YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
39
PRAGMATIK KOMPETENSIYANI RIVOJLANTIRISHDA BLUM
TAKSONOMIYASIDAN FOYDALANISHNING PEDAGOGIK XUSUSIYATLARI
Mustafayeva Nilufar Ulashovna
Termiz Davlat Universiteti DSc doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15293929
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada pragmatik kompetensiyani rivojlantirishda Blum taksonomiyasidan
foydalanishning pedagogik xususiyatlari tahlil qilinadi. Pragmatik kompetensiya chet tilini
o‘rganishda nafaqat lingvistik bilimlar, balki madaniy-kontekstual omillar, nutqiy maqsad va
tinglovchining ihtiyojlariga mos nutq strategiyalaridan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi.
Biroq ko‘pincha o‘quv jarayonida diqqat markazi asosan grammatika va leksikaga qaratilib,
pragmatik ko‘nikmalarga yetarli e’tibor berilmaydi. Shu jihatdan, Blum taksonomiyasi chet
tilida pragmatik kompetensiyani shakllantirishda bosqichma-bosqich maqsadlar, dars
mazmuni va baholash mexanizmlarini rejalashtirishda qulay nazariy va metodik asos bo‘lib
xizmat qilishi mumkin. Maqolada Blum taksonomiyasining kognitiv darajalarini pragmatik
mahorat bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ko‘rsatilib, o‘qitishda rejalashtirishdan tortib
baholashgacha bo‘lgan jarayonda qanday yondashuvlar qo‘llash mumkinligi ko‘rib chiqiladi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, har bir kognitiv darajaga mos ravishda pragmatik malakalarni
rivojlantirish o‘quvchilarda chuqur mulohaza, moslashuvchan nutqiy amaliyot va interaktiv
fikrlashni kuchaytirishi ta’kidlanadi. Yakunida Blum taksonomiyasi orqali maqsadli
rejalashtirilgan darslar o‘quvchilarning nutqiy madaniyati va chet tilidan foydalanganda
kontekstni e’tiborga olish qobiliyatini rivojlantirishda samarador ekanligi xulosa sifatida ilgari
suriladi.
KALIT SO‘ZLAR:
pragmatik kompetensiya, Blum taksonomiyasi, pedagogik xususiyatlar,
chet tili o‘qitish, kognitiv darajalar, interaktiv metod
Chet tilini o‘rganish jarayonida, odatda, grammatika, leksika va fonetika singari
lingvistik komponentlar ustun mavqe egallab kelgan. Biroq zamonaviy kommunikativ
yondashuvlar, ayniqsa chet tili ta’limida interaktiv metodlar keng tadbiq etila boshlagach,
o‘quvchilarning real nutqiy vaziyatlarda nutqni qanday qurishi, turli maqsad va auditoriya
oldida mazmunni qay tarzda moslashishi masalalari dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Shunda
“pragmatik kompetensiya” tushunchasi yanada oldinga chiqdi. Pragmatik kompetensiya,
avvalo, chet tilida so‘zlovchi shaxsning ijtimoiy-kontekstual omillarni e’tiborga olgan holda
nutqiy stratеgiyalardan foydalanish mahoratini anglatadi. Masalan, rasmiy muhitda rasmiy
uslubda murojaat qilish, norasmiy vaziyatda o‘zgacha til birliklarini qo‘llash yoki ma’noni
bilvosita ifoda etish. Shuning uchun o‘qitish jarayonida pragmatik bilimlarni shakllantirish
o‘quvchilarni nutqiy noqulaylikka tushib qolishidan asraydi. Ular o‘z gapirish strategiyalarini
kontekstga mos ravishda tanlashi va har xil kommunikativ maqsadlarda to‘g‘ri til shakllarini
qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Mazkur jarayonda Blum taksonomiyasi amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha qulay nazariy-
metodik asos sifatida gavdalanadi. Blum taksonomiyasi kognitiv darajalarni bosqichma-
bosqich – “bilish” (yoki “eslash”), “tushunish”, “qo‘llash”, “tahlil”, “baholash”, “yaratish” –
ko‘rinishida tasniflaydi. Bu sistemada, avvalo, boshlang‘ich bosqichda o‘quvchilar ma’lum bir
so‘z yoki iborani eslab qolish darajasida bo‘lishi mumkin, keyin esa ular o‘sha til birliklarini
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
40
turli vaziyatlarda tushunish va sharoitga mos qo‘llashga o‘tadi. So‘ngra “tahlil” bosqichida
o‘quvchi biror muloqot jarayonini kuzatib, kim, qachon, qanday maqsadda, qanaqa nutqiy
strategiyalarni tanlayotganini tushunishi, “baholash” bosqichida o‘sha jarayonning qanchalik
to‘g‘ri yoki noo‘rin ekanini ajrata olishi, eng so‘nggi “yaratish” bosqichida esa shu kontekstda
o‘zi yangi nutqiy stsenariy yoki ifoda shakllarini ixtiro qilishi, shaxsiy nutq strategiyalarini
sinab ko‘rishi mumkin.
