11
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-MAXSUS SON (YOʻITJ)
O‘ZBEKISTONDA “HABEAS CORPUS” INSTITUTINI
KENGAYTIRISH SUD-HUQUQ ISLOHOTLARINING
ALOHIDA YO‘NALISHI SIFATIDA
Bexzod Nurboyevich Rashidov
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Jinoyat-
protsessual huquqi kafedrasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor
Furqat Shukurullaevich Xidirov
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti
Maxsus kasbiy fanlar kafedrasi dotsenti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14208022
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 9-noyabr 2024 yil
Ma’qullandi: 10-noyabr 2024 yil
Nashr qilindi: 14-noyabr 2024 yil
Ushbu maqolada “habeas corpus” institutining
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi rivojlanish
bosqichlari hamda uni kengaytirishga oid olimlarning
fikr-mulohazalari, sud-tergov amaliyotiga doir statistik
ma’lumotlar tahlil qilinib, asoslantirilgan taklif va
tavsiyalar ilgari surilgan.
KEY WORDS
Habeas corpus, sud, tergov, qamoq
olish, uy qamog‘i, javobgarlik,
murdani eksgumatsiya qilish,
tergov sudyasi.
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar asosan
jazolamay turib javobgarlik natijasidan kutiladigan maqsadlarga erishish, jinoyat ishlarini
yuritish va javobgarlikni belgilashda jazoning og‘irligiga emas, javobgarlikning muqarrarligini
hamda inson huquq va erkinliklarining ustuvorligini ta’minlashga, jinoyat ishlarini yuritish
tartibini takomillashtirish, sudlar mustaqilligini mustahkamlash va taraflar tengligini
ta’minlash orqali odil sudlovga erishish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan ayrim
normalarini milliy qonunchilikda aks ettirish, shu jumladan “habeas corpus” institutini
kengaytirish kabi yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etdi. O‘zbekiston Respublikasining yangi
tahrirdagi (2023) Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-
noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini
kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5268-son, 2020-yil 10-
avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini
yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6041-son, 2022-yil 28-yanvardagi
“2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi
PF-60-son, 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston–2030 Strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son
farmonlari va shu kabi boshqa normativ huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi islohotlardan
ko‘zlangan maqsad va islohotlarning asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlarni izchil davom ettirishga xizmat qilmoqda.
Islohotlar albatta kerak, chunki jamiyat bir joyda to‘xtab turmaydi va doim taraqqiy etib
boradi. Shu bois tartibni saqlash va taraqqiyotning davomiyligini ta’minlash uchun sud-huquq
tizimini ham zamon o‘zgarishlariga mos ravishda takomillashtirib borish har doim dolzarb
bo‘lib kelgan. Bugunga qadar odil sudlovni ta’minlashda adolatga amal qilish, o‘z vaqtida
fuqarolaring huquq va erkinliklarini himoya qilish yoki buzilgan huquqlarini tiklash,
jinoyatchilikning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan
javobgarlik masalasini hal etishda samaradorlikni ta’minlash, jinoyat natijasida yetkazilgan
zararning to‘liq qoplanishiga erishish, jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshiruvchi
12
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-MAXSUS SON (YOʻITJ)
organlar faoliyatida samarador ish usullarini joriy etish kabilar muhim yo‘nalishlar sifatida sud-
huquq islohotlarining mazmunida aks etgan edi. Sudga qadar ish yurituvida shaxsning huquq
va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish, ya’ni “habeas corpus”
1
institutini
kengaytirish hozirgi kunda sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning yangi
yo‘nalishi sifatida e’tirof etilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “hech kim
qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda
saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga,
qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi”, deb qat’iy
belgilandi
2
.
