ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
5
BOSHLANG‘ICH SINFDA MATN USTIDA ISHLASH ORQALI TO‘G‘RI
TALAFFUZ KO‘NIKMALARINI HOSIL QILISHDA FONETIK MASHQ
VA TOPSHIRIQLARDAN FOYDALANISH
Atamurodova Gulnora Shermurodovna
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
mustaqil tadqiqotchisi, Samarqand shahar 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi
ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari
https://doi.org/10.5281/zenodo.12779993
Annotatsiya:
Ona tili darslarida nutqiy malakalarni shakllantiruvchi
hamda o‘quvchilarni to‘g‘ri talaffuz qilishga yo‘naltiruvchi mashq va
topshiriqlardan tizimli foydalanish.
Kalit so‘zlar:
nutqiy malaka, talaffuz va imlo, mantiqiy fikrlash, adabiy
talaffuz, imlo savodxonligi, mustaqil fikrlash.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida to‘g‘ri talaffuz o‘qitishni samarali
bo‘lishiga erishish uchun amaldagi o‘quv materiallarini bu boradagi
muammolarni inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.
Muhimi shuki, o‘quvchida, avvalo, o‘quv soati uchun ajratilgan har bir
daqiqadan, darsliklarda berilayotgan har bir ma’lumotdan unumli foydalanish
ko‘nikma hamda malakasini shakllantirish va rivojlantirish talab etiladi.
O‘quvchiga taqdim etilayotgan o‘quv materiallari birgina muammo yoki mavzu
doirasidagina emas, balki birdaniga o‘quvchida ikki yoki uch zaruriy (adabiy
talaffuz, imlo savodxonligi, zarur so‘z boyligi va mustaqil ishlash) malakalarini
shakllantirishga xizmat qila olsa, ko‘zlangan maqsadga erishish oson bo‘ladi.
O‘quvchiga to‘g‘ri talaffuzga doir biror topshiriq berishda nutq tovushlari
haqidagi ma’lumotlarni berish asnosida imkon qadar unda ravon nutq,
mazmunli muloqot malakasini, mustaqil ishlay olish ko‘nikmasini
shakllantirishga erishish darsning samaradorligini ta’minlaydi. Shu o‘rinda
o‘quvchiga tahlil uchun berilgan mashq yoki topshiriq mazmuni oddiy xabar
emas, balki hikmatlar, iboralar, tasviriy ifodalar, yashash qoidalariga teng
bo‘lgan xalq maqollari, xalq dostonlaridan zarur parchalar shaklida bo‘lsa, bir
paytning o‘zida darsning ham ta’limiy, ham tarbiyaviy, ham rivojlantiruvchi
maqsadlari amalga oshadi.
Bugungi kunda ta’lim jarayoniga turli yangi pedagogik texnologiyalar tatbiq
qilinmoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida bir qator yangi tipdagi mashq va
topshiriqlar amaliyotda sinab ko‘rilmoqda. Jumladan, I. Davronovning
algoritmik mashqlar haqidagi fikr-mulohazalari bu boradagi yangicha
yondashuvlardan biridir [1, 188]. Biroq ona tili o‘qitishda shunday mavzular
bo‘ladiki, ularning ta’limida didaktik o‘yinlardan ko‘ra an’anaviy amaliy ishlar
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
6
orqali kerakli natijaga erishish mumkin bo‘ladi. Ta’kidlash kerakki, talaffuzning
imloga va, aksincha, yozuvning og‘zaki nutqqa ta’siri bo‘lishi tabiiy. Fan-texnika
qanchalik shiddat bilan rivojlanmasin, zamonu zaminlar o‘zgarmasin, baribir
insoniyat uchun yozma nutq masalasi hech qachon o‘z mohiyatini yo‘qotmaydi.
Shunday ekan, bu masala hamisha ta’limning birinchi darajali muammosi bo‘lib
qolaveradi. (Davrimiz kishilarining savodxonlik darajasi bilan maqtanib bo‘lmay
qoldi. Maktab partasida o‘tirgan o‘quvchining yozma nutqini imloviy, ishoraviy,
uslubiy xatolardan tozalashga o‘qituvchilarning qurbi yetmay qolayotganligini
hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.)
O‘quvchilar o‘z ona tili imkoniyatlaridan mahorat bilan samarali
foydalansalar, o‘z fikrlarini ta’sirchan, tushunarli bayon qila olsalar, ajdodlardan
qolgan boy ilmiy, badiiy merosni chuqur anglash darajasida o‘z tilini bilsalar, ona
tili ta’limi o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi
.
