50
AHMAD TABIBIY MUSADDASLARIDA ARUZ VAZNI
Azizbek Toshpoʻlatov Ikromjon oʻgʻli
Namangan davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi
azizbektoshpulatov1907@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15011474
Annotatsiya.
Mazkur maqola Ahmad Tabibiyning “Munisu-l-ushshoq” devonidan oʻrin
olgan musaddaslarda qoʻllangan aruz vaznlari tahliliga bagʻishlangan. Maqolada Tabibiy ijodida
ramal, hazaj va muzori’ bahrlari hamda ularning turli koʻrinishlari qoʻllanilgani atoqli
adabiyotshunoslar fikrlari va vaznlar taqti’si bilan dalillangan.
Kalit soʻzlar:
aruz, bahr, she’riy vazn, hazaj, ramal, muzori’, musaddas, gʻoya.
Annotation.
This article is dedicated to the analysis of aruz meters used in musaddas
poems from Ahmad Tabibiy’s divan “Munisu-l-ushshoq”. The article demonstrates the use of
ramal, hazaj, and muzori’ meters and their various forms in Tabibiy’s works, supported by
opinions of prominent literary scholars and syllabic analyses of the meters.
Keywords:
aruz, bahr, poetic meter, hazaj, ramal, muzori’, musaddas, idea.
Xorazm adabiy muhitida ko‘plab badiiy barkamol asarlar ijod etilgan. Darhaqiqat, o‘zbek
madaniy hayotida bu adabiy muhitning o‘rni beqiyos. Aynan Ahmad Tabibiyning ijodda kamol
topishida ana shunday an’analarga ega muhitning ta’siri katta bo‘lgan.
Mumtoz adabiyotida aruz vazni shuaro mahoratini belgilaydigan muhim adabiy-estetik
omillardan biri hisoblanadi. Chunki “...she’riy asarda tanlangan vazn va shoirning undan
foydalanishdagi mahoratini kashf etish ijodkorning badiiy salohiyati darajasini belgilashga
imkon berishi shubhasiz. Zero, har qanday she’riy asarda vazn tasodifiy tanlanmaydi. Ijodkor
o‘z g‘oyaviy-badiiy niyatidan kelib chiqqan holda o‘zi ifodalamoqchi bo‘lgan g‘oyalar,
tasvirlamoqchi bo‘lgan lirik yoki epik timsollar, asarda aks ettiriluvchi voqealar, hissiyotlarni
yuksak badiiyat bilan jilolantirishga qo‘l keladigan she’riy o‘lchovlarga murojaat etadi, ularning
ritm-ohang imkoniyatlari zaminida ta’sirchan, mazmundor va nafis misralar, baytlar, bandlar
yaratadi” [1:4]. Lirik asarlari tadqiqi Ahmad Tabibiy ham o‘z ijodida aruz vazni
imkoniyatlaridan samarali foydalanganini ko‘rsatadi.
Tabibiyning “Munisu-l-ushshoq” devonidan o‘rin olgan murabba’ va musaddaslarida
aruzning ramal ( 1 murabba’, 2 musaddas), hazaj (3 murabba’, 3 musaddas), muzori’(2
musaddas) bahriga oid ijod namunalari uchraydi.
Shoirning “
Umring o‘tkarma tamoshoi gulu gulshan ila…
”,
“Zor-u rasvoyi jahon etgali
jonona mani…”
va boshqa ko‘plab she’rlari ramal bahri (
ramali musammani maxbuni mahzuf
)da
ijod etilgan. Professor Anavar Hojiahmedov ham ushbu vazn haqida shunday ma’lumotni
keltiradi: “
Mazkur vaznda yozilgan dastlabki she’rlar kam boʻlsa-da, Xofiz Xorazmiy (3 gʻazal)
ijodida uchraydi. Alisher Navoiy ushbu oʻlchov imkoniyatlarini hisobga olgan holda oʻzining 21
gʻazali va 2 muammosini uning asosida yaratgan edi. Ushbu vazn XVI—XIX asr oʻzbek shoirlari
ijodida ham qoʻllanib turdi
” [2:126]. Tabibiyning quyidagi musaddasi bunga misol bo‘la oladi:
Zor-u rasvoyi jahon etgali jonona mani,
Dardu ranj ila qilib hamdamu hamxona mani,
O‘rtanur holima ko‘rgan chog‘i parvona mani,
Qildi bir jilva bila ishqida devona mani,
Tong emas xalq agar aylasa afsona mani,
51
Kim xiraddin g‘ami ishq ayladi begona mani.