Pragmatik kompetensiya o‘quvchilardan turli kognitiv va ijtimoiy ko‘nikmalarni barobar
o‘zlashtirishni talab etishi sababli, Blum taksonomiyasining bosqichlarini pragmatik
maqsadlar bilan uyg‘unlashtirgan holda dars jarayonini rejalashtirish maqsadga muvofiq.
O‘qituvchining vazifasi – har bir dars yoki mashg‘ulot uchun maqsadlarni ko‘proq aniq
ifodalash. Masalan, “bilish” darajasida o‘quvchilar ayni bir so‘z yoki iboraning aniq
kontekstdagi ma’nosini yodlaydi, “tushunish” darajasida nima uchun bu ibora shu kontekstda
ishlatilishini izohlay oladi, “qo‘llash”da esa amaliy vaziyatda ayni nutqiy shakllarni o‘zi
mustaqil ravishda ishlatadi. “Tahlil” bosqichida masalan, suhbatdoshning nutqidan nima
sababdan foydalanilganini asoslab berishi, “baholash” bosqichida esa bu nutqiy
strategiyalarning qanchalik samarali yoki muvofiq ekanini baholashi, “yaratish” bosqichida
esa o‘zi yangicha nutqiy ifodalarni o‘ylab topishi, shu bilan ijodiy yondashuv ko‘nikmasini
rivojlantirishi mumkin. Shu tariqa, har bir bosqichda maqsadli mashqlar, rolli o‘yinlar,
munozaralar, matn tahlillari yoki case-stady usullari qo‘llanib, o‘quvchilarning pragmatik
kompetensiyasi bosqichma-bosqich puxta shakllanadi.
Bunday metodikaning samarasi interaktiv mashg‘ulotlarda yaxshi namoyon bo‘ladi.
Darsda o‘qituvchi avval “eslash” darajasida ba’zi muayyan iboralarni takrorlatishi yoki
ro‘yxatini tarqatishi mumkin. So‘ng “tushunish” darajasiga o‘tib, ularning qayerda, kimga
nisbatan, qanday ohangda ishlatilishi ma’lum qilinadi. “Qo‘llash” bosqichida o‘quvchilar kichik
rolli o‘yin yoki dialoglarda shu iboralarni real vaziyatlarda sinab ko‘radi. “Tahlil” darajasida
esa o‘quvchilarga boshqa bir audioyozuv yoki transkript beriladi, unda kim qanaqa pragmatik
usullarni qo‘llagani tahlil qilinadi, qaysi ifoda nimani bildirayotgani topiladi. Keyingi
“baholash” bosqichida o‘quvchilarning o‘zi shu audio yoki dialogni baholab, qaysi nuqtalarda
strategiya yetarli yoki noqulay ishlatilganini tushuntirishi, oxirida “yaratish” bosqichida shu
yoki shunga o‘xshash nutqiy stsenariyga asosan yangi vaziyat (scenarij) ishlab chiqishi
so‘ralishi mumkin. Bu jarayon o‘quvchilarni faollashtiradi, ular nafaqat mavjud ifodalarni
takrorlaydi, balki interaktiv usulda nutqiy jarayonga ijodiy yondashadi.
Ayni jarayonda o‘qituvchining vazifasi, avvalo, bosqichlarni aniq rejalashtirish va
maqsadlarni lo‘nda ifodalash, shuningdek, o‘quvchilarni bosqichma-bosqich ko‘tarilishida
qo‘llab-quvvatlash. Bu erda “ortalama o‘quvchi” degan narsa yo‘qligi e’tiborga olinadi, chunki
har bir o‘quvchining til bilish darajasi, qobiliyati, motivatsiyasi turlicha bo‘lishi mumkin.
