ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
39
NEOLOGIZMLARNING PAYDO BOʻLISHIDA SOʻZ MA’NO
TARAQQIYOTINING OʻRNI
Annaqulova Shoxista
PhD
https://doi.org/10.5281/zenodo.16352136
Annotatsiya.
Dunyo tilshunosligida neologizmlarning yasalishiga koʻra uch
turi farqlanadi: neoleksema, neofrazema va neosemema. Neosemema sifatida
qaraladigan neologizm turi oʻzbek tilshunosigida semantik neologizm sifatida
beriladi. Maqolada ham aynan semantik neologizm haqida, ya’ni
neologizmlarning shakllanishida soʻz ma’nosining oʻrni va ahamiyati haqida
ayrim mulohazalarimiz bayon qilingan.
Kalit soʻzlar:
semantik neologizm, ma’no kengayishi, sinonimlik hodisasi,
leksemalashuv.
Tilning lugʻaviy qatlami taraqqiyotida leksik, morfologik va sintaktik asosda
yuzaga kelgan yangi soʻzlar bilan bir qatorida semantik taraqqiyot natijasida
yuzaga kelgan soʻzning yangi ma’nolari ham katta oʻrin tutadi. “Atoqli tilshunos
A.Gʻulomov qariyb oltmish yil burun shunday deb yozgan edi: “Semantik yoʻl
bilan soʻz yasash soʻzni yangi ma’noda qoʻllashdir, soʻz ma’nosining oʻzgarishi –
taraqqiysidir. Biror soʻzning ma’nosi oʻzgarib, u boshqa ma’noga ega boʻlar ekan,
keyingisi avvalgisiga nisbatan yangi oʻz sanalishi kerak…”. Ushbu fikrni nafaqat
umumiste’moldagi lugʻaviy birliklarga nisbatan, balki koʻplab terminologik
tizimlarda yangidan paydo boʻlayotgan terminlarga nisbatan ham tadbiq etish
mumkin”. Chunki “jamiyatda ilm va san’atning, texnika va xoʻjalikning
taraqqiyoti natijasida yuzaga kelgan yangiliklarni ifodalovchi yangi soʻzlarning
ma’lum bir qismi, soʻzlarga yangi ma’no yuklash yoʻli bilan, soʻzlarni yangi
ma’noda qoʻllash yoʻli bilan yuzaga keladi”.
1
Masalan,
bogʻcha
soʻzi oʻtgan asning
oʻrtalarigacha oʻzining dastlabki ma’nosi
kichik bogʻ
ma’nosida qoʻllangan boʻlsa,
keyin
“ma’lum bir yoshdagi bolalarni tarbiyalovchi joy”
ma’nosi evaziga yangi
soʻz ya’ni neologizmlik maqomini olgan. Qamrovida birdan ortiq ma’noga ega
boʻlgan soʻzlarning barchasi mana shunday bosqichdan bir emas bir necha bor
oʻtgan. Semantik taraqqiyot natijasida yuzaga kelayotan har bir yangi ma’no,
shubhasiz, yangi shakllangan soʻzlar kabi ma’lum bir tarixdan soʻzlay oladi.
Ba’zan ma’no taraqqiyoti shu darajada keskin boʻladiki, natijada soʻz oʻzining
dastlabki ma’nosini butunlay unutib, yangi hayot boshlab yuboradi. Bu koʻp
hollarda soʻzlar omonimligiga sabab boʻladi.
1
С.Муталлибов. Морфология ва лексика тарихидан қисқача очерк. 1959. 161-бет.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
40
“Semantik taraqqiyot jarayonida faqat yangi ma’noning (ma’nolarning)
yuzaga kelishi emas, bor boʻlgan ma’noning, ma’lum sabab bilan, yoʻq boʻlishi
ham qonuniy hol. Lekin, bari bir, birinchi fakt, ya’ni yangi ma’no va ma’nolarning
paydo boʻlishi taraqqiyotni belgilovchi hodisa hisoblanadi
2
”.
