`
106
EKSPORT KREDIT AGENTLIKLARINING TASHQI SAVDO OPERATSIYALARINI
MOLIYALASHTIRISH XALQARO TIZIMIDAGI O‘RNI
Azimjon Xasanboy o‘g‘li Axmadjanov
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.16837994
Annotatsiya:
Maqolada eksport-kredit agentliklarining (EKA) xalqaro amaliyotda tashqi
savdoni moliyalashtirishdagi ahamiyati, ularning iqtisodiy vazifalari hamda bugungi moliyaviy
va geosiyosiy sharoitlarda eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi roli yoritib berilgan.
Shuningdek, yetakchi eksport-kredit agentliklariga ega davlatlarning eksportni qo‘llab-
quvvatlash tizimi, tashkil etilish modellari hamda tashiq savdo moliyalashtirish vosita va
usullari tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
eksport-kredit agentliklari, tashqi savdoni moliyalashtirish, sug‘urta, savdo
krediti.
Bugungi kunda tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirish xalqaro tizimi jiddiy
strukturaviy o‘zgarishlar va moliyaviy resurslarning taqchilligi bilan bog‘liq muammolarni
boshdan kechirmoqda. Boz ustiga, jahondagi iqtisodiy va geosiyosiy nobarqorarlik fonida
tashqi mavjud risklarning xavflilik darajasi ortishi bilan bir qatorda yangidan yangi risk
o‘choqlari paydo bo‘layotganligi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda risklarning
ehtimoliy xafvlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi vositalarga, jumladan, sug‘urta va
kafolatlarga bo‘lgan talabning keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab
mamlakatlarda pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi biznes subyektlarini tashqi savdo
operatsiyalarini moliyalashtirishda davlatdan moliyaviy ko‘mak so‘rashga majbur qilmoqda.
Bunday qaltis sharoitda bank va sug‘urta muassasalari past risk darajasiga ega bo‘lgan
eksportchilar bilan ishlashni afzal ko‘rmoqda. Natijada, yuqori riskga ega korxonalar uchun
moliyalashtirish imkoniyatlari qat’iy cheklanib, aksariyat hollarda tashiq savdo
operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan birlamchi moliyaviy ximatlardan ham
foydalana olmay qolmoqda. Shu boisdan, ushbu biznes subyektlari davlat tomonidan tashkil
etilgan eksport-kredit agentliklariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. O’z navbatida,
jahonning ko‘plab davlatlarida milliy eksport-kredit agentliklari tashqi savdoni
moliyalashtirishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishda muhim rol o‘ynamoqda.
Eksport-kredit agentligi – eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va
rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan maxsus muassasa bo‘lib, mahalliy eksportchilarga
imtiyozli kreditlar va kredit kafolatlarini berish, tijorat banklari va eksportchilarga sug‘urta
xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, muayyan savdo bitimlari bilan bog‘liq risklarni o‘z
zimmasiga olish bilan shug‘ullanadi. Eksport-kredit agentligining asosiy maqsadi – milliy
mahsulotlar eksporti hajmini oshirish, eksportchilarni moliyaviy xizmatlardan foydalanishini
osonlashtirish va tashqi bozorlarga chiqishdagi risklarni kamaytirish hisoblanadi.
Eksport-kredit agentligining faoliyatiga klassik yondashuv uchta asosiy funksiyani
nazarda tutadi. Birinchidan, milliy eksportchilar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratadi.
Bunda, agar boshqa davlatlar o‘z eksportchilariga subsidiyalash orqali arzon moliyaviy
resurslar taqdim etsa, mahalliy eksportchilar bunday imtiyozlardan mahrum bo‘lishi raqobatni
`
107
qiyinlashtiradi. Eksport-kredit agentligi mahalliy eksportchilarga arzon kreditlar ajratish orqali
ularni raqobatbardosh holatga keltiradi va tashqi bozorda narx ustunligini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, eksport-kredit agentligi risk darajasi yuqoriligi sababli tijorat banklari
tomonidan rad etilgan savdo bitimlarini ham moliyalashtirish imkonini yaratadi.
Uchinchidan, eksport-kredit agentligi eksportchilar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi moliya
muassasalari duch keladigan siyosiy hamda tijorat risklarini sug‘urta va kafolatlar orqali
kamaytiradi yoki butunlay o‘z zimmasiga oladi, shu bilan birga ehtimoliy zarar eksport
shartnomasining ishtirokchilari zimmasiga tushmaydigan tarzda risklarni samarali
taqsimlaydi.