“Habeas corpus” instituti dastlab Angliyada vujudga kelgan, shuningdek boshqa
davlatlarda o‘ziga xos tarzda rivojlangan. Angliya protsessual huquqida manfaatdor shaxslarga
ushlangan yoki qamoqqa olingan shaxsning ozodlikdan mahrum etilish asoslarini tekshirish
uchun uni sudga olib borilishini talab qilish huquqini beruvchi institut
3
. AQSh qonunchiligiga
ko‘ra “habeas corpus” ayblanuvchining o‘z huquqlarini himoya qilish uchun murojaat qilish
huquqidir. Asosan erkin harakatlanish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlari cheklangan
holatlarda ushbu harakatlarning qonuniy va asosliligi sud tomonidan tekshirilishini so‘rab
murojaat qilish tartibini qamrab oladi.
Bizning jinoyat-protsessual qonunchilikka ham shu kabi qoidalar kiritilgan va ular
mansabdor shaxslar o‘z xizmat majburiyatlariga vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lish
holatlarining oldini olish va ayblanuvchining huquq va erkinliklari noqonuniy cheklanishiga
yo‘l qo‘ymaslik uchun mo‘ljallangan. Boshqacha aytganda, “habeas corpus” shaxsning
konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari asoslar bo‘lganda va faqat sudning qarori yoki roziligi
bilan cheklanishi bilan bog‘liq protsessual qoidalar yig‘indisi hisoblanadi.
Mamlakatimizda “habeas corpus” institutining joriy etilishi jinoyat sodir etishda gumon
qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi 2008-yil
1-yanvardan e’tiboran sudlar vakolatiga o‘tkazilishidan boshlandi. 2012-yil sentabrda
qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan sudga qadar ish yurituvi bosqichida shaxsni
tibbiy muassasaga joylashtirish va ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish protsessual
majburlov choralari ham faqat sudlar tomonidan qo‘lanilmoqda. 2017-yil martdagi
o‘zgartirishlarga ko‘ra sudga qadar ish yurituvida murdani eksgumatsiya qilish va pochta-
telegraf jo‘natmalarini xatlash ham sudning ajrimiga asosan qo‘llanilishi belgilandi.
Tor ma’noda “habeas corpus” deganda, jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlangan
shaxsni ushlab turish asosliligini va qonuniyligini sud tomonidan tekshirish hamda ushbu
shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasining sud tomonidan qo‘llanilishi tartibi
tushuniladi.
Qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanishi amaliyotiga e’tibor qaratilsa,
2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 118 ta iltimosnomadan 485 tasi,
2023-yilda 22 254 ta iltimosnomadan 577 tasi, 2024 yilning birinchi yarmida esa 12 293 ta
1
Habeas korpus nomi ozodlikdan mahrum qilingan shaxsni sudga keltirish to‘g‘risidagi sudya buyrug‘ining dastlabki
“Habeas sorpus ad subjiciendum” (Sen mahbusni sudga keltirishga majbursan) so‘zlaridan kelib chiqqan. Bu institut XV
asrda vujudga kelgan va 1679 yilda rasmiylashtirilgan. / Yuridik atamalar qomusiy lug‘ati. / Mas’ul muharrir:
H.R.Rahmonqulov; Adabiy muharrir: B.A.Eshpulatov // – T.: “Sharq”, 2003. – 334-б. (432).
2
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 27-modda. – Toshkent, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023-y. –
15-b.
3
Yuridik ensiklopediya / yuridik fanlar doktori U.Tadjixanovning umumiy tahririda. – T.: “Sharq”, 2001. – 501-b. (656).
13
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-MAXSUS SON (YOʻITJ)
iltimosnomadan 256 tasi rad etilgan
4
. Ushbu raqamlar “habeas corpus” institutining
qo‘llanilishi yetarlicha samarali deyishga asos bo‘la olmaydi.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon va ilm-fan taraqqiyoti, xalq xo‘jaligi va jahon
iqtisodiyotidagi tub o‘zgarishlar, olamshumul kashfiyotlar, odamlar turmush tarzining
o‘zgarishi, yangicha dunyoqarash shakllanayotganligi, tinchlik va xavfsizlikka yangicha
ko‘rinishdagi va turli tahdid manbalarining paydo bo‘layotganligi sud-huquq tizimida
muntazam ravishda islohotlar o‘tkazib borish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangicha
yondashuvlar hamda odil sudlovni, jinoyatlarning oldini olish va tergov qilish tezkorligini va
samarali bo‘lishini ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining faoliyatini
yangicha tashkil etish zarurligini ko‘rsatmoqda
5
. Faoliyatni yangicha tashkil etish nafaqat sud-
huquq tizimida balki, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ham dolzarb masalaga aylangan.
