Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil, 2024-yil, may
www.e-itt.uz
234
BUXGALTERIYA HISOBI MILLIY STANDARTLARINI MHXSGA MUVOFIQ
UYG’UNLASHTIRISH ZARURIYATI
Pashaxodjayeva Dildora Djabborxonovna
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
ORCID: 0000-0001-8015-957X
Ikromova Odinaxon Orif qizi
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
Annotatsiya.
Ushbu maqolada bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining integratsiyalashuvi
jarayonida O‘zbekistonda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tishning dolzarbligi
va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, BHMS asosida tuzilgan moliyaviy hisobotlarni
MHXSga muvofiq uyg’unlashtirish masalalari, transformatsiya qilish bosqichlari keltirib o‘tilgan
hamda milliy standartlar va xalqaro moliyaviy hisobot standartlari o‘rtasidagi farqlar tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
transformatsiya, moliyaviy hisobot, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari
(MHXS), hisobotni o‘zgartirish bosqichlari.
НЕОБХОДИМОСТЬ ГАРМОНИЗАЦИИ НАЦИОНАЛЬНЫХ СТАНДАРТОВ
БУХГАЛТЕРСКОГО УЧЕТА В СООТВЕТСТВИИ С МСФО
Пашаходжаева Дилдора Джабборхановна
Самаркандский институт экономики и сервиса
Икромова Одинахан Ориф кизи
Самаркандский институт экономики и сервиса
Аннотация.
В данной статье говорится об актуальности и важности перехода на
международные стандарты финансовой отчетности (МСФО) в Узбекистане сегодня в
процессе интеграции мировой экономики. Также упомянуты вопросы гармонизации
финансовой отчетности, подготовленной на основе БХМС, в соответствии с МЗСС, этапы
трансформации. Также анализируются различия между национальными стандартами и
международными стандартами финансовой отчетности.
Ключевые слова:
трансформация, финансовая отчетность, международные
стандарты финансовой отчетности (МСФО), этапы изменения отчетности.
NECESSITY OF HARMONIZING NATIONAL ACCOUNTING STANDARDS IN
ACCORDANCE WITH THE IFRS
Pashakhodjaeva Dildora Jabborkhanovna
Samarkand Institute of Economics and Service
Ikromova Odinakhan
Samarkand Institute of Economics and Service
Abstract.
This article talks about the relevance and importance of the transition to
international financial reporting standards (IFRS) in Uzbekistan today in the process of integration of
the world economy. Also, the issues of harmonizing the financial statements prepared on the basis of
BHMS in accordance with the MHSS, the stages of transformation are mentioned. Differences between
national standards and international financial reporting standards are also analyzed.
Keywords:
transformation, financial reporting, international standards of financial reporting
(IFRS), reporting change stages.
UO‘K: 331.5
V SON - MAY, 2024
234-238
Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil, 2024-yil, may
www.e-itt.uz
235
Kirish.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining xalqaro darajada integratsiyalashuvi jarayonida xorijiy
investitsiyalarni milliy iqtisodiyotimizga jalb qilishda, shuningdek, xalqaro maydonda yuqori
pog’onalarga erishishda avvalambor buxgalteriya hisobini yanada takomillashtirish hamda
korxonalarda buxgalteriya hisobini xalqaro standartlarga moslashtirish muhim masalalardan
biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, ushbu islohotlarni yanada jadal suratlarda rivojlantirish uchun mamlakatimiz rahbari
tomonidan “O’zbekiston – 2030” strategiyasida “Mamlakatimizda 250 milliard dollarlik
investitsiyalarni o‘zlashtirish, jumladan 110 milliard dollar xorijiy investitsiyalar va 30 milliard
dollar davlat-xususiy sheriklik doirasidagi investitsiyalarni jalb qilish, erkin muomaladagi
qimmatli qog’ozlar savdolari hajmini 8 milliard dollarga yetkazish, hududlarning investitsion
reytingini yuritish, har bir hududning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uning investorlar uchun
jozibadorligini yanada oshirish, eksport hajmini 2 barobar oshirish va 45 milliard dollarga
yetkazish, eksportchi korxonalar sonini 6,5 mingtadan 15 mingtaga yetkazish, eksport
tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar ko‘paytirish, Yevropa
davlatlariga GSP+ va boshqa tizimlari doirasida tayyor va texnologik mahsulotlar eksportini
kengaytirish, xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 10 barobarga oshirish va ular
sonini 5 mingtaga yetkazish” vazifalari yuklatilgan
78
.
