YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
48
ULUG‘BEK HAMDAM ROMANLARI XUSUSIDA MULOHAZALAR
Abdurashidova Ma’mura
SamDU magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15056722
Annotatsiya.
Ushbu maqola Ulug‘bek Hamdamning romannavislik mahoratiga
bag‘ishlangan bo‘lib, unda yozuvchi ijodiga umumiy nazar tashlanadi va muallif romanlari
xususida ilmiy-nazariy fikrlar o‘rganiladi. Shuningdek, Ulug‘bek Hamdamning o‘zbek
romanchiligiga qo‘shgan hissasi uning asarlari orqali ochib beriladi.
Kalit so‘zlar:
o‘zbek adabiyoti, yozuvchi mahorati, romannavislik, roman, uslub.
O‘zbek adabiyotida romannavislik an’analarining rivojlanishida Ulug‘bek Hamdamning
o‘rni beqiyosdir. Uning romanlari zamonaviy o‘zbek adabiyotining eng yorqin namunalari
hisoblanadi. Ulug‘bek Hamdam o‘z ijodida milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va zamonaviy
muammolarni yoritish orqali o‘ziga xos uslub yaratgan. Uning asarlarida inson taqdiri,
ma’naviy qiyinchiliklar va jamiyatdagi murakkabliklar badiiy yondashuv orqali aks ettirilgan.
Ulug‘bek Hamdam “Yolg‘izlik”, “Uzoqdagi Dilnura” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari,
“Muvozanat”, “Isyon va itoat”, “Sabo va Samandar”, “Yo‘l”, “Ota”, “Yaxshiyam, sen bor”,
“To‘rtko‘cha” singari asarlari bilan keng kitobxonlar, adabiyotshunos olimlar eʼtiborini jalb
qilayotgan adibdir.
Yozuvchining romanchilikdagi ilk tajribasi – “Muvozanat” romanida milliy tarixning
muayyan davri kesimida xalqimiz hayotida yuz bergan burilish pallalari, taqdir yo‘li murakkab
zamonda kechgan odamlar ruhiyatidagi evrilishlar mustaqillik davrining qaynoq kayfiyati bilan
uyg‘unlashib, epik ko‘lamdorlik va badiiy-publitsistik yo‘sinda epik tasvir etildi. Muallif nomi
L.Bo‘rixon, I.Sulton, А.Yo‘ldosh singari o‘z zamondoshlari bilan bir safda sanalib, ayrim nasriy
asarlari, xususan, “Muvozanat”ning sahna varianti ham yuzaga keldi. Аdib romanlari
monografik tadqiqotlar doirasida ilmiy-nazariy tahlilga jalb etila boshladi.
Ulug‘bek Hamdamning romanlari murakkab syujet va chuqur falsafiy qatlamlar bilan
ajralib turadi. U o‘z asarlarida inson ruhiyati, jamiyatdagi o‘zgarishlar va tarixiy haqiqatlarni
teran tahlil qiladi. Uning romanlari modernizm va postmodernizm unsurlarini o‘z ichiga olgan
bo‘lib, o‘zbek adabiyotiga yangi badiiy qirralarni olib kirgan. Yozuvchining romanlarida nafaqat
badiiy uslub, balki psixologik tahlil va tafakkurning chuqur qirralari ham muhim o‘rin egallaydi.
“Muvozanat” mohiyatiga ko‘ra realistik roman. To‘g‘ri, unda modernizmga xos kayfiyat
ham elas-elas seziladi. Chunki voqelikni badiiy idrok etish turli metodlarning qorishuvi tabiiy
hol. Ammo “Muvozanat”ning o‘zakmohiyatida rumiyona fikr mantiqiyligi, qodiriyona romaniy
tafakkur hissi, oybekona mushohada teranligi ko‘zga tashlanadi. Ammo yozuvchi bularning
barchasini xususiy-idividual uslubga singdirib yuboradi.
