Авторы

  • Ravshan Sabirov

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.yoitj.59668

Аннотация

Mazkur maqolada Muhammad Yusuf asarlarida publitsistik ruh haqida so‘z boradi. Jumladan, shoirning she’riy satrlarida Vatanga muhabbat, insoniylik va mehr-muhabbat mavzusidagi qarashlari va uning auditoriyaga ta’siri tahlil qilingan.


background image

156

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

1-JILD, 15-SON (YOʻITJ)

MUHAMMAD YUSUF ASARLARIDA PUBLITSISTIK RUH

Ravshan Sabirov,

Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi

https://doi.org/10.5281/zenodo.14559598

ARTICLE INFO

ABSTRACT

Qabul qilindi: 16-dekabr 2024 yil

Ma’qullandi: 18-dekabr 2024 yil

Nashr qilindi: 26-dekabr 2024 yil

Mazkur

maqolada

Muhammad

Yusuf

asarlarida publitsistik ruh haqida so‘z boradi.

Jumladan, shoirning she’riy satrlarida Vatanga

muhabbat,

insoniylik

va

mehr-muhabbat

mavzusidagi qarashlari va uning auditoriyaga

ta’siri tahlil qilingan.

publitsistik ruh, xalqchillik,

soddalik, samimiyat, ta’lim, tarbiya

Har bir yozuvchi yoki shoir o‘z asarida keng ommaga nimadir demoqchi, nimanidir

tushuntirmoqchi bo‘ladi. Bu uning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va axloqiy masalalardagi aniq,

hayotiy ko‘z qarashlarini yoki ularni tushuntirishga bo‘lgan intilishini biz – publitsistik ruh

deymiz. Barcha ijodkorlarning faqat o‘zlarigagina xos bo‘lgan til uslubi va o‘quvchiga yetkazib

bera olish yo‘llari mavjud. Muhammad Yusuf she’riyati ham o‘zining sofligi, samimiyligi va

xalqchilligi bilan ko‘pgina ijod ahlining asarlaridan ajralib turadi. She’riy satrlarini o‘qir

ekansiz, qalbingizda – g’urur, jasorat, muhabbat va Vatanga bo‘lgan tuganmas iftixorni his

qilasiz, har bir misradan joziba va bir olam ma’no topasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ko‘pgina asarlarida o‘sib kelayotgan

yosh avlod uchun ta’lim va tarbiyaning beqiyos o‘rni, ulug’ allomalarimizning hayoti va ijodini

barchamiz birdek o‘rganishimiz kerakligini ta’kidlaydilar. Xususan, o‘zlari aytganlaridek:

“Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi,

yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog’liq. Bugun zamon shiddat bilan

o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar

o‘z davrining talablari bilan uyg’un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz

kimmiz qanday ulug’ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado

berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya,

tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”. [1] Darhaqiqat, yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga kata

e’tibor qaratish zarur. Ularni xalqiga, Vataniga muhabbat, sodiqlik tuyg’ularida tarbiyalashda,

asosan, shoirlarimizning o‘rni beqiyos. Negaki faqat she’riyatgina inson qalbiga ziyo olib

kirishi, uni o‘zi bilmagan holda tarbiyalashi mumkin. Ana shunday she’rlari orqali Vatanga

bo‘lgan muhabbatini tarannum etgan shoirimiz Muhammad Yusufning “Izhori dil” she’rida

shunday satrlarni ko‘ramiz:

Ko‘hna tol beshikdan

Boshlangan olam,

Senga iddaolar

Qilmay sevaman.

Bir kuni singlim, deb

Bir kuni onam –


background image

157

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

1-JILD, 15-SON (YOʻITJ)

Vatan,

Kimligingni

Bilmay sevaman!..

Shoirning Vatanga muhabbati shu darajada kuchliki, hech narsa talab qilmasdan “…iddaolar

qilmay sevaman!” – deyishida! Inson Yer yuzining qaysi burchagida tug’ilmasin, baribir unga

o‘zi tug’ilgan, onadek Vatani hammasidan suyukdir. Doimo shunday bo‘lib qoladi. Bu esa

bugungi kun yoshlari uchun bir ibrat namunasi desak, adashmagan bo‘lamiz. Muhammad

Yusuf haqida “O‘zbekiston Qahramoni” va “Xalq shoiri” Erkin Vohidov shunday deb yozadi:

“Muhammad Yusufni men taniqli yozuvchi Nazir Safarov orqali tanigan edim. Muhammadjon