Oʻtgan bobimizda mavjud leksemaning ma’nolari qatoriga yangi
semamaning qoʻshilishidan namoyon boʻlgan ma’noni adabiyotlarda neosemema
va neologizm-semema kabi nomlari ostida berilishini ammo biz semantik
neologizm deb ifodalashni ma’qul koʻrgandik. Quyida bu tur neologizmlarning
paydo boʻlish sabablari va usullarini koʻrib chiqamiz.
Ma’lumki, biror yangi tushuncha paydo boʻlar ekan, til sohibi uchun uni
nomlash zarurati tugʻiladi. Bunda nom beruvchi oldida ikki yoʻl turadi. Birinchi
hoatda yangi tushuncha yangi nom bilan ataladi. Ikkinchi holatda
tushunchalararo oʻxshashlik, yaqinlik, aloqadorlik kabi omillar asosida tilda
mavjud nomning hosila ma’nosiga aylanadi, nomning mavjud ma’nolaridan oʻsib
chiqadi. Ma’no taraqqiyoti deb nomlanadigan keyingi holat lisoniy birlik
semantik strukturasining kengayishi, ma’nolar miqdorining ortishi boʻlib, uning
sodir boʻlishi muayyan til egalarining kognitiv faoliyati, muayyan til egalarining
lisoniy xotirasidagi konseptida yuz beradigan oʻzgarishlar bilan uzviy bogʻliq
3
Jamiyat taraqqiy etishi bilan nutqiy hosila ma’no vaqtincha
ifodalagan tushunchasi bilan doimiy aloqadorlik kasb etib, bora-bora
barqarorlashib boradi va hosila nutqiy ma‘no lisoniylashadi. Natijada
bir sememali leksema birdan ortiq sememali leksemalarga aylanib
boradi.
Tafakkurimizda paydo boʻlayotgan yangi tushunchalarni nomlashda va
tilimizga kirib kelayotgan chet soʻzlarni oʻzbekchalashtirishda lugʻatimizda
mavjud soʻzlarning (tarixiy soʻzlarni qayta jonlantirish va sheva soʻzlarni
leksemalashtirish ham) ma’nosini koʻpaytirib tatbiq qilish nafaqat oz boʻlsa-da
tilimiz sofligini ta’minlaydi balki “uning tushunishli boʻlishiga ham xizmat
qiladi
4
”. Bunda yangi tushuncha ostidagi narsa-predmet xususiyatlari insonga
avvaldan ma’lum boʻlgan narsa-predmetning umumiy tomonlari bilan
solishtiriladi va maqbul hollarda mavjud leksema yangi tushunchani nomlash
uchun safarbar qilinadi. Natijada leksema sememalari qatori kengayadi. Yangi
soʻzlarni tartibga solishda bunday yoʻl tutish tilimizni boshqa tillardan
kambagʻalroq qilib qoʻyishdek tasavvur uygʻotishi mumkin. Shu sababdan “lugʻat
2
А.Ҳожиев. совет даврида ўзбек адабий тилининг тараққиёти. Т.: Фан, 1991, 170 б.
3
Qarang: Одилов Й. Mустақиллик даври лексикасида маъно тараққиёти// Ўзбек тили ва адабиёти, 2016, 2-сон,
41-45-бетлар.
4
Ҳасанов А. Номинация билан боғлиқ айрим мулоҳазалар// Ўзбек тили ва адабиёти, 2023, 3-сон, 109-114-
бетлар.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
41
boyligini leksemalardan kelib chiqib emas, balki koʻpma’noli leksemalarga
birlashtiriladigan har bir sememadan (leksosememadan) kelib chiqib hisoblash
toʻgʻri
5
” boʻladi.
Biz quyida, avvalo, soʻnggi yillarda chet til leksik birliklarida sodir boʻlgan
semantik taraqqiyotning/koʻpma’nolilikning tilimizdagi soʻzlarga ta’siri ya’ni
semantik kalka xususida toʻxtalamiz.
Masalan, ingliz tilida axborort texnologiyalari bilan bogʻliq
share, save, load,
pin
kabi bir qator soʻzlarda yuz bergan ma’no kengayishlar oʻzbek tilidagi chet
soʻzlarning tarjimasi boʻlgan birliklarga yangi ma’no sifatida kirib kelmoqda.
