ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
59
SURXON RAQS SAN’ATINING SHAKLLANISHI
Erkaboyeva Sarvinoz
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi
“San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishi
2-kurs talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15472259
Raqs san’atining taraqqiyoti bevosita uni yaratgan xalqning tarixi bilan
bog'liq ekanligi bois raqs san'ati tarixida ham uning aks etganligi borasida
kengroq to‘xtalib o‘tish talab etiladi. Hozirgi o‘zbek raqs san’atida o‘ziga xos, o‘z
uslubiga ega bo‘lgan Xorazm, Buxoro va Farg’ona raqs maktablari tan olingan.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsaddan kelib chiqib, shu kungacha hali yaxshi
o‘rganilmagan, ilmiy jihatdan ko‘rib chiqilmagan. Surxondaryo viloyati hududida
shakllangan “Surxon” raqs maktabining tarixiy ildizlari, taraqqiyot yo‘li, hozirgi
kundagi ahvoli haqida fikr yuritamiz. O‘zbekistonning janubida joylashgan
Surxon vohasi qadim-qadimdan insoniyatning beshigi bo‘lgan, hududlaridan biri
ekanligiga Boysun tumani Machay qishlog’idagi tosh asriga mansub neandertal
odamlarning qarorgohi hisoblanadi. Teshiktosh kamaridan topilgan bolaning
bosh suyagi va Zarautsoy darasidagi qoyalarga ibtidoiy odamlar tomonidan
chizilgan suratlar guvohlik beradi. Qorli tog’lar yon bag’rida sero‘t yaylovlari,
hosildor yerlari, keng adirlari, sersuv daryo va soylari, hatto cho‘llari bo‘lgan bu
o‘lka odamlarning yashashi uchun juda qulay bo‘lgan. Zamonlar o‘tib davlatlar
va dinlar paydo bo‘lgach, bu jannatmakon o‘lka juda gavjum hududga aylangan.
Surxon vohasi hududi qadimiy Baqtriya davlatining, Kushon imperiyasining,
Arab xalifaligining, Turk xoqonligining, Buyuk Temur sohibqiron saltanatining
tarkibida tarixiy jarayonlarni o‘z boshidan kechirdi. Bu yerlik aholi totemistik
e'tiqodlarni, zardushtiylik, buddaviylik va islom dinlarini kо'rdi. Har bir tarixiy
jarayon xalqning turmushi va madaniyatida o‘z izini qoldirdi. Surxon diyori
qadimiy Buyuk ipak yo‘lining shimolni janub bilan, sharqni g'arb bilan bog'lab
turgan serqatnov bekati bo‘lgani uchun bu hududda yashagan xalqlar qo‘shni
davlatlar, qo‘shni xalqlar bilan doimiy aloqada bo‘lib keldi. Natijada, Surxon
vohasida o‘ziga xos madaniyat paydo bo‘ldi. Surxon raqs san'ati, raqslari haqida
gapirishdan oldin, umuman raqs san'ati haqida qisqacha mulohazalarni bayon
etishni lozim topdik.
Odamlar nima uchun raqsga tushadilar?
San’atshunos olima L.Avdeyeva o‘zining “O‘zbek milliy raqsi tarixidan”
nomli kitobida “Raqs - zamon va makonda mavjud san'at bo‘lib, bunda badiiy
obraz inson gavdasining ritmik uyushgan tasviriy va ifodali harakatlari bilan
yaratildi”, - deb yozadi.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
60
Darxaqiqat, raqsni birgina shunday qisqa qoida bilan tushuntirib bo‘lmaydi.
Bu qoida raqsni tashqi ko‘rinishini tasvirlaydi holos. Raqs faqat bir millatga xos
san'at emas, balki umuminsoniy badiiy ijodning mahsuli bo‘lib, dunyoning
barcha millatlariga xos san'at turidir.Inson hayotning go‘zalliklari, o‘zining bu
keng olamdagi o‘rnini, o‘z tuyg'ulari, nozik hislari, falsafiy o‘ylarini gavda
harakatlari bilan ifoda etishga ehtiyoj sezgandagina to‘laqonli raqs san'atini
yaratgan. Bu sirli ehtiyojni qondirish inson hayotining bir bo‘lagiga aylangan.
Xalq orasida shakllangan o‘yinlarda ijrochi o‘z bilganiday erkin taqlidiy
harakatlar qilsa, raqs ijrochisi ma'lum harakatlar majmua chegarasidan
chiqmasdan, ma'lum qoidalar asosida muayyan harakatlarni ijro etib o‘zi ijro
etayotgan raqsning falsafiy mazmunini ochib beradi. Har bir raqs inson
ma'naviyatining bir qirrasini ochadi.
O‘zbek milliy raqslari xalqning turmushi, tabiati, makoni, ramziy
marosimlari, xalq hayotining o‘zidan tug'ilgan va shu xalqning hayotini tasvirlab
kelgan. Shuning uchun ham raqs san'ati xalqimiz hayotining, madaniyat va
ma'rifatining bir bo‘lagi sifatida yashab kelmoqda.