Nazir aka xonadonida turar, yoshgina o‘smir yigitchaning poytaxtdagi ilk qadamlari mana shu

ostonadan boshlangan, bu uydagi adabiy muhit bo‘lajak shoirga kata maktab bo‘lgan edi. Bu

ozg’ingina, istarasi issiq, qorachagina yigitcha bir ko‘rishdayoq meni o‘ziga tortgan edi. Shu

o‘rinda bir narsani ta’kidlamoqchimanki, inson umrining oxirigacha ilm o‘rganadi, hayot

darsini o‘rganadi. Ammo she’r yozish ilmi shunday ilmki, uni o‘rganib bo‘lmaydi. U tug’ma

bo‘lishi kerak. Muhammadjon tug’ma iste’dod sohibi edi”.[2] Nafaqat shoirimizning iste’dodi,

balki Vatanga bo‘lgan muhabbati ham tug’ma va cheksizligi yuqoridagi fikrlarning yaqqol

dalilidir. Birgina “Vatanim” she’ri 1989-yilda yozilgan bo‘lsa ham bugunga qadar sevib

kuylanib kelinadi.

Men dunyoni nima qildim,

O‘zing yorug’ jahonim,

O‘zim xoqon,

O‘zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim,

Yolg’izim,

Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O‘zing mening ulug’lardan

Ulug’imsan, Vatanim…

Vatanga bo‘lgan muhabbatini ko‘pgina shoirlar ta’riflashga qiynalishadi. Shoirimizga dunyo

kerak emas, birgina shu Vatanning o‘zi yorug’ jahonga teng

ekanligini o‘zgacha ta’riflaydi. Vatan – yagona va barchasidan ulug’i ekanini yoshlarga bir

nasihat tarzida yetkazib beradi. Milliyligimizning, umuman, barcha millatning o‘zligidan, shu

millat va yurtning farzandi ekanidan nishona beruvchi bu do‘ppidir. Undagi naqshlar esa shu

xalqning o‘tmishidan, qanday elat ekanligidan so‘ylaydi.

Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar,

Bir shoirdan, bir noshirdan boshqa.

Sochlar silliq,

Silliq qadamlar,

U og’irlik qilyapti boshga…

Bu qandayin ko‘rgulik savdo,

Do‘ppi kiymay qo‘ydi xaloyiq.

Boshga loyiq do‘ppi yo‘qdir yo –

Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq.

To‘g’ri-da, hozir deyarli hech kimning boshida do‘ppi ko‘rmaymiz. Bizning milliyligimiz

tokchalarda chang bosib yotibdi. Kiyishsa, faqat Navro‘rda kiyishadi, o‘zlarini ko‘rsatish

uchungina, xolos. Nega endi doim kiyib yurmaymiz-a? Axir, bizga yarashadi-ku! Yoki shoir

aytganidek, “Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq”, balki shundaydir!? Shoir do‘ppining “moda”dan

qolganligi uchun kuyinadi. Bu she’r haqida “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” Muhammad Ali

shunday eslaydi: “Esimda bor, o‘tgan asrning yetmishinchi yillar oxirlari edi chamasi,

Yozuvchilar uyushmasida katta mushoira bo‘ldi. Qorachadan kelgan bir yigitcha minbarga

chiqib, taniqli shoirlar qatorida she’r o‘qidi, o‘qidi-yu uloqni olib ketgani bilindi! Bu yosh


background image

158

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

1-JILD, 15-SON (YOʻITJ)

shoir Muhammad Yusuf edi, uning she’ri do‘ppiga bag’ishlangandi. “Bosh qolmadi do‘ppiga

loyiq” satrini keltirganda, zal olqishlarga to‘ldi. Nazokat bilan aytilgan, chuqur ramziy ma’noga

ega bu she’r o‘zbeklikni, o‘zbekni ulug’lovchi, g’ururimizni yuksakka ko‘taruvchi timsol

sifatida jaranglagandi. Ha, shoir do‘ppiga yoyiq odamlar bo‘lishini, shularning safida shaxdam

yurishni orzu qildi. O‘z she’ridan qiyos keltirib aytish mumkinki, Muhammad Yusuf

xalqimizning “do‘ppiga loyiq bosh”laridan – insonlaridan biri bo‘lib kamolga etdi”.[3]

Shoirimiz o‘zligimizni ko‘rsatuvchi do‘ppilarimizni bugun ham boshdan qo‘ymay kiyib

yurishimizni chuqur ma’noga ega so‘zlar orqali nasihat qiladi, ongimizga singdiradi.

