Авторы

  • A.A., Mirzaqulov

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.yoitj.73142

Аннотация

Maqolada sohibqiron Amir Temur qo‘shinining yurishlarida muhandislik ta’minotining o‘rni va roli to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

 


background image

138

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

2-JILD 3-SON, (YOʻITJ)

SOHIBQIRON AMIR TEMUR QO‘SHININING

YURISHLARIDA MUHANDISLIK TA’MINOTINING O‘RNI

VA ROLI

Mirzaqulov A.A.,

podpolkovnik, Chirchiq OTQMBYU, Jangovar ta’minot kafedrasi

o‘qituvchisi

https://doi.org/10.5281/зенодо.15078157

ARTICLE INFO

ABSTRACT

Qabul qilindi:7-mart 2025 yil

Ma’qullandi:18-mart 2025 yil

Nashr qilindi: 24-mart 2025 yil

Maqolada sohibqiron Amir Temur qo‘shinining

yurishlarida muhandislik ta’minotining o‘rni va roli

to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

KEY WORDS

Amir Temur, qal’a, devor,

porox, kechuv, to‘siq, lahim,

ko‘prik,

g‘ovlar,

pistirma,

istehkomlar.

Buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati, harbiy

mahorati to‘g‘risida ko‘pgina asarlar yozilgan va dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingan.

Amir Temurning jahonshumul obro‘-e’tibor va shon-shuhrat topishidagi bosh omil – bu uning

sarkardalik iste’dodi, harbiy mahorati deb hisoblanadi. Uning jahon harbiy san’atiga qo‘shgan

ulkan hissasi to‘g‘risidagi ko‘pgina ma’lumotlarga egamiz.

Buyuk lashkarboshi va novator, harbiy tashkilotchi sifatida Amir Temur o‘ta intizomli armiya

tuzishga, harakatlar chog‘ida qo‘shin qismlarini san’atkorona boshqarishga, jang taqdiri hal

bo‘ladigan joylarga harbiy kuchlarni o‘z vaqtida ustalik bilan yo‘llashga, har qanday to‘siq va

g‘ovlarni mohirona bosib o‘tishga, armiyadagi jangovar ruhni kerakli darajada ushlab turishga

muyassar bo‘lgan.

Amir Temur faoliyati davrida harbiy san’atga doir bo‘lgan yangiliklar kiritdi va butun hayoti

davomida bu yo‘nalishda izlanishda bo‘ldi. Shu jumladan bugungi kundagi bizga ma’lum

bo‘lgan muhandislik ta’minoti vazifalarini o‘sha davrda ham Amir Temur qo‘shini tomonidan

bajarilgani bizga ma’lum.

Masalan: Amir Temur sharqda birinchilardan bo‘lib, o‘z armiyasiga o‘qotar qurol, ya’ni to‘p-

ra’dni olib kirdi, tog‘ hududlarida harakatlarni olib borish uchun maxsus piyoda harbiy

qismini tashkil qildi, ayollardan tashkil topgan bo‘linmalarni o‘z qo‘shinlari tarkibiga kiritdi,

harbiy sa’nat tarixida birinchi bo‘lib qo‘shinni yetti qo‘lga (qismga) bo‘lib, jang maydonida

joylashtirish tartibini joriy qildi, qo‘shin qanotlarini jang chog‘ida dushman xujumidan

muhofaza qilish va dushman kuchlarini yon tomonidan aylanib o‘tib, unga ortdan zarba berish

maqsadida, tuzilgan otliq qism – qunbulni joriy etdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, maxsus

qunbul otliq qism Aleksandr Makedonskiy, Ganibal, Lyudvig XIV, Buyuk Fridrix, Chingizxon

kabi dongdor sarkardalar qo‘shinlarida bo‘lmagan va faqat XIX asrda Yevropaning atoqli

lashkarboshisi Napoleon Bonapart armiyasining jangovar tartibida qo‘shin qanotlarini

himoyalovchi qism mavjudligini kuzatish mumkin[1].

Tarixchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temur qo‘shinida mustahkam qal’a va

qo‘rg‘onlarni qamal qilishda, dushman kuchlariga qirg‘in keltirishda samarali qurol

hisoblangan, ichiga yonuvchi modda - naft solingan ko‘zachalar, irg‘ituvchi o‘t sochish quroli -


background image

139

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

2-JILD 3-SON, (YOʻITJ)

ra’dning uzluksiz ishlab turishini ta’minlovchi maxsus to‘pchilar - ra’dandozlar mavjud

bo‘lgan va ma’lum bir davrlarda ularning soni 10 ming kishiga yetgan. To‘p-ra’d Amir Temur

tomonidan birinchi marta 1379-yilda Urganchni qamal qilishda ishlatilgan[2].

Harbiy harakatlarni olib borishda o‘sha davrning ilg‘or ilm va texnika o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy

manbalaridan keng foydalanilgani ma’lum[3].

Shu qatorda hozirgi zamon muhandislik qo‘shinlariga xos bo‘lgan alohida vazifalarni bajarish

Amir Temur qo‘shini tomonidan qay tarzda amalga oshirilgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishimiz

zarur deb bilamiz.

Amir Temur qo‘shini safida, hozirgi muhandislik qo‘shinlari vazifalariga o‘xshash vazifalarni

bajaruvchi bo‘linmalar va mutaxassislar bo‘lgan. Bu bo‘linmalarda katapultalar, suyuq

yonuvchi moddalarni uloqtiruvchi qurilmalar, daryolar ustida ponton-ko‘priklar tashkil

qiluvchi, qal’a devorlari ostiga lahim (yer osti yo‘li) kavlovchi va porox yordamida devorlarni

portlatuvchi mutaxassislar bo‘lgan[3, 4].

Amir Temur 1370-yilda, hokimiyatni qo‘lga olgandan so‘ng davlatni tashqi dushmanlardan

himoya qilish maqsadida, mug‘ullarning «Yaso» an’analaridan voz kechib, yirik shahar

markazlarini mustahkamlash hamda mamlakat chegaralarida asosiy tayanch punktlari bo‘lib

xizmat qiluvchi shahar istehkomlari tizimini yaratish maqsadini o‘z oldiga qo‘yib, uni amalga

oshirishga kirishadi. Chingizxon tomonidan tuzilgan «Yaso» qonunlariga muvofiq

bo‘ysundirilgan shaharlar himoya devorlariga ega bo‘lmasliklari haqidagi shart bilan bog‘liq

edi. Bu esa mug‘ul amirlarini talonchilik yurishlari uchun juda qulay imkoniyat edi.

Shu maqsadda mamlakat poytaxti qilib tanlangan Samarqandga alohida e’tibor berilib, shahar

atrofida mustahkam asosga ega bo‘lgan monumental devor barpo etildi. Samarqand qo‘rg‘on

devorini barpo etish bilan bir paytda Amir Temur tomonidan shaharning g‘arbiy qismida 34

gektar maydonni egallagan ark bunyod etilgan. Arkning devorlari va minoralari devor

buzuvchi mashinalar hujumiga dosh beradigan darajada mustahkam qurilgan. Devor qalinligi

4,5 metr bo‘lib, balandligi 12 metrdan ortiq bo‘lgan va chuqur jar bilan o‘ralgan. Arkning

ichida suv manbai joylashgan bo‘lib, undan suv maxsus yer osti sopol quvurlar orqali Bo‘ston

saroyiga tortib borilgan. Arkda Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy va bu saroylarga xizmat

ko‘rsatuvchi hammomlar, hovuzlar va omborlardan iborat yordamchi inshootlar majmuasi

hamda xazina joylashgan. Bundan tashqari, bu yerda askarlar uchun yotoqlar va qo‘rxona

mavjud bo‘lgan. Mazkur qo‘rxonada Amir Temur tomonidan turli mamlakatlardan olib

kelingan qurolsoz ustalar (asirlar) qo‘shin uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bilan

shug‘ullangan[2, 5].

