59
BADIIY MATNGA PRAGMATIK YONDASHUV
Xaydarova Feruza
Jizzax politehnika instituti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15501127
Bugungi kunda tilshunosligimizda pragmalingvistika alohida soha sifatida shakllanib
ulgurdi. Bu jarayonda professor Sh.Safarovning izlanishlari, ayniqsa, diqqatga sazovor. Olim
“Pragmalingvistika” nomli monografiyasida mazkur sohaning shakllanishi, taraqqiyoti va
istiqboli haqida fikr yuritadi, lisoniy faoliyatning pragmatik xususiyatlari, bu xususiyatlarni
yuzaga keltiruvchi omillarni o‘rganish tilning ijtimoiy mohiyatini aniqlash uchun muhim
ekanligini ta’kidlaydi. Mazkur o‘quv qo‘llanmada kommunikativ-pragmatik yo‘nalishning
shakllanishi, pragmatikaning lisoniy-semiotik tizimdagi ustuvorligi, pragmalingvistikaning
predmeti, nutqiy akt nazariyasi, semantika va pragmatika munosabati, pragmatik
mazmunni shakllantiruvchi hodisalar, samarali muloqot tamoyil va qoidalari, deyksis va nutqiy
muloqot matni, diskursning tuzilishi va uning tahlili masalalari jahon pragmalingvistikasiga
oid qator manbalarni qiyoslagan holda nazariy jihatdan asoslab beriladi. Pragmatik tahlil
tamoyillarini belgilovchi asosiy metodologik g‘oya bu faoliyat nazariyasi ekanligi ko‘rsatib
o‘tiladi.
O‘zbek tilshunosligida matnning pragmatik xususiyatlari tom ma’noda monografik planda
professor M. Hakimov tomonidan tadqiq etilgan. Olim tomonidan nomzodlik dissertatsiyasida
o‘zbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik xususiyatlari tahlil qilinadi. Dissertatsiyada
lingvistik tadqiqotning pragmatik aspekti nutq sub’ekti bilan bog‘lanishi, shaxs va uning
ruhiy holati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha nutqiy ifodalar, nutq muallifining individual uslubi,
ya’ni fikrni qanday ifodalash niyati kabilar pragmatik tadqiqot ob’ekti sanalishi qayd etiladi.
Lingvopragmatik tahlil o‘ziga xursandlik, achchiqlanish, hayratlanish, ajablanish, e’tiroz,
buyruq, iltimos, maqtanchoqlik, mensimaslik, kinoya, kesatiq kabi ma’nolarni qamrab olishi
ko‘rsatib o‘tildi. Tilshunosning doktorlik dissertatsiyasida esa lingvistik pragmatikaning
shakllanish bosqichlari, fonopragmatika, leksopragmatika, morfopragmatika, pragmatik
sintaksis terminlari o‘zbek tilshunosligida ilk bora qo‘llandi. Matn lingvistik pragmatika,
nutqiy akt nazariyasi tamoyillari asosida o‘rganilib, ochik va yashirin (eksplitsit vaimplitsit)
shaklda ifodalanadigan mazmunlarning o‘ziga xos qonuniyatlari ko‘rsatib berildi, ularning
semantik, sintaktik, presuppozitsion va pragmatik xususiyatlariga doir qoidalarga aniqliklar
kiritildi. Mazkur tadqiqotda matn tilshunosligi muammolariga nazariy jihatdan yondashish
natijasida tamoman yangi fikr-mulohazalar bayon etilgan. Keyinchalik olim
pragmalingvistikaga oid tadqiqotlarini umumlashtirib, “O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari”
nomli monografiyasini e’lon qildi. Mazkur monografiyada lingvistik pragmatikaning
shakllanishi, umumiy va xususiy masalalari, fonopragmatika, leksopragmatika,
morfopragmatika, olmoshlar va atoqli otlarning pragmatik belgilari, lingvistik
pragmatikaning semantika, stilistika va sotsiolingvistika bilan munosabati, matnning
pragmasemantik tabiati, tagma’no va presuppozitsiyaning umumiy hamda differensial
belgilari, lingvistik pragmatika birliklari masalalari misollar asosida atroflicha tahlil etilgan.
Olim lingvistik pragmatikaning umumnazariy masalalari qatoriga jumlaning kontekst bilan
aloqador aspekti, kishilar o‘rtasidagi munosabatni ifodalovchi nutqiy etiket ko‘rinishlari,
nutqning sotsial xoslanishi, ifodaning sub’ektiv modal aspekti bilan aloqador kirish, baho
bildiruvchi so‘z va vositalar, insonning ichki sub’ektiv ruhiyatini ifodalovchi diskurs
60
nazariyasi, presuppozitsiyani kiritsa, xususiy masalalari qatoriga so‘zlovchi bilan bog‘liq
ravishda nutq sub’ekti kommunikativ niyatining ifodalanish darajasiga ko‘ra ifodaning
oshkora va yashirin shakllari, kommunikativ niyatni ifodalash strategiyasi, tagma’no,
so‘zlovchining ob’ektiv olamni his qilish darajasi va fikrning ifoda plani, nutq adresati bilan
bog‘liq ravishda nutq interpretatsiyasi, perlokutiv akt tushunchasi, kommunikatsiya
ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabat bilan bog‘liq ravishda nutqiy aralashuv shakllari,
nutqning ijtimoiy etiket shakllari, nutqiy akt ko‘rinishlari, aralashuv vaziyati bilan bog‘liq
ravishda nutq interpretatsiyasi masalalarini kiritadi. Mazkur monografiya bugungi kunda
pragmalingvistika yo‘nalishidagi tadqiqotlar uchun nazariy asos vazifasini bajarmoqda.
