`
140
O‘ZBEK MUMTOZ ADABIYOTIDA ILOHIY MAVZU VA RIVOYATLAR
Muxtorova Umida Tolib qizi
Qarshi davlat universiteti mustaqil tadqiqotchi
muxtorovaumida06@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.16886342
Annotatsiya.
Sharq adabiyoti tarixida diniy-tasavvufiy tushunchalar bilan badiiy
adabiyotning integratsiyalashuvi, ya’ni Qur’oni karim va hadisi sharif ta’siri natijasida
umuminsoniy g‘oya hamda axloqiy konsepsiyalar aks etgan turli xil janrdagi asarlar mavjud.
Kalit so’zlar:
integratsiyalashuv, ilohiy, tasavvuf, adabiy-falsafiy, pokdomon, muxolif,
sintez, arsh.
Аннотация
. В истории восточной литературы в результате интеграции
художественной литературы с религиозно-мистическими концепциями, то есть в
результате влияния Священного Корана и хадисов, возникли произведения различных
жанров, отражающие общечеловеческие идеи и моральные концепции.
Ключевые слова:
интеграция, божественное, мистика, литературно-
философское, благочестивое, оппонент, синтез, престол.
Mumtoz so‘z san’atimizda ilohiy mavzudagi rivoyatlar markaziy o‘rinni egallaydi. Bu hol
deyarli barcha janrlarda – doston, qissa, ruboiy, g‘azal va hikmatlarda yorqin ifoda topgan.
Islom dini va xususan, tasavvuf falsafasi bu adabiyotning asosi sanaladi. Asosiy motivlar – ilohiy
ishq (ishqi ilohiy), maʼrifatga yetishish, o‘tkinchi dunyodan voz kechish, ilohiy adolat, qur’oniy
rivoyatlar va payg‘ambarlar qissalaridir. Ushbu yo‘nalish namoyandalari orasida Yusuf xos
Hojib ijodining alohida o‘rni bor. Uning bizgacha yetib kelgan yagona asari – “Qutadg‘u bilig”
(“Saodatga eltuvchi bilim”) dostoni didaktik xarakterga ega bo‘lib, davlat boshqaruvi va insoniy
fazilatlar haqidagi falsafiy manbadir. Unda ilohiy mavzular asosiy g‘oyalarni ifodalovchi axloqiy
meʼyorlar va hikmatlarda aks etadi. Asarda to‘rt qahramon adolat, davlat, aql va qanoat kabi
tushunchalarni anglatadi. Bu tushunchalar yakuniy holda ilohiy iroda va hikmatning ko‘rinishi
sifatida tasvirlanadi. Asar muqaddimasida Yaratuvchining yagonaligi, abadiyligi va barcha
bilimlar, hikmatlar manbayi ekanligi taʼkidlanadi. Shunday qilib, kitobda bayon etilgan har bir
qonun va hikmat ilohiy qudrat bilan bog‘liq ekanligi ko‘rsatiladi.
Shuningdek, qadim adabiyotimizdagi ilohiy motivlar takomilida Ahmad Yassaviy
“Hikmatlar”i ham muhim ahamiyatga ega. Bu ijodkor turkiy tasavvuf sheʼriyatining
asoschisidir. Uning “Hikmatlar” asari asosan ilohiy ishq, zikr, suluk (ruhiy sayohat) va
dunyodan kechish mavzulariga bag‘ishlangan. U o‘z hikmatlarida shariatga qatʼiy rioya qilishga
chaqiradi va ilohiy sevgiga erishish yo‘lini sodda tilda bayon etadi.
O‘z navbatida, yana bir mumtoz ijodkor Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” asari
musulmon Sharqida keng tarqalgan “qissatul anbiya” (payg‘ambarlar qissalari) janrining
yorqin namunasidir. Asar boshdan-oyoq ilohiy rivoyatlarga, Qurʼon qissalari va hadislarga
asoslangan bo‘lib, islom dini asoslarini, payg‘ambarlarning karomatlarini, Allohning qudrati
hamda rahm-shafqatini badiiy yo‘sinda bayon etadi.
Tabiiyki, qadim Turon zaminidagi tamaddun hamda beqiyos madaniy yuksalish
tagzaminida nafaqat islom va tasavvuf ma’rifati, balki ozmi-ko‘pmi antik yunon adabiyoti bilan
tanishuv ham yotibdi. Ayniqsa, dunyo so‘z san’ati darg‘alaridan biri Homerning turkiy xalqlar,
`
141
xususan, Markaziy Osiyo ijodkorlari va olimlari uchun ruhan-ma’nan yaqin ekanini ming
yillarga tatigulik ijtimoiy-madaniy hodisa o‘laroq baholash mumkin.