Amir Temur Sirdaryo kechuvi yonida qadimgi Binokent shahri strategik jihatdan qulay mavqe

egallaganiga e’tibor beradi va 1392-yilda uning buyrug‘i bilan eski shahar xarobalari o‘rnida

qal’a qaytadan quriladi. Qal’ani barpo etishda jarlarga aylangan qadimgi ariqlardan va

daryoning tik qirg‘og‘idan mohirona foydalanilgan. Qal’a minoralari ikki qavatli bo‘lib,

yumaloq shaklda, devorlardan 4,5 metr tashqariga chiqqan holda qurilgan. Minoraning quyi

qavvati qurol-yarog‘ ombori sifatida xizmat qilgan. Bitta ana shunday omborda 236 ta otish

uchun mo‘ljallangan tosh-yadrolar topilgan[2]. Xuddi shu maqsadda Amir Temurning

hukumronligi davrida Movarounnahrning tashqi chegaralari bo‘ylab qal’alar va istehkomlar

quriladi, asosiy shaharlar (Kesh, Buxoro, Termez, Choch va b.q.)ning himoya devorlari va

mudofaa inshootlari qayta tiklanib mustahkamlanadi.

Amir Temur qo‘shinida uning birinchi harbiy yurishlaridayoq porox moddasi mavjud bo‘lgani

va undan unumli foydalanilgani to‘g‘risida ko‘pgina ma’lumotlar bor. Masalan, 1367-yilda

Choch (Toshkent) shahrini ishg‘ol qilishda qal’a devori tagigacha qazib kelingan yer osti

yo‘lida (lahim, naqb) porox zaryadi portlatiladi va devor qulab tushadi[4].

Shu o‘rinda, g‘arb davlatlari mutaxassislarining fikricha, birinchi bo‘lib qal’a devorlarini porox

yordamida portlatish usuli Ivan Grozniy tomonidan Qozon shahrini olishda qo‘llanilgan

deyiladi. Qolaversa, Ivan Grozniy Qozon shahrini 1552-yilda ishg‘ol qilganini inobatga olsak,

o‘z-o‘zidan birinchi bo‘lib qal’a devorlarini porox yordamida qulatish usuli Amir Temur


background image

140

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

2-JILD 3-SON, (YOʻITJ)

tomonidan joriy etilganligi namoyon bo‘ladi. Bu usulda, ya’ni shahar va qal’a devorlari ostiga

lahim kavlash, devor ostidagi lahimda porox portlatish yoki shox-shabba yoqib devorni

qulatish usuli bilan Amir Temur qo‘shini tomonidan ko‘pgina shaharlarni, jumladan, Sabzavor

(1377), Isfahon (1378), Izmir (1402) zabt etilgan[5].

Bundan tashqari, porox faqat devor va to‘siqlarni portlatish maqsadidan tashqari, jang

vaqtida dushmanning otliq va piyoda qismlarini sarosimaga solish, jangovar aravalar va fillar

safini yorish va talafot yetkazish uchun ham ishlatilgan. Porox moddasi dastlab xaltachalarga

solinib, keyinchalik maxsus ishlangan ko‘zachalarga solib plik yoqib dushman safiga

uloqtirilgan. Keyinchalik, janglarda granata (porox solingan idishlar) uloqtirish uchun

mo‘ljallangan bo‘linmalar tashkil qilinib, ular tomonidan poroxga tosh parchalari qo‘shilib,

zaryadni uzoqroqqa uloqtirish usullari o‘ylab topilgan. Shuni aytib o‘tish kerakki, porox

moddasi osha davrlarda Amir Temur qo‘shinida mavjud bo‘lgan va ko‘pgina Osiyo xalqlari

uchun bu yangilik bo‘lgan. Jang vaqtida yoki qal’a devorlari portlatilganda dushman kuchlari

sarosimaga tushub qolgan va porox Amir Temur uchun g‘alabaning asosiy manbalaridan biri

bo‘lib qolgan. Poroxni ishlab chiqarish usuli sir tutilgan. Amir Temur tomonidan porox

granatalar sifatida Qutul Hamzaga qarshi Damashq ostonasidagi jangda, Yildirim Boyazitga

qarshi Anqara ostonasidagi jangda unumli foydalanilgan.

