ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
79
TASHQI SAVDO OPERATSIYALARINI MOLIYALASHTIRISHNING
ZAMONAVIY MEXANIZMLARI
Azimjon Xasanboy o‘g‘li Axmadjanov
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar”
kafedrasi katta o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.16837196
Annotatsiya.
Maqolada tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirishning
hozirda xalqaro amaliyotda keng va samarali qo‘llanib kelinayotgan
mexanizmlari va vositalari tahlil qilingan. Tashiq savdo operatsiyalari
ishtirokchilariga
sug‘urta,
kafolat,
kreditlash,
subsidiyalash
va
kompensatsiyalash ko‘rinishidagi zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarining
tashkiliy-huquqiy asoslari ko‘rsatib berilgan.
Kalit so‘zlar:
tashqi savdo operatsiyalari, savdo moliyasi, sug‘urta, kafolat,
kreditlash, subsidiyalash va kompensatsiyalash.
Jahon bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash va eksport hajmini oshirish
uchun zamonaviy davlatlar eksport faoliyatini tizimli qo‘llab-quvvatlovchi
alohida moliyaviy tizimlarni keng joriy etmoqda. Bu borada tashqi savdo
operatsiyalarini moliyalashtirish milliy tizimlari xalqaro amaliyotda o‘zining
barqaror va samarali chora sifatida namoyon qilmoqda. Ular nafaqat kredit
ajratish, balki risklarni kamaytirish, siyosiy nobarqarorlik, valyuta kursi
o‘zgaruvchanligi, shartnomaviy-moliyaviy majburiyatlarni bajarilmasligi kabi
omillardan kelib chiqadigan moliyaviy xavflarni kamaytirish vositasi sifatida
ham muhim rol o‘ynamoqda.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, tashqi savdo operatsiyalarini
moliyalashtirish tizimining zamonaviy mexanizmlari va vositalari eksportchi
korxonalarning moliyaviy muammolarini yechish bilan cheklanib qolmasdan,
mamlakatning tashqi bozorlarda ishonchli hamkor sifatidagi imdijini
mustahkamlash, milliy mahsulotlarning taniqliligini oshirish va eksport
geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Xususan, eksport shartnomalari
uchun kredit mablag‘larini ajratish, sug‘urta va kafolat xizmatlari orqali eksport
shartnomalaridagi tijorat va siyosiy risklarni kamaytirish, kredit foiz stavkalari
va boshqa moliyaviy xarajatlarni kamaytirish orqali mahalliy eksportchilar va
milliy mahsulotlarning tashiq bozordagi raqobatbardoshligini oshirmoqda.
Eksport shartnomalarini amalga oshirishda eksportchilar yoki ularning
mijozlari — importchilar uchun qulay moliyaviy sharoitlar yaratishda tashqi
savdo kreditlari alohida o‘rin tutadi. Ushbu moliyaviy mexanizmlar eksport
jarayonidagi likvidlik muammolarini bartaraf etadi hamda uzoq muddatli va
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
80
ko‘p moliyaviy mablag‘ni talab qiluvchi savdo bitimlarni amalga oshirish
imkonini beradi. Savdo kreditining bir nechta zamonaviy turlari bo‘lib, ular
savdo bitimini amalga oshirishda yuzaga keladigan moliyaviy muammolardan
kelib chiqadi va butun eksport zarjiri qamrab oladi. Jumladan:
xaridor krediti (buyer’s credit) — eksport qiluvchi mamlakatdagi moliyaviy
muassasa (tijorat banki yoki eksport-kredit agentligi) tomonidan to‘g‘ridan-
to‘g‘ri chet eldagi xaridorga ajratiladigan o‘rta yoki uzoq muddatli kredit.