Tarixiy ma’lumotlarga binoan, ulug‘ qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy o‘ttizdan ortiq
tilni bilgan. Jumladan, uning asarlaridan ma’lum bo‘lishicha olim qadimgi yunon tilini ham
bilganligi va bu tilda insho etilgan Homerning mumtoz dostonlarini erkin mutolaa qilganligi
haqida dalillar yetib kelgan. Bu esa azaldan Turkiston va Yunoniston o‘rtasida qadimdan ham
ijtimoiy va ma’naviy aloqalar mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi. Beruniy Homer ijodidan o‘z
asarlarida parchalar olganligi haqida atoqli rus sharqshunosi I.Y.Krachkovskiy ma’lumot
bergan edi. Arab tili va Qur’on bilimdoni Krachkovskiyning 1945-yilda sobiq SSSR Fanlar
akademiyasining “Axborot” jurnalining IV sonida bosilgan “Homer va Beruniy” nomli
maqolasida bu haqda fikr yuritgan. Ulkan olim Krachkovskiy Beruniyning yunon tilini ham
bilishini Homer asarlarining o‘sha vaqt hali arabchaga tarjima bo‘lmaganligi misolida isbotlab
bergan. Beruniy “Hindiston” asarida “Iliada”dan ikkita, “Odisseya”dan bitta parcha olib, o‘z
qarashlarining isboti sifatida foydalangan edi.
O‘z navbatida, Sharq mutafakkirlarining ilohiy haqiqatlar, diniy va g‘aybiy masalalar aks
etgan durdona asarlari ayrim G‘arb ijodkorlarining adabiy faoliyatiga ham katta ta’sir
ko‘rsatgan. Jumladan, ulug‘ faylasuf, adib va tabib Abu Ali ibn Sinoning “Ha’y ibn Yahzon”,
“Risolayi fill’ishq” singari adabiy-falsafiy asarlari buyuk shoir Dante Aligyerining “Ilohiy
komediya” dostoni yaratilishiga mazmunan salmoqli ta’sir ko‘rsatgan. Umuman, Sharq xalqlari
adabiyotlarida Ibn Sinogacha va undan keyin ham xayoliy sayr, ilohiy olam tasavvurlari
vositasida asar yozish an’ana bo‘lgan. Eronshunos olim E.Bloshe “Ilohiy komediya”ning sharqiy
manbalari” maqolasida keltirishicha, Dantening “narigi dunyo”ga sayohati Zardusht dinidagi
taqvodor Viraf tushlarining aks sadosidir. Shoir buni islom aqidalari orqali qabul qilgan bo‘lishi
kerak, deya ta’kidlaydi olim. Sharq xalqlari orasida arab, fors va turkiy tillarda keng tarqalgan
“Me’rojnoma” deb nomlangan yaratmalar shunday asarlardandir. Ularda Muhammad
payg‘ambarning osmonga ko‘tarilib, Arshda Xudo dargohiga tashrifi, Do‘zax va Jannatni aylanib
chiqqani, gunohkorlarning uqubat hamda hasratlari, pokdomon ruhlarning esa behishtdagi
rohat-farog‘atlari tasvirlangan. Diniy ezgu maqsadlarni ko‘zlab, islom dinini yanada
mustahkamlash kabi ulug‘ niyatda bitilgan bu xayoliy-ilohiy qissalarda zo‘r ehtiros bilan
yaratilgan epizodlar son-sanoqsiz.
X asr shoiri Shayx Avhaddin Kirmoniyning “Misbohul arvoh” asarida ham xayoliy-ilohiy
sayohat vositasi orqali allegorik ma’no-mazmun o‘z ifodasini topgan. Akademik A.Veselovskiy
fikricha, bunday asarlar o‘rta asr xristian adabiyotida ham, Sharqda ham ko‘p bo‘lgan.
Chunonchi, ruhlar go‘dakligida u dunyoga olib ketgan bola haqidagi osetin ertagi, o‘ldirilgan
akasini izlab, do‘zaxga yo‘l olgan Kubayko ismli qiz to‘g‘risidagi tatar xalq ertagi va ba’zi hind
afsonalari “Ilohiy komediya” asarining mushtarak shaklga oid parallellarini tashkil etadilar.
IX asrda yashab ijod etgan ulug‘ mutafakkir, buyuk insonparvar shoir Abu A’lo al-Maarriy
“narigi dunyo” to‘g‘risidagi diniy afsonalardan keng foydalanib, “Risolatul –ufron”, “Risolatul
maloik” dostonlarni yozib, ularda zamonasining johil, nodon ruhoniylarini, hovliqma, laqma
odamlarni satirik tarzda fosh qilgan. Abu A’lo go‘yo u dunyoga sayohat qilib, o‘z muxoliflarini
uchratib qoladi. Ularning ahvoli, do‘zax darvozaboni iblis Molik qilayotgan ishlarni bevosita
kuzatadi va o‘zining yovuz, ikkiyuzlamachi nokaslarga nisbatan nafratini talqin etadi.
