169
“DIGITAL NEIGHBOURHOOD” MOBIL ILOVASI ASOSIDA O‘ZBEKISTON
MAHALLA BOSHQARUV TIZIMINING RAQAMLI TRANSFORMATSIYASI:
TASHKILIY, IQTISODIY VA AXBOROT TEXNOLOGIK YECHIMLAR
Muzaffarova Dilbar Mamalatif qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Raqamli iqtisodiyot kafedrasi assistenti
E-mail: d.muzaffarova@tsue.uz
https://doi.org/10.5281/zenodo.15388679
Annotatsiya.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi mahalla boshqaruv tizimini
raqamli transformatsiya qilish orqali ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirish masalasi
kompleks yondashuv asosida tahlil etilgan. Tadqiqotda mahalla tizimini raqamlashtirishga doir
konseptual yondashuvlar asosida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Xususan,
markazlashtirilgan axborot tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni integratsiyalashgan shaklda
ko‘rsatish, aholining murojaatlarini real vaqt rejimida raqamli formatda monitoring qilish
hamda boshqaruv jarayonlarini tahliliy ma’lumotlarga tayangan holda optimallashtirish
imkoniyatlari batafsil tahlil qilindi.
Kalit so‘zlar:
Mahalla boshqaruvi, raqamli transformatsiya, ijtimoiy xizmatlar, axborot
tizimi, real vaqt monitoringi, boshqaruv optimallashtirish, mobil ilova, konseptual yondashuv,
fuqarolik murojaatlari, tahliliy qaror qabul qilish.
O‘zbekiston Respublikasi mahalla boshqaruv tizimining raqamlashtirilishi zamonaviy
davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining uzviy integratsiyasi nuqtai nazaridan muhim
bosqich hisoblanadi. Aholi bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan eng quyi ijtimoiy institut
sifatida mahalla tizimi bandlik, ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning
davlat bilan o‘zaro aloqalarida beqiyos rol o‘ynaydi. Shu bois, zamonaviy axborot-
kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) mazkur tizimga joriy etish orqali ijtimoiy xizmatlar
sifati va tezkorligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylangan. Mahallalarni
raqamli boshqaruvga o‘tkazish orqali byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi, shaffoflik
ta’minlanadi, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar esa ancha samarali va manzilli tus oladi.
Tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan “Digital Neighbourhood” mobil ilovasi ushbu maqsad sari
tashlangan muhim qadamlardan biridir. Ushbu mobil ilova orqali fuqarolar bilan interaktiv
muloqotni kuchaytirish, ularning murojaatlarini onlayn tarzda qabul qilish, mahalla yettiligi
faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, Prezident
Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan mahallalarda “yettilik”
modeli, yagona savolnoma tizimi, KPI asosida baholash va jamoatchilik hisobotlari kabi
boshqaruv mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, ularni texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash ayni
zaruratga aylandi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har bir mahalla o‘rtacha 3500–4000 nafar
aholi ehtiyojlarini qamrab oladi, bu esa an’anaviy qog‘ozbozlikka asoslangan boshqaruvni
zamonaviy raqamli yechimlarga almashtirishni taqozo etadi. “Digital Neighbourhood” ilovasi
orqali mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘z faoliyatini real vaqt rejimida yuritishi, aholining
muammolarini tezkor aniqlashi, profilaktika, bandlik, ijtimoiy yordam kabi funksiyalarni
yagona tizim orqali boshqarishi mumkin. Ilova texnik-iqtisodiy asoslari va tashkiliy-huquqiy
mexanizmlari loyihada batafsil ishlab chiqilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Adliya
vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Tadqiqot natijalari nafaqat nazariy xulosalar bilan
cheklanmay, balki amaliy mahsulot sifatida raqamli boshqaruv tizimiga joriy etish bo‘yicha
170
konseptual takliflarni o‘z ichiga oladi. Xususan, ilg‘or xorijiy tajribalar — Hindistondagi “Gram
Panchayat”, Angliyadagi “Harringay Online” kabi mahalliy boshqaruv modellaridan samarali
elementlar o‘rganilib, mahallalarning ichki infratuzilmasi, inson resurslari va raqamli
savodxonlik darajasiga moslashtirilgan yechimlar ishlab chiqildi. Shuningdek, Mahalla tizimini
raqamlashtirish orqali fuqarolarni davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb qilish, aholining
iqtisodiy faolligini rag‘batlantirish, resurslarni maqsadli taqsimlash va ijtimoiy xizmatlar
sifatini oshirish orqali “aqlli jamiyat” asoslari yaratiladi. Shu bois, tadqiqot O‘zbekiston ijtimoiy-
iqtisodiy islohotlarining texnologik asoslarini mustahkamlash va mahalla tizimini milliy
raqamli transformatsiya konsepsiyasi doirasida yangi bosqichga olib chiqishda nazariy va
amaliy ahamiyatga ega.
Xulosa
Mahalla boshqaruv tizimini raqamlashtirish zamonaviy ijtimoiy boshqaruvning ajralmas
qismi bo‘lib, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, ijtimoiy xizmatlar
samaradorligini oshirish va jamiyatda ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadqiqot davomida aniqlanishicha, mavjud mahalla tizimi an’anaviy boshqaruv shakllaridan
foydalanayotgani sababli bir qator tizimli muammolarga – byurokratik to‘siqlar, ma’lumotlar
tarqoqligi, xizmatlarning sustligi va fuqarolar ehtiyojlarining o‘z vaqtida aniqlanmasligiga
sabab bo‘lmoqda. “Digital Neighbourhood” kabi innovatsion yechimlar mahalla faoliyatini
raqamli axborot texnologiyalari orqali avtomatlashtirishga xizmat qilib, fuqarolar bilan
bevosita va shaffof muloqotni ta’minlaydi.
Raqamli transformatsiya qilish orqali mahalla yettiligi faoliyati, murojaatlar monitoringi,
ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi platformalar yagona tizimga integratsiya qilinadi. Bu esa davlat
boshqaruvi samaradorligini oshirish, resurslarni maqbullashtirish, aholining raqamli
savodxonligini kengaytirish va fuqarolik jamiyatining barqarorligini mustahkamlashga xizmat
qiladi. Ushbu tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati shundaki, u nafaqat muammolarni tahlil
qilish, balki ularni hal etish bo‘yicha aniq texnologik va tashkiliy takliflarni ishlab chiqadi. Shu
asosda, kelajakda mahalla tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali ijtimoiy boshqaruvda samarali,
inklyuziv va fuqaroga yo‘naltirilgan modelni yaratish imkoniyati vujudga keladi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 21.12.2023 yildagi PF-209-son,
“Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal
etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”.
2.
Negmatova, D. (2022). The Neighborhood as a Moral Culture. Society and Innovations,
https://doi.org/10.47689/2181-1415-vol3-iss3/S-pp427-431
3.
Muzaffarova D. Tashkilotning funksional operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish
yo ‘llari //Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari. – 2023. – Т. 3. – №. 3. – С. 275-284.
4.
Muzaffarova D. Raqamli transformatsiyani joriy qilish metodologiyasi //Raqamli
iqtisodiyot va axborot texnologiyalari. – 2024. – Т. 4. – №. 2. – С. 48-56.