Shuningdek, respublikamiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalarida xorijiy
investitsiyalar ishtirokida 4200 dan ko‘proq qo‘shma korxonalar tashkil qilingan. Bu
korxonalardan 850 dan ortig’i Rossiya Federatsiyasiga, 396 tasi Buyuk Britaniya, 242 tasi AQSh,
159 tasi Qozog’iston, 114 tasi Germaniya va boshqa mamlakatlar investistiyalar ishtirokidagi
korxonalar hissasiga to‘g’ri keladi. Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar xajmi ham ortib
bormoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda buxgalteriya hisobini moliyaviy hisobotning xalqaro
standartlari (MHXS) asosida tashkil etish va yuritishni talab qiladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida ham bu bo‘yicha bajariladigan ishlar esa albatta, xalqaro
maydonga barcha uchun tushunarli, aniq va shaffof tarzda tayyorlangan mahsulotlarni taqdim
etishda asosiy vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Bunda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g’risida”gi qarorining (PQ-4611, 2020) qabul qilinishi ushbu sohani yanada rivojlantirishga
asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab
aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari. yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar
MHXSga muvofiq moliyaviy hisobotlarini tayyorlashi hamda bu sohada mutaxasislarni
tayyorlash masalalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, bu orqali xorijiy
investitsiyalarni jalb qilish va boshqa masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan (Qaror,
2020).
Yuqorida aytilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, buxgalteriya tizimida xalqaro
standartlardan foydalanish - axborotdan foydalanuvchilarga kompaniyaning moliyaviy holati
to‘g’risida shaffof va ishonchli tarzda ma’lumotlarni yetkazib berishda va bu orqali
iqtisodiyotimiz rivojlanishida asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Adabiyotlar sharhi.
Iqtisodchilar Karimov A.A. va Raxmatullayev O’.Q. (2021) o‘z ilmiy ishlarida milliy
standartlarga muvofiq tuzilgan moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobot standartlari
asosida transformatsiya qilish haqida quyidagicha fikrlarni bildirib o‘tganlar: “Transformatsiya
ixtisoslashtirilgan dasturlarning majburiy mavjudligini talab qilmaydi va elektron jadvallar
yordamida amalga oshirilishi mumkin. Transformatsiya - bu tashkilotning ma’lumotlarini
boshqa buxgalteriya standartiga qayta guruhlashdir. Birlashtirilgan MHXS bayonotlarini
78
“O’zbekiston – 2030” strategiyasi. https://lex.uz/ru/docs/6600413
Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil, 2024-yil, may
www.e-itt.uz
236
tayyorlashning ikki yo‘li mavjud. Birinchi usul shundan iboratki, avvalo hisobot guruhning har
bir kompaniyasi uchun xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlanadi. Keyin ushbu ma’lumotlar
umumlashtirilib, MHXSga muvofiq konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotni olish uchun
tuzatiladi. Ikkinchisi, milliy standartlarga muvofiq yig’ma bayonotlarni tayyorlashni
boshlanishiga va uni o‘zgartirgandan so‘ng MHXS ga muvofiq tayyorlashni o‘z ichiga oladi.”
Tashnazarov (2018) fikricha, dunyodagi moliyaviy hisob va moliyaviy hisobot jarayoni
ilg’or tajribasidan kelib chiqib, transformatsion ishchi balans tuzish amaliyotiga o‘tishimiz
kerak. Ishchi balans schyotlarning qoldiqlarini transformatsion yozuvlar asosida moliyaviy
hisobotning shakllariga o‘tkazishni amalga oshiruvchi muhim jadval (registr) hisoblanadi.