So‘nggi yillarda jahon tilshunosligida bo‘lgani kabi o‘zbek tilshunosligida ham til
birliklarining pragmatik xususiyatlari talqiniga oid izlanishlar soni yanada ortdi. Jumladan,
matn pragmatik mazmunini shakllantiruvchi kategoriyalar masalasi prof. S.Boymirzaeva
tomonidan monografik planda o‘rganildi. Olima mazkur doktorlik dissertatsiyasida matn –
axborot almashishning birligi va u asosan shu vazifani bajarish uchun xizmat qilishi,
shunday ekan, uning mazmuni ham muloqot va axborot almashinuvi kabi vazifalarning
uyg‘unlashuvini taqozo qilishi, matn mazmunida denotativ qismning kommunikativ maqsad
va pragmatik mo‘ljal bilan moslashuvi masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Matnni tushunish,
uning kommunikativ-pragmatik mazmunida modallik kategoriyasining o‘rni va turlari
masalalari o‘zbek badiiy matnlaridan olingan misollar asosida yoritib beradi.
O‘zbek tilshunosligida bolalar muloqotida nutqiy akt turlarining voqelanishi, deyksis
va presuppozitsiyaning leksik, morfologik va sintaktik vositalar orqali ifodalanishi,
konnotatsiyaning yuzaga chiqishi masalalari M.Qurbonovaning doktorlik dissertatsiyasida
tadqiq etildi. Albatta, muloqot jarayonida til birliklari va paralingvistik vositalarning
tanlanishi shaxsning yosh xususiyatlari bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, bolalar nutqi
o‘ziga xos fonetik, leksik va grammatik xususiyatlarga ega bo‘lib, bu o‘ziga xoslik pragmatik
omillarga tayanadi.
Fonetik birliklarning pragmatik xususiyatlari M.G‘ozievatomonidan monografik planda
tahlil qilindi. Intonatsiyaning melodika, urg‘u, pauza, temp, tembr kabi komponentlari
eksperimental usulda o‘rganilib, pragmatik jihatlari ham aniqlandi.
Z.Burhonov, A.Pardaev, M.Ernazarova kabilarning ilmiy tadqiqotlarida ham badiiy
matn pragmalingvistik tahlili uchun nazariy asos vazifasini bajara oluvchi fikrlar ilgari
surilgan. Mazkur dissertatsiyalar morfopragmatika uchun qimmatli ma’lumotlarni bera
oladi.
Matnga pragmalingvistik yondashuv bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab
kelmoqda. Jahon va o‘zbek tilshunosligida bu sohaning turli masalalariga ilmiy maqolalar,
qo‘llanmalar yaratildi va bu jarayon davom etmoqda. Ayniqsa, tarjimashunoslik, kompyuter
lingvistikasi, matnni avtomatik tarjima qilish, til ta’limi sohalarida pragmalingvistikaning
ahamiyati katta bo‘lib, bu mazkur sohaning istiqbolli ekanligi va amaliy jihatlarini ko‘rsatadi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Сафаров Ш. Прагмалингвистика. –Тошкент, 2008. –Б. 6.
2.
Ҳакимов
М.
Ўзбек
илмий
матнининг
синтагматик
ва
прагматик
61
хусусиятлари:Филол. фан.номзоди ... дисс. –Фарғона, 1996. –165 б.
3.
Ҳакимов М. Ўзбек тилида матннинг прагматик талқини: Филол.фанлари д-ри ...
дисс. – Тошкент, 2001. – 265 б.
4.
Боймирзаева С. Ўзбек тилида матннинг коммуникатив-прагматик мазмунини
шакллантирувчи категориялар: Филол. фанлари д-ри... дисс. автореферати. –Тошкент,
2010. –49 б.
5.
Қурбонова М. Ўзбек болалар нутқининг прагматик хусусиятлари: Филол. фан. ф-
ри... дисс. –Тошкент, 2018. –238 б.
6.
Ғозиева М. Просодика. –Тошкент: Академнашр, 2018. –176 б.
7.
Бурҳонов З. Ўзбек тилида кўмакчилар ва уларга вазифадош келишиклар
прагматикаси (пресуппозицион аспект): Филол. фан. номзоди ... дисс. автореф. –
Тошкент, 2008. –27 б.