Авторы

  • Azizbek Toshpoʻlatov
    University of Business and Science oliy ta’lim muassasasi oʻqituvchisi

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.arims.49711

Ключевые слова:

musammat muxammas mustaqil (tab’i xud) muxammas taxmis muxammas shakl va mazmun.

Аннотация

Maqolada Ahmad Tabibiyning turkiy “Munisu-l-ushshoq” devonidagi muxammas shakllari haqida fikr yuritildi. Muxammaslaridagi shakl va mazmun, mustaqil va taxmis muxammaslarning miqdoriy xususiyatlari haqida toʻxtalib oʻtildi.


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

131

TABIBIY LIRIKASIDA MUXAMMAS SHAKLLARI

Azizbek Toshpoʻlatov Ikromjon oʻgʻli

University of Business and Science

oliy ta’lim muassasasi oʻqituvchisi

azizbektoshpulatov1907@gmail.com

https://doi.org/10.5281/zenodo.14058886

Annotatsiya.

Maqolada Ahmad Tabibiyning turkiy “Munisu-l-ushshoq”

devonidagi muxammas shakllari haqida fikr yuritildi. Muxammaslaridagi shakl
va mazmun, mustaqil va taxmis muxammaslarning miqdoriy xususiyatlari
haqida toʻxtalib oʻtildi.

Kalit soʻzlar:

musammat, muxammas, mustaqil (tab’i xud) muxammas,

taxmis muxammas, shakl va mazmun.

Muayyan ijodkor haqida tasavvur beruvchi omil – bu uning asarlari, tartib

bergan devonlaridir. Milliy adabiyotimiz tarixida alohida oʻringa ega
ijodkorlardan biri Ahmadjon Tabibiydir. Tabibiy zullisonayn shoir, tazkiranavis,
dostonnavis va tarjimon sifatida ma’lum.
Ahmad Tabibiy mumtoz adabiy an’analarni munosib davom ettirgan shoir
sifatida, u ijodida 24 ta janr va shakldan foydalangani aniqlangan. Tahlillar shoir
ijod etgan lirik asarlari shakl va mazmunan yetuk ekanini koʻrsatadi. Shunga
koʻra, Tabibiy zamonasining eng yetuk, peshqadam vakillaridan boʻlgan, deyish
mumkin.

Oʻzbek mumtoz lirikasining badiiylik imkoniyati nihoyatda rang-barang va

serjilodir. Unda oʻzbek (turkiy) tilining barcha goʻzalliklari oʻz aksini topgan.
“Sharq mumtoz adabiyoti aslida samoviy soflik, ilohiy goʻzallik, ruhiy zavq-
shavq, ishq va irfon yolqinidan paydo boʻlgan oʻziga xos adabiyotdir. Uning olam,
оdamga qarashi, ayniqsa, hayotga munosabati gʻarb ijodkorlarinikidan tubdan
farqlanadi” ,– deb qayd etadi I.Haqqulov. Mazkur fikrni Tabibiy she’riyati va
lirikasini tashkil qilgan musammatlari tasdiqlaydi.
Ahmad Tabibiy ijodida tab’i xud muxammaslar salmoqli oʻrinni egallaydi. Turkiy
devonlari tarkibida 300 dan ortiqni tashkil qiladi. Biroq bu miqdordagi
muxammaslarning hammasi ham mustaqil tuzilgan muxammaslar sanalmaydi.
Tab’i xud muxammaslar oʻziga xos xarakterga ega boʻlib, muxammasning boshqa
shakllaridan xuddi shu xususiyatlari bilan farqlanib turadi.
“Farhangi istilohoti adabiyotshunosi” asarida muxammas haqida shunday fikrlar
bayon qilingan: “Muxammas ikki xildir. Biri har bandi besh misralik qilib
yozilgan she’rdir. Ikkinchisi, biror shoirning gʻazalini olib, gʻazalning har baytiga
oʻzidan uch misra qoʻshish bilan yaratiladi” .