Taqti’si quyidagicha: foilotun, failotun, failotun, failun
—V — —/ VV — —/ VV — —/ VV —
Shoirning ramal bahridagi ikkinchi musaddasi quyidagi matla’ bilan boshlanadi:
Umring o‘tkarma tamoshoi gul-u gulshan ila,
Tut barobar oni gar oqil esang gulxan ila,
Chekibon ranj-u balo borini jon-u tan ila,
Borho ulfat etib sohibi ilm-u fan ila,
Dushman ar qilmasa olamda madoro san ila,
San madoro qila ko‘r jahd etibon dushman ila
.
Taqte’si quyidagicha: foilotun failotun failotun failun
– V – – / V V – – / V V – – / V V –
O‘zbek she’riyatida keng foydalanilgan bu vaznlarda musaddas va boshqa tipda asarlar
yaratgani Tabibiyning aruz qoidalarini puxta egallagani isbotidir.
Shoir ijodida sermahsul foydalangan vaznlaridan yana biri hazajdir. Tabibiyning “Munisu-
l-ushshoq” devonidagi murabba’ va musaddaslaridan 6 tasi ayni shu vaznda yozilgani buning
isbotidir.
Adabiyotshunoslikka oid lug‘atlardan birida hazaj bahri haqida quyidagilar zikr qilinadi.
“Hazaj o‘zbek mumtoz she’riyatida eng faol bahrlardan biri sanaladi. Jumladan, “Xazoyin ul-
maoniy” kulliyotiga kiritilgan g‘azallarning 669 tasi (taxminan 22 foizi) hazajda yozilgan.
O‘zbek she’riyatida hazaj bahrining, asosan, sakkiz va olti ruknli o‘ttizdan ortiq vaznidan keng
foydalaniladi” [3:399]. Xuddi shunday ko‘lamdorlikni Tabibiy murabba’ va musaddaslarida
ham kuzatishimiz mumkin.
Tabibiy lirikasida hazaj bahrining boshqa tarmoqlaridan ham unumli foydalanilgan.
Jumladan, shoirning Feruz g‘azaliga tasdis qilingan quyidagi matla’li musaddasi
hazaji
musammani ashtar
tarmog‘ida ijod etilgan:
Man hazinni, ey dilbar, sarfarozi davron qil,
Xotiri gʻamimni ham vasling ila shodon qil,
Kulbai xarobimni rashki bogʻi rizvon qil,
Holima tarahhum et, mushkulimni oson qil,
Gul yuzung ochib, ey gul, majlisim guliston qil,
Mehri orazing uzra kokiling parishon qil.
Taqti’si quyidagicha: foilun mafoiylun foilun
mafoiylun
– V – / V – – – / – V – / V – – –
Alisher Navoiy hazaj bahri musamman ko‘rinishining o‘n ikki xiliga to‘xtalib o‘tganlar.
Negadir, “Mezonu-l-avzon” da
hazaji musammani ashtar
shakliga misollar yo‘q. Ogahiy, Furqat,
Feruz, Tabibiy kabilar ijodida
hazaji musammani ashtar
da bitilgan ko‘plab she’rlarni uchratish
mumkin. Nazariyotchi olim A.Hojiahmedov
hazaji musammani ashtar
haqida to‘xtalib: “
Ushbu
oʻlchov XVI asrga qadar turkiy adabiyotlarda, jumladan, oʻzbek shoirlari ijodida qoʻllanmagan
koʻrinadi. Zero, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Hofiz Xorazmiylar ijodida ushbu oʻlchov asosida
yozilgan she’rni uchratmaymiz. Mazkur vaznni Alisher Navoiy “Mezonu-l-avzon”da tilga ham
olmaydi, uning asosida oʻzi ham turkiy she’r yozmagan. Bu oʻlchovdagi dastlabki she’rlar Bobur
ijodida uchraydi. Shoir oʻzining “Muxtasar” asarida bu vaznni “musta’mali matbu’”, ya’ni yoqimli
oʻlchovlar qatorida sanab, Jomiy va Xofizlar ijodiga murojaat qiladi hamda turkiy she’rga misol
52
tariqasida oʻzining gʻazali baytlarini keltiradi. Bu Boburning ushbu oʻlchovda yozilgan yagona
gʻazali edi
” [4:204], – deb qayd etadi.