Shunga ko‘ra, davlatning muhim funksiyalarini amalga oshiruvchi tizimlar faoliyatini isloh
qilishga qaratilgan normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda
tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini
yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF-89-son farmoni
6
sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda
taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv
hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga
erishish maqsadida qabul qilindi. Ushbu farmon 8 banddan iborat bo‘lib, uning avvalida “sud-
tergov amaliyotida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha
samarali mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligi, shuningdek, jinoyat sodir etganlikda
ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud
orqali ishonchli ta’minlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligi” qayd etilgan.
Mazkur farmonga asosan jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va
shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlash choralarini
kuchaytirish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual
qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida
sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini va jinoyat ishlari bo‘yicha
tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda
“habeas corpus” institutini kengaytirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish
hamda sudga qadar ish yurituv davrida ayblanayotgan shaxslarning erkinlik va shaxsiy
daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlashga erishish
ko‘zlangan.
Mazkur farmonning qabul qilinishi Konstitutsiyaviy normalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri tatbiq
etilishini kuchaytirishga, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini faqatgina sud qarori asosida
cheklash mexanizmi protsessual qonunchilikda to‘liq belgilanishiga hamda amalda mukammal
ishlashi uchun zarur tashkiliy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
4
URL: https://sud.uz/
5
Rashidov B.N. Jinoyat proцessida odil sudlovni ta’minlashning alohida shakli sifatida xususiy ayblovni rivojlantirish //
HUQUQIY OLAM. Ilmiy-amaliy jurnal. ISSN 2181-3604 № 1. Sentabr. 2022-yil. – 94-95-b. URL:
https://drive.google.com/file/d/135w2y0TacaAwS38kHNjQjjU4pE1hpPSH/view
6
URL: https://www.lex.uz/uz/docs/6964387.
14
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-MAXSUS SON (YOʻITJ)
“Habeas corpus” institutining qo‘llanilishiga oid ayrim xorijiy mamlakatlar amaliyotiga
e’tibor qaratish bu borada kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni samarali amalga oshirishga
ko‘maklashadi.
Avstriyada qamoqqa olish va qamoqqa olish muddatini uzaytirish tergov sudyasi ruxsati
bilan amalga oshiriladi. Tergov sudyasi dastlab ikki haftadan keyin, so‘ng bir oydan keyin,
undan so‘ng qamoqqa olingan kundan e’tiboran har ikki oyda bir marotaba – shaxsning ushlab
turish muddatini uzaytirish yoki qamoqqa olish asoslarini muntazam tekshiradi.
Italiyada, shaxsni qonunda belgilangan muddatlardan ko‘proq ushlab turish sudyalar
maxsus hay’ati tomonidan qo‘rib chiqiladi.
Polshada birinchi instansiya sudi tomonidan hukm chiqarilgunga qadar qamoqqa
olishning umumiy vaqti ikki yildan oshmasligi kerak, bu tergov paytida qamoqqa olish ehtiyot
chorasi qo‘llangan muddatni ham qamrab oladi.
AQShda shaxsni qamoqqa olish uchun sud sanksiya beradi, har ikki haftada prokuror o‘n
kundan ortiq qamoqda saqlanayotgan shaxslar to‘g‘risida sudga hisobot taqdim etadi hamda
muddatlarning o‘tib ketishi sabablarini tushuntirib beradi.
