20
MEHNAT TO‘G‘RISIDAGI QONUNCHILIKNING AMAL QILISH SOHASI VA
MEHNAT SOHASIDAGI BOSHQA HUQUQIY HUJJATLARNING TIZIMLI
TAHLILI
Xurramov E’zozbek Baxron o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universiteti
Atrof-muhit huquqi va barqaror rivojlanish mutaxassisligi magistri
e-mail: ezozbekxurramov@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.14054370
Annotatsiya:
Ushbu tezisda mehnat to‘g‘risida qonunchilik va ularning turlari, amal
qilish sohasi, mehnat sohasidagi boshqa huquqiy hujjatlarning yuridik ahamiyati va ularning
ustunlik darajasi, shuningdek, ularning qo‘llanish yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
Kalit so‘zlar:
mehnat kodeksi, jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvlari, normativ-
huquqiy hujjatlar, kasaba uyushmasi qo‘mitasi, ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi.
Bugungi kunda aholining yildan-yilga oshib borayotganligi bilan bir qatorda ishchi
kuchining ham oshib borishi, doimiy ish va barqaror daromadga nisbatan talab oshishi
kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning mehnat qilishga oid huquq va manfaatlarini
himoya qilishga doir qonunchilikni takomillashtirishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy
normativ-huquqiy hujjat Mehnat kodeksi hisoblanadi. Bunga qo‘shimcha ravishda turli
qonunosti hujjatlari ham qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 10-
moddasiga ko‘ra mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi
mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni
tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratligi keltirib o‘tilgan. Agar O‘zbekiston
Respublikasining xalqaro shartnomasida xodimlar uchun O‘zbekiston Respublikasining
mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligiga yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga
nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining qoidalari mehnatga oid yakka tartibdagi
munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar O‘zbekiston
Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan
hollarda ham qo‘llaniladi.
Yuqorida keltirilgan normadan shuni tushunish mumkinki, mehnat to‘g‘risidagi
qonunchilik, avvalo, Mehnat kodeksidan, shuningdek, yakka tartibdagi mehnatga oid
munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga
soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat ekan.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi
mehnatga oid munosabatlarga, shuningdek, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mehnat
to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat
shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini ish beruvchi tomonidan ta’minlashda
xodimning mehnat vazifasini ichki mehnat tartibiga bo‘ysungan holda haq evaziga shaxsan
bajarishi haqidagi, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga asoslangan munosabatlar
yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridir.
Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni
21
haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar (fuqarolik
shartnomalari) tuzish taqiqlanadi.
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy
munosabatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
-
xodimni ish beruvchida ishga joylashtirishga oid munosabatlar;
-
xodimni ish beruvchida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va uning malakasini
oshirishga oid munosabatlar;
-
mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik jarayonida shakllanadigan jamoaviy mehnat
munosabatlari;
-
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda
mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratga oid
munosabatlar;
-
mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga oid munosabatlar.
Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha
qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat to‘g‘risidagi
qonunchilik bilan belgilangan qoidalar chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar
ishtirokidagi, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki
ta’sis etilgan tashkilotlar yoxud ushbu fuqarolar, shaxslar ishtirokidagi, xalqaro tashkilotlar va
chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi mehnatga oid munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat
xizmatchilariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi davlat muassasalariga
(diplomatik, konsullik muassasalariga va boshqa muassasalarga) ishga yuborilgan
xodimlariga, shuningdek qonunda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan
muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mehnat kodeksi umume’tirof etilgan qoidalar bilan bir qatorda ish beruvchi va
xodimlarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli o‘zida aks ettirgan. Ammo ba’zi bir davlat
tashkilotlari borki, ularning o‘z normativ-huquqiy hujjatlari mavjud bo‘lib, o‘zaro mehnatga
oid munosabatlari ushbu normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bunga misol
tariqasida Mehnat kodeksining 11-moddasida keltirilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni
o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, shuningdek ichki ishlar va davlat bojxona xizmati organlarida,
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatida, Milliy gvardiyasida xizmat o‘tayotgan
harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarni keltirish
mumkin,. Ushbu shaxslarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning maxsus
qonunchilikka zid bo‘lmagan qismi tatbiq etiladi. Ya’ni ularning o‘zlariga tegishli bo‘lgan
maxsus qonunchilik hujjatlari mavjud bo‘lib, avvalo ushbu maxsus qonunchilik hujjatlari
qo‘llaniladi. Mehnat kodeksining esa, o‘sha maxsus qonunchilikka zid bo‘lmagan qismi
qo‘llanilishi mumkin.