Sotivoldiyeva (2019) o‘z ilmiy tadqiqotlarida quyidagilarni keltirib o‘tgan: “Biz quyidagi
usullardan birini qo‘llagan holda xalqaro standartlarga mos hisobotlarni olishimiz mumkin:
1. Transformatsiya orqali o‘zgartirish usuli;
2. Parallel hisob usuli.
Birinchi usul hisobotni BHMS dan MHXSga o‘tkazish deb ataladigan maxsus protseduralar
to‘plamiga asoslanadi. Hisobotni milliy buxgalteriya hisobi standartidan MHXSga o‘tkazish
buxgalteriya hisobini MHXS formatiga kiritish uchun milliy me’yorlar va qoidalarga muvofiq
tuzilgan hisobotlarni o‘zgartirish imkonini beruvchi hisobot sanasiga tuzatishlar to‘plamini
amalga oshirishni anglatadi. Bunday holda, dastlab tadbirkorlik subyekti milliy standartlarga
muvofiq hisobotlarni tayyorlashi kerak. Keyin, Excel formatida tayyorlangan maxsus
jadvallardan foydalanib, kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirishlari zarur.
Buning uchun, birinchi navbatda, BHMS hisobotidagi ma’lumotlarni qayta guruhlash va
qayta tasniflash dastlabki balanslar jadvalida amalga oshiriladi. Transformatsiya orqali
o‘zgartirish usulida transformatsiya uchun oldindan ishlab chiqilgan birlashtirilgan tuzatishlar
to‘plami mavjud emas. Bu yerda, muayyan xo‘jalik operatsiyalari to‘plamiga va ularni BHMS va
MHXSga muvofiq baholash va hisobga olish qoidalaridagi farqlarga qarab, transformatsiya har
bir hisobot uchun alohida xususiyatga ega bo‘ladi” (Sotivoldiyeva, 2019).
Rossiya olimlari tomonidan boshqa manbalarda quyidagicha ta’rif berilgan:
“Transformatsiya – Rossiya standartlari bo‘yicha tuzilgan hisobot ma’lumotlari bazasi asosida
xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida klassifikatsiyalar parametrlarini
o‘zgartirish va hisob obyektlarini baholash hamda ular to‘g’risida axborotlarni ochiqlash yo‘li
bilan MHXSlariga muvofiq holda hisobot tuzish jarayonidir” (Shokiraliyevich, 2021).
Tadqiqot metodologiyasi.
Ushbu maqolada moliyaviy hisobotning xalqaro standartlaridan mamlakatimiz
buxgalteriya tizimida foydalanish, xalqaro standartlarni transformatsiya qilishning ahamiyati
va zarurligi bo‘yicha xorijiy va mahalliy olimlarning ishlari o‘rganildi va tahlil qilindi. Tahlil
jarayonida analiz va sintez, kuzatish, tahlil qilish usullaridan hamda jadvallardan foydalanildi.
Tahlil va natijalar muhokamasi.
Moliyaviy hisobot transformatsiyasi – bu hisobot sanasi holati bo‘yicha buxgalteriya
hisobining milliy standartlari asosida tuzilgan hisobot komponentlari moddalarini moliyaviy
hisobotning xalqaro standartlari qoidalariga muvofiq holda qayta guruhlashtirish, ularning
moddalarini qayta tan olish, qayta baholash, to‘g‘irlashlar kiritish va qayta ochiqlashlar asosida
MHXSlari hisobotlari axborotlarining yangi tizimiga o‘tkazish va qayta tashkil qilish jarayonidir.