Tabibiy aruzning keng qo‘llanadigan vaznlaridan birida ham ijod qilgan. Ijodkorning hazaj
bahridagi tab’i xud musaddaslaridan yana biri
hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf
vaznida
bitilgan:
Yo rab, man etib gunah mani shum,
Boʻldum gunah ismi birla marsum,
Koʻnglumga ibodat ishi maʼdum,
Holim sanga keldi barcha maʼlum,
Lutfingdin ayo Gʻafur-u Qayyum,
Man zor-u hazinni qilma mahrum.
Taqti’si quyidagicha: maf’uvlu mafoilun fauvlun
– – V / V – V – / V – –
Bu vazn haqida A.Hojiahmedovning ushbu fikrlari ahamiyatli:
“… XIV asrdan boshlab XX
asr boshlariga qadar shoirlarimiz ijodida keng qo‘llanib kelgan. Uning asosida faqat lirik
she’rlargina emas, balki Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni kabi yirik badiiy obidalar
ham yaratilgan. Ushbu o‘lchov “Shashmaqom”ning “Soqiynomai mo‘g‘ulchai dugoh”, “Ufori
mo‘g‘ulchai segoh”, “Iroq” maqomining IV taronasi kuylariga mosdir”
[5:198]. Ma’lumki, Tabibiy
lirik asarlari tahlili shoirning musiqa ilmidan ham nechog‘li mahoratli bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tabibiy musaddaslari aruzning turli vaznlarida yozilgan. Ular g‘oya va badiiyat jihatidan
salaflar ijodiga hamohang. Shoir ta’bi xud musaddaslarida, asosan, aruzning hazaj, ramal,
muzori’ kabi vaznlaridan foydalangan. Tasdis musaddaslari esa muzori’ va hazaj bahrlarida
bitilgan.
Tabibiy tasdis musaddaslari tarkibida muzori’ bahrida yozilgan namunalar ham mavjud.
Lug‘atlarda muzori’ga shunday ta’rif beriladi: “Muzori’ (arabcha – o‘xshovchi) aruz bahrlaridan
biri, hazaj bahriga o‘xshagani uchun shunday nomlangan. Muzori’ she’riyatimizda ancha keng
qo‘llanadigan bahrlardan sanaladi. Navoiyning “Mezonu-l-avzon” asarida muzori’ning o‘n ikki
turi, Boburning “Muxtasar”ida uning yigirma to‘rt turi misollar bilan ko‘rsatib berilgan. “Qisasi
Rabg‘uziy”dan boshlab Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiy kabi mumtoz shoirlar ijodida ham
muzori’ bahrining bir necha turlaridan foydalanilgan. Xususan, Navoiyning “Xazoyinu-l-
maoniy” devonidagi 105 ta turli janrlardagi she’rlar mana shu bahrda yaratilgan” [6:189], – deb
zikr qilinadi.
Professor Anvar Hojiahmedov esa bu bahr haqida shunday deydi: “Muzori’ bahri vaznlari
she’riyatimizda XIV asr boshlaridanoq qoʻllana boshlagani ma’lum. Chunonchi, “Qisasi
Rabgʻuziy”da muzori’ bahrining toʻrt ruknli va sakkiz ruknli oʻlchovlaridan foydalanilgan. Atoiy,
Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiylar ham mazkur bahrning yoqimli oʻlchovlarini ancha keng qoʻllagan
edilar. Muzori’ bahri Alisher Navoiyga maqbul boʻlgan oʻlchovlardan sanaladi. Uning “Xazoyinu-
l-maoniy” sidagi jami 105 she’rning, jumladan, 81 gʻazali, 11 qit’asi, 6 muammosi va 7 fardining
ushbu oʻlchov turlarida bitilganligi fikrimizga dalil boʻla oladi. Muzori’ bahri XVI-XIX asrlarda
ham shoirlarimizning sevimli oʻlchovlaridan biri boʻlib xizmat qildi” [7:75-76].
