YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
25
GEOGRAFIK KO’RSATKICHLARNING FUQAROLIK HUQUQIY MAQOMI
Jumambetov Rasul Jengisbaevich
Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15154142
Hozirgi davrda xalqaro savdo munosabatlarining takomillashishi va globalizatsiya
jarayonining rivojlanishi natijasida geografik ko’rsatkichlar muhim iqtisodiy vositaga aylandi.
Mahalliy mahsulotlar sifati, ularning kelib chiqish joyi va geografik xususiyatlari ko‘pincha
ishlab chiqaruvchilarga nisbatan iqtisodiy ustunlik beradi. Shu nuqtai nazardan, geografik
ko‘rsatkichlar savdo-sotiqda, iste’molchilarning manfaatini va tanlovini hurmat qilishda,
madaniy meros sifatida jahon bozorida o’z o’rniga ega bo’lishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kabi sabablarga bog’liq ravishda fuqarolik huquqida geografik ko’rsatkichlar shu sohada
tadqiqotlar olib borilishga va qonuniy tartibga solinishi lozimdir.
Odatda, geografik ko‘rsatkichlar mahsulotning maxsus sharoitlarda o‘sishi, ishlab
chiqarish texnologiyasi yoki madaniy meros bilan bog‘liqligi tufayli ajralib turadi. Masalan,
Fransiyaning "Champagne" shampani, Italiyada ishlab chiqarilgan "Parmigiano-Reggiano"
pishlog‘i va O‘zbekistondagi "Marg‘ilon atlas" matosi bunday ko‘rsatkichlar qatoriga kiradi.
Fuqarolik huquqi tizimida geografik ko’rsatkichlar huquqiy tabiati jihatidan xususiy
huquqning, ayrim holatlarda ommaviy huquqning ham elementlarini o’z ichiga oladi.
Geografik belgiga bo’lgan mulk huquqi uning xususiy huquqqa doirligini anglatsa, uni
ro’yxatdan o’tkazishda davlat nazoratining amalga oshirilishi, uning ma’lum bir hududdagi bir
nechta ishlab chiqaruvchilarga tegishliligi ommaviy huquqning elementlariga xosdir.
O’zbekistonda 2022-yil 3-martda “Geografik ko’rsatkichlar to’g’risida”gi qonun qabul
qilingan bo’lib, bu hujjat geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va
ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan.
Qonunning 3-moddasida “geografik ko’rsatkich” atamasiga quyidagicha ta’rif berilgan:
“Tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida
identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom
qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli
darajada bog‘liq bo‘ladi”.
Geografik ko’rsatkichlarning huquqiy maqomi nafaqat milliy qonunchiligimiz bilan, balki
xalqaro huquqiy hujjatlar bilan ham tartibga solinadi. Jahon Savdo Tashkiloti (WTO)
tomonidan qabul qilingan “Savdo-sanoat bilan bog‘liq intellektual mulk huquqlari to‘g‘risidagi
bitim” (TRIPS) bunga yaqqol misoldir. Bitim geografik ko‘rsatkichlarni himoya qilishni
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa tovarlarga nisbatan ajratib ko‘rsatadi.
Bu borada milliy qonunlarning, xalqaro hujjatlarning qabul qilinishidan asosiy maqsad
iste’molchilarning tovar tanlashda adashishining, tovar belgilari bilan bog’liq har xil turdagi
firibgarliklarning oldini olish hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1031-moddasiga asosan, geografik
ko‘rsatkichlar intellektual mulk obyektlarinig fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining,
tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalari jumlasiga
kiradi. Shu o’rinda ta’kidlash joiz, xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar qatoriga tovar
chiqarilgan joy nomi ham kiradi. Bu tushunchalarning ma’nosi o’zaro yaqin hisoblansa da,
ularning bir-biridan farqli jihatlari mavjuddir. Farq shundaki, tovar chiqarilgan joy nomi
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
26
tovarning aynan qayerda ishlab chiqarilganini ko‘rsatadi, lekin u mahsulotning sifati yoki
o‘ziga xosligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmaydi.
Geografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha huquqiy maqom ikkita printsipga asoslanadi:
1.
Hududiy kelib chiqish: Mahsulotning ma’lum bir hududga bog‘liqligi uning geografik
ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun asosiy mezon hisoblanadi.
2.
Mahsulotning sifati va obro‘-e’tibori: Tovarning sifati yoki obro‘si uning geografik
hududi bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi kerak.
Bular geografik ko‘rsatkichlarni boshqa intellektual mulk turlaridan ajratib turuvchi
o‘ziga xos huquqiy xususiyatlardir.
Ba'zi davlatlarda geografik ko‘rsatkichlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish maqsadida
alohida organlar tashkil qilinadi. O’zbekistonda bu vazifani Adliya vazirligi bajaradi. Ushbu
organ geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir
talabnomalarni ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi, ular yuzasidan davlat ekspertizasi
o‘tkazilishini tashkil etadi. Bu jarayon mahsulotning kelib chiqish joyi bilan bog‘liq
firibgarlikni oldini olishga yordam beradi.
Geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish shartlari mavjud bo’lib, O’zbekistonda
geografik obyektda joylashgan va ushbu obyektning nomidan o‘zi ishlab chiqarayotgan
tovarni belgilash uchun foydalanayotgan bir necha yuridik yoki jismoniy shaxsning
talabnomasiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Geografik ko‘rsatkichlar noto‘g‘ri ishlatilgan hollarda, mahsulotlarning asl kelib chiqish
joyi yoki sifati haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar iste’molchilarga yetkaziladi. Bu vaziyat
firibgarlik va raqobatni noto‘g‘ri shakllantirish kabi oqibatlarga olib keladi. O‘zbekiston
qonunchiligida bunday holatlarga qarshi choralar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ma’muriy va jinoiy
javobgarlik belgilangan.
Bundan tashqari, geografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha nizolar ko‘pincha fuqarolik sudlarida
ko‘riladi. Shu sababli, ishlab chiqaruvchilar mahsulotning geografik ko‘rsatkich sifatida
himoyalanganligini ta’minlash uchun sudda o‘z huquqlarini talab qilishlari mumkin. Fuqarolik
huquqi doirasida bunday nizolar bo‘yicha kompensatsiya yoki boshqa huquqiy choralar
qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga ko’ra
o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib
chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan
belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish
yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish — huquqbuzarlik
ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha
miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Dunyoda geografik ko‘rsatkichlarni himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar mavjud.
Masalan, Evropa Ittifoqi davlatlari geografik ko‘rsatkichlarni o‘zining "Geographical
Indications" tizimi orqali himoya qiladi. Ushbu tizimda mahsulotlar ro‘yxatdan o‘tadi va
ularga nisbatan maxsus huquqiy himoya beriladi. Ayniqsa, Fransiya, Italiya va Ispaniya kabi
davlatlarda geografik ko‘rsatkichlar mahalliy iqtisodiyotning muhim qismi hisoblanadi.
O‘zbekistonda esa geografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha qonunchilikning rivojlanishi davom
etmoqda. 2022 yilda qabul qilingan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi
muhim qadam bo‘ldi. Qonun geografik ko‘rsatkichlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni himoya
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
27
qilish masalalarini belgilab berdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda bugungi kunda ro‘yxatdan
o‘tgan bir nechta mashhur geografik ko‘rsatkichlar mavjud, masalan, “Qo‘qon ipak matosi”
yoki “Farg‘ona anorisi”.