Buning uchun ona tili darslarida
foydalaniladigan o‘quv materiallari nihoyatda puxta ishlanishi, ko‘nikmalarni
kompleks tarzda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Bir paytning
o‘zida ham talaffuz, ham imlo, ham so‘z boyligini oshirish, qolaversa, mustaqil
fikrlashga yo‘naltirishga sharoit yaratish zarurati takrorlash jarayonini taqozo
etadi, bu esa nutqiy mahoratni oshiradi.
O‘quvchi nutqiy malakasining shakllanishi va rivojlanishiga zamin
yaratuvchi to‘g‘ri talaffuz, orfografiya, orfoepiya, punktuatsiya bo‘limlarini
o‘qitishda mashqlardan muntazam foydalanish, qolgan bo‘limlarni esa
topshiriqlar asosida o‘qitish, fikrimizcha, kutilgan natijani beradi.
Avvalo, boshlang‘ich sinf “Ona tili” darsliklarida talaffuz va imlo qoidalarini
amaliy singdirishga ko‘proq e’tibor qaratilishi, talaffuz ustida ishlash keyingi
sinflarda ham uzluksiz davom ettirilishi lozim. Zero, madaniyatlilikning eng
muhim belgisi kishining to‘g‘ri so‘zlay olishi hamda xatosiz yoza bilishidir.
Nutqning ta’sirchan, mazmunli bo‘lishida tilning so‘zdan boshqa ifoda
vositalaridan ham o‘rinli va unumli foydalanish lozim. Masalan, xalq maqollari
nafaqat “Adabiyot”, balki “Ona tili” darsliklarida ham ko‘proq keltirilsa, foydadan
xoli bo‘lmaydi. U «yashash qoidalari» sifatida o‘quvchiga oddiy misolga
qaraganda ko‘proq ma’lumot beradi. Xususan, to‘g‘ri talaffuz mavzularini
o‘qitishda bu jihatga e’tibor qilish zarurati mavjud. Chunki, to‘g‘ri talaffuz
tovushlar talaffuzi bilan bog‘liq bo‘lib, maqollar ma’lum ohangdorlikka egadir.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mashq va topshiriqlar ta’lim mazmuni
hisoblangan darsliklar tarkibiy qismi bo‘lishidan tashqari, alohida tizim sifatida
ham qo‘llanilishi maqsadga muvofiq. Fizika, matematika fanlaridan masalalar
to‘plami, tizimi mavjud. Biroq ona tili o‘qitishga doir maxsus mashq va
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
7
topshiriqlar tizimi amaliyotda faol qo‘llanilmaydi. Shu ma’noda ishimizda tilning
tarbiyaviy ahamiyatga ega ifoda vositalaridan foydalanildi. Ayniqsa, to‘g‘ri
talaffuz o‘qitishda o‘quvchining ma’naviy olamiga chiroq yoqa oladigan xalq
maqollaridan o‘rinli va samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksariyat xalq maqollarining tarkibi qofiyadosh so‘zlardan iborat bo‘lib, ular
o‘quvchiga muayyan unli va undosh tovushlarning nozik talaffuz xususiyatlarini
ko‘rsatib berishda juda qo‘l keladi. Oddiy jumlada ishtirok etgan so‘z tarkibidagi
tovushdan ko‘ra she’riy misra tarkibidagi tovush talaffuzi o‘quvchi tafakkuriga
tezroq ta’sir ko‘rsatadi. Maqollar asosida esa ham nazariy ma’lumotlarni, ham
o‘quvchiga kelajak hayotida asqotadigan muhim o‘gitlarni anglatish imkoni
bo‘ladi. Keltirilgan maqollarning mavzu doirasi to‘g‘riso‘zlik, mehnatsevarlik,
do‘stlik, kamtarlik va ilm xosiyatlari to‘g‘risida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bu
borada, masalan, Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida
keltirilgan maqol namunalaridan foydalanish ham mumkin.
Tirishqoqning labi
yog‘liq – erinchoqning boshi qonlik. Yoshlikda tirishib harakat qilgan odam katta
bo‘lgach sevinadi. Baxt belgisi ilmdir. Odobning boshi – til
[2, 47].