Odamzoddan bu dunyoda qilgan yaxshi ishlari-yu yaxshi nomi qoladi. Xalqimiz bejizga:

“Yaxshidan bog’ qoladi”,- deya aytmagan. Muhammad Yusufning “Mehr qolur” she’rida esa

“qiyomat oxir kelganda ham” mehr va muhabbat insonlarning qalbida yashashini aytib o‘tadi.

O‘tar qancha yillar to‘zoni,

Yulduzlar – ko‘zyoshi samoni.

O‘tar inson yaxshi-yomoni,

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Bunday pok va sof tuyg’ular kishida, umuman, dunyoda necha yuz asrlar va necha ming

yillar o‘tsa-da qoladi. Bu haqiqat. Mehr va muhabbat bizgacha ham bor edi, bizdan keyin ham

bo‘ladi. Chunki bu – hayot. Insondan boshqalarga bergan mehri, muhabbati qolar ekan, ularni

birovdan qizg’onishning mutlaqo keragi yo‘q. Shuning uchun atrofimizdagilarga, kimligidan

qat’i nazar, yaxshilik qilishni, yaxshi so‘zlar aytishni kanda qilmasligimiz lozim. Axir, ertaga

“bir mehribon edi…”,“juda ochiq ko‘ngil, saxiy edi…” degan yaxshi nom qoladi.

Mayli-da, kimgadir

Yoqsa,

Yoqmasa,

Ularga qo‘shilib

Yig’lasharmidik.

Biz baxtli bo‘lamiz

Xudo xohlasa,

Xudo xohlamasa

Uchrasharmidik…

“Biz baxtli bo‘lamiz” she’ri hayotiyligi, boshqalarning nima deb o‘ylashlariga qaramasdan,

Xudo xohlaganligi uchun ham odamlarning bekordan bekorga uchrashib qolmasligi, shuning

o‘zi bir baxt va kelajakdagi baxtga komil ishonch ekanligini zo‘r mahorat bilan tasvirlaydi.

Bundan esa “Odamga baxt – kutilmagan joydan keladi” degan xulosa chiqarishimiz mumkin.

She’riyatning inson qalbida, hayotida o‘ziga yarasha o‘rni bor. Muhammad Yusuf ijodidagi

publitsistik ruhni boshqa ijodkorlarnikiga solishtirib bo‘lmaydi. Har bir ijodkorning o‘z

dunyosi bor. Muhammad Yusufning dunyosida esa soddalik, xalqiga, Vataniga hamma narsaga

cheksiz muhabbat, mehr-u shafqat, insoniylik kabi yuksak fazilatlar joy olgan. Mana shu tanti

xalqini sevib, ardoqlaydi, o‘z navbatida xalqi ham shoir o‘zi yozganidek:

Yomon she’r yozsang ham betingdan o‘pib,

Kam bo‘lma bolam, deb yashaydi o‘zbek!

Muhammad Yusuf ijodini o‘qir ekansiz, har bir misradan o‘ziningizga kerakli xulosalar

chiqarib olaverasiz. Barchasi – hikmatlar darajasiga yetgan satrlar. Ruhiy dunyoning

boyishiga ko‘maklashadi. Bugungi kun yoshlarini vatanparvarlik, insonparvarlik, burchga

sadoqat, va’daga vafo, mehr-shafqat kabi yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga

yordam beradi. Milliyligimiz timsoli bo‘lmish naqshinkor do‘ppi-yu uzun atlas ko‘ylaklarni

yana odamlar egnida, boshida ko‘rishni orzu qiladi va o‘zligimizni unutmaslikka chaqiradi.

Kimlarning avlodlari ekanligimizni bizga har qachon uqtiradi. Muhammad Yusuf o‘zidan mana

shunday yorqin iz qoldirdi.


background image

159

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

1-JILD, 15-SON (YOʻITJ)

Adabiyotlar ro‘yxati:

1.Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. –

Toshkent: O‘zbekiston, 2017.

2.Yusuf M. Saylanma. – Toshkent: Sharq, 2016.

3.Yusuf M. Biz baxtli bo‘lamiz. – Toshkent: Nihol, 2008

Библиографические ссылки

Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.

Yusuf M. Saylanma. – Toshkent: Sharq, 2016.

Yusuf M. Biz baxtli bo‘lamiz. – Toshkent: Nihol, 2008