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

132

“Adabiyotshunoslik

terminlarining

ruscha-oʻzbekcha

izohli

lugʻati”da

muxammasning ikki turi mavjudligi haqida fikr-mulohazalar bayon qilingan .
N.Mallayev asarlarida ham ikki tur mavjudligi qayd qilingan .
Tabibiy ijodida tab’i xud muxammaslar – mumtoz adabiyotimizdagi muxammas
janrining bir koʻrinishi boʻlib, boshqa shoir gʻazaliga bogʻlanmagan holda
yaratilgan asar hisoblanadi. Uning oʻziga xos qator xususiyatlari mavjud:
1) tab’i xud muxammaslar mustaqil xarakterga ega boʻlib, bu boshqa bir shoir
tomonidan yozilgan gʻazal yoki boshqa bir asar tarkibida emas, balki shoir
tomonidan mustaqil ravishda yaratiladi. Ya’ni, muxammasning mazmuni va
gʻoyasi toʻliq ijodkorning oʻziga tegishli boʻladi.
2) mustaqil muxammaslarda mavzu koʻlami erkin va rang-barang boʻlib, ijodkor
oʻzini qiziqtirgan, oʻylantirgan mavzular haqida erkin fikr yuritadi. Mavzular
doirasi keng boʻlib, falsafiy-ta’limiy, diniy-falsafiy, ishqiy kabi yoʻnalishlarda
boʻlishi mumkin.
3) tab’i xud muxammaslar shaklan muxammas talablariga toʻliq javob beradi.
Har bir band besh misradan iborat boʻlib, dastlabki toʻrt misra oʻzaro
qofiyalanadi (aaaa), beshinchi misra esa keyingi band oxiridagi misralar bilan
qofiyalanadi (b).
4) tab’i xud muxammaslarda koʻpincha ma’lum soʻz yoki soʻz birikmasi takroriga
(radifga) asoslanadi. Radif qoʻllash orqali shoir oʻz fikr-tuygʻularini taʻkidlaydi,
shuningdek, ohangdorlikni oshiradi.
5) muxammasning soʻnggi bandida ijodkor oʻz taxallusini keltiradi. Bu bilan uni
boshqa ijodkorlar muxammaslaridan farqlaydi.
6) tab’i xud muxammaslar ijodkordan oʻziga xos fikrlash, original gʻoyalar va
betakror badiiy tasvir vositalarini qoʻllashni talab etadi.
Mustaqil muxammasga gʻazal asos qilib olinmaydi. U shoirning tom ma’nodagi
mustaqil ijod namunasidir. Unda poetik shakl va mazmunda boshqa bir asarga
tobelik yoʻq. Muxammas turi nuqtayi nazaridan, ijodkor hatto oʻz gʻazaliga
muxammas bogʻlasa ham taxmis-muxammas hisoblanadi. Bizningcha, u mustaqil
muxammas boʻlolmaydi. Chunki u ma’lum bir gʻazaldagi gʻoya, fikr, mazmunni
kengaytirishi, uning shaklini saqlagan holda yaratilishi lozim.
Ahmad Tabibiy oʻz davrida adabiyotshunoslikka oid ilmiy-nazariy bilimlarni
barchasini egallagan hamda oʻz lirikasiga tatbiq etgan ijodkorlardan hisoblanadi.
Shoirning adabiy me’rosi oʻzbek adabiyoti uchun bitmas xazina boʻlib xizmat
qiladi. Bu bevosita shoir ijodigagi poetik shakl va mazmun uygʻunligiga ham
aloqador hisoblandi.


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

133

Tabibiy lirikasida tab’i xud muxammaslarning badiiy xususiyatlari, ya’ni badiiy
timsol va ramzlarning adabiy-badiiy va tarixiy ahamiyati, ularning ifoda, tasvir
vositalari bilan boʻlgan munosabati, lafziy, ma’naviy va mushtarak she’riy
san’atlarning qoʻllanilishi masalasining oʻzi alohida bir ilmiy tadqiqotga arzigulik
muammo. Shuni hisobga olgan holda, biz Tabibiy musammatlarining badiiyatiga
toʻxtalishni lozim topdik.
Shoirning tab’i xud muxammaslari badiiyatini oʻrganish, birinchidan, shoir
ijodining muhim qirralarini yortib bersa, ikkinchidan, oʻziga xosxususiyatlarini
aniqlash, likasining poetik xusisuyatlarini oydinlashtirish uchun muhim
ahamiyat kasb etadi.
Tabibiy mustaqil muxammaslarining oʻziga xos ma’rifiy, falsafiy, estetik
qiymatini lirikasi badiiyatisiz tasavvur qilish mumkin emas. Sababi shoir
qoʻllagan badiiy obraz, she’riy san’at, badiiy tasvir vositalari shunchasi chiroy
bagʻishlaydigan vosita emas, balki shoirning ruhiy olami, badiiy gʻoyasi, maqsad
va intilishlarini yoritib berishga xizmat qiladigan asosiy unsurlardan biridir. Bu
omillar kitobxonga estetik zavq, badiiylikni toʻlaqonli yetkazib berishga xizmt
qiladi. Ijodkor asarlariga tayanib, shuni aytamizki, Tabibiy muxammaslarining
badiiyatini taminlaydigan vositalar boʻlibgina emas, balki shakl va mazmun
mutanosibligini taminlaydigan vazifani bajaradi.
Ahmad Tabibiy muxammasnavislikda ham iste’dodini namoyon qilgan
ijodkorlardan biridir. Quyidagi muxammas oʻzbek adabiyotining goʻzal
namunalaridan biri sanaladi. Bunda shoir mashuqasining goʻzalligini, uning
oʻziga xos ta’sirini mahorat bilan tasvirlaydi.

Qaysi dilafgorni shoʻxi sitamgorisan,

Qay tani bemorning la’li shakarborisan,
Qay koʻzi xunborning qotili xunxorisan,
Qaysi sitam diydaning dilbari gʻamxorisan,
Soʻyla manga, ey sanam, kimni sevar yorisan.

