Авторы

  • N.R. Abduqayumova
    Termiz davlat universiteti

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.arims.120187

Аннотация

Maqolada arxiv hujjatlari asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatining rivojlanishi Ko‘hitang tog‘i hududidagi Xo‘jaikon sanoat korxonasida kon va osh tuzini sanoat usulida ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi misolida  ilk bor tahlil etilgan.


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

129

SURXONDARYO VILOYATIDA TUZNI SANOAT USULIDA QAZIB

CHIQARISHNING SHAKLLANISHIGA DOIR

Abduqayumova N.R.

Termiz davlat universiteti

https://doi.org/10.5281/zenodo.15860327

Annotatsiya:

Maqolada arxiv hujjatlari asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat

sanoatining rivojlanishi Ko‘hitang tog‘i hududidagi Xo‘jaikon sanoat korxonasida
kon va osh tuzini sanoat usulida ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi misolida
ilk bor tahlil etilgan.

Аннотация:

В статье впервые на основе архивных документов

анализируется развитие пищевой промышленности Узбекистана на
примере создания промышленного производства технической и пищевой
соли на Ходжаиканском солеруднике в горах Кухитан.

Summary:

The issue analyzes for the first time, based on archival

documents, the development of the food industry in Uzbekistan using the
example of the creation of industrial production of technical and edible salt at
the Khodjaikan mine in the Kukhitan Mountains.

Oziq-ovqat odamzodning kundalik turmush-tarzida birlamchi talabga ega

manba hisoblanadi. Bir necha million yillik tarixi davomida oziq-ovqat
insoniyatning ovchilik va termachilik xo‘jaliklari asosidagi tabiat ne’matlaridan
bevosita foydalanishi bosqichidan iste’mol mahsulotlarini sanoat usulida ishlab
chiqarishgacha bo‘lgan uzoq jarayonni bosib o‘tgan. Ushbu jarayonda osh tuzi
oziq-ovqat sanoatining o‘ta muhim va ajralmas mahsuloti sifatida o‘z o‘rni va
mavqeiga ega bo‘lib kelmoqda. Osh tuzi oziq-ovqat ziravori sifatida
tayyorlanadigan ovqatga mazali ta’m berishda foydalanilgan, qadimgi
davrlardanoq o‘zgacha qadrlangan hamda turli usullarda ishlab chiqarilgan yoki
iste’mol uchun tayyorlangan.

Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, odamzodning eng qadimgi jamoalari neolit

davridanoq ixtisoslashgan tarzda tuz ishlab chiqarish yoki iste’mol uchun
tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Jumladan, Bolgariya mamlakatining Qora
dengiz bo‘ylarida joylashgan Provadiya-Solnitsata manzilgohi aholisi tomonidan
mil.avv. VI ming yillik o‘rtalarida uy sharoitida tuzli ko‘l suvini qaynatish va
bug‘latish yo‘li bilan uning tarkibidagi tuzni ajratib olish usuli kashf etilgan.
Mil.avv. V ming yillikda esa olinayotgan tuz miqdorini oshirish maqsadida
manzilgoh yaqinida ko‘p sonli maxsus gumbazsimon xumdon-pechlar barpo
etilganligi qazishmalar davomida o‘rganilgan. Aniqlangan topilmalar ustida olib
borilgan tahlillar va hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu xumdonlarda o‘rtacha 4-5


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

130

tonna iste’mol uchun yaroqli tuz mahsuloti tayyorlangan

1

. Xo‘jalik

taraqqiyotining yuksalib borishi bilan osh tuzini ishlab chiqarish yoki
tayyorlashning yangi usullari kashf etildi, bu usullar sanoat darajasida taraqqiy
etdi. Osh tuzi ishlab chiqarish ayrim qadimgi jamoalar xo‘jalik hayotida muhim
o‘rin tutgan bo‘lsa, XX asrda Sovet davlatining ayrim respublikalari, jumladan,
O‘zbekiston iqtisodiyotida oziq-ovqat sanoatining o‘ziga xos bo‘g‘ini sifatida
alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonning janubida joylashgan Surxondaryo viloyatida XX asrning 70-

80-yillarida yangi sanoat korxonalari faoliyatini tashkil etish, shu asosda xalq
xo‘jaligining turli sohalari yuksalishini ta’minlash borasida O‘zbekiston
Kommunistik partiyasi Markaziy ijroiya komiteti kotibiyati tomonidan 1979-yil
11-mayda qabul qilingan “Boysun rayonida ishlab chiqaruvchi kuchlarning
rivojlantirilishi to‘g‘risida”gi 94-sonli qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan Surxondaryo oblast Xalq deputatlari soveti ijroiya
komitetining 1980-yil 11-iyundagi 461p-sonli ko‘rsatmasi

2

asosida respublika

sanoat korxonalari, kommunal-maishiy tashkilotlar va chorvachilik xo‘jaliklari
uchun tosh tuzi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha zaruriy
tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. Avvalo, 1980-yilning 1-iyunidan boshlab
Sherobod rayoni hududida joylashgan tuz koni negizida mustaqil xo‘jalik
faoliyatini olib boruvchi, tosh tuzini sanoat usulida qazib chiqarishga
ixtisoslashgan “Xo‘jaikon” tuz koni korxonasi tashkil etildi. Korxonaning tashkil
etilishi hamda tuz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarning
qisqa fursatlarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida mas’ul
tashkilotlarga tegishli topshiriqlar belgilab berildi. Jumladan:

- oblast plan boshqarmasiga oblast mahalliy sanoat mahsulotlarini ishlab

chiqarish yillik rejalariga Xo‘jaikon tuz koni quvvatlarini o‘zlashtirishni oshirib
borish hisobiga korxonaning mahsulot ishlab chiqarish rejalarini kiritish;

- oblast davlat ta’minot boshqarmasiga bir oy muddatda 1980-yilning 1-

yarmida mahalliy sanoatni rivojlantirish fondi hisobidan korxonani ishga
tushirish uchun zarur qurilish materiallari, metalloprokat va jihozlar
(оборудование) bilan ta’minlash;

- oblast avtomobil yo‘l boshqarmasiga 1980-yil 1-avgustiga qadar

korxonaning tuzni qazib (portlatib) olish asosiy tog‘li hududigacha bo‘lgan
qismiga asfal’t qoplamali yo‘l qurilishini ta’minlash;

1

Курлански М.

Всеобщая история соли / Salt: a World History / Марк Курлански / Переводчики: Н.

Жукова, М. Суханова. —

М.

: КоЛибри, 2007. — 520 с. – C. 47.

2

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2387-ish, 9-varaq.


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

131

- “Surxonsuvqurilish” hamda “Surxonsovxozsuvqurilish” birlashmalariga

10-iyunga qadar zarur bo‘ladigan mexanizm va avtotransport vositalarini
safarbar qilgan holda tuz koni joylashgan hudud yer qatlamlari joylashuvini
o‘rganish;

- “Surxonelektroset’” korxonasiga iyun oyida tuz koni hamda Boldir temir

yo‘l stansiyasining Xo‘jaikon tuz konidan keltiriladigan tuz mahsulotlarini qabul
qilib olish uchun barpo etiladigan maxsus qismiga elektr tarmog‘ini tortish,
ushbu hududlarga elektr podsatansiyasini barpo etish;

- oblast aloqa ishlab chiqarish-texnik boshqarmasiga 15-avgustga qadar tuz

koni korxonasi va undan Boldir temir yo‘l stansiyasiga qadar telefon aloqasini
o‘rnatilishini ta’minlash;

- “Davsel’xoztexnika” komitetining oblast birlashmasiga 15-iyunga qadar

tuz koni korxonasi uchun 15-25 m

3

hajmdagi 2 dona suv saqlash minoralari

hamda 3, 5, 10, 25 m

3

hajmdagi 8 dona neft mahsulotlari rezervuarlarini ajratish;

- Qumqo‘rg‘on temir-beton zavodiga tezda korxona uchun mahalliy sanoat

boshqarmasiga 100 m

3

yig‘ma temir-beton to‘siqlarini yetkazib berish;

- “Yaylov-meliorativ PMK” birlashmasiga 25-iyulga qadar 5,3 km masofaga

ichimlik suvi tarmog‘ini o‘rnatish va bu bilan bog‘liq loyiha-smeta hujjatlarini
oblast mahalliy sanoat boshqarmasiga taqdim etish;

- “Oblavtotrest” tashkilotiga tuz konidan qazib olingan tuz mahsulotlarini

Boldir temir yo‘l stansiyasiga avtotransport vositalarida tashib berilishini
ta’minlash, 1981-yilning 1-martiga qadar ushbu yo‘nalishga xizmat qiluvchi
maxsus avtokolonnani Oqtosh posyolkasida tashkil qilish;

- oblast ijroiya komiteti OKS bo‘linmasiga zudlik bilan O‘zGIITI institutiga

Xo‘jaikon tuz koni turar joy posyolkasi birinchi navbati Bosh planini tuzish
maqsadida topografik tadqiqotlar olib borish uchun buyurtma berish;

- Savdo boshqarmasiga 1-iyulga qadar Sherobod rayon ijroiya komiteti

bilan birgalikda korxonani barpo etish va tuz qazib chiqarish bilan band ishchi-
xodimlarga umumiy ovqatlanish hamda savdo xizmatlarini tashkil etish;

- Gagarin rayon ijroiya komitetiga 15-iyunga qadar Boldir temir yo‘l

stansiyasi hududidan 1 ga yer uchastkasini turar joy va boshqa xo‘jalik binolari
hamda tuz mahsulotlarini qabul qilish bazasi qurish maqsadida Xo‘jaikon tuz
koni korxonasi uchun ajratib berish vazifalari yuklatildi.