Xaridor krediti odatda eksport shartnomasining umumiy qiymatining 85%
gacha qismini qoplaydi, qolgan 15% esa importchi tomonidan oldindan (avans)
shaklida to‘lanishi talab qilinadi. Kreditning asosiy qarzdori bo‘lib importchi
hisoblanadi, biroq kredit eksportchi mamlakatda joylashgan moliyaviy institut
tomonidan ajratiladi va to‘lov eksportchining hisob raqamiga o‘tkaziladi. Bu
orqali eksportchi darhol to‘liq mablag‘ni oladi, xaridor esa kredit shartlariga
muvofiq belgilangan muddat davomida qarzni bo‘lib-bo‘lib qaytaradi.
yetkazib beruvchi krediti (supplier’s credit) — eksport qiluvchi tomonidan
bevosita importchiga beriladigan to‘lovni kechiktirish shartiga asoslangan
moliyaviy mexanizm. Bunda eksportchi mahsulot yoki xizmatni yetkazib beradi,
biroq xaridordan darhol to‘lov talab qilmaydi, balki uni belgilangan muddatga
(odatda 60 kundan 360 kungacha) kechiktiradi. Boshqacha qilib aytganda,
eksportchi o‘zi importchiga qarz beradi. Yetkazib beruvchi krediti ko‘pincha
qisqa muddatli bitimlarda, xususan, xom ashyo, iste’mol mahsulotlari va sanoat
komponentlarini yetkazib berishda keng qo‘llaniladi.
bog‘langan kreditlar (tied loans) — rivojlanayotgan yoki kam rivojlangan
mamlakatlarga iqtisodiy yordam ko‘rinishida taqdim etiladigan kreditlar bo‘lib,
ular faqat kredit ajratgan mamlakatdan tovar yoki xizmat xarid qilish sharti
bilan beriladi. Bunday kreditlar ko‘pincha savdo-siyosiy vosita sifatida ishlatiladi
va eksportni rag‘batlantirish bilan bir qatorda, donor mamlakat sanoatining
tashqi bozorlardagi ulushini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu kreditlarning yana
bir xususiyati shundaki, ularning doirasida import qilinadigan mahsulotlar faqat
kreditni taqdim etgan mamlakatda ishlab chiqarilgan bo‘lishi shart. Bu holat
kredit oluvchi mamlakatning tanlov imkoniyatlarini cheklaydi, biroq ular uchun
moliyaviy resurslardan foydalanish imkonini beradi.
Tashqi savdoda ishtirok etayotgan eksportchilar va ularning xorijiy
hamkorlari to‘lovning kechiktirilishi, bitimning buzilishi, siyosiy barqarorlikning
yo‘qolishi yoki valyuta kursining o‘zgarishi kabi turli xavf omillariga duch keladi.
Ushbu xavflarni minimallashtirish va ishonchni oshirish maqsadida keng
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
81
qamrovli sug‘urta vositalaridan foydalaniladi. Xususan, quyidagi sug‘urta
turlarining xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi.
tovarni jo‘natishdan keyingi sug‘urta – eksport shartnomalari doirasida
mahsulot yoki xizmatlar chet elga yetkazib berilganidan so‘ng to‘lovning amalga
oshirilmasligi yoki kechiktirilishiga qarshi moliyaviy himoya chorasi
hisoblanadi. Bu sug‘urta vositasi odatda 90 kundan 180 kungacha bo‘lgan
moliyaviy muddatli bitimlar uchun mo‘ljallangan. Sug‘urta qoplamasi odatda
eksport shartnomasi qiymatining 80–90 foizini tashkil qiladi. Ayrim hollarda
rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 95-100 foizgacha yetishi mumkin.
Sug‘urta mukofoti (to‘lovi) esa kontrakt summasining 0,5-1,0 foizi atrofida
bo‘lib, to‘lov shakli (akkreditiv, ochiq hisob) va muddati asosida belgilanadi.
Ushbu sug‘urta turida eksportchi sug‘urta shartnomasini o‘z nomiga
rasmiylashtirib, uni bankka sessiya (cession) orqali huquqiy tarzda o‘tkazadi.
Bank, o‘z navbatida, eksport kreditini moliyalashtirganlik evaziga mahsulot
uchun to‘lovni eksportchining o‘rniga oladi va importchi mahsulot uchun
to‘lovni to‘lamagan taqdirda sug‘urtalovchidan kompensatsiya oladi. Bu
moliyaviy vosita banklar va eksportchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab,
to‘lovlar bilan bog‘liq xatarlardan himoyalaydi.
o‘rta va uzoq muddatli sug‘urta – o‘rta (1 yildan ortiq) va uzoq muddatli (3–
15 yilgacha) eksport bitimlari uchun mo‘ljallangan ushbu sug‘urta vositasi,
asosan, kapital sig‘imi yuqori infratuzilmaviy va sanoat loyihalarida qo‘llaniladi.
