37
ONLAYN REKLAMA (INTERNET, IJTIMOIY TARMOQ REKLAMALARI) VA
ULARNI HUQUQIY TARTIBGA SOLISH XUSUSIYATLARI
Islоmbek Salimоv Bоbir о`g`li
Tоshkent davlat yuridik universiteti magistranti
islombek.salimov2000@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.14055008
Annotatsiya:
Mazkur tesizda onlayn reklama (internet, ijtimoiy tarmoq reklamalari) va
ularni huquqiy tartibga solish xususiyatlari ko`rib chiqiladi. Uning joriy huquqiy holatiga baho
beriladi. Shuningdek, onlayn reklamalarni huquqiy jihatdan tartibga solish sohadagi yangi
muammolarni hal qilish va isteʻmolchilar va biznesning doimiy himoyasini ta’minlash uchun
juda muhim borasida fikr yuritiladi.
Kalit so`zlar:
onlayn reklama, internet reklamasi, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat.
Hozirgi zamonaviy axborot texnologiyalari asrida onlayn reklamaning biror bir
koʻrinishiga duch kelmagan odamni topish mushkuldir. Xoh sms-xabarnoma, xoh ijtimoiy
tarmoqda, xoh elektron pochta koʻrinishida boʻlsin, deyarli barchamiz raqamli reklama bilan
toʻqnash kelganmiz. Albatta, bunday oʻzgarishlar iste’molchilarni hudud, yosh, madaniyat
jihatidan oʻzlariga mos reklama bilan ta’minlashga, shuningdek reklama beruvchilarning
raqamli reklamaga nisbatan ishonchining ortishiga ham sabab boʻlmoqda. Lekin mazkur
texnologik transformatsiya onlayn reklamani boyitishga, uni rivojlantirishga xizmat
qilayotgan boʻlsa-da, u iste’molchilar shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi borasidagi yangi
xavotirlarni ham uygʻotmoqda. Chunki hozirgi paytdagi axborot texnologiyalari istalgan
odamga istalgan reklamasini sotib olish, uni juda katta miqdordagi auditoriyaga reklama
qilish yoki vositachi sifatida qatnashish imkonini bermoqda. Ba’zida esa texnologik gadjetlar
foydalanuvchilari oʻzlarini kimdir kuzatayotgandek his qilishmoqda. Misol uchun endigina
shaxsiy hisobraqamiga oyligi tushgan xodim oʻsha kuniyoq omonat, investitsiya qilish
borasidagi bank xizmatlariga aloqador reklamalarni koʻradi. Yokida yaqinda homilador
boʻlgan ayolning telefonida hali bu haqida yaqinlariga aytib ulgurmasdan homiladorlikka oid
reklamalar paydo boʻla boshlaydi. Mazkur holatlar bizning gadjetlarimizda qanday mavzudagi
reklamalar paydo boʻladi, bunday mavzudagi reklamalar paydo boʻlishini kim hal qiladi,
reklamalarni sotib olish va sotish mexanizmlarini kim nazorat qiladi va reklama talablarini
buzganlarga javobgarlik mavjudmi degan savollarni oʻrtaga qoʻyishi tabiiydir.
Shu sababli ham onlayn reklamani huquqiy jihatdan tartibga solish juda dolzarb masala
hisoblanib, uni hal qilish raqamli bozordagi imkoniyatlarni kengaytirib, sohadagi
muammolarga yehim topishda juda katta yordam beradi. Quyida esa biz raqamli reklamalarni
huquqiy tartibga solish ahamiyati va zaruriyatini koʻrsatadigan bir qancha sabablarga batafsil
toʻxtalib oʻtamiz.
Birinchidan,
ushbu sohani huquqiy jihatdan tartibga solish iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish uchun zarur. Iste’molchilarni huquqini himoya qilish esa asosan 2 xil usulda
amalga oshiriladi:
a) Reklamadagi yolgʻon ma’lumotlarni oldini olish. Ya’ni bunda onlayn reklama toʻgʻri va
chalgʻituvchi ma’lumotlarni oʻz ichiga olmasligi talab etiladi. Albatta, mazkur vaziyatda
iste’molchilarga moliyaviy zarar yetkazadigan va ularning raqamli tijoratga nisbatan
38
ishonchini yoʻqotadigan turli koʻrinishdagi firibgarliklarni oldini oluvchi tartibga solish
mexanizmini joriy etish talab etiladi.
b) Shaffoflikni ta’minlash. Shaffoflik iste’molchilar va reklama beruvchilar oʻrtasidagi
ishonchni mustahkamlashga yordam beradi. Agar iste’molchilar reklamadagi ma’lumotlarning
aniq, toʻgʻri va shaffof ekanligiga ishonsalar, ular bunday turdagi reklamalardan koʻproq
foydalanishni boshlaydilar. Ishonch, shubhasiz, onlayn tijorat muvaffaqiyati uchun zarur
sanaladi. Misol sifatida keltiradigan boʻlsak, Amerika Qoʻshma Shtatlarida iste’molchilar
huquqlarini himoya qiluvchi Federal savdo komissiyasi (Federal Trade Commission) nizomida
keltirilishicha, onlayn reklamalar halol boʻlishi va aldamchi boʻlmasligi, shuningdek
iste'molchilarni mahsulot yoki xizmatlar haqidagi yolgʻon ma’lumot bilan chalg'itmasli zarur
1
.
Ikkinchidan,
raqamli reklamalarni huquqiy jihatdan tartibga solish shaxsiy ma’lumotlar
xavfsizligini ta’minlash uchun ham juda muhim sanaladi. Iste’molchilar onlayn reklama bilan
munosabatga kirishganlarida koʻpincha oʻzlarining shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etadilar.