Geografik ko’rsatkich sifatida ro’yxatdan o’tkazilmaydigan belgilar ham mavjud bo’lib,
bunga quyidagilar kiradi:
tovar qaysi geografik obyekt chegarasida dastlab ishlab chiqarilgan yoki fuqarolik
muomalasiga kiritilgan va ishlab chiqarilish joyi bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan turdagi
tovarning belgisi sifatida O‘zbekiston Respublikasida umumiy iste’molga kiritilgan bo‘lsa,
o‘sha geografik obyektning belgisi;
ayni bir turdagi tovarga nisbatan geografik ko‘rsatkich yoki tovar kelib chiqqan joy nomi
sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgi;
nisbatan ilgariroq ustuvorlikka ega bo‘lgan tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi
bilan bir xil yoxud unga aynan o‘xshash bo‘lgan belgi, agar bunday geografik ko‘rsatkichdan
foydalanish tovar yoki uni tayyorlovchi xususida iste’molchini chalg‘itsa;
o‘simlik navining yoki hayvon zotining nomini ifodalovchi belgi, agar bunday geografik
ko‘rsatkichdan foydalanish tovar xususida iste’molchini chalg‘itsa;
tovar yoki uni tayyorlovchi xususida iste’molchini chalg‘itadigan belgi.
Bunday belgilarni xalqaro huquq miqyosida tahlil qiladigan bo’lsak, WTO tomonidan qabul
qilingan “Intellektual mulk huquqlarining savdo bilan bog'liq jihatlari to'g'risidagi bitim”ga
ko’ra quyidagilar geografik ko’rsatkich deb tan olinmaydi:
1.
Umumiy atamalar, ya’ni o’sha davlatda umumiy tushuncha sifatida qo’llaniladigan
atamalar. Masalan, shampan (champagne) Frantsiyaning Shampan regionida ishlab chiqarilsa
da, ko’pchilik davlatlarda umumiy atama hisoblanadi.
2.
Chalg’ituvchi belgilar. ya’ni ishlab chiqarilish joyi boshqa geografik nom bilan ataladigan
belgilar.
3.
Adolatsiz raqobatga olib keladigan belgilar ya’ni, allaqachon mavjud bo’lgan geografik
ko’rsatkich belgisi ostidagi tovarlar.
Ko’rinib turibdiki, O’zbekiston qonunchiligida geografik ko’rsatkichlar bo’yicha xalqaro
standartlar to’liq qabul qilingan.
Umuman olganda, geografik ko’rsatkichlar fuqarolik huquqi tizimida madaniy merosni
muhofaza qilish, raqobatga oid nizolarni hal qilishda, xalqaro savdo munosabatlarida muhim
ahamiyatga egadir. Bu sohadagi hamkorlikni va qonuniylikni ta’minlashni O’zbekiston to’liq
qo’llab-quvvatlaydi. Masalan, chet el geografik ko‘rsatkichlarini O‘zbekiston hududida
muhofaza qilish faqat tegishli belgi o‘zi kelib chiqqan mamlakatda muhofaza qilingan
taqdirdagina amalga oshirilishi milliy qonunchiligimizda belgilangan.
Shunday qilib, fuqarolik huquqi tizimlarida geografik ko'rsatkichlar milliy qonunlar,
mintaqaviy kelishuvlar va xalqaro majburiyatlar bilan himoyalangan intellektual mulk shakli
sifatida mustahkam huquqiy maqomga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
WTO Agreement on Trade-Related Aspects of Intellectual Property Rights (TRIPS).
Marrakesh Agreement Establishing the World Trade Organization, Annex 1C, 1994-yil.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
28
2.
Paris Convention for the Protection of Industrial Property, 1967-yilgi to‘liq tahrir.
Geneva Act.
3.
O‘zbekiston Respublikasi “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonuni.
4.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi
5.
Kireeva, I. "Geographical Indications in International Trade Law." Journal of Intellectual
Property Law and Practice, 2018.
6.
Blakeney, M. "The Protection of Geographical Indications: Law and Practice." Edward
Elgar Publishing, 2019.
7.
Gangjee, D. S. "Relocating the Law of Geographical Indications." Cambridge University
Press, 2012.
8.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bazasi:
9.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi rasmiy sayti:
10.