Bundan tashqari, bugungi kunda davlatlar o‘zlarining eksport-kredit agentliklari orqali
tashqi savdoni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli
rag‘batlantiruvchi vositalarni joriy etmoqda. Bularga aylanma mablag
֥
‘ ta’minoti, savdo
operatsiyalarini moliyalashtirishning gibrid vositalarini taqdim qilish, eksport kreditlarini
qaytarish bo‘yicha moslashuvchan sxemalarni ishlab chiqish, soddalashtirilgan foiz
stavkalarini joriy qilish, moliyaviy resurslarni ajratish bo‘yicha tezlashtirilgan tasdiqlash va
ruxsat berish jarayonlari, shuningdek, ariza topshirishning masofaviy va kontaktsiz shakliga
o‘tish keng tarqalmoqda.
Ta’kidlash lozimki, eksport-kredit agentliklarining faoliyati va tashkil etilish shakli barcha
mamlakatlarda bir xil emas. Ularning huquqiy maqomi, hajmi, moliyalashtirish va sug‘urta
mexanizmlari mamlakat iqtisodiy siyosati, tashqi savdo xususiyatlari va moliyaviy tizimiga
muvofiq farqlanadi. Shu sababli eksport-kredit agentliklari ko‘proq ularning bajarayotgan
funksiyalari orqali tavsiflanadi.
Jumladan, xalqaro amaliyotda eksport-kredit agentliklarining ikki asosiy modeli mavjud:
davlat tomonidan moliyalashtiriladigan eksport-import banklari va xususiy sektorning
moliyaviy resurslari asosida faoliyat yurituvchi agentliklar. Davlat eksport-kredit agentliklari
siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuqori riskli davlatlarga ham eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun
kredit kafolatlari, sug‘urta xizmatlari va foiz ko‘rinishidagi subsidiyalarni taqdim etadi. Xususiy
eksport-kredit agentliklari o‘z moliyaviy imkoniyatlari doirasida qisqa yoki uzoq muddatli
kreditlar hamda sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatadi. Ba’zi mamlakatlarda (Yaponiya, Janubiy
Koreya, Xitoy, Vengriya) eksportni moliyalashtirish uchun ikki xil agentlik faoliyat yuritadi: biri
to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo krediti ajratadi, ikkinchisi esa kredit kafolatlarini taqdim qilish bilan
shug‘ullanadi.
1-jadval. Eksport kredit agentliklarining turlari va vazifalari
Vazifalar
Mamlakatlar
Eksport krediti
bo‘yicha kafolatlar
Niderlandiya (Atradius), Yangi Zelandiya (ECO), Daniya
(EKF), Lyuksemburg (ODD), Belgiya (ONDD), Ispaniya
(CESCE), Islandiya, Buyuk Britaniya (ECGD), Avstriya
(OeKB), Italiya (SACE), Fransiya (Bpifrance)
Eksport
operatsiyalarini
kreditlash va
sug‘urtalash
AQSH (EXIMBank), Kanada (EDC), Turkiya (Turk
Eximbank), Avstraliya (EFIC)
`
108
Kreditlash va
sug‘urtalash bo‘yicha
boshqa xizmatlar
Yaponiya (JBIC va NEXI), Vengriya (Vengriya Eksport-
import banki va MEHIB), Germaniya (Euler Hermes va
KfW), Polsha (KUKE va BGK)
Manba: muallif tomonidan tayyorlandi, 2015.
Eksport-kredit agentliklari tashqi savdoni moliyalashtirish xalqaro tizimining ajralmas
qismi bo‘lib, ular mamlakat eksportini rivojlantirish, savdo jarayonida yuzaga keladigan
risklarni kamaytirish va tashqi bozorga chiqishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Ularning roli va funksiyalari xalqaro moliyaviy muhitning murakkab va o‘zgaruvchan
sharoitlarida yanada oshib borayotgani, ularni rivojlantirish va takomillashtirish milliy eksport
siyosatining muhim qismi ekanligini ko‘rsatadi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Dorożyńska, A., Dorożyński, T (2022). The Role of Export Credit Agencies in Trade
Financing. Red. . Łódź: Wydawnictwo Uniwersytetu Łódzkiego, 2022, 11s. ISBN 978-83-8331-
045-9. doi: 10.18778/8331-045-9
2.
Drysdale, D. (2015), Why the OECD Arrangement Works (Even Though It Is Only Soft
Law), in A. Klasen and F. Bannert (eds), The Future of Foreign Trade Support: Setting Global
Standards for Export Credit and Political Risk Insurance. Oxford: Global Policy, pp. 17–21.
3.
OECD (2023). Arrangement on officially supported export credits. TAD/PG(2023)7.
https://one.oecd.org/document/TAD/PG(2023)7/en/pdf
4.
Søndergaard-Jensen, M. (2019), Will OECD Governments Avoid the Path Towards a New
Credit War?, Global Policy, Vol. 10, Issue 3.
5.
Summers, L. (2001), Continuing The Fight Against International Trade Finance Subsidies,
G. Hafbauer, R. Rodrigez, US EX-IM Bank in the 21 Century: A new Approach?, IIE, Special report
14.