
2-JILD, 6-SON, 2-QISM (YOʻITJ)
3-bosqich: kasbiy ko‘nikmalar va bilimlarni rivojlantirish (yuqori bosqich). Talaba o‘zining
kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbga oid bilimlarini chuqurlashtirishga intiladi. Bu
bosqichda talaba o‘zining kasbiy motivatsiyasini yanada mustahkamlaydi, chunki o‘qish va
amaliyot orqali kasbga bo‘lgan qiziqish va ehtiyojlar aniq shakllanadi. Shuningdek, bu
bosqichda talaba kelajakda o‘zining kasbiy faoliyatida qanday muvaffaqiyatlarga erishishni
rejalashtiradi va o‘z maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi.
4-bosqich: kasbiy identifikatsiya va ijtimoiy integratsiya (yakuniy bosqich). Oliy ta'limni
tugatish bosqichida talaba o‘zining kasbiy yo‘nalishini mustahkam tasdiqlaydi. U o‘zining
kasbiy identifikatsiyasini shakllantiradi va kelajakdagi kasbiy faoliyatini rejalashtiradi. Kasbiy
motivatsiya bu bosqichda ko‘proq ichki ehtiyojlar va o‘zining kasbiy o‘sishi bilan bog‘liq
bo‘ladi. Talaba, shu bilan birga, o‘zining kasbiy faoliyatiga qanday hissa qo‘shishni,
jamiyatdagi rolini qanday amalga oshirishni, qanday muvaffaqiyatlarga erishishni o‘ylaydi.
5-bosqich: kasbiy faoliyatda o‘zini tasdiqlash (kasbiy muvaffaqiyat). Oliy ta'limni tugatib,
kasbiy faoliyatni boshlagan talaba, o‘z kasbida muvaffaqiyatlarga erishib, o‘zining kasbiy
motivatsiyasini yanada mustahkamlashi mumkin. Bu bosqichda talaba ish faoliyatining
natijalarini baholaydi va o‘z maqsadlariga erishish uchun qanday strategiyalarni qo‘llaganini
ko‘rib chiqadi. Kasbiy motivatsiya bu bosqichda ko‘proq o‘zini o‘zi rag‘batlantirish va o‘z
mehnatidan mamnun bo‘lish asosida shakllanadi.
Tadqiqot muammosiga doir ilmiy manbalarni o‘rganish va shaxsiy kuzatishlarimiz natijasi
kasbiy motivatsiyaning rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillarni quyidagicha belgilash imkonini
berdi:
- oila va ijtimoiy muhit: oila a'zolari, shuningdek, o‘qituvchilar va mentorlarning yordami
talabaning kasbiy motivatsiyasini kuchaytirishi mumkin.
- o‘quv dasturi va amaliyotlar: oliy ta'lim muassasasining o‘quv dasturlari, amaliyotlar va ish
tajribasi kasbiy motivatsiya rivojlanishiga bevosita ta'sir qiladi.
- shaxsiy qiziqishlar va maqsadlar: talabaning qiziqishlari va uzoq muddatli maqsadlari kasbiy
motivatsiyani shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shu tariqa, talabalarda kasbiy motivatsiya rivojlanish bosqichlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi
va har bir bosqichda yangi o‘zgarishlar hamda tajribalar yordamida shakllanadi.
Muhokama va natijalar (Discussion and results).
Kasbiy motivatsiya nuqtai nazaridan faoliyat samaradorligining eng muhim va murakkab
omili – bu insonning o'z ishidan qoniqishidir: "bajarilgan ishni his qilish va undan qoniqish
mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi" [2, 239-240-betlar]. Binobarin, ishdan
qoniqish nafaqat ishlash samaradorligini oshiradi, balki ishlash samaradorligi ham ishdan
qoniqish darajasini oshiradi.
Shunday qilib, kasbiy motivatsiya kasbiy faoliyat samaradorligi va insonning o'z ishidan
qoniqishining eng muhim omillaridan biridir.