Demak, Blum taksonomiyasidan foydalanishda differensial yondashuv ham saqlanadi: ayrim
o‘quvchilar “qo‘llash” bosqichiga qiyinchilik bilan o‘tsa, boshqalari “tahlil” yoki “baholash”
bosqichlarida qulay ish olib borishi mumkin. Shu tufayli o‘qituvchi interaktiv guruhlarda
mashqlarni silliq taqsimlab, har bir bosqich uchun mos vazifalarni shakllantirishi, nihoyat
hamma “yaratish” bosqichida o‘z tajribasini namoyish qilishi kerak. Shu bilan birga, pragmatik
kompetensiya tarbiyasi hamisha madaniy kontekstni yodda tutishini talab etadi. Ma’lum bir
ibora Amerika madaniyatida odatiy bo‘lishi mumkin, biroq britan uslubida farqli ifoda tanlash
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
41
qulay bo‘ladi. Yana bir misol: o‘zbek jamiyatidagi so‘zlashuv odoblari ham har doim ham
to‘g‘ridan-to‘g‘ri inglizcha tildagi odob bilan mos kelmasligi mumkin. Shu bois Blum
taksonomiyasining “baholash” hamda “yaratish” bosqichlarida, xususan, o‘quvchilar turli
madaniy kontekstlarni qiyoslab, o‘z xulosa yoki strategiyalarini ishlab chiqishlari lozim.
Shu yo‘lda o‘qituvchi darslarni rejalashtirishda hamisha ma’lum “Bloom-based Lesson
Plan” shaklidan foydalanishi mumkin. Masalan, dars maqsadlarini “(1) Bilish: o‘quvchilar 5 ta
xushmuomala iborani yodlaydi, (2) Tushunish: o‘quvchilar qayerda, kim bilan, qanday
ohangda ishlatilishini tushuntiradi, (3) Qo‘llash: kichik rolli o‘yinlarda shu iboralarni samimiy
qo‘llab, munosabat bildiradi, (4) Tahlil: suhbat yozuvini tahlil qilib, qaerda ibora ishlatilmagan
yoki xato ishlatilganini aniqlaydi, (5) Baholash: mazkur suhbatning natijasini ijtimoiy-falsafiy
jihatdan izohlaydi, (6) Yaratish: shu nutqiy vaziyatga o‘xshash yangi stsenariy yaratadi yoki
boshqa nutqiy uslubni sinab ko‘radi” tarzida belgilash mumkin.
Quyida Blum taksonomiyasining har bir darajasi uchun tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan
vazifalar misollari keltirilgan jadval ko‘rinishida jamlangan.
Jadval: Blum taksonomiyasining pragmatik kompetensiya shakllantirishdagi
bosqichlari va vazifalar
Blum
darajasi
Asosiy diqqat
Namuna vazifa
Kutiladigan natija
Bilish
(Eslash)
Oddiy tanishlik,
nutqiy birliklarni
yodlash
O‘quvchilar xushmuomalalik
iboralarini (Could you
please…? Would you
mind…?) ro‘yxat qilib
o‘rganadi.
O‘quvchilarda iboralar
“banki” shakllanadi,
passiv eslab qolish.
Tushunish
Mazmuni va
kontekstni
tushuntirish
Shu iboralar qaysi vaziyatda,
kimga nisbatan, nima
maqsadda ishlatilishi
bo‘yicha izohlash.
O‘quvchilar
iboralarning
ma’nosini, qachon
to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri
ekanini biladi.
Qo‘llash
Kontekstda aniq
amaliy harakat
Kichik rolli o‘yinlar, suhbat
stsenariylari, muloqotda
iboralarni ishlatish.
O‘quvchilar real yoki
yaqin bo‘lgan
vaziyatlarda ushbu
ifodalarni sinab
ko‘radi.
Tahlil
Nutqiy voqelikni,
matnni yoki
suhbatni tahlil
qilish
Bitta audioyozuv yoki
transkript berish, o‘quvchilar
unda kim, qachon, qanday
pragmatik strategiyani
qo‘llaganini ajratish.
O‘quvchilar pragmatik
strategiyalarni ajrata
oladi, mazmun va
shakl o‘rtasidagi
munosabatni
tushunadi.
Baholash
Adekvatlik,
samaradorlik,
O‘quvchilar biror videoda
qahramonning muloyim
O‘quvchilar pragmatik
nuqtayi nazardan
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
42
Blum
darajasi
Asosiy diqqat
Namuna vazifa
Kutiladigan natija
to‘g‘rilikni
baholash
ohang yoki keskin ifodadan
foydalanganini baholab, nima
sababdan notanish yoki mos
kelmasligini tushuntirish.
tanqidiy yondashadi,
saviyasi va to‘g‘riligini
o‘lchaydi.
Yaratish
Yangi stsenariy
va nutqiy
shakllar yaratish
Guruh bo‘lib yangi suhbat
yozish, turli vaziyatlarga mos
ifodalarni ijodiy ravishda
topish, ro‘zg‘or muhokamasi
yoki ish suhbatlari
stsenariylarini kashf etish.
O‘quvchilar mustaqil
va ijodiy pragmatik
qarorlar qabul qiladi,
nutq jarayonini o‘zlari
boshqaradi.
