`
116
O‘QUVCHILARDA LUG‘AT BOYLIGINI OSHIRISHGA OID AYRIM TAVSIYALAR
Salimova Gulnoza Alibek qizi
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15471533
Annotatsiya:
Ushbu maqolada o‘quvchilarning lug‘at boyligini oshirish va lug‘atlar bilan
ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga oid ayrim tavsiyalar berilgan. Bundan tashqari
o‘quvchilarning yosh va qiziqishlariga mos ravishda tanlangan matnlar asosida so‘z boyligini
oshirishga doir metodik takliflar bayon etilgan.
Kalit so‘zlar:
Lug‘at, lug‘atshunoslik, metod, “Kundalik daftar”, “A4” metodi, “Mazmun
asosida tahlil qilish” metodi, “Krossvord” metodi.
Lug‘atshunoslik tilshunoslikning muhim sohalaridan bo‘lib, u tilning asosiy birliklaridan
biri bo‘lgan so‘zni chuqur o‘rganadi. Lug‘atshunoslik so‘zlar ma’nosi, kelib chiqishi, shakli,
ishlatilish darajasi va ular orasidagi munosabatlarni tadqiq etadi. Bu fan nafaqat alohida
so‘zlar, balki frazeologik birliklar, sinonimlar va antonimlarni, terminlar hamda shevaga xos
so‘zlarni ham o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek zamonaviy leksikologiya kompyuter lingvistikasi, avtomatik tarjima, sun’iy
intellekt va ta’lim texnologiyalari bilan ham bevosita bog‘liqdir. Bugungi kunda
lug‘atshunoslikning ahamiyati til o‘rganish, tarjima, matn tahlili, jurnalistika va
adabiyotshunoslik sohalarida ham muhim sanaladi.
Hozirgi rivojlanish jarayonida lug‘atshunoslikning to‘xtab qolmasligi, zamon bilan
hamnafas yuksalishi uchun astoydil harakat qilinmoqda. Maktab darsliklaridagi lug‘atlarning
berilish shakli ham o‘zgarib bormoqda. Avvalgi darsliklarda lug‘atlar ayrim sahifalardagina va
alohida olingan holda berilgan bo‘lsa, bugungi zamonaviy darsliklarda yangi so‘zlarning
berilish shakllari ham o‘zgargan. Hozir darsliklarda o‘qib tushunishga doir matnlar tarkibida
ham yangi so‘zlar ma’nolari sharhlab ketilmoqda va bu yangi so‘zlarning o‘quvchilar
e’tiboridan chetda qolmasligiga sabab bo‘lyapti.Bugungi globallashuv davrida nafaqat
hayotimiz, turmushimizda yangiliklar balki tilimizga ham yangi so‘zlar kirib kelmoqda.
O‘quvchi yoshlarni ushbu yangi so‘zlar ma’nosi bilan tanishtirish va ularni to‘g‘ri qo‘llay olish
qobiliyatini shakllantirish bugungi ona tili fani o‘qituvchilarining vazifasidir.
“Lug‘at ustida ishlash, o‘quvchilarni ona tilining lug‘at boyligi bilan tanishtirish, lug‘at
sostavidagi so‘zlardan nutqda to‘g‘ri foydalanish, o‘quvchilarni yangi so‘zlar bilan tanishtira
borish, adabiy tilga xos bo‘lmagan so‘zlarni tugata berish kabi maqsadlarni nazarda tutadi.
Lug‘at ustida ishlash, birinchidan, ta’lim-tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatib, o‘quvchilarning fikr
doirasini kengaytiradi, ikkinchidan, o‘quvchilarni yangi so‘zlar bilan tanishtiradi, uchinchidan,
ona tili darslarida grammatik, orfografik, punktuatsion qoidalar ustida ish olib borilar ekan,
lug‘at ustida ishlashni ham unutmaslik kerak” [3; 77-b].