Himoya choralarining joriy etilishi ana shunday ma’lumotlar toʻplanishi, saqlanishi va
masʻuliyat bilan ishlatilishini taʼminlashga yordam beradi, bu esa maxfiylik siyosatining
buzilishi yoki shaxsiy ma’lumotlarning oʻgʻirlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan qonunga
xilof xatti-harakatlarning oldini oladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi rivojlangan
mamlakatlarda allaqachon raqamli bozorda iste’molchilar ma’lumotlari xavfsizligini
ta’minlashga doir normalar ishlab chiqilgan. Xususan, Yevropa Ittifoqining “Umumiy
ma’lumotlar himoyasiga doir nizom (General Data Protection Regulation)”, shuningdek
Kaliforniyaning “Iste’molchilar shaxsiy ma’lumotlari toʻgʻrisida (California Consumer Privacy
Act)”gi qonunida reklamalarda shaxsiy ma’lumotlar qanday holatlarda toʻplanishi,
foydalanishi, shuningdek almashishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan.
Albatta,
yuqoridagi
kabi
huquqiy
chora-tadbirlar
iste’molchilar
shaxsiy
ma’lumotlarining ruxsatsiz kuzatilishi va yigʻilishini oldini olishga yordam berib, ularni
shaxsiy ma’lumotlarning buzilishi va shaxsiy ma’lumotlardan notoʻgʻri foydalanishdan himoya
qiladi.
Uchinchidan,
onlayn reklamalarni huquqiy jihatdan tartibga solish raqamli bozordagi
monopoliyani oldini olib, sogʻlom raqobat muhiti yaratilishiga olib keladi. Ya’ni sohani
tartibga soluvchi normalarning joriy etilishi katta-kichikligidan qat’i nazar, barcha reklama
beruvchilarning bir xil standartlarga rioya qilishini taʻminlaydi, adolatli raqobatni
ragʻbatlantiradi va yirik kompaniyalarning oʻzlarining bozor kuchidan kichikroq
raqobatchilariga zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaydi. Misol uchun 2020-yil oktabr oyida AQSh
Adliya vazirligi (Department of Justice) qidiruv tizimi reklama bozorida raqobatga qarshi
harakatlarni amalga oshirib, monopoliyani vujudga keltirganligi uchun Googlega nisbatan
monopoliyaga qarshi daʼvo qoʻzgʻatadi
2
.
Toʻrtinchidan,
raqamli reklamani huquqiy tartibga solish aholining zaif qatlamini, ya’ni
voyaga yetmaganlar va keksalarni himoya qilish uchun juda muhim hisoblanadi. AQShda
2000-yilda qabul qilingan “Bolalarni onlayn tarzda shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish
toʻgʻrisida (Children’s Online Privacy Protection Act)”gi qonuni bolalarni nomaqbul
reklamalardan himoya qiladi va ularning maʼlumotlariga qoʻshimcha ehtiyotkorlik bilan ishlov
1
https://www.ftc.gov/news-events/topics/truth-advertising
2
39
berilishini taʼminlaydi. Shuningdek, huquqiy choralar keksalar yoki raqamli savodxonligi past
odamlarni aldamchi yoki tajovuzkor reklama taktikasi orqali firibgarlar tuzogʻiga tushib
qolishdan himoya qilishga yordam beradi. Misol uchun, AQShning “Bolalarni onlayn tarzda
shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish toʻgʻrisida (Children’s Online Privacy Protection Act)”gi
qonuniga koʻra veb-saytlar va onlayn xizmatlar 13 yoshgacha bo'lgan bolalardan shaxsiy
ma’lumotlarni yigʻishdan oldin ota-onalarning roziligini olishni talab qiladi
3
.
Beshinchidan,
mazkur sohani huquqiy jihatdan tartibga solish nafaqat onlayn reklamaga
nisbatan balki butun raqamli bozorga nisbatan ham ishonchni oshirishda juda muhim
sanaladi. Chunki sohada aniq va mustahkam huquqiy qoidalar oʻrnatilar ekan, bu narsa
iste’molchilar ishonchini oshirib, ularni onlayn tranzaksiyalarni koʻproq amalga oshirishga,
koʻproq odamlarni elektron tijorat va raqamli xizmatlar bilan shugʻullanishga undaydi.
Albatta, aniq huquqiy ta’sir choralarining mavjudligi tadbirkorlik subyektlari uchun muayyan
majburiyatlarni vujudga keltirib, sog‘lom raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barqaror
muhit yaratadi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, onlayn reklamani huquqiy tartibga solish raqamli
bozorlar yaxlitligini saqlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, adolatli raqobatni
ta’minlash, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish va axloqiy amaliyotlarni targʻib qilish uchun
muhim ahamiyatga ega. Onlayn reklama texnologik taraqqiyot bilan rivojlanishda davom etar
ekan, qonunchilik bazasini doimiy moslashtirish va takomillashtirish yangi muammolarni hal
qilish va isteʻmolchilar va biznesning doimiy himoyasini ta’minlash uchun juda muhim boʻladi.
References:
1.
Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi qonuni // Qonunchilik
ma’lumotlari milliy bazasi, 08.06.2022-y., 03/22/776/0498-son.
2.
O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuni // Qonunchilik
ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2022-y., 03/22/792/0870-son;
3.
USA Children’s Online Privacy Protection Act. 2001.
4.
California Consumer Privacy Act. 2018.
5.
Wenjuan Ma., Steven S. Wildman., Hairong Li. Online Advertising (incl Interactive, Search
and Networks) – Scientific Article. Michigan State University. Michigan State. 24 pages, 2015.
3
https://www.ftc.gov/legal-library/browse/rules/childrens-online-privacy-protection-rule-coppa