YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
4
CHOV CHURRASI BARTARAF ETILGAN BEMORLARDA JINSIY ALOQA
PAYTIDAGI OG’RIQ SINDROMINI KAMAYTIRISHDAGI LAPAROSKOPIK
TEXNOLOGIYALARNING ROLI
Turg’unov I.F.
Boltayev B.M.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14166733
Dolzarbligi.
Chov churrasini bartaraf etish eng ko’p bajariladigan rejali amaliyotlardan
biri bo’lib, operatsiyadan keyingi davrda uchraydigan eng noxush asoratlardan biri bu jinsiy
a’loqa va eyakulyatsiya vaqtidagi og’riqlar sanaladi. Ushbu og’riqlar intensiv va davomiy
bo’lganda bora-bora operatsiya bo’lgan erkak jinsiy hayotdan voz kechishi mumkin. Bu juda
jiddiy tibbiy-sotsial muammo sanaladi. Biroq bugunga qadar chov churrasini bartaraf etishga
doir eng ko’p qo’llaniladigan operatsiyalar uchun ushbu asoratning uchrash chastotasi va
sabablari yetarlicha o’rganilmagan.
Maqsad.
Bir tomonlama chov churrasi bor erkaklarda qaysi operatsiya turi:
Lixtenshteyn yoki TAPP (transabdominal preperitoneal plastika) operatsiyadan keyingi
davrda jinsiy aloqa paytida eng kam og’riq sindromiga sabab bo’lishini aniqlash.
Tadqiqot materiallari va usullari.
Tahlil uchun material sifatida Akin Calisir va uning
hamkasblari tomonidan 2014 va 2018-yillar oralig’ida Konya shahridagi Selcuk University
klinikasi jarrohlik bo’limida o’tkazilgan operatsiyalar tanlab olindi. Ushbu tahlilga 18-60
yoshlar oralig’idagi, erektil funksiyasi saqlangan, doimiy jinsiy hayot bilan yashaydigan, bir
tomonlama, asoratlanmagan chov churrasi bilan og’rigan bemorlar kiritildi. Ular 2 guruhga
bo’linib, bir qismiga Lixtenshteyn, ikkinchi qismiga esa TAPP amaliyoti bajarildi.
Operatsiyadan oldin va keyin kamida 6 oy o’tgach bemorlarga so’rovnoma yuborilib, jinsiy
aloqa paytida og’riq bor yoki yo’qligi, uning intensivligi, lokalizatsiyasi aniqlashtirildi.
Tadqiqot natijalari.
Tahlilga jami 317 ta bemor jalb qilinib, ularning 202 tasiga
Lixtenshteyn, 115 tasiga esa TAPP amaliyoti bajarilgan. Operatsiyadan oldin Lixtenshteyn
operatsiyasi bajarilgan bemorlarning 44 tasida (21,7%), TAPP o’tkazgan bemorlarning esa 27
tasida (23,4%) jinsiy aloqa vaqtida og’riq sindromi bo’lgan. Operatsiyadan keyin Lixtenshteyn
operatsiyasi bajarilgan bemorlarning 39 tasida (19,3%), TAPP o’tkazgan bemorlarning esa 13
tasida (11,3%) jinsiy aloqa vaqtida og’riq sindromi aniqlangan. Operatsiyadan keyin de-novo
og’riq sindromi Lixtenshteyn operatsiyasi bajarilgan bemorlarning 158 tadan 6 tasida (3,7%),
TAPP o’tkazgan bemorlarning esa 88 tadan 3 tasida (3,4%) paydo bo’lgan. Lixtenshteyn
operatsiyasini o’tkazgan bemorlarda eng ko’p jinsiy aloqadagi og’riq sindromining
lokalizatsiyasi chov sohasida (33,3%) bo’lsa, TAPP o’tkazgan bemorlarda esa eng ko’p og’riq
urug’donlarda (31,5%) kuzatilgan. Eyakulyatsiya paytidagi og’riq esa Lixtenshteyn
operatsiyasini o’tkazgan bemorlarning 2 tasida (1%) operatsiyadan oldin, 10 tasida (5,0%)
operatsiyadan keyin kuzatilgan bo’lsa, TAPP o’tkazgan bemorlarning 1 tasida (0,8%)
operatsiyadan oldin, 2 tasida (1,7%) operatsiyadan keyin diseyakulyatsiya aniqlangan.
Xulosa.
Tahlil natijalari shuni ko’rsatadiki, TAPP amaliyoti o’tkazgan bemorlarda
Lixtenshteyn operatsiyasiga nisbatan operatsiyadan keyingi davrda jinsiy aloqa paytida
kamroq og’riq sindromi kuzatiladi, de-novo og’riq sindromi ham kamroq paydo bo’ladi va
diseyakulyatsiya kamroq uchraydi. Bu laparoskopik texnologiyalarni yosh, mehnat qobiliyati
saqlangan, jinsiy hayot bilan yashaydigan bemorlar uchun ko’proq qo’llash manfaatli bo’lishi
uchun yana bir jiddiy sabab deb o’ylaymiz.