Raqs san’atining mazmunidan kelib chiqib quyidagi turlarga bo‘lingan.
1. Mazmunli-syujetli raqslar.
2. Lirik mumtoz raqslar.
3. Ornamental raqslar.
Lekin inson his-tuyg'ulari, hayot ko‘rinishlari cheksiz bo‘lganidek, raqs
turlari, raqsdagi harakat turlari ham cheksizdir. Raqslarni turlarga bo‘lishning
o‘zi ham nisbiy tushuncha .
San’atning barcha yo‘nalishlari asosan ikkiga bo‘linadi.
1. Xalq ijodiyoti. 2. Professional ijodiyot.
Xalq ijodiyotiga oid raqslar odatda havaskorlar tomonidan ijro etiladi.
Havaskorlar ijro etgan raqslar ko‘rinishdan sodda, raqsiy bezaklari kamroq,
harakatlari oddiy bo‘ladi. Professional ijrochilar tomonidan ijro etilgan raqslar
esa shu hududda paydo bo‘lgan raqs uslublari, holat va harakatlaridan
foydalanib, mazmunan qayta to‘qilgan va shaklan mukammallashtirilgan bo‘ladi.
Shu tobda o‘z-o‘zidan tabiiy bir savol tug’iladi. O‘zbek raqs san’atida qadimdan
professional ijrochilik bo‘lganmi? Olimlarning ta’kidlashicha o‘zbek raqs
san'atida qadimdan professional san'atkorlar bo‘lgan. Biz ilgariroq aytib
o‘tganimizdek, davlatlar va mistik dinlarning paydo bo‘lishi, diniy va umumxalq
bayram, sayllarning o‘tkazilishi, sayllarda ma'rifiy turmush kechirish uchun
shart-sharoit yaratilishi, barcha san'at turlarida, shuningdek raqs san'atida ham
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
61
professional san’atkorlarga ehtiyojni kuchaytirgan. Professional raqs ustalari
yaratgan raqslar avloddan-avlodga o‘tib, bizning davrimizgacha yetib kelgan.
Hozirgi kundagi o‘zbek raqsining ahvoliga nazar solsak, o‘zbek raqs
san’atida asosan uchta:
1. Farg’ona raqs san’ati uslubi
2. Buxoro raqs san’ati uslubi
3. Xorazm raqs san’ati uslubi tan olinganligiga guvoh bo‘lamiz.
Bu uchta raqs uslubi san’atshunoslarimiz tomonidan yaxshi o‘rganilgan va
bu haqda barcha asarlarda, Farg'ona va Buxorodagi “Katta o‘yin”, “Maqom
raqsi”, Xorazmdagi “Maqom ufori” kabi o‘zbek xoreografiyasi klassikasi bo‘lgan
raqslar haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Lekin, Surxon vohasi raqslari
haqida, Surxon raqs uslubiyati haqida aytarlik hech narsa yozilmagan. 2001-
yilda nashr etilgan L.Avdeyevaning “O‘zbek milliy raqsi tarixidan” deb
nomlangan kitobida ham Surxon vohasi raqs uslubi haqida qisqagina umumiy
gaplar yozilgan va Boysun tumanida bir necha ibtidoiy o‘yinlar tilga olingan
xolos. Surxon vohasining raqs san’ati o‘ta milliyligi tufayli sovet mafkurasidagi
mahalliy rahbarlar tomonidan “eskilik sarqiti” sifatida qabul qilinganligi ham
Surxondaryo raqs uslubining rivojiga xalaqit berdi. Surxon vohasi raqslari tog’lik
Boysun tumanidagi “Shalola” ashula va raqs ansambli 1975- yilda Polsha
Respublikasining Zakopene shahrida bo‘lib o‘tgan VIII jahon tog'lik o‘lkalari
folklor festivalida qatnashib, “Kumush bolta” sovrindori bo‘lganidan keyingina
san’at ahlining e’tiborini tortgandek bo‘ldi. Vaholanki, hozirgi kunga kelib
surxoncha harakatlar Respublikamizdagi aksariyat folklor ansambllari
harakatlarida keragidan ortiq foydalanilishi, uning chegaralanishini ham taqozo
etib qoldi.
Raqs san’ati o‘z ijodkor ijrochilari bilan yashab keladi. Surxon vohasining
qadimiy raqslarining bilimdoni va ijrochisi bo‘lgan qariyalar olamdan o‘tdi.