Darsliklarda asosan zamonaviy kasblar, zamonaviy atamalar berilayotganining asosiy
sababi ham o‘quvchilarni ular bilan tanishtirish va zamonaviy atamalar yuzasidan o‘z
qarashlarini shakllantirishdan iboratdir. Ba’zan maktablarda dars jarayonida darslikda
berilgan yangi so‘zlarga yetarlicha e’tibor berilmasdan, asosiy e’tibor mashqlarni bajarish va
qoidalar so‘rashga qaratiladi. Bu o‘quvchilarda lug‘atlar bilan ishlash ko‘nikmasining
`
117
yetarlicha rivojlanmay qolishi va yangi so‘zlarning aniq ma’nosini o‘zlashtirolmay qolishlariga
olib kelishi mumkin.
Dars davomida o‘quvchilar qarshisidan chiqayotgan yangi so‘zlarni turli metodlar va
usullar yordamida o‘quvchilarga yetkazsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, “So‘z daraxti”
metodidan foydalanib o‘quvchilarda lug‘at boyligini oshirishni ko‘rib chiqamiz. Doskada
daraxt rasmi chiziladi va unga yangi o‘rgangan so‘z yoziladi. Daraxt atrofiga shoxlar chizilib,
shoxlardan biriga sinonim, biriga antonim, yana biriga so‘z turkumi va oxirgisiga ishlatilish
o‘rni yoziladi. Misol uchun
yaxshi
so‘zini yangi o‘rganilgan so‘z deb olsak, a’lo sinonimga,
yomon antonimga, sifat so‘z turkumiga yozilib oxirgi shoxga yaxshi so‘zi qatnashgan gap
yoziladi. Ushbu topshiriqni o‘quvchilar navbat bilan doskaga chiqqan holda bajarishadi. Ushbu
metoddan, asosan, ko‘p ma’noli so‘zlarni o‘rganishda foydalanish mumkin.
Quyida ushbu metodga namuna keltirilgan.
Berilgan daraxtdagi har bir katakchaga xuddi namunadagidek so‘z, uning so‘ralgan
ma’nolari yozib chiqiladi.
Yoki lug‘atlar bilan ishlash jarayonida “Kundalik daftar”[2; 74-b] metodi ham yaxshi
samara beradi. Ushbu metodda o‘quvchilarning har biriga yon daftarcha tarqatiladi va darslar
davomida qarshisidan chiqqan yangi so‘zlarni ma’nosi bilan birga yozib olgan holda ushbu
so‘zlarni o‘zlashtirish topshiriladi. Har hafta yoki har oy yakunida daftarchaga to‘plangan
so‘zlar yuzasidan mitti nazoratcha o‘tkazilib, o‘quvchilarning shu bir oy vaqt davomidagi
o‘rgangan yangi so‘zlarini baholab borish mumkin.
`
118
6-sinflar uchun mo‘ljallangan yangi darslikda zamonaviy kasblar, atamalar keltirilgan
bo‘lib, ushbu so‘zlar ma’nolari ham lug‘at shaklida, ham o‘qib tushunish uchun berilgan
matnlar tarkibida mazmunan sharhlanish orqali berilgan. O‘qib tushunish matnlarida kelgan
yangi so‘zlarning ma’nolarini o‘quvchilarga yetkazish uchun yuqoridagi kabi metodlardan
foydalanish mumkin. Quyida shunday bir nechta metodni tavsiya qilib o‘tamiz.
6-sinf darsligida berilgan “Bolalar televizorni qancha vaqt ko‘rishlari mumkin?” [1; 56-
b] matnida “akkomodatsiya” atamasining qanday ma’no ifodalashi keltirilgan. O‘qituvchi
ushbu atama ma’nosini o‘quvchilarga yaxshiroq yetkazish maqsadida “Mazmun asosida tahlil
qilish” metodidan foydalanishi mumkin. Ya’ni, o‘qituvchi aynan shu so‘z ishtirokida bir nechta
gap aytadi va o‘quvchilar gap mazmunidan kelib chiqqan holda so‘zning taxminiy ma’nosini
aytishga harakat qilishadi. Oxirida o‘qituvchi o‘quvchilarni so‘zning kitobdagi izohi bilan
tanishtiradi. Yoki aynan ushbu matnda “stimul” so‘zi keltirilgan bo‘lib, ushbu so‘zning ma’nosi
matnda ham, alohida shaklda ham berilmagan. Uning ma’nosi matndan so‘ng berilgan savol-
javob qismida savollar ichida keltirib o‘tilgan. O‘qituvchi matn doirasida savol-javob qilish
bilan birgalikda ushbu so‘z ma’nosini o‘quvchilarga yetkazishi kerak.