Harbiy safarlarda qo‘shin turgan qarorgoh (dam olish, to‘xtash joylari va jangohga tushganda

lashkargoh atrofi) to‘siqlar bilan o‘rab olingan. To‘siq sifatida bir-biri bilan zanjir va arqon

bilan birlashtirilgan aravalardan (kuran), kavlangan xandaqlardan, yerga ko‘milgan nayzasifat

shoxlardan (mondulardan), shox-shabbalardan foydalanilgan. Xandaqlardan chiqqan tuproq

uyimlari bo‘ylab to‘siqlar (chaparlar) o‘rnatilgan. Jang vaqtida ham to‘siqlardan foydalanilgan.

Dushman qo‘shini harakatini cheklash uchun uning yo‘lida xandaqlar qazilgan, aravalardan

kuran qurilgan, otliqlarga qarshi yer sathida zanjirlar tortilgan, fillarga qarshi sanchiq –

mo‘ndillardan foydalanilgan[2].

Bu to‘siqlardan dushman harakatiga to‘sqinlik qilish, harakatini sekinlashtirish, o‘zining zaif

qanotlarini muhofaza qilish va dushman kuchlariga talafot yetkazish maqsadida foydalanilgan.

Amir Temur tomonidan Anqara ostonasidagi jangda Yildirim Boyazitning jangovar aravalari

hujumini to‘xtatish maqsadida to‘siq sifatida oldindan qoziqlar oralig‘iga tortilgan zanjir va

qalin arqonlar qo‘llanilib, Hindistonga yurish vaqtida, Dehli ostonasidagi jangda esa, jangovar

fillarga qarshi yerga ko‘milgan sanchiq – mo‘ndillardan foydalangani to‘g‘risidagi tarixiy

izohlar misol bo‘la oladi.

Yurishlar vaqtida qo‘shinlarning suv havzalaridan kechib o‘tishiga katta e’tibor berilgan.

Daryolarning sayoz joylari guzar – kechikka (kechuvga) aylantirilgan va soqchi otliq guruhlar

tomonidan qo‘riqlangan. Chuqur va enli daryolar ustidan qayiqlar yordamida bog‘langan

ko‘prik orqali og‘ir yuklar ortilgan aravalar hamda o‘g‘ruq (qo‘shinni ta’minot qismlari)

o‘tkazilgan. Suvoriylar ko‘pincha otning yugani va yoliga osilgan tarzda, piyodalar esa meshlar

ko‘magida daryoni kechib o‘tgan. Amir Temur yurishlari davrida katta daryolarni kechib

o‘tishda uning muhandislari tomonidan tezlik bilan qayiqlar ustida katta yog‘och ko‘prik

barpo etilgan, qo‘shin o‘tib bo‘lgach ko‘prik yig‘ishtirib olingan va shu tariqa qo‘shinlarning

harakatlanish tezligini, manyovrlarini ta’minlab kelgan. Masalan, Bog‘dodga qilingan yurishda,

Dajla daryosidan Amir Temur qo‘shini bo‘sh qayiqlar ustidan qurilgan ko‘prik orqali o‘tib,

Bog‘dod amiri qo‘shinini aylanib o‘tishga erishadi va qo‘riqchisiz qolgan shaharni egalaydi. Bu

vaqtda Bog‘dod amiri ko‘p sonli qo‘shini bilan boshqa sohilda, ochiq yerda jang uchun tayyor

turgan edi, lekin ularning Bog‘dod shahriga ko‘makka borish harakatlari daryo o‘zani bo‘ylab

bor bo‘lgan kechuvlar Temur qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olinganligi munosabati bilan

befoyda ketadi. Xuddi shu yo‘sinda Amir Temur bobomiz 1391-yili To‘xtamish ustiga qilgan

yurishida Ural daryosidan o‘tish mumkin bo‘lgan 3 ta kechuvda To‘xtamish qo‘shinlari

tomonidan pistirma uyushtirilganligini payqab, ulardan foydalanmasdan, daryo o‘zanining

yuqori qismidan qo‘shinning bir qismini qurilgan ko‘priklar orqali o‘tqazib, yana bir qismi

bilan suzib o‘tadi va To‘xtamish kutmagan tomondan unga hujum qiladi.


background image

141

YANGI O'ZBEKISTON ILMIY

TADQIQOTLAR JURNALI

www.in-academy.uz

2-JILD 3-SON, (YOʻITJ)

Daryo kechuvlari va ko‘priklarni qo‘riqlashga Amir Temur tomonidan katta e’tibor berilgan.