Bugungi darsliklarimizda kam uchrasa-da, o‘tgan asrning 50 yillari “Ona
tili” darsliklarida xalq maqollaridan unumli foydalanilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Deyarli har bir mavzuni tushuntirishda xalq maqollari va dostonlaridan
namunalar keltirilgan. Masalan, nutq tovushlari mavzusini mustahkamlash
uchun berilgan 2-mashqda nazariy jihatdan o‘quvchilar berilgan maqollardan
tor, o‘rta keng va keng unlilarni aniqlasalar, ikkinchi tomondan, ishchanlik va
yalqovlik; bilimdonlik va nodonlik; botirlik va qo‘rqoqlik; bir so‘zlilik; hunarli
bo‘lishning foydalari; ahillik hamda to‘g‘riso‘zlik kabilarni o‘zida aks ettirgan
ko‘plab maqollar keltirilganki, bu tajribadan hozirda ham foydalanish juda zarur.
Oddiy matnga qaraganda ko‘proq yodda qoladigan va o‘quvchining so‘z boyligini
oshiradigan maqol tarkibli bunday mashqlar darslik so‘ngigacha o‘rni bilan
davom etgan.
Xalq og‘zaki ijodi namunalaridan foydalangan holda ona tilidan noan’anaviy
darslar tashkil etish ham mumkin. Xususan, tez aytishlar musobaqasi asosida
tashkil etilgan mashg‘ulotlar o‘quvchining og‘zaki nutqini ravonlashtirishda
muhim o‘rin tutadi, ya’ni o‘zbek tilida nutq tovushlari va ularning o‘ziga xos
akustik xususiyatlarini o‘rgatish samaradorligini oshiradi.
Masalan, “Urg‘u” mavzusini o‘tayotganda umumiy ma’lumotga ega
bo‘lingandan so‘ng, aytaylik, Afzal Rafiqov, Sanjar Sa’dullaev yoki Zulxumor
Mo‘minovalar tomonidan ifodali o‘qilgan bir she’r, bir nasriy matnning audio
yoki video varianti qo‘yib eshittirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuni ham
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
8
ta’kidlash kerakki, notiqlarning ham ayol, ham erkak kishilardan iboratliligi
e’tiborga olinishi kerak. Nutqda to‘g‘ri talaffuzdan tashqari ohang masalasi ham
mavjud bo‘lib, u ayol va erkak (o‘g‘il va qiz) kishilarda ma’lum ma’noda
farqlanadi. Shuning uchun darsda ikkala jinsdagi notiqlar nutqidan ham baravar
foydalanish o‘rinidir.
O‘quvchilarni matn ustida ishlashga yo‘naltirish ham yetarlicha samara
beradi
3
. Ularga ibratli hikoyatlar, she’riy va dramatik matnlarni yodlab, ifodali
aytib berish topshirilishi mumkin. Nasriy matnlarni yodlashga avval unchalik
ehtiyoj bo‘lmagani bois uni yod olish va aynan so‘zlab berishda dastlab
o‘quvchilar qiynaldi. Darsni har tomonlama samarali tashkil qilishni ko‘zda tutib,
o‘quvchilar matnlarni, hikmatli so‘zlarni yoddan aytayotganda ularning og‘zaki
nutqidagi tovushlar talaffuzi, urg‘u va ohang bilan bog‘liq xato-kamchiliklar
aniqlanadi, ularni bartaraf qilish uchun maxsus mashqlar tavsiya qilinadi.
O‘quvchining nutqi ta’sirchan, jozibali bo‘lishi uchun unda ulkan so‘z boyligi ham
bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlar davomida yuzga yaqin ibratli hikoya, she’r va
hikmatli so‘zlar yodlanadi. Dars jarayonida o‘qituvchi o‘quvchiga zaruriy nutqiy
malakalarning shakllanish sharoitini yaratib berishi lozim. Bola o‘z tilida ham
og‘zaki, ham yozma shaklda mantiqan izchil, nutq sharoitiga mos ravishda fikr
ifodalay olishga erishishi uchun zarur so‘z boyligiga, adabiy talaffuz
ko‘nikmasiga ega bo‘lishi; imloviy savodxon va ijodiy tafakkur sohibi bo‘lishi
talab etiladi. Bu borada o‘quvchilarda nutqiy malakani kompleks tarzda hosil
qilish usuli yaxshi samara beradi.
Ona tili darslarida nutqiy malakalarni shakllantiruvchi asosiy o‘quv
materiali bu mashq va topshiriqlar tizimidir. Tadqiqotchi T.G‘anievning ona tili
bo‘yicha mashqlar bajarish jarayonida o‘quvchilarning bilim faoliyatini
faollashtirishga bag‘ishlangan tadqiqoti ham bu borada muhim ahamiyatga ega
[3, 12]. Shunga qaramay, ona tili o‘qitishda, ayniqsa, adabiy talaffuz bilan bog‘liq
muammolar hali o‘z yechimini topgan emas. Bu borada ijobiy natijalarga
erishish mashq yoki topshiriqning sifati, berilishiga bog‘liq. Agar topshiriq
maqsadli, puxta o‘ylangan holda tuzilsa, ya’ni birvarakayiga uch yoki to‘rt nutqiy
ko‘nikmani shakllantirishga imkoniyat yarata olsa, nihoyatda foydali bo‘ladi.
Ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ona tili o‘qituvchilarining
hammasini ham tajribali, malakali, saviyasi bir xilda yuqori deb bo‘lmaydi.
Belgilangan dastur bo‘yicha faoliyat olib borilayotgan va zamonaviy interfaol
usullar dars jarayoniga tatbiq qilinayotgan bo‘lsa-da, o‘quvchilarda nutqiy
kompetensiya kutilgandek rivojlanmayotgani tajriba-sinov jarayonida,
qolaversa, oddiy kuzatuvlarda ham ma’lum bo‘lyapti. Agar darsni qanday tashkil
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
9
etish, xususan, ona tili darslarida, to‘g‘ri talaffuz, orfoepiya, orfografiya
mavzularini o‘qitish o‘qituvchining ixtiyoriga to‘liq topshirib qo‘yilsa,
o‘quvchilarning adabiy talaffuz hamda imloga oid ko‘nikma va malakalari bir xil
bo‘lmasligi muqarrar. Talaffuz va imlo qoidalari esa bir xillikni taqozo etadi. Shu
ma’noda o‘quvchilarda nutqiy kompetensiyani rivojlantirishni avtomatlashtirish
masalasi juda dolzarb bo‘lib qoladi.
Tadqiqotlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, o‘quvchi uchun o‘ta zarur bo‘lgan
to‘g‘ri talaffuz, imloviy savodxonlik, mantiqiy fikrlash
ko‘nikmalari,
so‘z
boyligining muntazam oshishi
uzuq-yuluq mashg‘ulotlar bilan emas, balki tizimli
ravishda, maxsus mashq va topshiriqlar tizimi asosida uzluksiz, amaliy ishlash
orqali hosil qilinadi. Bu – tizimli takrorlanishga olib keladi, natijada ko‘nikma va
malaka shakllana boshlaydi.
Ona tili ta’limi maqsadi nuqtai nazaridan yondashilganda, nutqiy
malakalarni kompleks tarzda rivojlantirish imkonini beruvchi maxsus
topshiriqlar tizimini, darsda ulardan foydalanish texnologiyasini ishlab chiqish
zarurati borligi aniq seziladi.
Mazkur ishimizda pedagogik texnologiya deganda uning xilma-xil ta’riflari
ichidan rus olimi V.P.Bespalkoning:
“Pedagogik texnologiya
– o‘qituvchi
mahoratiga bog‘liq bo‘lmagan holda pedagogik muvafaqqiyatni kafolatlay
oladigan, o‘quvchi shaxsini shakllantirish jarayonining loyihasidir”, degan
yondashuviga tayandik [...]
.
Umumiy o‘rta maktablarning 1-4-sinf o‘quvchilarida nutqiy malakalarni
kompleks shakllantirish zamonaviy pedagogik texnologiya asosida amalga
oshiriladi.
Taklif etilayotgan pedagogik texnologiya o‘qituvchidan yuksak mahorat
talab qilmaydi. O‘qituvchi faqat boshqarish va yo‘naltirish vazifasini bajarsa, bas.
Topshiriqni bajarish uchun o‘quvchi o‘qish va yozishni bilsa, kifoya.
Umumta’lim maktablarida ona tili o‘qitishda turli yangi, zamonaviy
usullardan uzluksiz foydalanilmoqda. To‘g‘ri talaffuz bo‘limini, jumladan, nutq
tovushlari talaffuzi va imlosini ta’lim muasasalarida o‘qitish bilan bog‘liq ko‘plab
muammolar mavjudligi kuzatishlar jarayonida ma’lum bo‘lib qolayotganligi
bizni mazkur izlanishlarimizga sabab bo‘lganligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Ta’lim tizimida topshiriqlarning xilma-xil turlaridan foydalanib kelinadi.
Jumladan, ona tili ta’limining modernizatsiya qilinishi munosabati bilan juda
ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo o‘quv topshiriqlaridan foydalanish
masalasiga ko‘p hollarda eskicha yondashilmoqda. Butun boshli topshiriq orqali
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
10
birgina ko‘nikmani shakllantirish bugungi kun nuqtai nazardan kamlik qiladi.
Hozirda ijtimoiy zarurat natijasida fan-texnika rivojlanib u so‘zlashish bilan
birga suratga olish, xat jo‘natish, internetdan foydalanish kabi bir qator
vazifalarni bajarish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Ilm-fan doimo insonlarning
og‘irini engil qilib kelgan.