Saqlamoq
fe’lining “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da 11 ta ma’nosi
izohlangan. Biz quyida bayon qiladigan inglizcha “save” soʻzidan nusxa olingan
semasi esa yangidir.
Internet tarmoqlarida biz uchun kerakli boʻlgan rasm, video,
xabar, kitob kabilarni internet tizimidagi birorta shaxsiy messenjerimizning
xotirasiga olib qoʻyishimiz
ushbu soʻz bilan ifodalanmoqda.
Yuklamoq
– tilimizda yuk ortmoq va koʻchma ma’nodagi vazifa yoki ish
topshirmoq, zimmasiga qoʻymoq ma’nolarda qoʻllaniladi. “
Birorta
rasm, video,
xabar, kitob kabilarni internet tarmoqlariga joylash”
sememasi hisobiga
yuklamoq soʻzi neologizmlik xususiyatiga ega boʻldi.
Yuklama – internet
tarmoqlaridan yuklab olinadigan yoki internet tarmoqlariga joylanadigan
ishlarning umumiy nomi.
OʻTILda ikki xil ma’nosi mavjud. Bu sememasi esa
uchinchi ma’nosi ya’ni semantic neologizmdir.
Uzatmoq
(share) fe’li semantik maydoni ham “share” ning semantik
nusxalangan ma’nosi hisobiga kengaydi.
Ya’ni “shaxsning
ijtimoiy tarmoq orqali
ma’lumotlarni boshqa birovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga yuborish”
sememasini qabul qilib oldi.
Pin
soʻzi oʻz tilidagi yangi ma’nosini oʻzbekcha qadamoq fe’liga yukladi.
Qadamoq – ijtimoiy tarmoqda birorta guruh yoki kanallardagi muhim xabarni
a’zolarining barchasi uchun koʻrinadigan qilib belgilab qoʻyish.
Tilshunos olim Y.Odilov ham publitsistika doirasida tadqiq qilib bir qator
soʻzlarning yangi ma’no kasb etgani haqida fikr yuritadi va misol sifatida
bandlik,
vakillik, yechim, ilova, ishlanma, yoʻlak, loyiha, madaniyat, mexanizm, ochiqlik,
posbon, keng, kichik, manzilli, maqsadli, ochiq, elektron, oqish
kabilarni koʻrsatadi
va ularning uzuallashib qolgan yangi ma’nolari izohli lugʻatlar uchun manba
boʻla olishini ta’kidlaydi. Quyida olimning ba’zi soʻzlarning yangi ma’nolari deya
izohlagan qaydlariga e’tiborimizni qaratamiz.
5
Rahmatullayev Sh. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. T.: “Mumtoz soʻz”, 2010, 298 b. B.79.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
42
Masalan,
loyiha
soʻzining yangi ma’nosini “muayyan mablagʻ asosida
bajarilishi yaratilishi moʻljallangan ish” deya izohlaydi.
Endilikda
vakillik
soʻzining uchinchi ma’nosi sifatida “fuqarolarning yoki
biror korxona-tashkilotning davlat hokimiyati organlari, sud, saylov va boshqa
jarayonlarda oʻz vakili orqali ishtirok etishi, faoliyat koʻrsatishi” qayd qilinishi
lozimligini yozadi.
Bugun deyarli koʻpchilikning xayoliga
ilova
deganda uning birinchi mavjud
ma’nosi emas balki yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mislsiz
rivoji natijasida kasb etgan ma’nosi keladi. Olim bu yangi ma’noni “smartfon,
planshet, noutbuklar uchun qoʻshimcha dasturiy ta’minot” deya keltiradi.
Shuningdek,
tarmoq
soʻzining “internetdagi ma’lum bir tizim, sayt” va
dastur
soʻzining “kompyuter, noutbuk, planshet kabi elektron qurilmalarni
ishlatish tartiboti” yangi ma’nolarini ham izohli lugʻatlarda qayd qilish
tavsiyasini beradi.
