132
AFV ETISH INSTITUTINING HUQUQIY VA IJTIMOIY-AXLOQIY AHAMIYATI
Tursunova Nargiza Axtamovna
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15737465
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va sha’nini ta’minlash, shaxs
manfaatlarini qonun ustuvorligi asosida himoya qilish davlat siyosatining ustuvor
yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur jarayonda insonparvarlik prinsipi huquqiy islohotlar
va qonun ijodkorligi faoliyatining yetakchi g‘oyasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu prinsip har
bir qonun normasi va davlat boshqaruvi qarorlarida, xususan, jinoiy jazolarni qo‘llash va ijro
etish sohasida yaqqol aks etmoqda. Jazoning muqarrarligi bilan birga uning adolatli,
insonparvar va qayta ijtimoiylashtirishga qaratilgan mexanizm sifatida tatbiq etilishi yangi
huquqiy maktabning muhim xususiyati hisoblanadi.
Afv etish instituti – jinoyat huquqi tizimida shaxsga nisbatan qo‘llangan jazoni
yengillashtirish yoki bekor qilish orqali insonparvarlik tamoyilini hayotga tatbiq etuvchi
samarali huquqiy vositadir. Afv orqali davlat muayyan shaxsning o‘z qilmishi uchun chin
ko‘ngildan pushaymon ekani, tuzalish yo‘liga o‘tgani, jamiyatga qaytishi mumkinligini
inobatga olib, unga ikkinchi imkoniyat yaratadi. Shu jihatdan, afv shaxsni tuzatish, uning
ijtimoiy munosabatlarga qaytishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashuvchi huquqiy
institut sifatida alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston”da afv etish nafaqat yuridik aktini, balki keng
ma’nodagi ijtimoiy-axloqiy jarayonni ham qamrab olmoqda. Birgina jinoyat sodir etib, o‘z
qilmishi uchun chin dildan afsuslangan shaxslarga nisbatan afv etish amaliyotini oladigan
bo‘lsak, so‘nggi yillarda afv etilganlar sonining izchil ortib borishi mazkur insonparvar
siyosatning amaldagi natijasi sifatida baholanishi mumkin. Bu jarayon “jazo maqsad emas,
balki tarbiya va tuzatish vositasi” tamoyilining hayotga tatbiq etilayotganini yaqqol
tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga muvofiq, afv
etish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatiga kiradi. Prezident tomonidan
qabul qilinadigan afv etish to‘g‘risidagi farmonlar huquqiy va insonparvarlik mezonlariga
tayanadi. Afvga doir farmonlar fuqarolarning huquqiy maqomini o‘zgartirishi, ularni jazo
ijrosidan ozod etishi yoki jazo muddatini qisqartirishi mumkin. Bu esa davlatning shaxs
taqdiriga daxldor masalalardagi mas’uliyatli va hayotiy yechimlarga asoslangan yondashuvini
aks ettiradi.
Afv etish turlari – to‘liq, qisman, shartli va individual – turli ijtimoiy va huquqiy
holatlarga mos ravishda tatbiq etilib, jazoni individuallashtirishni ta’minlaydi. Xususan,
ijtimoiy zaif toifalar (ayollar, keksa yoshdagilar, nogironlar va boshqalar)ga nisbatan afv etish
insonparvarlik va adolat tamoyillarini amaldagi ifodasiga aylandi.
Afv etish faqat huquqiy institut emas, balki insonning tuzalishga, ijtimoiy hayotga
qaytishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantiruvchi ijtimoiy-axloqiy vosita hamdir. Uning ortida
inson qadrini tiklash, uning xato qilganligini anglash va bu xatoni to‘g‘rilash imkonini
yaratishga qaratilgan murakkab ijtimoiy mexanizm mavjud. Afv qilingan shaxslarga
psixologik, ijtimoiy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish orqali ularni jamiyat hayotiga qayta jalb
qilish reabilitatsiya siyosatining muhim qismiga aylangan.
133
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2016–2025 yillar davomida qabul
qilingan 29 ta afv etish to‘g‘risidagi farmonlar asosida jami 9 047 nafar shaxs afv etilgani
mamlakatda insonparvarlik siyosatining izchillik va amaliy samarasini yaqqol ifodalaydi.
Mazkur ko‘rsatkich nafaqat afv institutining faol qo‘llanilayotganini, balki inson huquq va
erkinliklarini himoya qilish, jazo muqarrarligini tuzatish, ijtimoiy adolatni qaror toptirishda
davlat tomonidan inson qadrini e’zozlash ustuvor maqsad etib belgilanganini tasdiqlaydi. Afv
etish to‘g‘risidagi qarorlarning muntazam va keng qamrovda qabul qilinishi inson huquqlari
sohasidagi milliy siyosatning global tamoyillar va xalqaro standartlarga uyg‘un ravishda
rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Xulosa sifatida afv etish instituti Yangi O‘zbekiston huquqiy siyosatining insonparvarlik,
adolat va ijtimoiy taraqqiyotga yo‘naltirilganligini anglatuvchi muhim elementlaridan biridir.
U nafaqat jazo ijrosining yengillashtirilishi, balki shaxs taqdiriga daxldor oqilona va
mehribonlikka asoslangan yondashuv sifatida xizmat qiladi. Afv – bu kechirimlilik, umid va
tuzalish ramzi bo‘lib, uning samarali qo‘llanilishi jamiyatda huquqiy ong, ijtimoiy barqarorlik
va inson qadrini e’zozlash madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu jihatdan afv institutini yanada takomillashtirish, uni qo‘llashda shaffoflik va adolat
prinsiplarini ta’minlash, afv qilingan shaxslarning jamiyatga moslashishini rag‘batlantiruvchi
chora-tadbirlarni kuchaytirish bugungi kun talabidir.