Xo‘jaikon tuz konida tuz qazib olishni sanoat usulida tashkil etish katta

mablag‘ talab qilganligi sababli korxonaning to‘liq quvvat bilan ishlashini
ta’minlash maqsadida viloyatda faoliyat yuritayotgan birlashma, tashkilotlar
bilan bir qatorda respublika miqyosidagi turli vazirlik va idoralarga ham tegishli


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

132

topshiriq va ko‘rsatmalar berilganligini ta’kidlash lozim. Jumladan, O‘zbekiston
SSR Ministrlar Sovetining 1980-yil 29-maydagi № 394-р sonli ko‘rsatmasi
asosida Moliya ministrligi hamda Mahalliy sanoat ministrligi tomonidan
Xo‘jaikon tuz koni korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur adminstrativ-
boshqaruv tarkibi tashkil etilgan

3

(9-varaq). Avtomobil yo‘l ministrligi

zimmasiga 1980-yilda Boldir temir-yo‘l stansiyasidan Xo‘jaikon tuz koniga eng
yaqin Oqtosh qishlog‘iga olib boruvchi avtomobil yo‘lini barpo etish bilan bog‘liq
tegishli loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlatish hamda ushbu
loyihani 1981-yilda amalga oshirish yuklatilgan. Ayni vaqtda Davlan Plan
komitetiga Surxondaryo oblast ijroiya komitetiga 1981-1982-yillarda Xo‘jaikon
tuz koni korxonasi yaqinida aholi turar joy posyolkasini qurish uchun izlanishlar
olib borish, loyiha-rejalashtirish ishlarini amalga oshirish hamda posyolkani
barpo etish bilan bog‘liq xarajatlarni ajratish topshirilgan. Aholi posyolkasini
barpo etish Qishloq qurilish ministrligi zimmasiga yuklatilgan.

Hujjatlarning guvohlik berishicha, Sheroboddagi “Xo‘jaikon” tuz koni 1980

yilning 2-iyunidan boshlab mustaqil xo‘jalik yurituvchi korxona sifatida o‘z
faoliyatini boshlagan. 1980-yilning boshidan esa Xo‘jaikon tuz koni hududidan
dastlab ishlab chiqarish, kommunal soha korxonalari hamda chorvachilik
xo‘jaliklari uchun sanoat usulida tosh tuzi hamda texnik tuz qazib olish va qayta
ishlash yo‘lga qo‘yilgan

4

. Tuz qazib olishni yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga

oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 1980-yilning dastlabki ikki oyida
“Xo‘jaikon” tuz koni korxonasida 10 ming tonna tuz qazib olingan, ushbu
ko‘rsatkich mahsulot qazib olish rejasiga nisbatan 110 foizga bajarilgan

5

. 1981-

yilning dastlabki ikki oyida kondan 1,6 ming tonna tuz qazib olingan bo‘lib,
ushbu ko‘rsatkich mahsulot qazib olish rejasiga nisbatan 147 foizga bajarilgan

6

.

O‘z navbatida ushbu ko‘rsatkich 1981-yilning 1-yarmida tuz qazib olish bo‘yicha
6,5 ming tonnani, mahsulot qazib olish rejasiga nisbatan 103 foizni tashkil
etgan

7

.

Inson salomatligini saqlashda osh tuzining ahamiyati ortib borishi tufayli

Surxondaryo oblast xalq deputatlari soveti ijroiya komiteti yig‘ilishining 1981-
yil 8-iyuldagi № 405/13-sonli qarori bilan Xo‘jaikon tuz konida 1981-yilning 2-
yarmida xalq iste’moli mahsulotlari qatorida tuz qazib chiqarishni yillik rejaga
qo‘shimcha yana 3 ming tonnaga yetkazish belgilangan

8

.

3

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2387-ish, 9-varaq.

4

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2393-ish, 142-varaq.

5

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2393-ish, 142-varaq..

6

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2394-ish, 20-varaq.

7

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2395-ish, 33-varaq.

8

Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 45-fond, 1-ro‘yxat, 2395-ish, 43-44-varaqlar.


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

133

Sherobod rayonida tuzni sanoat usulida qazib olishning yo‘lga qo‘yilishi

Surxondaryo viloyatida sanoat korxonalari rivojlanishining yangi bosqichini
boshlab berish bilan bir qatorda Xo‘jaikon tuz koni negizida yangi aholi
manzilgohining vujudga kelishi, avtomobil va temir yo‘llarining yangi tarmoqlari
ishga tushirilishi, sanoat korxonasida faoliyat olib boruvchi xodimlar hamda
ularning oilalari uchun zarur infrastrukturaning shakllantirilishi bilan bog‘liq
qurilish-bunyodkorlik kabi xalq xo‘jaligining muhim sohalari taraqqiyoti uchun
muhim turtki bo‘ldi. Ayni vaqtda “Xo‘jaikon” tuz koni korxonasi faoliyatining
yo‘lga qo‘yilishi viloyat iqtisodiy rivojlanishida, kon hududiga yaqin joylashgan,
yuz yillar davomida an’anaviy xo‘jaliklar – dehqonchilik va chorvachilik asosida
hayot kechirib kelgan ko‘plab qishloqlar aholisi turmushining zamon talablari
asosida yuksalishida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Olib borilgan ilk ilmiy
tahlillar “Xo‘jaikon” tuz koni sanoat korxonasi faoliyati tarixini alohida tadqiqot
obyekti sifatida to‘laqonli hamda izchil tadqiq etish zaruratini kun tartibiga
qo‘yadi.