Yuqorida keltirilganidan tashqari sudyalarning mehnat faoliyatini huquqiy tartibga
solinishini ham misol tariqasida keltirish mumkin. Ularga ham yuqorida keltirilganidek,
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonun va boshqa sudlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga
solinmagan qismigina mehnat qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Xuddi shuningdek
Prokuratura organlari xodimlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning prokuratura
organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka zid bo‘lmagan qismi tatbiq etiladi.
Qutqaruv xizmatlarining va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi
22
bo‘yicha
ishlayotganlar
jumlasidan
bo‘lgan
qutqaruvchilarining
mehnatga
oid
munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Qutqaruv
xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga
solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilinganlarning mehnatga oid
munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston
Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan istisnolar va cheklovlar hisobga
olingan holda tatbiq etiladi.
Yuqorida keltirib o‘tilganlaridan bilish mumkinki, Mehnat kodeksi mehnatda oid
munosabatlarni tartibga soluvchi universal manba hisoblanib, maxsus davlat tashkilotlarining
nizom va boshqa maxsus qonunchilik hujjatlariga zid kelmagan yoki ushbu maxsus
qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinar
ekan.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik qisman qo‘llaniladigan sohalarni yuqorida ko‘rib o‘tdik.
Biroq shunday subyektlar ham borki, agarda ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bir
vaqtning o‘zida ish beruvchilar yoki ularning vakillari sifatida ish yuritmasa ularga mehnat
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik umuman tatbiq etilmaydi. Ushbu shaxslar amaldagi Mehnat
kodeksining 11-moddasida quyidagicha keltirib o‘tilgan:
-
muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;
-
tashkilotlarning kuzatuv kengashlari a’zolari;
-
mazkur tashkilotning xodimlari bo‘lmagan taftish komissiyalari a’zolari (taftishchilar);
-
fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan
(xizmatlar ko‘rsatayotgan) shaxslar;
-
agar qonunda belgilangan bo‘lsa, boshqa shaxslar.
Ushbu moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, agar shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan
bog‘liq bo‘lgan munosabatlar fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga
kelgan bo‘lsa, biroq keyinchalik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan tartibda
yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bunday
munosabatlarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa
huquqiy hujjatlar qoidalari qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni fuqarolik-huquqiy
xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan
bog‘liq bo‘lgan munosabatlar (masalan, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi)
keyinchalik ushbu munosabatlarda mehnatga oid munosabatlar elementlari vujudga kelsa,
ushbu munosabatlar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etiladi va
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalari
qo‘llaniladi.
Mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardan tashqari
boshqa mehnat haqidagi huquqiy hujjatlar ham mavjud bo‘lib, bular quyidagilardir:
-
jamoa kelishuvlari;
-
jamoa shartnomalari;
-
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul
qilinadigan ichki hujjatlar;
-
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul
qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
23
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi
qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi
mumkin. Bularga mehnat uchun rag‘batlantirish turlari va shartlari, qo‘shimcha mehnat
ta’tillari, moddiy yordamlar va boshqalarni keltirish mumkin. Mehnat haqidagi boshqa
huquqiy hujjatlarga xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka nisbatan
yomonlashtiruvchi qoidalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Misol tariqasida Mehnat kodeksida
belgilan yillik mehnat ta’tilining eng kam davomiyligidan ham kamaytirish mumkin emasligini
keltirishimiz mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa qilish mumkinki, mehnatga oid
munosabatlarni tartibga solishda, avvalo, mehnatga oid xalqaro hujjatlar (konvensiya, pakt,
bitim va boshq.), undan keyin esa O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi
qonunchiligi qo‘llaniladi. Keyingi o‘rinda mehnatga oid boshqa huquqiy hujjatlar turadi va
ular yuqorida keltirilganlariga zid bo‘lishi yoki xodimning ahvolini yomonlashtirmasligi lozim.
Bundan kelib chiqadiki, mehnatga oid munosabatlarda avvalo xodimning va ish
beruvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi va ularni samarali amalga
oshirilishi ta’minlanishi shart va zarur. Bunda ko‘zlangan maqsad fuqarolarning munosib
mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishini ta’minlashdir.
References:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
2.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi;
3.
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi
qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 29.08.2001-yildagi 257-II-sonli
Qonuni;
4.
O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi 28.07.2021-yildagi O‘RQ-703-sonli
Qonuni;
5.
Yo‘ldosh Tursunov. O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga sharh (Ilmiy-
amaliy, moddalar bo‘yicha sharhlar). – T.: “Adolat”, 2018. – 864 bet;
6.
A.Inoyatov. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat huquqi. – T.: “Iqtisodiyot va huquq
dunyosi” nashriyot uyi, 2002. – 384 bet;
7.
Mualliflar jamoasi. Mehnat huquqi. Darslik. – T.: TDYU nashriyoti, 2021. – 248 bet;
8.
Y.Tursunov, M.Usmonova. Mehnat huquqi. Darslik. – T.: “Moliya”, 2006. – 227 bet.
