ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
67
MASOFADAN TURIB ISHLASHDA HAMKORLIK QILISH TARTIBI
Jo‘raev Islombek Anvar o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi
Telefon: +998(90)9527337
https://doi.org/10.5281/zenodo.14835394
Annotatsiya:
mazkur maqolada masofadan turib ishlashda ish beruvchi
va xodim o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va olib borishga oid hamkorlik
qilish tartibi bilan bog‘liq qoidalar tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
masofadan turib ishlash, masofadan turib ishlovchi xodim,
qat’iy belgilangan vaqt, moslashuvchan vaqt, hamkorlik, aloqa.
2002 yilda Yevropa Ittifoqida Masofaviy mehnat to‘g‘risidagi hadli bitim
imzolandi. Mazkur bitimga a’zo davlatlar o‘z milliy qonunchiligi va jamoa
kelishuvlariga masofadan turib ishlovchi xodimlar uchun quyidagi
“kafolatlarning minimal paketi”ni taqdim qilish majburiyati olishdi:
axborotni muhofaza qilish;
masofadan turib ishlashning ixtiyoriy ekanligi;
jihozlash (xodim o‘zining shaxsiy jihozlaridan foydalanishni istisno etganda,
doimiy asosda masofadan turib ishlash uchun ish beruvchi jihozlarni taqdim
etish, o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish majburiyatini oladi);
ish vaqtini tashkil etish (masofadan turib ishlovchi xodim o‘z ish vaqtini
mustaqil boshqaradi);
shaxsiy hayot daxlsizligi (ish beruvchi shaxsiy hayot daxlsizligini hurmat
qilishga majbur, masofadan turib ishlovchi xodimga nisbatan har qanday
monitoring tizimidan foydalanish uning maqsadiga mutanosib bo‘lishi va tegishli
qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak) .
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 460-moddasida masofadan turib
ishlovchi xodim va ish beruvchining hamkorligiga (Right to connect) oid asosiy
qoidalar o‘rin olgan.
Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida ish
beruvchi va xodimning ishchi aloqalari usullari va muddatlari nazarda tutilishi
mumkin. Masalan, mehnat shartnomasi taraflarining elektron aloqalari “ZUM”da
videokonferensiya qilish, messenjerlar (Telegram, WhatsApp) orqali
ma’lumotlar almashish, elektron xatlar almashish orqali amalga oshirilishi
mumkin. Ish beruvchi mehnat shartnomasida masofadan turib ishlovchi xodim
bilan aloqada bo‘lishning davriyligi (har kuni, ikki kunda bir, haftada bir),
muddati va aloqaga chiqish vaqtini belgilab qo‘yishi mumkin.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
68
Hamkorlik shundan iboratki, garchi ish beruvchi va xodimni masofa bir-biridan
ajratib tursa-da, ular ish vaqtining ma’lum bir qismida axborot-
telekommunikatsiya vositalari orqali o‘zaro aloqa bog‘lash imkoniyati bo‘lishi
talab etiladi. Mazkur vaqt davomida ular o‘zaro hujjat almashadi, topshiriqlarni
beradi va oladi, ishlarni bajarganlik haqida ma’lumotlarni taqdim etadi.
Hamkorlik qilish tartibi tashkilotning Masofadan turib ishlash tartibi
to‘g‘risidagi Nizomda, masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida
belgilanadi. Hamkorlik qilish tartibida mehnat shartnomasida belgilangan ish
vaqtining ma’lum qismida masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchining
qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va boshqa so‘rovlariga javob berishi lozim
bo‘ladi. Shuningdek, masofadan turib ishlovchi xodim mehnat vazifasini bajarish
bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchining so‘rovlariga ham shu vaqt
ichida javob berishi talab etiladi.
