So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, energiya resurslarining cheklanishi va ekologik muammolarning kuchayishi fonida turar-joy qurilishida barqarorlik va energiya tejamkorlik tamoyillariga asoslangan moliyalashtirish mexanizmlariga talab keskin ortdi. Bu jarayonda “yashil” kreditlash tizimi muhim moliyaviy vosita sifatida shakllanib, xalqaro miqyosda keng qo‘llanilmoqda. “Yashil” kreditlar — bu ekologik toza, energiya samarador va uglerod chiqindilarini kamaytirishga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirishga mo‘ljallangan imtiyozli moliya instrumentlaridir. Ular nafaqat qurilish sohasining ekologik ta’sirini kamaytiradi, balki uy-joy egalarining uzoq muddatli xarajatlarini qisqartirish, yashash sifatini oshirish va energiya mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.