180
BUGUNGI KUN JAHON TILSHUNOSLIGI HAMDA UNDA ATOQLI OTLARNING
O’RGANILISHI TARIXIGA OID AYRIM MULOHAZALAR
K. Yakupova-assistent o’qituvchi
Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI, Nukus shahri
Jahon tilshunosligida sistem-struktur tilshunoslikdan keyin yuzaga kela boshlagan generativ
nazariya, psixolingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, pragmalingvistika va
kompyuter lingvistikasi singari zamonaviy yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan antropotsentrik tamoyillar
va tadqiqot usullari til yoki nutq birliklarini lingvistik tahlil qilish orqali inson lisoniy faoliyati haqida
to‘laqonli tasavvur hosil qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Jahon tilshunosligining bugungi
taraqqiyot bosqichida til tizimi va inson lisoniy faoliyati mexanizmini til egasi bo‘lgan shaxs, uning
lisoniy ongi va tafakkuri, ruhiyati, nutqiy vaziyat, ijtimoiy muhit, xalq madaniyati kabi omillar bilan
bog‘liqlikda o‘rganishga e’tibor kuchaymoqda. Ushbu yondashuvlarga ko‘ra, til faoliyatini
antropotsentrik talqin qilishning muhim shartlaridan biri insonshunoslik fanlarida qo‘lga kiritilgan
natija va yutuqlarni lisoniy faoliyat tadqiqiga jalb etgan holda, mazkur faoliyatning samarali
kechishini ta’minlaydigan vositalarni o‘rganish bilan bog‘liqdir.
Bugungi kun jahon tilshunosligi lingvomadaniyatshunoslik sohasi bilan bog‘liq holatda
insonning hissiy, estetik baholarini ifodalovchi til birliklarini lisoniy-nutqiy, madaniy va milliy
mentalitet nuqtayi nazaridan tadqiq etishga intilishi til taraqqiyoti qonuniyatining eng ustuvor
yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Hozirgi jahon ilm fan olamida
tilshunoslikning deyarli har bir yo‘nalishi inson omilining ustuvorligiga asoslangan tahlil usullari
dolzarblashishi hisobiga o‘z tadqiq hududini kengaytirib bormoqda. Odamni olam markaziga qo‘yib
o‘rganish, uni olamni tushunishda ongli ishtirokchi sifatida tadqiq qilish, insonning olamni baholash
qobiliyati shakllanishini ijtimoiy jarayon ko‘rinishida tadqiq etish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Shu sababli bugungi kun tadqiqotlarining aksariyati, jumladan, tilshunoslikning ham eng muhim
yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan onomastikada ham antropotsentrik yondashuv muhim o‘ringa ega
yondashuv ekani nuqtai-nazaridan olib borilmoqda.
Dunyo tilshunosligida til egalarining ongida olamni konseptuallashtirish va lisoniy
voqelantirishning o‘ziga xos kognitiv mexanizmlari tadqiqoti doirasida maʼlum tematik maydonga
tegishli leksik birliklarni, jumladan, atoqli otlarni ham struktur-semantik, kommunikativ-pragmatik,
qiyosiy-tipologik va lingvomadaniy ko‘rinishlarda tahlil etish kabi ustuvor yo‘nalishlarda izlanishlar
olib borilmoqda. Bunda atoqli otni lingvistik va sotsiolingvistik aspektda tadqiq qilishi nuqtayi
nazaridan o‘rganish tushunilib, u o‘z ichiga ma’lum tildagi atoqli otlarning umumiy majmuini ifoda
etadigan lug‘at yoki u muayyan davrdagi etnik guruhning tiliga tegishli bo‘lgan atoqli otlar majmui
tadqiqini ham oladi. Xususan, atoqli otlarning o‘z referenti bilan tilda, voqelanish paytida va nutqda
o‘zaro bog‘lanishi asosida yuzaga keladigan konnotatsiyalarning pragmatik jihatlarini o‘rganish
nazariy hamda amaliy ahamiyat kasb etmoqda, bu yo‘nalishdagi izlanishlar lisoniy muloqot doirasida
insonlar o‘rtasida kechadigan munosabatlarning ontologik mohiyati va lingvokognitiv mexanizmini
aniqlashga imkon beradi.
Ushbu tadqiqot mavzusining dolzarbligi – tanlangan muammoning qiyosiy tilshunoslik nuqtayi
nazaridan etarlicha o‘rganilmaganligi; ingliz hamda qoraqalpoq tillarida so‘nggi yillarda atoqli
otlarning kundalik muloqotda tutgan o‘rni, ularning milliy, madaniy, tarixiy va ijtimoiy
xususiyatlarini tadqiq etishning ahamiyati, ularning kommunikativ imkoniyatlari ingliz va
qoraqalpoq tillari misolida qiyoslab o‘rganilmaganligi bilan belgilanadi.