Insonning yo'naltirilgan faoliyatini rag'batlantiradigan quyidagi motivatsion holatlar mavjud
[32]: qiziqishlar (shaxsning tegishli bilim faoliyatini rag'batlantiradigan kognitiv
ehtiyojlarining motivatsion namoyon bo'lishi), istaklar (bu ehtiyojlarni qondirishga imkon
beradigan muayyan obyektlar bilan bog'liq bo'lgan ehtiyojlar), moyillik (ayrim turlarga
bo'lgan ustun intilishlar), faoliyat (intilishlar, niyatlar, maqsadlar, qadriyatlar va boshqalar).
Bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasi murakkab va ko‘p qirrali tuzilishga ega bo‘lib,
quyidagi asosiy funksional tarkibiy qismlar (komponentlar)dan iborat:
1. Kognitiv komponent.
Bu komponent o‘qituvchilik kasbiga qiziqish va mazkur soha yuzasidan
bilim olish, karyera va professional ambitsiyalar (bu o‘z orzularini amalga oshirishda yordam
beradigan insoniy fazilat)ni egallash, o‘quv muvaffaqiyatiga, akademik yutuqlarga erishish
istagini ifodalaydi. Bu bo‘lajak o‘qituvchining o‘z kasbi haqidagi tasavvurlari, bilimlari va
kasbga nisbatan umumiy tushunchani o‘z ichiga oladi.
2. Hissiy komponent.
Bu bo‘lajak o‘qituvchining kasbiga nisbatan hissiy munosabatini bildiradi.
O‘z kuchi va qobiliyatiga ishonch, tizimli o‘rganish va qiyinchiliklarni yengish, ta’lim
133
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
2-JILD, 6-SON, 2-QISM (YOʻITJ)
jarayonidan, muvaffaqiyat va yutuqlardan, shuningdek, hamkasblari bilan ijobiy munosabatda
bo‘lishdan hissiy qoniqish, stressga chidamlilik va moslashuvchanlikni ko‘zda tutadi. Ushbu
komponent motivatsiyaning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, insonning kasbga bo‘lgan
qiziqishini va uni bajarishda davom etishini ta’minlaydi.
3. Shaxsiy komponent.
Bo‘lajak o‘qituvchilarning qobiliyatlari, shaxsiy rivojlanish rejalari va
kasbiy o‘sish, o‘zini o‘zi rivojlantirish istaklari, o‘zini o‘zi anglashga bo‘lgan ehtiyoji bilan
bog‘liq. Bu komponent shaxsiy muvaffaqiyat, o‘zini o‘zi uzluksiz rivojlantirish, o‘zini namoyon
qilish, akme darajaga intilish, ijodiy o‘sish hamda o‘z mahorati va qobiliyatlarini rivojlantirish,
o‘qish va kasbiy rivojlanish uchun motivatsiyani belgilaydigan shaxsiy ideallar va uzoq
muddatli hayotiy maqsadlarni belgilash kabi omillarni o‘z ichiga oladi.
4. Ijtimoiy va axloqiy-etnik komponent.
Bu bo‘lajak o‘qituvchining jamiyat oldidagi ijtimoiy
majburiyatlarini va ularga bo‘lgan munosabatini ifodalaydi. Shuningdek, mazkur komponent
o‘qituvchilik kasbining ijtimoiy va axloqiy ahamiyatini tushunish, kasbiy etikaga intilish bilan
bog‘liq. Tez va turli suratlarda o‘zgarib borayotgan, shu bilan birga rivojlangan jamiyatning
maktab ta`limi, o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan ehtiyojlari va zamonaviy talablari,
o‘qituvchilarning jamiyatdagi roli va vazifalarini anglash, shu asosda yangi avlodni o‘qitishni,
ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yangi kasblarni tanlash uchun amaliy-metodik yordam ko‘rsatish,
ijtimoiy-axloqiy qadriyatlarni singdirish zarurligini ko‘zda tutadi.