Mehnat shartnomasida belgilangan ish vaqti ichida belgilangan muayyan
vaqtdan, ya’ni hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari xodim ish
beruvchining telefon qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda
amalga oshirilgan so‘rovlariga javob berishga majbur emas (Right to
disconnect). “Ishda Xavfsizlik va Salomatlik Yevropa Agentligi”(EU-OSHA)
hisobotiga ko'ra (EU-OSHA, 2021), pandemiya inqirozi boshlanishidan oldin,
aloqada bo‘lmaslik huquqini (Right to disconnect) tartibga solgan faqat to‘rtta
mamlakat (Belgiya, Fransiya, Italiya va Ispaniya) bor edi. 2020 yildan boshlab,
Belgiya, Xorvatiya, Gretsiya, Irlandiya (Amaliyot kodeksi), Portugaliya, Slovakiya
va Ispaniyada aloqada bo‘lmaslik huquqi bo'yicha yangi qonunchilik qabul
qilindi. Gretsiya va Slovakiyadan tashqari barcha mamlakatlarda aloqada
bo‘lmaslik huquqi rasmiy ravishda barcha xodimlarga qo'llaniladi. Gretsiya va
Slovakiyada esa bu huquq asosan telexodimlarga qo‘llaniladi .
Hamkorlik qilish tartibida belgilangan aloqada bo‘lish vaqti tugaganidan keyin
ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlar ish vaqtidan tashqari ishlashga
oid normalar bilan tartibga solinadi. Xodim uchun belgilangan ish vaqtidan
tashqari ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qo‘shimcha ish
hisoblanadi va xodimni qo‘shimcha ishlarga jalb qilish ish vaqtidan tashqari
ishlashga oid Mehnat kodeksining 189-190-moddalari bilan tartibga solinadi .
Masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan hamkorlik qilish tartibini buzganlik
uchun intizomiy javobgarlik kelib chiqadi. Biroq hamkorlik qilish tartibi
masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan
kelishilmagan bo‘lsa yoki xodim Masofadan turib ishlash haqidagi Nizom bilan
tanishtirilmagan bo‘lsa, xodimning o‘z vaqtida ish beruvchining telefon
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
69
qo‘ng‘iroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan
so‘rovlariga, shuningdek mehnat vazifasini bajarishi bilan bog‘liq masalalar
bo‘yicha ish beruvchining so‘rovlariga javob bermaganligi intizomga xilof
qilmish hisoblanmaydi. Bunday holda xodimning javob berish majburiyati
belgilab qo‘yilmagani yoki bu haqda tanishtirilmagani uchun xodimni intizomiy
javobgarlikka tortish mumkin emas.
Masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik
shartnoma taraflaridan biri xabar jo‘natgan taqdirda uni ishonchli aniqlash
imkonini beradigan barcha usullardan foydalangan holda elektron hujjatlar
almashinuvi orqali amalga oshiriladi. Mazkur almashinuv taraflarining har biri
esa mehnat shartnomasida belgilangan muddatda boshqa tarafdan elektron
hujjatni olganligi haqidagi tasdiqnomani yuborishi lozim shart hisoblanadi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga “Aloqani uzish huquqi” (Right to
disconnect) hamda “Aloqada bo‘lish huquqi” (Right to connect) haqidagi
qoidalarni kiritish taklif etiladi. “Aloqada bo‘lish huquqi” (Right to connect)
xodimlarga ish vaqtida ish beruvchi bilan aloqada bolish hamda uning
savollariga javob berishni anglatadi. “Aloqani uzish huquqi” (Right to
disconnect) tushunchasi xodimlarga ish vaqtidan tashqari vaqtda ish beruvchi
bilan aloqada bo‘lmaslik huquqiga ega ekanligini anglatadi. Bu ularga ortiqcha
yuklanish va charchashning oldini olish, ish va hayot muvozanatini yaxshilash
uchun ish kuni tugagandan so‘ng kompyuter va telefon kabi ish qurilmalaridan
uzilish imkonini beradi.