Ulug‘bek Hamdam ijodida hayot voqeligini inson ichki dunyosi bilin uyg‘un ifodalashning
metaforik usuli ilk qissasi “Yolg‘izlik”dayoq ko‘zga tashlangan edi. O‘ttiz yoshli qirchillama
o‘zbek ziyolisi ramziga aylangan “Yolg‘izlik” qissasi qahramoni ruhiy-ma’naviy, ijtimoiy-
maishiy muammolar qarshisida yolg‘iz va o‘z yolg‘izligiga chora izlayotgan odam obrazining
metaforik umumlashmasi edi. Qissa qahramoni o‘z botiniy muammosiga ichki “men”idan chora
izlar ekan, olam va odam haqidagi ulkan falsafiy mavzularda mushohada yuritadi.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
49
Ulug‘bek Hamdam mana shunday tadrijiy ravishda epik ijodning yirik janri romanda olam
va odamni imetaforik umumlashtirishdek o‘ta murakkab jarayonni muvaffaqiyat bilan bosib
o‘tdi. Odamni borliqning bir butun kompleks metaforik tizimi markazida badiiy psixologik
tasvirlash yo‘lidagi ko‘p yillik tajribalarini “Isyon va itoat” romanida yuqori darajaga ko‘tardi.
Adabiyotshunos I.Yoqubov e’tiroficha, “Roman olamning o‘ziga xos siqiq manzarasini
mujassamlashtira boshladi. Ko‘p planli mazmun, sertarmoq syujet, kompozitsion rang-
baranglik, jahon epik tajribasiga xos tasviriy vosita va usullarni qo‘llash, shakliy ixchamlikka
intilishni o‘zlashtira bordi”
1
.
Yozuvchining “Sabo va Samandar” romani yuzasidan turli munosabatlar bildirildi.
Jumladan, Q.Husanboyeva romanni “buyuk ishq qissasi”, tadqiqotchi N.Qilichev “liro-psixologik
roman”, Q.Yo‘ldoshev “romanda milliy eposlardagiga o‘xshab nasriy bayonning she’riy ifoda
bilan uyg‘unlashib kelishi milliy roman sintaksisiga kiritilgan jiddiy o‘zgarish, asarga
esselashgan tafakkur xos”
2
, – deya ta’riflagan.
Adibning “Isyon va itoat” romani muayyan ma’noda “Muvozanat” romanining mantiqiy
davomidir. Chunki bu romanda ham, xuddi “Muvozanat”dagi kabi insonning yaratilishi, olam
ichra jo‘natilgan yaralmish (inson) qismati, o‘zni va Yaratganni anglash jarayonlari yoritiladi.
Faqat “Muvozanat”da ijtimoiypsixologik tahlil yetakchilik qilgan bo‘lsa, “Isyon va itoat”da ulkan
umumbashariy voqelikni metaforik umumlashtirish, poetik modellashtirish usuli ustuvor.
Ulug‘bek Hamdam romanlarida obrazlar tizimi va uslub xususiyatlariga to‘xtaladigan
bo‘lsak, yozuvchining romanlarida qahramonlarning ichki kechinmalari, ularning ruhiy holati
batafsil yoritiladi. Uning asarlarida xalqona tasvirlar, badiiy tahlil va ramziy ifodalar keng o‘rin
egallagan. Shuningdek, yozuvchi tarixiy voqealar va zamonaviy muammolarni o‘ziga xos tarzda
uyg‘unlashtirib, ularga yangi badiiy talqin beradi. Uning romanlarida realistik va ramziy tasvir
uslubi uyg‘unlashgan bo‘lib, bu holat asarlarni yanada ta’sirchan qiladi.
Yozuvchining “Yo‘l” nomli romani kompozitsiyasi asarning barcha komponentlarini
uyushtirib, uning shakliy va mazmuniy butunligini ta’minlashga, o‘quvchiga badiiy matn
tagidagi serqatlamlilikni anglatishga, g‘oyaviy-estetik ta’sir kuchini orttirishga xizmat qilgan.
Avvalo, bu yaxlitlik, serqatlamlilik matn qurilishining dastlabki elementi bo‘lgan sarlavhalarda
o‘z aksini topadi. Roman shaklan kichik, mazmunan salmoqli ma’no anglatuvchi sarlavha
ostidagi hikoya va suhbatlarni munosib tanlangan badiiy sathda kompozitsion biriktirgan. Asar
mohiyatida asl haqiqatga eltuvchi yo‘l va undan og‘ishmay ildam borish g‘oyasi yotadi.