Bunday bitimlarda xavf darajasi yuqori bo‘lgani sababli sug‘urta mukofotlari
ham yuqori bo‘lib, odatda loyiha qiymatining 5-10% yoki undan ortiqni tashkil
etadi. Shuningdek, bitimlar hajmi katta bo‘lgani bois, sug‘urta kompaniyalari
xavfni kamaytirish uchun shartnoma qiymatining kamida 15%idan kam
bo‘lmagan miqdorda oldindan to‘lov (avans) talab qiladi.
Ushbu turdagi sug‘urta ko‘pincha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot
tashkilotining (IHTT) Konsensus qoidalari asosida taqdim etiladi. Bu esa
sug‘urta shartlari, foiz stavkalari va muddatlar bo‘yicha muvofiqlashtirilgan
yondashuvni ta’minlaydi. Qamrov siyosiy xavflarni (milliylashtirish, valyutani
konvertatsiya qilishdagi cheklovlar, urush, siyosiy vaziyat yomonlashuvi) va
tijorat xavflarni (xaridorning to‘lovga layoqatsizligi yoki kontrakt shartlariga
amal qilmasligi) o‘z ichiga oladi.
tovarni jo‘natishdan oldingi sug‘urta (pre-shipment insurance) – eksport
tovari ishlab chiqarilayotgan yoki tayyorlanayotgan bosqichda yuzaga kelishi
mumkin bo‘lgan xavflarga qarshi himoya chorasi bo‘lib, bu ishlab chiqarish
siklining barqarorligini ta’minlaydi. U, ayniqsa, mahsulot tayyorlanishidan oldin
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
82
xaridorga jo‘natilish muddati aniq bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladi. Bu sug‘urta
turi siyosiy beqarorlik va favqulodda holatlar, xaridorning moliyaviy
barqarorligining pasayishi yoki bankrot bo‘lishi, hukumat tomonidan eksport
cheklovlari yoki yangi bojxona tartiblarining joriy etilishi, ishlab chiqarishdagi
texnik muammolar yoki fors-major holatlar yuzaga kelish riskidan himoya
qiladi.
valyuta va inflyatsiya xavfidan sug‘urta – eksportchini valyuta kursining
salbiy o‘zgarishlaridan hamda kutilmagan narx o‘sishidan himoya qiladi. Odatda,
sug‘urta muddati 1 yildan oshmaydi, biroq uzoq muddatli bitimlar uchun 3-5
yilgacha uzaytirilisi mumkin. Sug‘urta mukofoti stavkalari valyuta turiga,
muddatiga va bozordagi beqarorlik darajasiga qarab belgilanadi.
Xalqaro savdo operatsiyalarida ishtirok etuvchi eksportchi korxonalar,
ko‘plab moliyaviy va shartnomaviy xatarlarga duch keladi. Ushbu xavflarni
kamaytirish va ishonchli savdo muhitini ta’minlash maqsadida banklar va
eksport-kredit agentliklari turli kafolat vositalarini taklif etadi.
Kafolat – bank yoki eksport-kredit agentligi tomonidan uchinchi shaxs
foydasiga beriladigan hujjat bo‘lib, unda eksportchi tomonidan shartnoma
majburiyatlari bajarilmasa, kafolat beruvchi tomon tovon to‘lash majburiyatini
oladi. Xalqaro amaliyotda asosan quyidagi kafolat turlari keng foydalaniladi:
tender kafolati (bid bond) – eksportchining tender savdosida qatnashish
niyati jiddiy ekanini tasdiqlovchi huquqiy va moliyaviy vositadir. Bu kafolat
eksportchi tomonidan tender shartlariga rioya qilinmasligi, ya’ni g‘olib bo‘lgan
taqdirda shartnomani imzolamasligi yoki ijro kafolatini taqdim etmasligi
holatlariga qarshi importchi manfaatlarini himoya qiladi. Tender kafolati mavjud
bo‘lmasa, eksportchi tender jarayonida ishtirok eta olmaydi yoki uning arizasi
ko‘rib chiqilmaydi. Kafolat miqdori odatda shartnoma qiymatining 1-5 foizini
tashkil qiladi.