D.Yusupova “Navoiy she’riyatida mazkur bahr (
Muzori’ – A.T.
)ning faqat musamman
shaklidan foydalanilgani” [8:101] – haqida ma’lumot beradi.
O‘zbek adabiyotida bu bahrning qo‘llanish doirasi sermahsul. Ular orasida boshqalariga
nisbatan kengroq qo‘llaniladiganidan biri muzore’i musammani axrabdir. Ahmadjon
53
Tabibiyning tasdis musaddaslaridan biri ham aynan shu vaznda yozilgan:
Kulbam ichra keldilar ushbu kecha jononlar,
Har birisi iqlimi husn ichra sultonlar,
Ko‘rguzub necha turluk man hazing‘a ehsonlar,
Yetkurub zamirimg‘a behjati farovonlar,
Qildilar ko‘zim ravshan orazi duraxshonlar,
Komim etdilar shirin la’li shakkarafshonlar
.
Taqti’si quyidagicha: maf’uvlu foilotun maf’uvlu foilotun
– – V/ – V – – / – – V / – V – –
Tabibiy Ogahiy ijodidan ilhomlanib, uning g‘azaliga musaddas tasdis qilgan. Shoirning
ushbu musaddasi ham muzori’ bahrida bitilgan. Misol sifatida shoirning quyidagi band bilan
boshlanuvchi musaddasini keltirish mumkin:
Qilmas edim bu yanglig‘ hargiz gumon tag‘oful,
Kim qildi kulfatimni behaddu son tag‘oful,
Jismimni g‘am o‘tig‘a aylab makon tag‘oful,
Ne qilg‘amen desam man bexonumon tag‘oful,
To mandin, ey parivash, qilding ayon tag‘oful,
Aylar manga damo-dam yuz qasdi jon tag‘oful
.
Taqti’si quyidagicha: maf’uvlu foilotun maf’uvlu foilotun
– – V/ – V – – / – – V / – V – –
Ahmad Tabibiyning “Munisu-l-ushshoq” devonidagi lirik asarlarda qoʻllangan vaznlar
turlicha. Xulosa qilib aytganda, shoir ijodida aruz vazni masalasi muhim oʻrin tutgan boʻlib, u
oʻzbek mumtoz adabiyotining aruz tizimidan mahorat bilan foydalangan. “Munisu-l-ushshoq”
devonidagi lirik asarlar tahlili shuni koʻrsatadiki, Tabibiy asosan ramal, hazaj va muzori’
bahrlaridan unumli foydalangan. Uning ijodiy merosida musammatlar salmoqli oʻrin egallaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Ҳожиаҳмедов А.Ўзбек арузи луғати. –Тошкент: Шарқ, 1998. –B. 4.
2.
Ҳожиаҳмедов А.Ўзбек арузи луғати. –Тошкент: Шарқ, 1998. –B. 126.
3.
Қуронов Д, Мамажонов З, Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. –Тошкент:
Академнашр, 2013. –Б. 399.
4.
Ҳожиаҳмедов A.Мумтоз бадиият малоҳати. –Тошкет: Шарқ, 1999. – Б. 204.
5.
Ҳожиаҳмедов А.Ўзбек арузи луғати. –Тошкент:Шарқ, 1998. –B.198.
6.
Қуронов Д, Мамажонов З, Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. –Тошкент:
Академнашр, 2013. –Б. 189.
7.
Ҳожиаҳмедов А.Ўзбек арузи луғати. –Тошкент:Шарқ, 1998. – B. 75-76.
8.
Yusupova D.Aruz vazni qoidalari va mumtoz poetika asoslari(O‘quv qo‘llanma). –
Toshkent:Ta’lim-media, 2019. – B. 101.