Muallif romanlarining ko‘pgina o‘rinlarida tush motiviga alohida urg‘u beradi. Deyarli
barcha romanlari tarkibida ma’lum bir sir-asror tush orqali ayonlashadi. Ulug‘bek
Hamdamning romanlari o‘zbek adabiyotida yangicha falsafiy va badiiy qarashlarni
shakllantirdi. Uning asarlari milliy adabiyotga zamonaviy tahlil usullarini olib kirdi va yangi
yozuvchilar avlodi uchun ilhom manbai bo‘ldi. Ayniqsa, uning uslubi va mavzularining
murakkabligi, qahramonlar ruhiy olamining chuqur tahlil etilishi zamonaviy adabiyot rivojiga
katta ta’sir ko‘rsatdi.
1
Ёқубов И. Бадиий-эстетик сўз сеҳри. – Тошкент: “ФТМ” нашриёти, 2011. 283-бет.
2
Ҳусанбоева Қ. Буюк муҳаббат қўшиғи. // Тил ва адабиёт таълими, 2009. № 10. – Б.30-54; Қиличев H. “Сабо ва
Самандар” романида ишқ талқини. // Филологик тадқиқотлар тўплами, – Нукус, 2010. – Б.117-120; Йўлдош Қ.
Замонавий ўзбек насри ёки эсселашган тафаккур. // Тил ва адабиёт таълими, 2011. – №7-8.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
50
Yozuvchining asarlari o‘ziga xos poetik va badiiy til bilan ajralib turadi. Uning romanlarida
obrazlilik, metaforik ifodalar va simvolizm keng qo‘llaniladi. Hamdam o‘z qahramonlarining
fikrlash tarzini, ruhiy holatini yuksak badiiylik bilan ochib berish orqali o‘quvchini o‘ylashga,
tahlil qilishga undaydi. Uning badiiy tili faqatgina hikoya qilish vositasi emas, balki roman
muhitini yaratishdagi asosiy elementlardan biri hisoblanadi.
Yozuvchi romanlarida realistik, romantik, sentimental, modernistik metodlarning
uyg‘unlashuvi, “o‘tish davri” va undan keyingi davrda xalqimiz boshidan kechirgan muhim
voqealarning psixologik jihatdan mukammal tasvirlanishiga zamin hozirlagan. Ayni paytda,
romanlardagi biografik elementlar, Sharq va G‘arb falsafasining badiiy uyg‘unlashtirilishi
U.Hamdam ijodining bugun va kelajakdagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Ulug‘bek Hamdam inson botiniy olami, psixologiyasini o‘zi yashab ijod qilayotgan davr
bilan, davr psixologiyasi bilan uzviylikda talqin etadi. Davrga xos har bir voqea-hodisa,
yuksalish-u tanazzul inson faoliyatida, o‘y-kechinmalarida u yoki bu tarzda ifoda etadi.
Yozuvchi o‘z davrining barometridir. O‘zining falsafiy, siyosiy fikr-mulohazalarini
romanlaridagi qahramonlar tilidan mahorat bilan bayon eta olgan ijodkordir.
Xulosa qilib aytganda, Ulug‘bek Hamdamning romannavislikda tutgan o‘rni juda
muhimdir. U o‘z ijodi orqali o‘zbek romanchiligiga yangicha yondashuv olib keldi. Uning
asarlari faqatgina badiiy qiymatga ega bo‘lib qolmay, balki o‘zbek jamiyatining madaniy va
ma’naviy rivojiga ham katta hissa qo‘shmoqda. Uning romanlari orqali milliy adabiyot falsafiy
va psixologik jihatdan boyidi. Shu bois, Ulug‘bek Hamdam ijodining tahlili va o‘rganilishi
adabiyotshunoslikda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Yozuvchining romanlaridagi
g‘oyaviy chuqurlik va badiiy mahorat uning asarlarini adabiyot ixlosmandlari uchun bebaho
merosga aylantiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Қиличев H. “Сабо ва Самандар” романида ишқ талқини // Филологик тадқиқотлар
тўплами, – Нукус, 2010.
2.
Ҳусанбоева Қ. Буюк муҳаббат қўшиғи // Тил ва адабиёт таълими, 2009. № 10. – Б.30-
54.
3.
Йўлдош Қ. Замонавий ўзбек насри ёки эсселашган тафаккур // Тил ва адабиёт
таълими, 2011.
4.
Ёқубов И. Бадиий-эстетик сўз сеҳри. – Тошкент: “ФТМ” нашриёти, 2011.