Zamonaviy darsliklarda topshiriqlar ma’lumotlarni xotiraga kirituvchi
qurilma vazifasini bajaradi.
O‘quvchi tafakkuri, so‘z zaxirasini boyitmasdan
turib, uning ravon, mantiqan izchil, ta’sirchan nutqi haqida gap bo‘lishi mumkin
ham emas. Bugun dars jarayonida juda ko‘p qo‘llanilayotgan “Matn tuzing”
qabilidagi topshiriqlar endi o‘zini oqlamayapti. Chunki o‘quvchi o‘zidagi nochor
so‘z boyligi, tor tafakkuri bilan istalgan mazmunni, kutilgan saviyada yozib bera
olmaydi. O‘quvchida ayni mavzuga aloqador muhim, foydali, ta’sirli ma’lumotlar
juda kam yoki umuman bo‘lmaydi.
Topshiriq mazmuni hisoblangan tahlil materiallari faqat nazariy
ma’lumotlardangina iborat bo‘lib qolmasdan, tilimizning rang-barang leksik
boyliklari (masalan, ibora, tasviriy ifoda...)dan unumli foydalanishga
mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘quvchi uchun har tomonlama foydalidir. Birinchidan, so‘z
ibora va tasviriy ifodaga qaraganda tushunchani mavhumroq ifodalaydi. Iboralar
esa so‘zga nisbatan tushunchani aniqroq ifodalaydi, shuningdek, iboralar so‘zga
nisbatan ta’sirchan va obrazlidir. Masalan,
bu – yengil ish
, deyilganda uning
naqadar yengil ekanligi mavhum. Ammo
bu ish – xamirdan qil sug‘urganday
gap,
deyilsa, ifoda aniq va ta’sirchan bo‘ladi. O‘quvchi shuni sezsagina, albatta, o‘z
nutqida iborani so‘z bilan baravar qo‘llashga odatlanadi. Iboralar lug‘atlarni
to‘ldirish uchungina yaratilmagan, o‘quvchiga ulardan topshiriqlarni bajarishda,
fikr ifodalashda o‘rinli va unumli foydalanishni o‘rgatish lozim. Bunday
topshiriqlar o‘tilayotgan mavzuga moslab, har darsda bajarilsa, bilimlar boyiydi,
ko‘nikmalar malakaga aylanib boraveradi.
Ma’lumki, qadimdanoq sharqda ta’lim berishning milliylik zaminidan uzilmagan,
samarali usullari o‘ylab topilgan va keng qo‘llanilgan bo‘lib, ishimizning zaruriy
o‘rinlarida ana shunday sharqona tajribalarga tayanildi. Dunyo tamadduniga
katta hissa qo‘shgan Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos
Hojib, Ahmad Yugnakiy, Motrudiy, Imom al Buxoriy kabi o‘nlab olimlar, o‘z
asarlarida eng ko‘p so‘z ishlatgan Alisher Navoiy kabi donishmand
ijodkorlarning ta’lim-tarbiyaga oid qarashlari aks etgan turli hajm va shakldagi
matnlar ustida ishlash, ularning hikmatlarini yod oldirish, ulug‘larning
aytganlarini mushohada qilishga o‘rgatish ona tili dars mashg‘ulotlari uchun
bugun ham juda ahamiyatlidir..
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
11
Adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Davronov I. Algoritmik mashq va uning xususiyati. Filologiya va usuliyot
masalalari. Ilmiy-uslubiy maqolalar to‘plami. Buxoro, 2010, 188-193 b.
2.
Mahmud Qoshg‘ariy. Devonu lug‘otit-turk. 3 tomlik. T.I. – T.: O‘zbekiston
FA, 1976. Mahmud Qoshg‘ariy. Devonu lug‘otit-turk. 3 tomlik. T.II. – T.:
O‘zbekiston FA, 1976 – 47-83 b.
3.
G‘aniyev T. Ona tili bo‘yicha mashqlar bajarish jarayonida o‘quvchilarning
bilim faoliyatini faollashtirish. Ped fanlari nomzodi dissertatsiyasi avtoreferati. –
T., 1991, 12 b.
4.
Ziyodova T. O‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish. – Toshkent: RTM,
2000, 163 b.
5.
Ibrohimov S. Nutq madaniyati va adabiy talaffuz haqida. –T.: Fan, 1972,
116 b.
6.
Ziyodova T. Matn yaratish texnologiyasi –T.: Fan, 2008, 155 b.