Shoir birinchi misrada qay oshiqni shirin azoblarda duchor etganidan

soʻzlaydi. Fikrini davom ettirib, yor lablariga urgʻu beradi va qaysi bemor
oshiqqa shifo boʻlishini aytadi. Keyingi misrada yorning shafqatsiz nigohlarining
qay oshiqni halok etgani tasvirlanadi. Toʻrtinchi misrada shoir yuqoridagi
fikrlarga zidlikni namoyon qilib, koʻp jafo koʻrgan oshiqning yorga suyukli ekani
ta’kidlanadi. Beshinchi misrada esa shoir oʻsha goʻzaldan kimning sevar yori
ekanini soʻraydi.

Banddan koʻrinadiki, har bir misra oʻziga xos mazmun kasb etadi va shu

bilan birga, ular oʻzaro uzviy bogʻlanib, yaxlit bir mantiqni yuzaga keltiradi. Shoir


background image

ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE

International scientific-online conference

134

mazmun boyligini goʻzal badiiy vositalar natijasida yoritib beradi. Yorga
nisbatan “la’li shakarbor”, “koʻzi xunbor”, “shoʻxi sitamgor” kabi tashbehlardan
foydalanadi. Oshiqning holatini “dilafgor”, “tani bemor”, “sitam diyda” kabi
sifatlashlar vositasida tasvirlaydi. Muxammasda tazod san’ati ham qoʻllanib,
oshiqning azoblanishi va shu azobdan lazzat olishi aks ettiriladi. Muxammas
aruzning ramali musammani mahzuf bahrida yozilgan. Bu vazn asarga oʻziga xos
ohangdorlik baxsh etadi. Shuningdek, qofiyalar (sitamgorisan, shakarborisan,
xunxorisan, gʻamxorisan, yorisan) ham misralarni oʻzaro bogʻlashga,
ta’sirchanlikni oshirishga xizmat qiladi.
Muxammasda shoir majoziy ishqni tasvirlash orqali gʻoyaviy yuksak ma’nolarni
ham ifoda etadi. Bunda haqiqiy ishq, Yaratganga boʻlgan muhabbat, Allohning
vasliga intilish kabi tasavvufiy gʻoyalar ham nazarda tutiladi. Yuqoridagi tahlillar
shuni koʻrsatadiki, mazkur muxammasda shakl va mazmun bir-birini toʻldirib,
uygʻunlik hosil qiladi. Bu Tabibiyning yuksak soʻz san’atkorligi va teran mazmun
yarata olish mahoratidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, maqola Ahmad Tabibiy ijodining muxammas shakli
misolida chuqur tahlil etilishi, shoirning badiiy mahorati va ijodiy oʻziga xosligini
ochib berishga xizmat qiladi. Maqola orqali Tabibiyning oʻzbek mumtoz
adabiyotida tutgan oʻrni va ahamiyatini yanada teranroq anglash mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

Amonov Sh. Ahmad Tabibiy turkiy devonlari qoʻlyozmalarining qiyosiy-

matniy tadqiqi.–Toshkent: Bookmany print, 2023;
2.

Haqqulov I. Таdqiq, talqin vа targʻib sarhisobi. “Istiqlol davri oʻzbek

tilshunosligi, adabiyotshunosligi va folkshunosligining dolzarb masalari”
mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari. – Toshkent, 2021. –
B. 262-267.
3.

Ҳодизода Р, Шукуров М, Абдужабборов Т. Фарҳанги истилоҳоти

адабиётшуноси. – Душанбе: Ирфон, 1966. – Б. 117.
4.

Хатамов Н, Саримсаков Б. Адабиётшунослик терминларинг русча-

ўзбекча изоҳли луғати. – Ташкент:Ўқитувчи, 1983. – Б. 195.
5.

Маллаев Н.Ўзбек адабиёти тарихи. II китоб. – Тошкент:Ўқитувчи,

1965. – Б. 253.

Библиографические ссылки

Amonov Sh. Ahmad Tabibiy turkiy devonlari qoʻlyozmalarining qiyosiy-matniy tadqiqi.–Toshkent: Bookmany print, 2023;

Haqqulov I. Таdqiq, talqin vа targʻib sarhisobi. “Istiqlol davri oʻzbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi va folkshunosligining dolzarb masalari” mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari. – Toshkent, 2021. – B. 262-267.

Ҳодизода Р, Шукуров М, Абдужабборов Т. Фарҳанги истилоҳоти адабиётшуноси. – Душанбе: Ирфон, 1966. – Б. 117.

Хатамов Н, Саримсаков Б. Адабиётшунослик терминларинг русча-ўзбекча изоҳли луғати. – Ташкент:Ўқитувчи, 1983. – Б. 195.

Маллаев Н.Ўзбек адабиёти тарихи. II китоб. – Тошкент:Ўқитувчи, 1965. – Б. 253.