Aynan ushbu sinfda “Eksport yoki import” [1; 99-b] matni keltirilgan. Matnda ikkala
atamaning ham izohi to‘liq yoritilgan. Ushbu matn o‘qib tushunish ko‘nikmasini
rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, o‘qituvchi nafaqat o‘quvchilar bilan matn ustida ishlaydi,
balki o‘quvchilarda ushbu ikki atama yuzasidan tasavvur uyg‘otishga ham harakat qiladi. Matn
ustida ishlab bo‘lingandan so‘ng o‘qituvchi o‘quvchilarning mavzuni qay darajada
o‘rganganliklarini tekshirish maqsadida biror metod yoki usuldan foydalansa yanada
maqsadga muvofiq bo‘ladi. Na’muna sifatida “A4” metodini olsak. Bugun keng tarqalgan
metodlardan biri bo‘lgan “A4” metodi oddiy metod bo‘lsada yaxshi natija beradi. Ustozlarimiz
o‘quvchilarning qatorlariga “A4” formatidagi oddiy qog‘ozni tarqatadi va o‘quvchilarning har
biri mavzu yuzasidan bittadan jumla orqali eslarida qolgan ma’lumotlarni yozishadi. Oxirgi
ishtirokchilar doskada jumlalarni o‘qishadi. Xato va kamchiliklar bo‘lsa to‘g‘irlanadi. Qaysi
qatordagi o‘quvchilar ko‘proq ma’lumot yozgan bo‘lishsa o‘sha guruh ishtirokchilarining
barchasi rag‘batlantirilib baholanishadi. Bu o‘quvchilarning fanga nisbatan qiziqishini ma’lum
miqdorda oshiradi.
6-sinf ona tili darsligida “Iqlim o‘zgarishining oqibatlari” [1; 36-b] nomli o‘qib
tushunishga mo‘ljallangan matn berilgan. Ushbu matnni to‘liqroq tushuntirish maqsadida
o‘qituvchi darsdan oldin matndagi so‘zlar ishtirokida krossvord tuzib kelishi va matn
tahlilidan so‘ng ushbu krossvordni o‘quvchilarga tarqatib belgilangan vaqt davomida to‘ldirib
tekshirish, shu orqali xotirga muhrlash mumkin. Bu metod “Krossvord”metodi [2; 128-b]
bo‘lib, krossvord orqali o‘quvchilar matnda o‘rgangan so‘zlarini yanada mustahkamlashlari
mumkin. Matnda berilgan “global isish”, “bitim imzolash”, qurg‘oqchilik” jumlalari va
atamalarining ma’nosi o‘quvchilarda shu kunga qadar bir qadar muammolarni keltirib
chiqargan bo‘lsa, krossvord metodi orqali mustahkamlash natijasida ushbu so‘zlar bo‘yicha
muammolari qolmaydi va mazmunni to‘laroq o‘rganishadi.
Bir so‘z bilan aytganda o‘quvchilar bilan lug‘atlar ustida ishlash jarayoniga alohida
e’tibor berish va yangi so‘zlarning ma’nolarini aniq yetkazish o‘qituvchi oldidagi asosiy
vazifalardan bo‘lib, ustozlar o‘quvchilarni qiziqtirish orqali ularga yangi so‘zlarni o‘rgatishlari,
`
119
o‘quvchilarning lug‘at boyliklarini kengaytirishlari lozim. Bu ona tili va adabiyot
o‘qituvchilariga qo‘yilayotgan asosiy talablardan biridir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
6-sinf darslik.- T.: 2022.- 36- 56- 99-b.
2.
Avlayev O.U. Ta’lim metodlari.- T.: Navro‘z, 2017.-74-75-128-b.
3.
Ravshanov M. Ona tili darslarida sistem-semantik mashqlar bajarish jarayonida
o‘quvchilar nutqini o‘stirish. Ta’lim jarayonida so‘z boyligini oshirishning asosiy omillari.- T.:
O‘qituvchi,1998.- 76-77-b.