Ushbu jadvaldan ko‘rinib turibdiki, bosqichlar ortib borgan sari o‘quvchilar nafaqat
passiv yodlash yoki tushunish bilan chegaralanadi, balki real nutqiy holatlarda ishtirok etish,
tahlil qilish, baholash va yakunda o‘zi ijodiy ifodalarni ishlab chiqishgacha yetib boradilar.
Chet tili darslarida bu jarayon o‘quvchilarni “kompleks kompetensiya”ga, xususan pragmatik
jihatdan mohir bo‘lishga olib keladi.
Bunday yondashuv uchun o‘qituvchilarning malakasi va resurslar ham muhim.
O‘qituvchi pragmatik materialni (audio, video, matn, jadvallar) oldindan yig‘ish, sinfda
interaktiv metodlar bilan ishlash, o‘quvchilar savol-javob hamda rolli o‘yinlar orqali ishtirok
etishlarini ta’minlashi kerak. Bundan tashqari, baholash metodlarini ham qayta ko‘rib chiqish
lozim – o‘quvchilarning faqat grammatik xatolari emas, balki turli vaziyatlarda nutqiy
strategiyalarni to‘g‘ri tanlay olish yoki ijtimoiy-kontekstual signallarni tushunish darajasi ham
inobatga olinishi zarur. Ba’zi hollarda rag‘batlantiruvchi ballar bilan o‘quvchilarning
fikrlashiga turtki berish, masalan “dialog tahlilida eng aniq dalillarni topgan guruh” yoki “rolli
o‘yindagi eng muvofiq ifodalar to‘plami” kabi baholash mezonlari amaliy natija berishi
mumkin.
Demak, pragmatik kompetensiyani rivojlantirishda Blum taksonomiyasidan
foydalanishning pedagogik xususiyatlari, bir tomondan, bosqichma-bosqich rejalashtirish
orqali o‘quvchilarda chuqur fikrlash va izchil ko‘nikma shakllanishini ta’minlash, ikkinchi
tomondan, joriy mashg‘ulotlarda interaktiv, kontekstual metodlarni qo‘llab, har bir bosqichda
takomillashgan maqsad va vazifalarni kiritish, uchinchidan, baholash jarayonida har bir
kognitiv darajaga mos indikatorlarni ishlab chiqish kabilarda namoyon bo‘ladi. Bunda
o‘quvchilarning o‘z madaniy kontekstidan kelib chiqib, chet tilida turli nutqiy strategiyalarni
moslashi, “yaratish” bosqichida esa ijodiy tashabbusini ishga solishi ta’minlanadi. Shu bilan
birga, darslar jarayonida doimiy metakognitiv yondashuv – o‘quvchilarning o‘z fikrlash
jarayonlarini tushunishi va kuzatib borishi – rag‘batlantiriladi.
Xulosa qilib aytganda, Blum taksonomiyasi chet tilida pragmatik kompetensiyani
rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi. Har bir bosqichda o‘quvchi ma’lum kognitiv
jarayonlar yordamida pragmatik mahoratini mustahkamlaydi: dastlab nutqiy shakllarni
yodlash va tushunish, keyin ro‘yxatdan amaliy qo‘llash, so‘ngra esa tahlil, baholash va
yaratuvchanlik orqali nutqiy strategiyalarni o‘zi kashf qilish. Natijada o‘quvchi real hayotda
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
43
chet tilidan foydalanayotganda kontekst, madaniy me’yorlar va suhbatdosh omillarini hisobga
olib, ijodiy va samarali munosabat yuritishga qodir bo‘ladi. Bu esa zamonaviy chet tilini
o‘rganuvchilarning kommunikativ ehtiyojlarini to‘laroq qondiradigan metodik yondashuvdir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Anderson, L. W., Krathwohl, D. R. A Taxonomy for Learning, Teaching, and Assessing: A
Revision of Bloom’s Taxonomy of Educational Objectives. – New York : Longman, 2001. – 352
p.
2.
Blum, B. S. Taxonomy of Educational Objectives: The Classification of Educational Goals.
– New York : Longmans, 1956. – 207 p.
3.
Kasper, G., Rose, K. Pragmatics in Language Teaching. – Cambridge : Cambridge
University Press, 2002. – 278 p.
4.
Bardovi-Harlig, K. Learning the Rules of Academic Talk: A Portfolio Approach to
Pragmatic Acquisition // Studies in Second Language Acquisition. – 2006. – Vol. 28, № 2. – p.
261–283.
5.
Ishihara, N., Cohen, A. D. Teaching and Learning Pragmatics: Where Language and
Culture Meet. – London : Routledge, 2010. – 230 p.