Mamlakatimiz buxgalteriya tizimida ham xalqaro standart talablaridan foydalanish,
ularni milliy buxgalteriya hisobiga standartlariga uyg’unlashtirish bo‘yicha barcha ishlar
amalga oshirilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya Vazirligi moliyaviy
hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) joriy etish bo‘yicha vakolatli organ sifatida
buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS)ni MHXSga muvofiq uyg‘unlashtirish
ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil, 2024-yil, may
www.e-itt.uz
237
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) esa iqtisodiyot boshqaruvini takomillashtirish dasturi
doirasida Moliya vazirligiga kichik va o‘rta biznes korxonalari uchun MHXS asosidagi moliyaviy
hisobotning milliy standartini (MHMS) ishlab chiqishda ko‘mak ko‘rsatmoqda.
BHMSni MHXSga muvofiq uyg’unlashtirishda transformatsiya ixtisoslashtirilgan
dasturlarning majburiy mavjudligini talab qilmaydi va elektron jadvallar yordamida amalga
oshirilishi mumkin. Transformatsiya - bu tashkilotning ma’lumotlarini boshqa buxgalteriya
standartiga qayta guruhlashdir. Quyidagi jadval ma’lumotlari orqali buxgalteriya hisobi milliy
standartlarini MHXSga muvofiq uyg’unlashtirishda hisobot tayyorlash usullarini ko‘rib
chiqamiz:
1-jadval
BHMSni MHXSga muvofiq uyg'unlashtirishda MHXS formatida
hisobotlarni tuzish usullari
Hisobot tayyorlash usullari
Usulning mohiyati
Parallel hisob
Buxgalteriya hisobi bir vaqtning o‘zida milliy va xalqaro standartlar
bo‘yicha amalga oshiriladi
Kombinatsiyalangan usul
Buxgalteriya hisobidan BXMSga muvofiq davriy tarjima, keyinchalik
tuzatishlar kiritilgan holda MHXSga muvofiq o‘tkaziladi
Transformatsiya qilish
MHXS
bo‘yicha
hisobot
ko‘rsatkichlari
asosida
MHXS
shakllantiriladi
Parallel hisob – bu korxonaning buxgalteriya hisobini bir vaqtning o‘zida mamlakatning
ichki standartlari hamda xalqaro standartlar qonun-qoidalariga asosan yuritish hisoblanadi.
Bunda buxgalteriya hisobini yuritishda bir marta provodka berilganda natija ikki bazaning
xotirasiga saqlanadi. Ya’ni, xo‘jalik faoliyatining har bir fakti ikki marta qayd etiladi: birinchi
marta BHMS bo‘yicha buxgalteriya tizimida, ikkinchisi – MHXS bo‘yicha. Parallel buxgalteriya
hisobini tuzishda MHXS bo‘yicha buxgalteriya ma’lumotlari asosida shakllanadi.
Kombinatsiyalangan usul - buxgalteriya hisobidan buxgalteriya hisobotiga keyingi
tuzatishlar bilan muntazam ravishda ma’lumotlarni uzatishdir. Usul har qanday vaqtda
ma’lumotni oshkor etishni yetarli darajada aniqligini ta’minlaydi, chunki buxgalteriya hisoboti
tugashini kutishning hojati yo‘q. Hisobotlarni tayyorlash uchun barcha yirik xo‘jalik
operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya ma’lumotlari yetarli. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hozirgi
paytda asosan transformatsiya usuli qo‘llaniladi.
Transformatsiya – bu hisobot sanasida amalga oshiriladigan jarayon bo‘lib, milliy
buxgalteriya standartlari bo‘yicha tayyorlangan moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarini moliyaviy
hisobotning barcha elementlarini tan olish, o‘lchash va oshkor qilishning tegishli tamoyillarini
hisobga olgan holda MHXS formatiga o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha tuzatishlarni o‘z
ichiga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, moliyaviy hisobot transformatsiyasining tartib va
qoidalarini belgilaydigan MHXSlari mavjud emas. Shu bois, har bir korxona o‘zining hisob
siyosatida transformatsiya asoslarini mustaqil ishlab chiqishi lozim.