5. Faoliyat komponenti.
Bu kasbiy faoliyatni amalga oshirishga tayyorlik va ushbu faoliyat
jarayonida motivatsiyani qo‘llab-quvvatlashni, shaxsiy ambitsiyalarni ro‘yobga chiqarish,
yangi ko‘nikmalarni o‘rganish va kasbiy faoliyatda qo‘llash istagini o‘z ichiga oladi. Mazkur
komponent gnostik, konstruktiv, tashkiliy, kommunikativ, axborot, ijodiy ko'nikmalar,
professional texnologiyalar bilan ifodalanadi.
6. Baholash komponenti.
Baholash komponentining tuzilishi o‘quv jarayonida nazoratni
amalga oshirish qobiliyatini, o‘rganish va o‘rgatish diagnostikasini, ta'lim jarayoni va uning
natijasini baholash va aks ettirish qobiliyatini, identifikatsiyani o‘z ichiga oladi, bu esa
talabalarning o‘quv faoliyati uchun kasbiy motivatsiyadagi sifat o‘zgarishlarining har bir
darajasini ularning o‘qituvchilar bilan o‘zaro munosabatlari asosida baholashga imkon beradi.
Bu komponentlar bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, bo‘lajak o‘qituvchining kasbiy
motivatsiyasini shakllantirishda va rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Xulosa (Conclusion/Recommendations).
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasini shakllantirish
alohida yondashuvni talab qiladi. O‘qitish jarayonining ishtirokchisi, ta’lim muhitining tashkil
etuvchisi sifatida bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasini shakllantirishda ijtimoiy
talab va ehtiyojlar, shuningdek, pedagogik faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga
olishni taqozo qiladi. Ta’lim, kasbiy bilim va ko‘nikmalar, umumiy va maxsus qobiliyatlar,
ijtimoiy ahamiyatga ega va kasbiy muhim fazilatlar bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy
motivatsiyasini shakllantirishning asosiy negizini tashkil etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Okilova K.S. O‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishga motivatsion tayyorlik
kompetentligini rivojlantirish: ped.fanl.bo‘y.fals.dokt.diss.avtoreferati. -Samarqand, 2023. 47 b.
2.
Ramona Iulia Herman. Students’ motivation for the teaching career // The European
Proceedings
of
Social
&
Behavioural
Sciences
EpSBS.
https://doi.org/10.15405/epsbs.2019.08.03.97. Corresponding Author: Ramona Iulia
Herman Selection and peer-review under responsibility of the Organizing Committee of the
conference eISSN: 2357-1330
3.
Samatova B.R. Ingliz tilini o‘qitishda nofilologik yo‘nalish talabalarining motivatsiyasi
(yurisprudensiya yo‘nalishi misolida). P.f.f.d.dis. – Toshkent, 2020. – B. 15. – 172 b.
4.
Wigfield, A., Eccles, J. S., & Rodriguez, D. (1998). The development of children’s
motivation in school contexts. Review of Research in Education, 23, 73-118.
134
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
2-JILD, 6-SON, 2-QISM (YOʻITJ)
5.
Панова, А. Н. К вопросу о профессиональной мотивации студентов в процессе
подготовки специалиста в ВУЗе [Текст] / А.Н. Панова //Педагогика. – 2010. – № 4. – С .
47-50., п. 47.
6.
Смирнов, С. Д. Педагогика и психология высшего образования: от деятельности к
личности: учеб. пособие [Текст] / С.Д. Смирнов. – Москва : Издательский центр
"Академия", 2001. – 304 с. , п. 102.
7. Zikirova N.Y. Bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy motivatsiyasi va kasbiy kompetentligini
o‘zaro aloqadorlikda rivojlantirishning metodologik asoslari // Ta’lim, fan va innovatsiya,
2024, [1/5] ISSN 2181-8274 -B. 359-363
8. Shodiyeva M.J, Zikirova N.Y. Mutaxassislikka kirish Qarshi.”Art-matbaa – design”
nashriyoti. 2024. - 221.