`
142
Sharqning atoqli san’atkorlaridan biri Abulmajid Sanoiyning “Sayrul ibod ilal maod”
(“Bandalarning sayr qilib, o‘z joylariga qaytishlari”) dostoni buning yana bir yorqin misolidir.
Tub mazmuni, obrazlari va tuzilishi bilan bu asar “Ilohiy komediya” va shaklan, ham g‘oyasi
bilan yaqindir. Sharqshunos olim professor Y.Bertels o‘z vaqtida bu asarga ilmiy jamoatchilik
e’tiborini qaratgan va ancha batafsil tahlil qilgan edi.
Qator falsafiy hamda orifona dostonlari bilan shuhrat qozongan Sanoiy Balxiy (XI-XII
asrlar)ning mazkur asari 23 fasl, muqaddima va xotima boblaridan iborat. Unda shoirning
xayolan nariga dunyoga sayohati tasvirlangan. “Do‘zax” qatlamlaridagi azob-qiynoqlar
manzarasi chiziladi. Muqaddimada o‘simlik joni (“nafsi numo‘ya”), hayron joni (“ruhi
hayvoniy”), insoniy ruh haqida fikr yuritiladi. Insoniy ruh olami asarda bir afsonaviy shahar
sifatida tasvirlangan. Bu shahar ahli o‘zlari va o‘z avlodlaridan boshqani o‘ylamaydilar.
Binobarin, o‘zaro kurashlar, urush va janjallar changalida yashaydilar. Shaharning tashqi
ko‘rinishi go‘zal, ammo ichkarisi betartib, xatto jirkanchdir. Shaharning nur, olov va
qorong‘ilikdan iborat uchta hokimi bor. Bular ham faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydilar. Ikkita
otlari (kecha va kunduz) borki, ular o‘z suvoriylarini yeyish payida yuradilar. Bu bosqichda
inson hayoti hayvoniy yashash tarziga o‘xshashdir. Faqat nafsi uni bu “birodarlari”dan xalos
qila oladi.
Shoir qorong‘ulik olamida yuzidan nur yog‘ilib turgan mo‘ysafidni ko‘rib qoladi. Bu nafsi
oqila (aql)dir. Mo‘ysafid shoirni ramziy mamlakat sayriga boshlaydi. Safar eng quyi unsur – yer
(hayulo)dan boshlanadi. Bu joyda zulumot ham qorong‘ulik hukmron. Odamxo‘r maxluqlar,
zaharli ilonlar, bo‘ri, ajdarho, g‘uj-g‘uj chayonlar vahima solib turibdilar. Ularning hammasini
Kobon boshqaradi. Keyingi bobda yo‘lovchilar boshi bitta, yuzi yettita, to‘rt kaftli bahaybat
afyun qiyofasidagi maxluqqa duch keladilar. Bu hirs, ochko‘zlik va xasislik timsoli. Sanoiy
qo‘rqib ketadi, ammo mo‘ysafid bir ishora bilan uni daf etadi. Ilon yo‘ldan chetlashgach, shoir
yana o‘z rahnamosi bilan olg‘a qadam bosadi. Bundan keyingi bobda ular tili yuragidayu, ko‘zi
bo‘ynida bo‘lgan devlar (hasad ramzi) yurtiga kelib qoladilar. Sakkizinchi bobda ustini tutun
qoplagan toshloq sahro ko‘rinishidagi ta’ma paydo bo‘ladi. Unda doimo yovvoyi hayovonlar
hayronu sarson kezadilar. Ularning boshlari faqat ko‘zdan, qo‘llari nuqul badandan iborat. Bu
viloyatdan keyin yo‘lovchilar o‘tishlari lozim bo‘lgan po‘rtanali dengizga duch keladilar. Sanoiy
vahimaga tushar ekan, mo‘ysafid unga sen hayvoniy hislarni orqada qoldirsa, bu dengizdan
eson-omon o‘tasan, deb maslahat beradi. Demak, adib donishmandlik bilan chin insoniy
fazilatlar silsilasini olg‘a surgan. Binobarin, yuksak insoniy ma’naviyatga erishish – ulkan,
qo‘rqinchli dengizlardan suzib o‘tish kabi mashaqqatli vazifa ekanligini uqtirmoqchi. Nihoyat,
shoir nurlari ko‘zni qamashtiruvchi yurtga qadam qo‘yadi. Bu – Aqli mukammal bo‘lgan ibratlar
mamlakatidir. Bilim, ma’rifat oshiqlari shu yerdalar. Sohibdil, solih darvishlar ham uning
homiyligida baxtiyordirlar. Mo‘ysafid, shoirni yana olg‘a borishga undab, o‘zi orqaga qaytadi.