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliyaviy hisobotning xalqaro
standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida” qarori ishlab chiqilgan
(PQ-4611, 2020). Mazkur qarorda xorijning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda moliyaviy
hisobotning xalqaro standartlarini va mazkur sohada kadrlar tayyorlashning zamonaviy
usullarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Ushbu
qarorning ahamiyatli jihatlaridan biri shuki, bu MHXS hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasida
tan olinish masalasini hal qilib berdi. Xususan, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan birinchi vazifa
MHXS va unga tushuntirishlar matnlarini tarjima qilish yakunlandi va Moliya vazirining
“O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari
va unga tushuntirishlar matnini tan olish to‘g‘risida”gi 1087-son buyrug‘i qabul qilindi. Hujjatga
Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil, 2024-yil, may
www.e-itt.uz
238
muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida 60 dan ziyod MHXS va ularga tushuntirishlar
matni qo‘llaniladi. Endilikda, MHXS hujjatlarining tan olinishi va uni qo‘llaydigan
kompaniyalarning belgilab berilishi, ushbu kompaniya hisobchi va moliya mutaxassislaridan
o‘z malakasi ustida doimiy ishlashi va mas’uliyatni jiddiy his etishini talab etadi
79
.
Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”ga asosan, Buxgalteriya hisobining milliy standartlarini
MHXSga uyg‘unlashtirishni hisobga olgan holda ularni takomillashtirish talab etadi. Buning
uchun quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
- Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda buxgalteriya hisobining milliy standartlari va
MHXS o‘rtasidagi muhim farqlanishlar bo‘yicha keng qamrovli axborotlar tayyorlash;
- Buxgalteriya hisobining yangi milliy standartlarini ishlab chiqish va amaldagi
standartlarga o‘zgartirishlar kiritish.
Demak, MHXS talablari asosida amaldagi buxgalteriya hisobi milliy standartlariga
o‘zgartirishlar kiritish yoki yangi standartlarni ishlab chiqish eng dolzarb masalalardan biriga
aylandi.
Xulosa va takliflar
Buxgalteriya hisobi milliy standartlarini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga
uyg’unlashtirishning zaruriyati bo‘yicha tadqiqotlar asosida quyidagi xulosalar qilindi:
1. Milliy iqtisodiyotimiz tizimizda, xususan, buxgalteriya tizimida xalqaro standartlarning
joriy etilishi natijasida mamlakatimiz xalqaro axborotdan foydalanuvchilarga tushunarli va
sifatli bo‘lgan ma’lumotlarni yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida
dunyo bozorida investitsiyalarning faol oqimini rivojlantirishga, hamda mamlakatimiz
iqtisodiyotiga yanada ko‘proq investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
2. Shuningdek, xalqaro standartlarning mamlakatmiz iqtisodiyotida qo‘llanilishi
natijasida, moliyaviy axborotning boshqa mamlakatlar iqtisodiy axborotlari bilan
taqqoslanuvchanligini ta’minlashga erishishimiz mumkun. Bu esa, axborotdan
foydalanuvchilarga to‘g’ri qaror qabul qilishi hamda to‘g’ri prognozlashtirish uchun yordam
beradi.
Adabiyotlar / Литература/ Reference:
Qaror (2020) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611
“Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g’risida”gi qarori.
Shokiraliyevich, G. A. I. (2021). Increasing The Income Of The Population And Reducing. The
Tax Burden As A Key Factor In Improving The Living Standards Of The Population. The American
Journal of Management and Economics Innovations, 3(07), 7-10.
Sotivoldiyeva D.A. (2019) Бухгалтерский учет. Учебник. –Т.: ТДИУ. Иқтисодиёт, -530 с.
Tashnazarov S.N. (2018) Moliyaviy hisobotning nazariy va metodologik asoslarini
takomillashtirish. (MHXS va ilg’or xorijiy tajribalar asosida). Monografiya.
79
AICPA, IFRS FAQs, www.ifrs.com