Ilmiy adabiyotlarda atoqli ot kategoriyasi hamda onim atamasi turdosh hodisalar oʻlaroq oʻrin
almashib, yonma-yon qoʻllanilishiga duch kelish mumkin. Shu oʻrinda bu ikki kategoriyaning oʻzaro
farqli jihati hamda xususiyatlariga aniqlik kiritish ehtiyoji yuzaga keladi. Qisqa qilib aytganda, atoqli
ot atamasi hamda unga tegishli kategorial belgilar umumfalsafiy va umumlisoniy fanlararo keng
iste’molda boʻlgan atama hisoblansa, onim koʻproq aynan onomastika sohasining atamasi sifatida
qoʻllaniladi.[1; 206-216]. Onim atamasidan foydalanish shuningdek, foydalanish uchun ancha qulay
boʻlgan undan kelib chiqadigan terminologik hosilalarni yasash imkonini beradi: onimik,
onimizatsiya kabilar hular jumlasidan. Tadqiqotda ingliz hamda qoraqalpoq tillari onomastikasining
turli sohalari (antroponimika, toponimika, poetonimologiya va boshqalar) oʻzaro kesishib oʻtuvchi
181
sohaga mansub hodisalarni oʻrganishi koʻzda tutilgani bois, ularning har biriga tegishli boʻlgan,
antroponim, toponim, poetonim kabi onimning xususiy sathdagi voqelanishini aks ettiruvchi
atamalardan foydalanish talab etiladi.
Keng ma’noda atoqli otlar har bir subyekt yoki ob’yektni shaxsan nomlashni va antroponimlar
esa, shaxsning har qanday nomlanishini o'z ichiga olganligi sababli, ikkala atama ham bir xil
oyb'ektlarni nomlash uchun teng darajada ishlatilishi mumkin. Aytilganlardan shunday xulosa qilish
mumkinki, tadqiqotda onomastikaga xos metatilidan foydalanish umume’tirof etilgan atamalar
tizimiga asoslaniladi. [2; 198].
Atoqli otlarni lisoniy birlik sifatida ilmiy idrok etishning shakllanishi asta-sekin sodir boʻlgan,
boisi nomlardan foydalanish bo'yicha amaliy tajriba va ushbu hodisani tushunish uzoq kuzatishlarni
oʻz ichiga olgan. Bu jarayonlar parallel va uzluksiz davom etgan boʻlsada, ularda izchillik va bir xillik
yetishmagan. Natijada hozirga qadar atoqli otlar hodisasi va u bilan bogʻliq koʻplab bahsli,
munozarali holatlar saqlanib qolmoqda va zamonaviy fikrlarning noaniqligi va nomuvofiqligining
kelib chiqishi tarixiy jihatdan uzoq davrlarga borib taqaladi. Ular, bir tomondan, atoqli otlar
hodisasining murakkabligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, atoqli otlarning amaliy iste’moli
borasidagi ko'p asrlik tajriba jarayonlarining dialektik jihatdan bir boʻlgani holda shakllanish
jarayonidagi oʻzaro nomuvofiqliklar moʻlligiga bog`liq hisoblanadi.
Bugungi ilm-fan olamiga ma’lum boʻlgan, tarixiy kelib chiqishi jihatidan atoqli otlarning
qoʻllanilishiga oid deb topilgan birinchi asarlar Aristotelga tegishli hisoblanadi. [3; 401]. Uning
"Ritorika" va "Poetika" asarlarida atoqli otlar va ularning egalari haqida munozaralar uchraydi.
Ularda asosan, xudolar va afsonaviy mavjudotlar atoqli otlarining metaforik koʻchish xususiyatlari
hamda ulardan foydalanish orqali nutqning estetik yoki hissiy ta’sirini kuchaytirish uchun tavsiyalar
borasida fikr yuritilgan. [4; 947-952]. Atoqli yunon adibi Homer she’riyatidagi mubolagʻalar tahlili
ham ayni asarlarda keltirib oʻtilgan boʻlib ularning ham asosi yuqorida sanab oʻtilgan atqoli otlardan
foydalanish bilan chammbarhas bogʻlab tahlil qilingan. Aristoteldan taxminan yuz yil oʻtgach, stoik
oqimiga mansub Xrissip atoqli otlarni lingvistik kategoriya sifatida mustaqil sinf ekanini qayd etgan.
[5; 367]
Qadimgi yunons falsafasida atoqli otlar haqida fikr yuritilgan eng mashhur asar Platonning
"Dialoglar" asaridir. "Kratil" dialogida muallif oʻz qahramonlari Kratil va Germogen o'rtasidagi
kelishmovchilikni hal qilishga urinib, mantiqiy mulohazalar jarayonida atoqli otlarning tabiati va
mohiyatiga oid bir qator savollarni oʻrtaga tashlaydi.
Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarga asoslanib, atoqli otlar, ularning oʻrganish maydoni,
tadqiqi ob’yekti, oʻrganiladigan muammolar roʻyxati borasida qadimgi dunyo faylasuflari Aristotel
hamda Platon oʻrinli mulohazalar keltirganiga amin boʻlish mumkin.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Е. Ф. Косиченко Опыт классификации художественных онимов. Вестник МГЛУ 2015. С.
206-216.
2. Н.В. Подольская Словарь русской ономастической терминологии. М.- Наука, 1978. 198 с.
3. Аристотель. Этика. Политика. Риторика. Поэтика. Категории / Аристотель. – Минск:
Литература, 1998. C 437-401-7.
4. Oʻsha asar B. C 947-952.
5. Суперанская, А. В. Общая теория имени собственного– Москва: Наука, 1973. – 367 с.