Yuqoridagi soʻzlardagi ma’no taraqqiyoti soʻz semantik strukturasini yana
bir ma’no bilan boyitgan boʻlsa,
manzilli, maqsadli, ochiqlik, tugmacha
soʻzlaridagi yangi hosila ma’nolarning yuzaga kelishi bir ma’noli soʻzlarni koʻp
ma’noli soʻzlarga aylantirganini misollar bilan dalillaydi.
6
Soʻnmoq
fe’lining mavjud 4 ta sememasidan tashqari “banklardan olingan
qarzlarni uzish” yangi hosila ma’nosi ham yuzaga keldi.
Kartadagi yoki hisob raqamdagi pulni olish harakat jarayoni
yechmoq
soʻzining ma’nolar safini yana bittaga oshirdi.
Sahifa soʻzi internet, ijtimoiy tarmoqlar bilan bogʻliq ma’no kengayishiga
uchradi.
Veb-sahifa, blog sahifasi
kabi birikmalarda aniqroq namoyon boʻladi.
Bu qatorini sport musobaqalari boshlanishi uchungina qoʻllaniladigan
start
bermoq, start olmoq
fe’llari misolida ham davom etishimiz mumkin.
Bugun esa
bu soʻzning ma’no hajmi kengayib, barcha jarayonlarning boshlanishiga nisbatan
qoʻllanilmoqda.
Surxandaryoning janubiy tumanlarida paxta terimiga
start
berildi.
Toshkent viloyatida umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik 9 ta loyihaga
start
berildi
. Fargʻona va Namanganda ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga
start
berildi
. “Tashabbusli budjet”
start oldi
Sport sohasi terminlari hisoblangan
trener, trening
leksemalarining ham
ma’no qamrovi kengaydi. Sport sohasidagina emas boshqa sohalardagi
mashgʻulot va mashgʻulot oʻtkazuvchi shaxsga nisbatan yuqoridagi atamalar
qoʻllanmoqda.
6
Ё.Одилов. Глобаллашув даври ўзбек тили тараққиёти. – Тоскент: Нодирабегим, 2020. 62-65-бетлар.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
43
Neologizmlarning semantik xususiyatlari haqida soʻz ketar ekan, bu
jarayonda sinonimlik xususiyatiga ham toʻxtalib oʻtish oʻrinli, nazarimizda. Qator
omillar bir ma’noli bir necha yangi soʻzlarning muomalaga kirishiga sabab
boʻlmoqda. Birinchidan, olinma soʻzga oʻz vaqtida oʻzbekcha tarjima variant
berilmagani oʻzlashma soʻz va uning tarjimasi aralash qoʻllanilishiga olib keldi.
Axborot texnologiyalari - IT, onlayn – masofaviy, mahorat darsi – masterklass.
Yoki tilda muqobil tarjima variant taklif etilmaganligi bois oʻzga til shakllari
aralash qoʻllanmoqda
. Pitsarist (ruscha) – pitsameykr (inglizcha).
Ikkinchidan, tarjimadagi xilma-xilliklar bir tushunchani ikki hatto toʻrt
shaklda ifodalanishiga yoʻl ochib berdi.
Suniiy intellekt – suniiy aql – suniiy idrok
– Al (inglizcha qisqartmasi).
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
А.Ҳожиев. Совет даврида ўзбек адабий тилининг тараққиёти. Т.: Фан,
1991, 170 бet.
2.
Ё.Одилов. Mустақиллик даври лексикасида маъно тараққиёти//
Ўзбек тили ва адабиёти, 2016, 2-сон, 41-45-бетлар.
3.
Ё.Одилов. Глобаллашув даври ўзбек тили тараққиёти. – Тошкент:
Нодирабегим, 2020. 139 бет.
4.
С.Муталлибов. Морфология ва лексика тарихидан қисқача очерк.
1959. 240 бет.
5.
Ҳасанов А. Номинация билан боғлиқ айрим мулоҳазалар// Ўзбек
тили ва адабиёти, 2023, 3-сон, 109-114-бетлар.
6.
Rahmatullayev Sh. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. T.: “Mumtoz soʻz”, 2010, 298
bet.