Lekin, baribir Surxon raqslari butunlay yo‘qolib ketmadi. Surxon raqs maktabi
uslubi va bu maktabga mansub raqslar, raqslardagi turli harakatlar tasviri
haqida yozayotganda asosan Boysun tumani Markaziy madaniyat uyi qoshidagi
“Boysun” folklor-etnografik ansamblida to‘plangan materiallaridan ijodiy
foydalandik. Surxondaryo viloyatining shimoliy-sharqiy hududidagi Boysuntog'
tizmasining yonbag’rida joylashgan Boysun tumani Respublikamizning qadimiy
madaniyat o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Boysun qadimdan o‘zining san’ati
bilan ham mashhur bo‘lib kelgan.
XX asrning boshlarida yashagan boysunlik san'atkorlar Hoji Bolta
raqqosning ijro etgan raqslari, Orzigul ismli raqqosa ayolning betakror ijrolari,
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
62
hofiz Usta Qurbon Davlatmamat o‘g'li va Mulla Juma Dutoriylarning qo‘shiqlari
xaqida Boysun aholisi orasida hozirgacha afsonalar yuradi. Boysun tumanida
san'atning ota merosligi, davomiyligi hozirgacha uzilmagan va “Boysun” folklor-
etnografik xalq ansambli buning tirik misolidir. 1929- yilda Boysun tumanidagi
san'atkorlar uyushib, Respublikamizda birinchilar qatorida “Ko‘k ko‘ylakchilar”
nomli xalq teatri tashkil etganlar. Bu teatr Ikkinchi jahon urushi boshlangunga
qadar faoliyat ko‘rsatgan. Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin, teatrning
urushdan omon qaytgan xodimlari Boysun tuman Madaniyat uyi qoshida badiiy
havaskorlik to‘garagi tashkil qilganlar. Bu badiiy to‘garak asta-sekin obro‘
qozonib borgan. Bu davrda Boysun tumanida ajoyib hofiz Inoyat G’ofurov,
kamon ustasi Akram Oripov, surnay va nayning tengsiz ustasi Rajab mehtar
Doniyev, hofiz va dutor sozandasi Zikrulla Umarov, doyrachilar Ziyodulla
Abdullayev, Po‘lat Tog’ayevlar Boysun san’atini mashhur qilganlar. 1961- yilda
tuman Madaniyat uyi qoshidagi badiiy havaskorlar to‘garagi zamirida ashula va
raqs ansambli tuzilib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev va
mashhur kinorejissyor Uchqun Nazarovning taklifi bilan unga “Shalola” deb nom
berishgandi. “Shalola” juda tez shuhrat qozondi, ansambl iste’dodli yoshlar bilan
to‘ldirildi va unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, g’ijjak va
dutorning mohir ijrochisi Qayumjon Abdulxayrov badiiy rahbar etib tayinlandi.
1986- yilda Boysun tuman Markaziy madaniyat uyi qoshida “Boysun”
folklor-etnografik ansambli tuzildi. Unga Holiq Xursandov badiiy rahbar, Habib
Umarov musiqa rahbari etib tayinlandilar. “Boysun” folklor-etnografik
ansamblining tashkil topishi Surxon vohasi san’atining hayotida katta voqea
bo‘ldi. Mustaqillik tufayli bu ansambl ijodkorlari tog’lik Boysun tumani
hududidagi va Surxon vohasidagi marosimlar, qadimiy qo‘shiqlar, qadimiy kuy
va ohanglar bilan bir qatorda, qadimiy raqslarni tiklash yo‘lida ham katta
jonbozlik ko‘rsatdilar. Ansambl faoliyati uchun yaratilgan ijodiy muhit uning
a’zolari va ijodkorlarini ruhlantirdi. Tinimsiz mehnat natijasida “Boysun” jahon
arenasiga chiqdi.
U ijodiy safar bilan Afg’oniston, Buyuk Britaniya, Turkiya, Fransiya, Rossiya,
Qozog'iston, Tojikiston davlatlarida bo‘lib, o‘zbek fol'klor san'atini namoyish
qildi va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. “Boysun” ansambli ijodiy
faoliyati to‘g'risida bir nechta filmlar yaratildi. 2001- yilda Xalqaro “YUNESKO”
tashkilotining Boysun tumani Xalq og’zaki ijodiyotini “Jahon nomoddiy
boyliklari durdonasi hududi” deb e’lon qilishida “Boysun” folklor-etnografik
ansamblining xizmati beqiyos edi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. R.Karimova "O‘zbek raqslari" Toshkent. 2003 y.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
63
2. H. Xursandov, Sh.Qurbonova "Surxon raqs maktabi" Toshkent. 2011 y.
3. E.Saitova, N. Abrayqulova "Xoreografiya va raqs san'ati asoslari" Toshkent.
Navro‘z. 2015 y.
4. N.Abraykulova "Raqs". Toshkent. "BARKAMOL FAYZ MEDIA" 2017 y.
5. N.Abraykulova "Raqs". Toshkent. "TURON-IQBOL" 2018 y.
6. D.Sayfullayeva, S.Zokirova, X.Xamidova "Merosiy raqs durdonalari" Toshkent,
G'.G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti. 2003 y. 561