Ispan qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z kundaligida Amudaryoni Termiz shahri bo‘yida

kechib o‘tish chog‘ida, o‘z taassurotlarini shunday yozadi: “Sohibqiron farmoyishiga binoan

amal qilinadigan udum bor: daryoning bir qirg‘og‘idan Ikkinchi qirg‘og‘iga o‘tgach, ko‘prik

Sohibqirondan boshqa hech kim o‘tmasligi uchun buzib tashlanadi. Yo‘lovchilarni u

qirg‘oqdan bunisiga qayiqlarda olib o‘tadi. Saltanatdan kelayotgan kishi qayoqqa

ketayotganligi qayd etilgan yorliqni ko‘rsatmasa, berigi sohilga o‘tkazilmaydi, aksincha,

Samarqandga hech bir hujjat ko‘rsatmasdan o‘tish mumkin. Qayiqlarga ko‘plab qorovullar

tayinlangan”[5].

Yuqoridagilarni inobatga olib biz quydagilarni xulosa qilishimi mumkin,

Amir Temur tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni unumdorlik bilan qo‘llashi

nafaqat uni buyuk lashkarboshi sifatida, balki uning o‘z davrining novatori, uzoqni ko‘ra

oladigan sarkarda sifatida namoyon qiladi. U o‘z davrining eng ilg‘ori bo‘lgan armiyasida

boshqa armiyalarga noma’lum bo‘lgan harbiy yurish va jang olib borish san’atidan,

texnikalardan va, shu jumladan, bular bilan bir qatorda muhandislik tadbirlaridan unumli

foydalangan.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Dadaboyev, H. Amir Temurning harbiy mahorati /H.Dadaboyev. – T.: Yozuvchi, 1996. – 96 b.

2. Ziyayeva, D.X. O‘zbekistonda harbiy ish tarixidan (qadimgi davrdan hozirgacha)/

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi; mas’ul muharrir: D.X. Ziyayeva/ – T: Sharq,

2012. – 96 b.

3. Marsel, B.M. Sohibqiron – jahongir Temur / B.M.Marsel.– T.: Yangi asr avlodi, 2012. – 572 b.

4. Усманов, Ф.Х. История войн и военного искуства. Книга 1. Древный мир, средние века

и новое время / Ф.Х. Усманов, М.М. Курганбеков, Ч. Д. Угай.– Т.: “Talqin”, 2006. – 486 б.

5. Jurayev, U. Amir Temur Yevropa elchilari nigohida./ Klavixo Rui Gonsales de. Buyuk Amir

Temur tarixi (1403 – 1406); tarj /U.Jurayev. Sultoniya arxiyepiskopi Ioann. Amir Temur va

uning saroyi haqida xotiralar. Tarj., B.Ermatov; mas’ul muharrir A.X.Saidov. – T.: G‘ofur G‘ulom

nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2007. – 208 b.

Библиографические ссылки

Dadaboyev, H. Amir Temurning harbiy mahorati /H.Dadaboyev. – T.: Yozuvchi, 1996. – 96 b.

Ziyayeva, D.X. O‘zbekistonda harbiy ish tarixidan (qadimgi davrdan hozirgacha)/ O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi; mas’ul muharrir: D.X. Ziyayeva/ – T: Sharq, 2012. – 96 b.

Marsel, B.M. Sohibqiron – jahongir Temur / B.M.Marsel.– T.: Yangi asr avlodi, 2012. – 572 b.

Усманов, Ф.Х. История войн и военного искуства. Книга 1. Древный мир, средние века и новое время / Ф.Х. Усманов, М.М. Курганбеков, Ч. Д. Угай.– Т.: “Talqin”, 2006. – 486 б.

Jurayev, U. Amir Temur Yevropa elchilari nigohida./ Klavixo Rui Gonsales de. Buyuk Amir Temur tarixi (1403 – 1406); tarj /U.Jurayev. Sultoniya arxiyepiskopi Ioann. Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar. Tarj., B.Ermatov; mas’ul muharrir A.X.Saidov. – T.: G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2007. – 208 b.