Fransiyada qamoqqa olish muddatini uzaytirish respublika prokurorining iltimosiga
binoan tergov sudyasi tomonidan maxsus asoslantirilgan qaror asosida amalga oshiriladi
7
.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham “jinoiy ayblov bo‘yicha
ushlangan yoki qamoqqa olingan har bir shaxs darhol sudya yoki qonunga binoan sudlov
hokimiyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va u
oqilona muddat ichida sud muhokamasidan o‘tkazilishi yoki ozod qilinish huquqiga ega”
ekanligi belgilangan
8
.
2017-yildan 2023-yilga qadar sudlar tomonidan 5956 nafar shaxsga nisbatan oqlov
hukmi chiqarilgan, shundan 1244 nafari 2023 yilda oqlangan
9
. Odil sudlovni ta’minlashga
qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning
huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar
yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-
qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga
erishish maqsad sifatida belgilangan.
Ushbu maqsadga erishish uchun joriy etilayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar
sudlarida tergov sudyasi lavozimi; jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida
protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar
sudlarida tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi; jinoyat ishlari bo‘yicha sudga
qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan
sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar
va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda
qayta ko‘rib chiqilishi tartibi – kelgusida sudga qadar ish yuritishda sud nazoratini
7
D.Suyunova “Qamoqqa olish” эhtiёt chorasi: qonunda tartibga solinmagan holatlardan kim jabr ko‘ryapti? // URL:
https://advokatnews.uz/xabar/1950.html
8
Uzbekistan i mejdunarodnыe dogovora po pravam cheloveka, / Otvetstvennыy redaktor – prof., d.ю.n. A.X.Saidov. –
T., 1998. – S.446.
9
https://stat.sud.uz/index.html.
15
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-MAXSUS SON (YOʻITJ)
kuchaytirishga, qonuniylikni mustahkamlashga va odil sudlovga erishish imkoniyatini
oshirishga xizmat qiladi.
Tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan 1) yuklatilgan
vazifalarning adolatli va xolisona bajarilishiga; 2) qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni,
fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga; 3) fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari
hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish uchun
qonunchilikda tegishli mexanizmlar mukammal aks ettirilishi talab etiladi.
Tergov sudyasiga murdani eksgumatsiya qilish; pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash;
tintuv o‘tkazish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan
so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish; mol-mulkni xatlash;
qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash; ushlab turish muddatini
qirq sakkiz soatga uzaytirish; qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish;
pasportning amal qilishini to‘xtatib turish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish; shaxsni
tibbiy muassasaga joylashtirish; ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini
uzaytirish; guvoh va jabrlanuvchining ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi
iltimosnomalarni hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilishi orqali boshqa
sudyalarni jinoyat ishlarini mazmunan ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalardan ozod
etishga va ish doirasida qonuniy, asosli, adolatli hukm qabul qilinishiga ko‘proq imkon beradi.
Tergov sudyasi tomonidan tegishli iltimosnoma va ishlarni ko‘rib chiqish tartibini
belgilashda quyidagilarni hisobga olish zarur:
1.
Iltimosnoma kiritish va uni ko‘rish natijalarini taqdim etishda elektron hujjat aylanishi
imkoniyatini yaratish.
2.
Kechiktirib bo‘lmas holatlarda harakatlanish imkoni mavjud bo‘lishi, bunda qaror va
harakatlarning qonuniy va asosliligini ta’minlash.
3.
Belgilanadigan tartibning samarali va tezkor bo‘lishiga erishish.
4.
Surishtiruvchi, tergovchining shaxs huquq va erkinliklariga daxldor qarorlari va
harakatlari ustidan qilingan shikoyatlarni tergov sudyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi
mexanizmini belgilash.
5.
Qamoqqa olish yoki konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni cheklash bilan bog‘liq boshqa
choralarni qo‘llash haqidagi iltimosnomalarni qanoatlantirish va rad etishning aniq asoslarini
ko‘rsatish.
Shu bilan birga Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilishi kutilayotgan tergov sudyasi
lavozimi joriy etilishi bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmunan boshqa protsessual
normalarga nomutanosib bo‘lmasligini, yangi normalar qo‘llanilishi barcha protsess
ishtirokchilari uchun qulay va samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadga muvofiq.