Chunki bundan keyingi mamlakatlar safarida uning rahnamoligiga hojat yo‘q edi.
Sanoiy tariqat ahli bilan yuz ko‘rishadi, keyin, ularning maslahatiga ko‘ra, yana oldinga –
Buyuk muhabbat dargohiga intiladi. Oxirgi bob esa Musaffo Xayrni madh etishga
bag‘ishlangandir. Y.Bertels Sanoiy asarini “Ilohiy komediya”ga o‘xshashligini ta’kidlaydi. Asosiy
motivi, pafosi va yetakchi g‘oyalari bilan ham Dante poemasi “Sayr ul-ibod”ga yaqin.
Qolaversa, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy qalamiga mansub “Xamsa” va “Lison ut-Tayr”
(“Qush tili”) dostonlarida, ko‘plab she’rlarda ham ilohiy-urfoniy mavzu mukammal darajada
`
143
yoritilgan. Navoiy ijodi mumtoz adabiyotimizning cho‘qqisi bo‘lib, diniy, falsafiy va tasavvufiy
g‘oyalarni yuksak badiiyat bilan sintez qilgan. Uning “Xamsa”sida har bir doston alohida bir
maʼnaviy izlanish, Haqqa intilish yo‘lini ifodalaydi. Shuningdek, “Lison ut-Tayr” asari Farididdin
Attorning “Mantiq ut-Tayr” dostoniga javob bo‘lib, qushlarning Simurg‘ (Alloh) sari qilgan
maʼnaviy sayohati haqidagi allegorik dostondir.
Biz uchun muqaddas bo‘lgan diniy qadriyatlar va an’analarni o‘zaro bog‘liqlikda qaytarish
va tiklash jarayonida milliy adabiyotimizning muqaddas manbalar – Qur’oni karim va hadisi
sharifdan olgan ta’sirini belgilash, diniy mavzularning adabiyotda ifodalanishini tadqiq etish
o‘zbek adabiyotshunos olimlarini ham befarq qoldirmagan.
References:
1.
Boltaboyev H. Adabiyot ensiklopediyasi. 1jild. (Atamalar, istilohlar, siymolar, asarlar va
nashrlar). – Toshkent: Mumtoz so‘z, 2015. – b.664.
2.
Karimov B. Adabiyotshunoslik metodologiyasi. – Toshkent: Muharrir, 2011. – 88 b.
3.
Matyoqubova T. Poetik idrok va mahorat. – Toshkent: “Fan va texnologiya”, 2011. – 170
b.
4.
Shodmonov N. O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi. – T.: “Tafakkur”, 2020. – 248 b.
5.
Karomatov H. Qur’on va o‘zbek adabiyoti. – Toshkent: “Fan”,1993. – 96 b.
6.
Komilov N. Ibn Sino va Dante. – Toshkent: “Fan”, 1989. – 68 b.
7.
Komilov N. Tafakkur karvonlari. – Toshkent: “Ma’naviyat”, 1998. – 320 b.
8.
Mirzayev I. Davr ruhi va adabiy jarayon. – Samarqand, 1997. – 115 b.
9.
Қуръони карим. Ўзбекча изоҳли таржима. Таржима ва изоҳлар муаллифи Алоуддин
Мансур. – Тошкент: Чўлпон, 1992. – 672 б.
10.
Рифтин Б. От мифа к роману. – Москва: “Наука”, 1979. – 360 с.
11.
Сааданбеков Ж. Философия Чингиза Айтматова. – Бишкек: “Принт-Экспресс”, 2013.
256 с.
12.
Современный роман. Опыт исследование. – М.: “Наука”, 1990. – 285 с.
13.
Хализев В.Е. Теория литературы. – М.: “Высшая школа”, 2002.
–
390 с.
14.
Yakhshieva Zebo Rashidovna. Studies of the image Tamburlaine in the Russian literature
field. France. Scientific approach to the modern education system. January. Part 32. P.9-12.
15.
Yakhshieva Zebo Rashidovna. Scientific process of learning the personality of Tamurlaine
in Russian studies. Netherland. Intellectual education, technological solutions and innovative
digital tools. 2025. 3 January.
16.
Yaxshiyeva Zebo Rashidovna. Ingliz va o’zbek temurshunosligi tadqiqi va taraqqiyoti.
Xorijiy tillarni o’qitishda innovatsion yondashuvlar, nazariyaning amaliyotga tadbiqi. Toshkent.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiya. 2025. Aprel.