ijro kafolati (performance bond) – eksportchi shartnoma shartlarini to‘liq
va o‘z vaqtida bajarmasligi holatida importchi tomonning zararini qoplash
maqsadida taqdim etiladi. Bu kafolat eksportchi tomonidan mahsulot yetkazib
berilmagan, noto‘g‘ri yoki sifatga javob bermaydigan tovar yuborilgan, xizmat
to‘liq bajarilmagan hollarda faollashtiriladi. Ijro kafolatining miqdori odatda
shartnoma qiymatining 5-10 foizini tashkil etadi. U shartnoma muddati
davomida yoki to‘liq bajarilgunga qadar amal qiladi.
avansni qaytarish kafolati (advance payment bond) – avans to‘lovi eksport
shartnomalarida mahsulot ishlab chiqarilishi yoki xizmat ko‘rsatilishidan oldin
amalga oshiriladi. Importchi tomonidan to‘langan ushbu mablag‘ eksportchi
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
83
tomonidan mahsulot yetkazib berilmagan hollarda avansni qaytarish kafolatini
beradi. Kafolat miqdori odatda to‘langan avans summasiga teng bo‘ladi.
kredit kafolati (credit guarantee) – eksport shartnomalaridagi
majburiyatlarni bajarish maqsadida eksportchi tomonidan olingan bank
kreditlarini qaytarilishini kafolatlash orqali banklarni riskdan himoya qilish
mexanizmi. Kredit kafolatlarining ikki asosiy shaklda mavjud:
eksportoldi kredit kafolati (pre-shipment credit guarantee) – eksport
mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olingan bank kreditining qaytarilishi
kafolati;
eksportdan keyingi kredit kafolati (pre-shipment credit guarantee) –
mahsulot jo‘natilganidan keyin, to‘lovni kutish vaqtida eksportchiga aylanma
mablag‘ ajratilishi uchun olingan kreditni qaytarilishi kafolati.
Eksport kreditlari va ularni sug‘urtalash hamda kafolatlash mexanizmlari
bugungi kunda xalqaro savdo jarayonlarining ajralmas qismlaridan biriga
aylanib ulgurgan. Eksport-kredit agentliklari tomonidan taklif etilayotgan
sug‘urta vositalari va kafolatlar eksportchilarga nafaqat tashqi bozorga oson va
xavfsiz chiqish imkonini bermoqda. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar
eksportchilari uchun bu mexanizmlar tashqi bozorlardagi raqobatbardoshlikni
oshirish, moliyalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lish va uzoq muddatli
hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shu bois, davlat tomonidan savdoni moliyalashtirish tizimlari faoliyatini
rivojlantirish, ularning institutsional salohiyatini kuchaytirish va xususiy sektor
bilan hamkorlikni chuqurlashtirish orqali milliy eksportni rag‘batlantirish
bo‘yicha samarali siyosat yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. Eksportni
sug‘urtalash va kafolatlash tizimining takomillashuvi mamlakat iqtisodiyotining
xalqaro integratsiyasini chuqurlashtirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va
barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Dorożyńska, A., Dorożyński, T (2022). The Role of Export Credit Agencies in
Trade Financing. Red. . Łódź: Wydawnictwo Uniwersytetu Łódzkiego, 2022, 110
s. doi: 10.18778/8331-045-9
2. Drysdale, D. (2015), Why the OECD Arrangement Works (Even Though It Is
Only Soft Law), in A. Klasen and F. Bannert (eds), The Future of Foreign Trade
Support: Setting Global Standards for Export Credit and Political Risk Insurance.
Oxford: Global Policy, pp. 17–21.
3. OECD (2023). Arrangement on officially supported export credits.
TAD/PG(2023)7 https://one.oecd.org/document/TAD/PG(2023)7/en/pdf
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
84
4. Søndergaard-Jensen, M. (2019), Will OECD Governments Avoid the Path
Towards a New Credit War?, Global Policy, Vol. 10, Issue 3.
5. Summers, L. (2001), Continuing The Fight Against International Trade Finance
Subsidies, G. Hafbauer, R. Rodrigez, US EX-IM Bank in the 21 Century: A new
Approach?, IIE, Special report 14.
6. Bern ittifoqining rasmiy veb-sayti (www.berneunion.org)
7. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining rasmiy veb-sayti
(www.oecd.org)